Abu Lays Samarqandiy. Tanbehul g'ofiliyn  ( 637322 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 51 52 53 54 55 56 57 58 59 60 61 ... 107 B


Laylo  11 Iyul 2006, 09:44:32

549. Abu Hurayra (r.a.) rivoyat qiladilar. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Odamlarga bir zamon keladi, hech kim ribo yemasdan qolmaydi, undan yemasa, g‘ubori yetadi".

Bunday deganlari riboning ko‘payishiga, qarzlar va oldi-sotdilarda har xil hiylalar va shubhalar zohir bo‘lishiga, odamlarning mollari sudxo‘rlik, shubha va haromlar bilan aralashib ketishiga, hatto, mollar orasini farqlash mumkin bo‘lmay qolishiga, odamlar o‘zlari bilmagan holda yeyishlariga va uning zarari hammaga yetishiga dalolatdir. Holbuki, ular o‘rtaga tushmagan, shohidlik qilmagan, uni yozmagan yoki sudxo‘r bilan muomalada bo‘lmagan.

Savdogar tijorat qilish uchun zarur bo‘lgan miqdordagi ilmni olishi lozim, sudxo‘rlik bilan yemaslik, halol va harom orasini ajratish, moliga haromni aralashtirmaslik, harom moldan yemaslik, to‘g‘rilik va yolg‘onchilikni bilib olish, sunnat va bid’atni farq qilish, kufr va imonni ajratish uchun, albatta, ilm olish zarur bo‘ladi.

Qayd etilgan


Laylo  11 Iyul 2006, 09:44:47

550. Hasan (r.a.) rivoyat qilgan mashhur hadis ham shu xususdadir: "Men Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan bir necha marta: "Shubhali narsani tark qilib, shubhasizini oling. Chunki to‘g‘rilik va ishonch xotirjamlikdir, shak va yolg‘onchilik gumondir", deganlarni eshitib yod olganman".

Torozi va o‘lchovda diqqatli bo‘lmoq lozim. Chunki Alloh taolo torozi va o‘lchov ishi haqida qattiq so‘z aytdi va shiddatli azobni va’da qildi.

"Urib qoluvchi kimsalarga vayl bo‘lgay", ya’ni, qattiq azob. Aytilishicha, jahannamda vayl degan vodiy bor, u joy o‘lchov va torozidan urib qoluvchilar uchundir. "Ular odamlardan (biron narsani) o‘lchab olgan vaqtlarida to‘la qilib oladigan", ya’ni, o‘z haqlarini to‘la qilib oladigan, "boshqalarga o‘lchab yoki tortib bergan vaqtlarida esa, kam qilib beradigan kimsalardir". Keyin Alloh taolo aytdi: "Ular o‘zlarining ulug‘ bir kunda barcha odamlar butun olamlar Parvardigori huzurida tik turib (hisob-kitob beradigan qiyomat) kunida qayta tiriluvchi ekanliklarini o‘ylamaydilarmi?" (Mutaffifun, 1-5).

Qayd etilgan


Laylo  11 Iyul 2006, 09:45:04

551. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam Madinaga keldilar. Madina ahli o‘lchov ishida yomon odamlar edi. Ularda ikki xil torozi bo‘lib, sotib olmoqchi bo‘lsalar, oshig‘i bilan tortadiganini qo‘llardilar, sotmoqchi bo‘lsalar, kamaytirib tortadiganini ishlatar edilar. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam shunda: "Sizlarga qilayotgan ishlaringiz sabab vayl bo‘lsin", dedilar. So‘ng Alloh taolo bu oyatlarni Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam kelishlari barakotidan odamlar adolatli va insofli bo‘lishlari, bu bilan olamni obod qilish uchun nozil etdi, odamlarni haqqa va to‘g‘rilikka buyurdi.

"Ular qayta tiriluvchi ekanliklarini o‘ylamaydilarmi?" deb aytyapti Alloh taolo. Ya’ni, ular qiyomat kunida qayta tirilishlariga ishonishmaydimi? Ular har zarra uchun hisob beradilar, qilgan har bir amallariga mukofotlanadilar va odamlardan urib qolgan har bir narsalari uchun azoblanadilar. Hisob-kitob kunida mol, dinoru dirham bo‘lmaydi, e’tibor beringiz, ey odam farzandlari, Alloh taolo u kunni "ulug‘ kun" deb nomladi. U kunda "barcha odamlar butun olamlar Parvardigori huzurida tik turadi", ya’ni, Alloh qudrati oldida to‘xtaydilar va ulardan ozu ko‘p hammasi so‘raydi, kitobidan nima amal qilganlarini o‘qiydi. Alloh taolo aytganidek:

