Abu Lays Samarqandiy. Tanbehul g'ofiliyn  ( 636743 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 27 28 29 30 31 32 33 34 35 36 37 ... 107 B


Laylo  04 Iyul 2006, 07:47:54

310. Jobir ibn Abdulloh (r.a.) aytdilar: "Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning bir majlislarida o‘tirgan edim, yuzlari oppoq, sochlari chiroyli va rangdor, oq kiyimli kishi kelib, salom berdi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: "Vaalaykumussalom", deb javob berdilar. U kishi so‘radi: "Ey Allohning elchisi, dunyo nima?" "Uyqudagi tush. Uning ahli esa mukofotlanuvchi yoki azoblanuvchidir", deb javob qildilar. U kishi yana so‘radi: "Ey Allohning elchisi! Oxirat nima?" "Abadiylikdir, bir guruh jannatda, bir guruh do‘zaxdadir", deb javob berdilar Nabiy sollallohu alayhi vasallam. Yana savol qildi: "Ey Allohning elchisi! Jannat nima?" "Dunyoni tashlagan kishiga (dunyoning) o‘rniga abadiy ne’matni berishdir", dedilar. "Ey Allohning elchisi, jahannam nima?" "Dunyoni talab qiluvchiga (dunyoning) o‘rniga beriladi, ahli undan hech ajralmaydi". Savol-javob yana davom etdi:
"Ummatning yaxshisi kim?"
"Allohga itoat bilan amal qiladiganlar".
"Unday kishi qanday bo‘ladi?"
"Yengini shimargan holda karvonni izlovchi kabi".
"U odam yerda (dunyoda) qancha vaqt turadi?"
"Karvondan orqada qolganchalik miqdorda".
"Dunyo bilan oxiratning orasi qancha?"
"Ko‘zni yumgancha".
Keyin u kishi qaytib ketdi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: "Bu kishi Jabroil bo‘ladi. Sizlarni bu dunyodan yuz o‘girtirish va oxiratga rag‘batlantirish uchun keldi", dedilar".

Zikr qilinadi: Allohning do‘sti Ibrohimdan (a.s.) so‘radilarki: "Qaysi narsa uchun sizni Alloh do‘st (xalil) qilib oldi?" Aytdilar: "Uch narsa bilan: Ikki ishni xohlasam, Alloh uchun bo‘lganini tanladim; Alloh taolo menga kafolatini bergan rizqdan boshqa rizqqa harakat qilmadim; tushlik va kechki ovqatni har vaqt mehmon bilan yedim".

Ba’zi hakimlar aytadi: "Qalbning tirikligi to‘rt narsada: Ilm, rozilik, qanoat va zuhdda. Ilm uni rozi qiladi. Rozilik bilan qanoatga erishadi, qanoat esa uni zuhdga yetkazadi. Zuhd dunyoni past sanashlikdir".
Aytishlaricha, zuhd uch xil bo‘ladi:
1) dunyoni bilish va keyin uni tark qilish;
2) Mavloning xizmatida bo‘lish, xizmatda odoblilik;
3) oxiratga shavq qilish, keyin uni talab etish.

Yahyo ibn Maoz Roziydan zikr qilindi: "Hikmat osmondan qalblarga otilib tushadi. To‘rt xislatga ega qalbga o‘rnashmaydi:
1) dunyoga ishonib qolgan;
2) ertaning g‘amida bo‘lgan;
3) birodariga hasadgo‘y;
4) ulug‘likni sevgan qalblarga".

Yana Yahyo aytadilar: "Muvaffaqiyatga erishgan oqil uch xislat uchun amal qiladi:
1) dunyo uni tark qilmasdan oldin u dunyoni tark etadi;
2) qabrga kirmasdan oldin qabrini bino qiladi;
3) yo‘liqishdan oldin Rabbini rozi qiladi".

Ali ibn Abu Tolib (r.a.) aytadilar: "Kim olti xislatni o‘zida jam qilsa, jannat talabini ham, do‘zaxdan qochishni ham tark etmaydi. Allohni tanib, Unga itoat qilsa; shaytonni tanib, unga itoat etmasa; haqni bilsa va unga ergashsa; botilni bilsa va undan qochsa; dunyoni bilsa va bosh tortsa; oxiratni bilsa va uni talab qilsa".

Qayd etilgan


Laylo  04 Iyul 2006, 07:48:59

311. Ja’far ibn Muhammad Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Ey Ali, to‘rt xislat badbaxtlikdandir: Ko‘zning quruqligi; qalbning qattiqligi; dunyoni sevish; orzuni uzun qilish".

