Bir hakimdan: “Yaqiyn (aniq ishonch) bilan tavakkulning orasida qanday farq bor?” deb so‘rashdi. “Yaqiyn oxirat ishlarida, tavakkul dunyo ishlarida Allohni tasdiq etmog‘ingdir”, deb javob qildi u.
Aytishlaricha, tavakkul ikki xildir: rizqdagi tavakkul, ya’ni rizqning kelishidan xotirjam bo‘lish; amalning savobidan tavakkul, ya’ni, Allohning savob berish to‘g‘risidagi va’dasiga iymon keltirish va amalning qabul bo‘lish-bo‘lmasligidan qo‘rqish.
Ato ibn Soib Ya’lo Ibn Murraning shunday deganlarini rivoyat qiladilar: “Alining (r.a.) sohiblaridan bir nechtasi yig‘ilib, “Amirul mo‘mininni qo‘riqlasak, chunki u kishi jang qilyaptilar, jonlariga suiqasd etilishi mumkin”, dedik. O‘shanda biz u kishining hujralari oldida turgan edik, u kishi namozga chiqayotgan ekanlar, “Bu nima qilganlaringiz?” deb so‘radilar. Sizni qo‘riqlab turibmiz. Chunki siz jang qilyapsiz. Sizga suiqasd qilinishidan qo‘rqamiz”, deyishdi yonimdagilar. Ali: “Meni osmon ahlidan qo‘riqlaysizlarmi yoki yer ahlidan?” dedilar. “Yer ahlidan qo‘riqlaymiz, ey Amirul mo‘minin. Osmon ahlidan sizni qo‘riqlashga qodir emasmiz”. Shunda Ali (roziyallohu anhu) aytdilar: “Yerda hech narsa bo‘lmaydi, toki, Alloh osmonda taqdir qilmagunicha. Har bir kishiga ikki farishta vakil qilingan, uni qadari kelgunicha qo‘riqlashadi. Qachon taqdiriga yozilgani kelsa, uni va qadarining orasini xoli qo‘yishadi”.
________________
Allohga tavakkul bobi hadislari
729-hadis. Shohidlariga ko‘ra, sahih. Shofe’iy, Bayhaqiy rivoyat qilgan. “Ad-dau vad-dava”ga qarang.
730-hadis. Juda zaif. Abu Na’im, Hokim rivoyat qilgan.
731-hadis. Zaif. Ibn Mojja, Abu Na’im rivoyat qilgan.
732-hadis. Hasan. Termiziy, Ibn Abu Dunyo, Bayhaqiy rivoyat qilgan.