"So‘ng (har bir kishining) nomai a’moli o‘rtaga qo‘yilur, bas, gunohkorlarning unda (bitilgan) narsalardan dahshatga tushib: "Bizlarga halokat bo‘lgay, bu qandoq kitobki, na kichik va na katta (gunohni) qoldirmay, barchasini hisoblab-bitib qo‘yibdi", deyishlarini ko‘rasiz. Ular qilib o‘tgan barcha amallarini hoziru nozir holda topurlar, Parvardigoringiz hech kimga zulm qilmas" (Kahf, 49). Dunyoda odamlarning haqlariga adolat etgan kishilarga naqadar yaxshi. Odamlarning haqlariga adolat qilmagan kimsalarga vayl bo‘lsin.

Qayd etilgan


Laylo  11 Iyul 2006, 09:45:38

552. Umar ibn Xattobdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Adolat Allohning yerdagi torozisi, kim uni ushlasa, u uni jannatga yetaklaydi, kim tashlasa, u uni do‘zaxga haydaydi".

Bilingizki, adolat podshohdan xalqiga bo‘ladi va xalqniki o‘zaro bo‘ladi. Sizlarga alamli azobdan najot topmoqlaringiz uchun adolat qilishingiz vojibdir.

Ribo yeyish bobi hadislari

540-hadis. Zaif. Ahmad, Ibn Mojja rivoyat qilgan.
541-hadis. Sahih. Ahmad, Nasoiy rivoyat qilgan.
542-hadis. Sahih. Buxoriy, Ahmad rivoyat qilgan.
543-hadis. Zaif. Ahmad, Bayhaqiy rivoyat qilgan.
544-hadis. Sahih. Buxoriy, Muslim, Nasoiylar rivoyat qilishgan.
545-hadis. Suyutiy rivoyat qilgan. "œKaboir"ga qarang.
546-hadis. Sahih. Buxoriy, Muslim rivoyat qilgan.
547-hadis. Sahih. "œSahihul jome’"ga qarang.
548-hadis. Zaif. Ahmad, Abu Dovud rivoyat qilgan.
549-hadis. Zaif. Ahmad, Abu Dovud rivoyat qilgan.
550-hadis. Sahih. Ahmad, Nasoiy, Termiziy rivoyat qilgan.
551-hadis. Hasan. Ibn Mojja, Ibn Hibbon rivoyat qilgan.
552-hadis. Sanadi noma’lum rivoyat.

Qayd etilgan


Laylo  11 Iyul 2006, 09:46:00

QIRQ YETTINCHI BOB
GUNOHLAR HAQIDAGI RIVOYATLAR


553. Jobir ibn Abdulloh (r.a.) aytadilar: Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning bunday deganlarini eshitdim: "Alloh taolo Musoga (a.s.) bergan sahifalar ichida o‘nta bob bo‘lib, birinchi sahifada yozilgan kalima bu edi: "Ey Muso, Menga hech shirk keltirma. Mening mushriklar yuzi o‘tda yonishi haqidagi so‘zim haqdir. Menga shukr qil, ota-onangga shukr qil, shunda seni halokatdan saqlayman va umringni ziyoda qilaman, yaxshi hayotda yashattiraman va yanada yaxshirog‘iga burib qo‘yaman. Men o‘ldirishni harom qilgan jonni o‘ldirma, Men uni harom qildim. Mabodo, bu ishni qilsang, yer senga kengligi bilan ham torlik, osmon shuncha kattaligi bilan ham tanglik qiladi, g‘azabim bilan do‘zaxga tushib qolasan. Mening ismim bilan yolg‘on va gunohkor holatda qasam ichma. Chunki kim Meni poklamasa, ismlarimni ulug‘ tutmasa, uni ham poklamayman. Odamlarga Men bergan narsalarga hasad qilma. Chunki hasadchi Mening ne’matlarimning dushmani, qazoimni rad etuvchi, Men taqsim qilib bergan narsaga g‘azablanuvchidir. Kim shunday qilsa, u Mendan emas, Men undan emasman. Qulog‘ing ma’nosiga yetmagan, aqling anglay olmagan, qalbing bog‘lanmagan narsalarga guvohlik berma. Men qiyomat kuni guvohlarni bergan guvohliklari to‘g‘rimi yoki yo‘qmi, qattiq so‘roq qilaman. O‘g‘rilik qilma, qo‘shnining xotini bilan zino qilma. Agar qilsang, sendan yuzimni va osmon eshiklarini berkitaman (ya’ni, duolarni qabul qilmayman), o‘zing yaxshi ko‘rgan narsalarni odamlarga ham yaxshi ko‘r. Mendan boshqaga atab qurbonlik so‘yma, faqat Mening nomimni atab so‘yilgan qurbonliklarni qabul qilaman. Agar u Mening yo‘limda xolis bo‘lgan bo‘lsa, shanba kuni men uchun hamma narsadan ajral va uyingdagi hamma ahllaringdan uzoq bo‘l".