Qayd etilgan


Laylo  04 Iyul 2006, 07:49:07

312. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Agar dunyo Alloh nazarida chivinning qanotichalik qadrli bo‘lganida edi, kofir dunyodan bir tomchi suv ham icholmas edi".

Qayd etilgan


Laylo  04 Iyul 2006, 07:51:30

313. Abdurahmon ibn Usmondan rivoyat qilinadi. "Pay-g‘ambar sollallohu alayhi vasallam bir kechani uyqusiz o‘tkazdilar va bomdod namozini "Dumnatul-hay"da, ya’ni, qabilaning axlat tashlaydigan joyi tarafda o‘qidilar. Shu joyda o‘lgan echki bolasini ko‘rdilar, yog‘larida shish bor edi, ya’ni, uning terisida qurt g‘imirlab yurardi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam unga qaradilar va tuyalarini ushladilar. Keyin qavm turdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Mana shu echkining egasi uni past sanab tashlab qo‘ygan deb o‘ylaysizlarmi?", dedilar. "Ha, ey Allohning elchisi", deyishdi sahobiylar. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Muhammadning joni qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, dunyo Alloh huzurida bu uloqning o‘z ahliga xor bo‘lganidan ham xorroqdir".

Qayd etilgan


Laylo  04 Iyul 2006, 07:51:46

314. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilindi: "Dunyo mo‘minning zindoni, qabr qo‘rg‘oni, jannat esa, uning makonidir. Dunyo kofirning jannati, qabr qamoqxonasi, do‘zax esa makonidir".

Faqih aytadilar: "Dunyo mo‘minning zindoni", degan so‘zlarining ma’nosi, mo‘min agar ne’matda va kengchilikda bo‘lsa ham, Allohning jannatdagi ne’matlari oldida bu dunyoda go‘yo zindondagidek, deganidir. Chunki mo‘minga o‘lim hozir bo‘lsa, unga jannat ko‘rsatiladi. Va o‘zi uchun jannatda tayyorlangan narsalarni ko‘rib biladiki, u qamoqda ekan. Ammo kofirga o‘lim kelsa, do‘zax ko‘rsatiladi va Alloh unga tayyorlab qo‘ygan narsalarni ko‘rib biladiki, dunyo jannat bo‘lgan ekan. Kim oqil bo‘lsa, zindonda xursand bo‘lmaydi, rohatni talab qilmaydi. Oqil kishi dunyoga qaramog‘i, dunyo haqidagi zarbulmasallarni fikr qilmog‘i lozim. Alloh taolo va Payg‘ambar alayhissalom dunyoni zarbulmasal qilib bayon etganlar.

Alloh taolo aytadi:
"Darhaqiqat, bu hayoti dunyoning misoli", ya’ni, uning yo‘q bo‘lishi va ketishi yomg‘ir kabi "suvga o‘xshaydi"; "Biz uni osmondan yog‘dirganmiz", ya’ni, Alloh taolo osmondan tushirgan; "u yer nabototi bilan aralashadi", ya’ni, suv yerga singadi, keyin "odamzod yeydigan" donlar "va hayvonlar yeydigan" o‘t va pichanlar unib chiqadi, "hatto yer chiroy oladi"; "yasan-tusan qilganida", ya’ni, yer o‘simliklar bilan ziynatlanganda "uning ahli gumon qilishadi", ya’ni, o‘simlik va ekinlar egalari o‘ylashadiki, "uning ustida kuchli-qudratlimiz", deb, ya’ni, uning g‘allalariga egamiz, deb; ular yaqindagina tugaydi "va yerga kechasi yo kunduzi Bizning buyrug‘imiz keladi", ya’ni, Allohning azobi keladi; "go‘yo kuni kecha obod bo‘lmagandek uni vayrona qilib qo‘yamiz". Shuningdek, ekinzorlar qolmagandek dunyo va undagi narsalar qolmaydi, "Tafakkur qila oladigan qavm uchun oyatlarni shunday mufassal bayon qilamiz", ya’ni misollarni (Yunus, 24).

Qayd etilgan


Laylo  04 Iyul 2006, 07:51:55

315. Rivoyat. Bir kishi Shomdan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oldilariga keldi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam ularning yerlari haqida so‘radilar. Ular yerlarini kengligini va turli ne’matlarga boyligini aytdi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: "Qanday ishlaysizlar va qanday kun ko‘rasizlar?" deb so‘radilar. U kishi javob qildi: "Turli-tuman taomlar yeymiz". Rasululloh sollallohu alayhi vasallam so‘radilar: "U nimaga aylanadi?" "O‘zingiz bilgan narsaga" (ya’ni, bavl va axlatga), dedi. Shundan so‘ng Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Dunyo ham xuddi shunga o‘xshaydi", dedilar.

