694. Rasululloh (s.a.v.) aytadilar: "œMo‘minning ishi ajoyib. Uning hamma ishi o‘ziga foyda. Agar bir yaxshilik yetsa, unga shukr qiladi va u uchun yaxshi bo‘ladi. Agar yomonlik yetib, sabr qilsa, bu ham yaxshilik bo‘ladi".
Makhuldan (r.a.) Alloh taoloning:
"œSo‘ngra ana o‘sha kunda, albatta (hayoti dunyoda sizlarga ato etilgan barcha) ne’matlar to‘g‘risida mas’ul bo‘lursizlar" (Takasur surasi, 8-oyat), degan so‘zi haqida so‘rashdi. U kishi aytdilar: "œBu ne’matlar yaxna ichimlik, salqin maskanlar, to‘ygan qorinlar, qomatning to‘g‘ri bo‘lishi va uyqu lazzatlaridir".
Iso ibn Maryamdan (alayhissalom) zikr qilinadi. U kishi bir kuni sahobalarining oldiga chiqdilar. Egnilarida jundan bo‘lgan qattiq kiyim va yopinchiq bor edi. Sochlari qirilgan, mo‘ylovlari olingan edi. Ochlikdan ranglari o‘zgarib, yig‘lagan, chanqoqlikdan lablari qurigan, ko‘krak va bilaklaridagi mo‘ylari o‘sgan edi. Shunda u zot dedilar: "œMen Allohning izni bilan dunyoning manzilatini belgiladim Bunga ajablanmanglar ham, faxrlanmanglar ham, ey Bani Isroil. Dunyoni yengil sananglar, shunda sizlarga u yengil bo‘ladi. Dunyoni past bilinglar, oxirat diyori sizlarni ikrom etadi. Oxiratni qadrlanglar, bu dunyo sizlarni qadrlaydi. Dunyo mukarram zotlar diyori emas. U har kuni fitna va xasratga chaqiradi". Keyin yana aytdilar: "œAgar sizlar mening hamsuhbatlarim, sahobalarim bo‘lsangizlar, nafslaringizga dushmanlik qilish va dunyodan g‘azablanishda qattiq turinglar. Agar sizlar bu ishlarni bajarmasanglar, mening sahobalarim va birodarlarim emassizlar. Ey Bani Isroil, masjidlarni uyingiz kabi saqlang. Qabrlarga doimo borib turing. Mehmon qancha izzatlanishi lozim bo‘lsa, shuncha izzatlang. Ko‘rmaysizlarmi osmondagi qushlarni, ular ekmaydilar ham, o‘rmaydilar ham. Allohga qasamki, ular osmonda yurib, rizqlarini topadilar. Ey bani Isroil, arpa nondan, mevasabzavotlardan yeb turinglar. Bilinglarki, sizlar hech qachon o‘sha narsalarning shukrini ado qila olmaysizlar. Shunday ekan, bulardan-da, yuqoriroq ne’matlarning shukrini qanday ado etasizlar!"