Qayd etilgan


Laylo  11 Iyul 2006, 09:46:12

553a. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytadilar: "Alloh taolo Musoga (a.s.) shanba kunini va bizlarga jumani bayram qilib berdi".

Qayd etilgan


Laylo  11 Iyul 2006, 09:46:22

554. Muhammad ibn Ka’b Quzariy aytadilar: Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam minbarga chiqdilar, so‘ngra o‘ng kaftlarini ushladilar va: "Alloh taolo ahli jannatlarning kitobini ism va nasablari bilan yozdi. Undan ziyoda ham bo‘lmaydi, kamaymaydi ham", dedilar. Keyin chap kaftlarini ushlab, aytdilar: "Alloh taolo boshqa kitobda do‘zax ahllarining ism va nasablari bilan yozdi, ulardan ziyoda ham bo‘lmaydi, kamaymaydi ham. Saodat ahli bo‘lgan ba’zi kishilar baxtsizlarning amallarini qiladi, hatto ularni ham o‘shalardan deb o‘ylashadi, balki ular o‘limlari oldidan tuyaning o‘kirishicha vaqt bo‘lsa ham, baxtlilarning amalini qilishadi, so‘ngra Alloh taolo taqdiri azaliysi bilan ularni baxtsizlikdan saodatmandlikka o‘tkazib qo‘yadi. Badbaxtlar ahli saodatlar amalini qiladilar, hatto o‘lim topadilr. Tuyaning o‘kirishicha bo‘lsa ham (yomon amal qiladilar). Bas, saodatli Alloh taoloning qazosi ila saodatlidir, badbaxt Alloh taoloning qazosi ila baxtsizdir, amallar xotimasiga ko‘ra baholanadi".

Qayd etilgan


Laylo  11 Iyul 2006, 09:46:29

555. Fuzola ibn Ubayddan rivoyat qilinadi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam hajjatul vado’da aytdilar: "Sizlarga mo‘min, muslim, mujohid va muhojir kimligining xabarini beraymi? Odamlarning jonlari va mollari undan salomat bo‘lgan kishi — mo‘min; odamlar uning tilidan, qo‘lidan salomat bo‘lgan kishi — muslim; Alloh taologa itoatda o‘z nafsi bilan jihod qilgan kishi — mujohid; gunoh va xatolarni tark qilgan kishi — muhojir".

Abu Dardo aytadilar: (r.a.) "Allohga Uni ko‘rib turgandek ibodat qilinglar va o‘zlaringizni o‘liklardan sananglar. Bilinglarki, sizlarni ozgina narsa boy qilishi ko‘p narsalarni yaxshi ko‘rib, unga yugurishdan yaxshiroqdir. Bilinglarki, yaxshilik eskirmaydi, gunoh unutilmaydi".

Qayd etilgan


Laylo  11 Iyul 2006, 09:46:42

556. Ibn Umar (r.a.) Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladilar. U zot aytdilarki: "Yaxshilik eskirmaydi, gunoh unutilmaydi. Hukm qiluvchi foniy bo‘lmaydi. Xohlaganingdek bo‘l, qanday dinlansang, shunday hukm qilinasan".

Faqih (r.a.) aytadilar: "Qanday dinlansang, shunday hukm qilinasan", degan so‘zlarining ma’nosi agar yaxshi amal qilsang, yaxshilik savobini olasan, agar yomon amal qilsang, qiyomat kuni yomonlik bilan "mukofotlanasan", deganidir.

Alloh taoloning so‘zi:
"Agar chiroyli amal qilsangizlar, o‘zlaringizga yaxshilik qilgan bo‘lasizlar, agar yomon, gunoh amal qilsangizlar ham, o‘zlaringiz uchundir" (Al-Isro, 7). Ya’ni, Alloh taolo hech kimga zulm qilmaydi va yaxshiliklarining savoblaridan hech narsani kamaytirmaydi, gunohlariga hech narsani ziyoda qilmaydi, gunohsiz azoblamaydi.

Alloh taolo to‘g‘ri yo‘lni bayon qildi va Rasuli karimni ummatiga nasihat qiluvchi o‘laroq yubordi, u zot sollallohu alayhi vasallam jannat va do‘zax yo‘lini bayon etdilar.