Yahyo ibn Maoz Roziy aytadilar: "Dunyo Allohning ekinzori, odamlar shu ekinzorning ekini, o‘lim o‘roq, jonni oluvchi farishta alayhis-salom shu ekinni o‘ruvchi, qabriston uni yanchuvchi, jannat va do‘zax havoyi xohishlarning uyidir. Bir guruhi jannatda, bir guruhi do‘zaxda bo‘ladi".

Luqmoni Hakimdan zikr qilinadi. U kishi o‘g‘liga aytdilar: "Ey o‘g‘ilginam, dunyo chuqur dengizdir. Unda ko‘p kishilar g‘arq bo‘lishgan. Bas, kemangda Allohga taqvo qilgin".

Ba’zilar aytadi: "Solih amallar ko‘tarib yurgan davlatingdir. Bu molga hirs qilsang, sening foydang. Kunlar – solih amalning to‘lqini, tavakkul – soyasi. Allohning kitobi – dalili, nafsni havodan qaytarish – arqoni, o‘lim – sohili, qiyomat – savdo qiladigan yeri, Alloh esa uning egasidir".

Fuzayl ibn Iyozdan rivoyat qilinadi. U kishi aytadilarki: "Dunyo qiyomat kuni keltiriladi. O‘zidagi ziynat va chiroyi bilan aytadiki: Ey Rabb! Meni yaxshi bandalaring uchun uy qilib qo‘ygin". Alloh azza va jalla: "Seni ular uchun uy qilishga rozi emasman, sen hech narsadirsan, sepilgan chang bo‘lgin", deydi. Shundan so‘ng dunyo changga aylanadi".

Ibn Abbos (r.a.) aytadilar: "Qiyomat kunida dunyo oqarib-ko‘karib ketgan, qari, tishlari ko‘ringan, a’zolari titilgan xas holatda keltiriladi. Kim uni ko‘rsa, qayta qaragisi kelmaydi. Uni odamlarga qaratadi. Keyin: "Buni taniysizlarmi?" deyishadi. "Uni bilishdan Allohdan panoh tilaymiz", deb javob berishadi. Shundan so‘ng: "Bu dunyodir. Sizlar faxrlangan va uning ustida talashgan dunyo mana shudir", deyiladi.

Faqih aytadilar: Dunyoga azob berilmaydi. Chunki unda gunoh yo‘q, lekin do‘zax ahli uni ko‘rishligi uchun do‘zaxga tushiriladi. Do‘zax ahli uchun dunyo xor qilib ko‘rsatiladi. Xuddi sanamlar do‘zaxga tashlangani kabi. Alloh aytadi:
"(Ey mushriklar), sizlar ham, Allohni qo‘yib sig‘inayotgan butlaringiz ham jahannam o‘tinlaridir. Sizlar u (jahannamga) tushguvchidirsizlar" (Anbiyo, 98). Butlar uchun azob yo‘q, lekin azob va hasratni ziyoda qilish do‘zax ahli uchundir. Shuningdek, dunyo do‘zax ahlining azobini, hasratini ziyoda qilish uchun do‘zaxga tashlanadi. Demak, mo‘min kishi oxirat uchun amal qilmog‘i lozim. Dunyo bilan mashg‘ul bo‘lib qolmasligi, shug‘ullansa ham, kerak bo‘lganicha, unga qalbi bilan yopishmasdan shug‘ullansa bo‘ladi.

Iso alayhissalom aytdilar: "Sizlarga ajablanaman. Dunyo uchun amal qilasizlar, vaholanki, unda amalsiz ham rizqlanasizlar, oxirat uchun amal qilmaysizlar, vaholanki, unda amalsiz rizqlanmaysizlar".

Qayd etilgan


Laylo  04 Iyul 2006, 07:52:29

316. Abu Ubayda Asadiy Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Kimning qalbi dunyo sevgisi bilan to‘lgan bo‘lsa, Alloh taolo uni uch narsa bilan bog‘lab qo‘yadi: Mash-g‘ul bo‘lish va davomli charchash bilan; tugamaydigan orzu bilan; cheksiz hirs bilan. Unda qiyinchilik bo‘lmaydi.

Dunyo talab qiladi va talab qilinadi. Oxirat ham talab qiladi va talab qilinadi. Kim oxiratni talab qilsa, uni dunyo talab qiladi. Hatto dunyoda rizqini to‘liq oladi. Kim dunyoni talab qilsa, uni oxirat talab qiladi. Hatto o‘lim keladi, so‘ngra birdaniga olib qo‘yadi".

Ibrohim ibn Yusuf Kinonadan rivoyat qiladi: Aytdilarki: "Men Abu Hozimning shunday deganlarini eshitdim: "Dunyodan ikki narsani topdim. Biri — mendagi narsa, u yo‘q bo‘lmaydi, ikkinchisi — boshqaniki, unga yetolmadim, chunki meniki bo‘lgan narsa boshqaga berilmagani kabi, boshqaniki ham menga berilmaydi. Men bu narsaning qaysi birida umr o‘tkazay? Va men yana ikki narsani ikki narsa deb bildim: Biri — mol-dunyoning ajali menikidan oldin kelib, undan g‘alaba qilaman; ikkinchisi — mening umrim unikidan oldin uziladi, o‘laman va boshqa kishiga tashlab ketaman. Qaysi biri bilan Rabbimga osiylik qildim?"

Qayd etilgan


Laylo  04 Iyul 2006, 07:52:36

317. Abu Sufyon rivoyat qiladilar. Sa’d ibn Abu Vaqqos Salmonning (r.a.) oldiga keldilar. U kishi kasal edilar, ziyorat qildilar. Salmon yig‘ladilar. Sa’d ibn Abu Vaqqos: "Ey Abdullohning otasi, nega yig‘layapsiz? Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam sizdan rozi holda dunyodan ketdilar-ku?" deb so‘radilar. Salmon (r.a.) aytdilar: "Ogoh bo‘linglar! Men o‘limdan qo‘rqib yoki dunyoga hirs qilib yig‘lamayman. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam bizlarga bir ahd berganlar. "Sizlarning dunyodagi nasibalaringiz yo‘lovchi oladigan narsa miqdorida bo‘lsin", deganlar. Mening oldimda esa, bu qora narsalar turibdi". U kishining oldilarida ichadigan, yeydigan, tahorat qiladigan idishlar bor edi. Keyin Sa’d (r.a.) aytdilar: "Ey Abdullohning otasi, siz ham bizga ahd bering. Sizdan keyin bizlar ham uni ushlaylik". Salmon (r.a.): "Ey Sa’d, qayg‘urgan paytingizda, hukm qilayotganingizda va qasamingizni bajarish vaqtida Allohni eslangiz", dedilar.

Qayd etilgan


Laylo  04 Iyul 2006, 07:52:44

318. Jubayr Zahhokdan rivoyat qiladilar. Bir kishi Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan so‘radi: "Ey Allohning elchisi! Odamlarning zohidrog‘i kim?" deb. Aytdilar: "Kim qabrni va chirishini unutmasa, dunyo ziynatining ortiqchasini tashlasa, dunyodan ko‘ra oxiratni afzal bilsa, kunlarining ertasi bor deb hisoblamasa va o‘zini o‘lganlardan deb sanasa".

Hakim Hotam Lifofiy aytadilar: "To‘rt narsani to‘rt narsadan talab qildik va bu yo‘lda xato etdik: Boylikni moldan talab qildik, u qanoatda ekan, rohatni ko‘plikdan izladik, ozlikda ekan, ne’matni taom va kiyimdan qidirdik, satrda, ya’ni, Alloh yopgan ayblarda va Islomda ekan".

Qayd etilgan


Laylo  04 Iyul 2006, 07:52:52

319. Rivoyat qilinadi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Kim dunyoga katta ahamiyat berib tong ottirsa, Alloh uning qalbiga uch narsani bog‘lab qo‘yadi: Famdan hech uzilmaydi, mashg‘ullikdan ajralmaydi va kambag‘alligi tugamaydi".

Abdulloh ibn Mas’ud (r.a.) aytadilar: "Kim tong ottirsa, u mehmondir. Moli yalang‘ochdir. Mehmon jo‘nab ketadi, yalang‘ochlik ortiga qaytadi".

Fuzayl ibn Iyoz: "Yomonlikning hammasi bir uyda bo‘lsa, uning kaliti dunyoni sevishlikdir. Yaxshilikning hammasi bir uyda bo‘lsa, uning kaliti dunyoni tark qilishdir", deydilar.

Qayd etilgan