Qayd etilgan


Laylo  11 Iyul 2006, 09:47:04

557. Abu Hurayra (r.a.) Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladilar. U zot sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Men bilan sizlarning misollaringiz bir olov yoqqan kishiga o‘xshaydiki, u olovga kapalaklar kelib, o‘zini uradi. Men sizlarni o‘tga tushmoqlaringizdan qaytaraman", ya’ni, gunohlardan qaytaraman, chunki gunohlar kishini do‘zaxga olib boradi.

Aytilishicha, Odamning (a.s.) tavbasi besh xislat tufayli qabul qilingan, shaytoni la’inning tavbasi besh xislatga ko‘ra rad etilgan. Odam (a.s.) gunohiga iqror bo‘ldilar va pushaymon qildilar, nafsini malomat etdilar, tavbaga shoshildilar va Allohning rahmatidan noumid bo‘lmadilar. Iblis, Alloh uni la’natlasin, gunohiga iqror bo‘lmadi, pushaymon qilmadi, o‘zini malomat etmadi, tavba qilishga shoshilmadi va Allohning rahmatidan noumid bo‘ldi. Kimning holati Odam alayhissalomnikidek bo‘lsa, uning tavbasi qabul qilinadi. Kimning holati iblisnikiga o‘xshasa, tavbasi qabul bo‘lmaydi.

Ibrohim Adham (r.a.) aytadilar: "Alloh taologa itoat qilib do‘zaxga kirmog‘im Alloh taologa gunoh qilib, jannatga kirishimdan yaxshiroqdir". Bunday deganlarining ma’nosi: Agar jannatga kirsa, gunohlari uchun Alloh taolodan hayo qiladi va jannat unga ko‘ngilsiz bo‘ladi. Agar Allohga itoat qilib do‘zaxga kirsa, hijolat bo‘lmaydi va undan chiqishiga ehtimoli bo‘ladi.

Molik ibn Dinor (r.a.) aytadilar: "Qattiq sovuqda bir yigitning oldidan o‘tdim. Ismi Utba edi, kiyimlari eski, turib nimalarnidir fikr qilarkan, undan ter oqardi. Unga: "Nega bu yerda turibsan?" dedim. Aytdi: "Ey ustoz, bu yerda Allohga gunoh qilgan edim". Ya’ni, u gunohlarini o‘ylar va Allohdan uyalganidan terlar edi.

Makhul Shomiy aytadilar: "Kim tushagida yotib, o‘sha kuni qilgan ishlarini fikr etsa, yaxshilik qilgan bo‘lsa, Allohga hamd aytib, gunoh ish qilgan bo‘lsa, Allohdan mag‘firat so‘rasa, yaxshi ish qilibdi. Agar bunday qilmasa, u sarf etib hisob qilmagan, hatto kasod bo‘lgan savdogarga o‘xshaydi".

Aytilishicha, Alloh taolo kitoblarining ba’zisida deydiki: "Ey bandam, Men podshohman, azaliyman, senga buyurgan narsamga itoat qil va qaytargan narsamdan qayt, hayot beraman, o‘lmaysan, ey bandam, Men biron narsaga bo‘l desam, bo‘ladi".

Muhammad ibn Muhayriz aytadilar: "Agar o‘zing yaxshi ko‘rganingga yomonlik qilmaslikni uddalasang, qilma". "Birov o‘zi yaxshi ko‘rgan kishisiga yomonlik qiladimi?" deyishdi unga. "Nafsing o‘zingga nafslarning yaxshirog‘idir, azizrog‘idir. Agar gunoh qilsang, unga yomonlik qilgan bo‘lasan", dedilar.

Bir hakim zotga: "Menga nasihat qiling", dedi bir kishi. "Rabbinga jafo qilma, xalqqa jafo qilma, nafsingga jafo qilma. Rabbinga jafo qilmog‘ing Uning xizmatini tashlab, maxluqlarning xizmatiga kirishingdir. Xalqga jafo qilmog‘ing ularni odamlar orasida yomonlik bilan zikr qilishingdir. Nafsinga jafo qilmog‘ing Allohning farzlariga dangasalik qilishingdir", dedi hakim zot.

Hasan Basriy aytadilar: "Bir gunoh qilgan edim, o‘shanga qirq yildan beri yig‘layman". "U qanday gunoh, Allohning bandasi?" deb so‘rashdi. "Meni bir birodarim ziyorat qilgani keldi. Unga baliq sotib oldim, undan yedi, so‘ng qo‘shnimning devoriga borib, bir bo‘lak kesak oldim va u bilan qo‘limni artdim", dedilar.

Qayd etilgan