673. Maoz ibn Jabal (r.a.) aytadilar: "Ilmni ta’lim olinglar, chunki ta’lim olish Allohdan qo‘rqish, uni talab qilish ibodat, muzokarasi tasbeh, bilmagan kishiga o‘rgatish sadaqa, uni ahliga sarflash qurbatdir (Allohga yaqinlik). Chunki ilm jannat ahllarining manzillari sari yo‘ldir. U tanho paytida hamroh, safarda sohib, xilvatda suhbatdosh, sirlarda dalil, qiyinchiliklarda yordamchi, bezaklar oldida ziynat beruvchi, dushmanlarga qarshi quroldir. U bilan Alloh qavmlarni yuksaltiradi, demak, ular yaxshi ishlarda imom, yo‘lboshlovchilik qiladi. Ularning izidan boshqalar ergashadi, amallariga iqtido etadi va maloikalar ularning sifatlarini targ‘ib qiladi, ularni qanotlari bilan silaydi. Tolibi ilmga bor ho‘lu quruq va dengizdagi baliqlar, yerdagi hasharotlar, quruqligu suvdagi vahshiylar, hayvonlar salovot o‘qiydilar. Chunki ilm qalblarni jaholatdan tiriltiradi, qorong‘ulikda ko‘zlarning chirog‘i, zaiflikda badanlarga quvvat, u bilan abrorlar va ahrorlar manziliga yetadi, oxirat va dunyoda baland darajalarga erishadi. Unda fikr qilish ro‘zadorlikka, muzokara qiyomga tengdir, u bilan qarindoshchilik bog‘lanadi, u bilan harom va halol bilinadi, u imomdir, amal unga ergashadi, u saodatmandlarga ilhom beradi, baxtsizlarni mahrum qiladi".
Hasan Basriy (rahmatullohi alayh) aytadilar: "Ilm olishni Alloh yo‘lida jihod qilishdan afzal deb bilaman. Ha, ilm Alloh yo‘lida jihod qilishdan afzaldir. Kim uyidan ilmning talabida chiqsa, uni maloikalar qanotlari bilan o‘rab oladilar, unga osmondagi qushlar, quruqlikdagi hayvonlar, dengizdagi baliqlar salovot aytadilar. Alloh taolo unga yetmish ikkita siddiqning ajrini beradi. Odamlar, ilmni egallanglar va ilm olish uchun sokin, muloyim, viqorli bo‘linglar, ta’lim olayotgan va ta’lim berayotganlarga tavozu’li bo‘linglar. Olimlik bilan faxrlanmanglar, ahmoqlar bilan tortishmanglar va ilm bilan amirlarga aralashib ketmanglar. U bilan Allohning bandalaridan o‘zingizni baland tutmanglar, agar unday qilsangiz, Allohning g‘azabida qolgan, jahannamga yuztuban tashlanadigan zulmkor ulamolardan bo‘lib qolasizlar. Ilmning Allohga ibodatda xalal bermaydiganini talab qilinglar, shuningdek, Allohga ibodat etinglar, ilmlaringizga zarar bermaydigan bo‘lsin. Ilm foyda bermaydi, magar yuqoridagi gaplarga amal qilinsagina foyda beradi. Ilmni tashlab, faqat ibodatga yuz tutgan qavmdek bo‘lmanglar. Ularning terilari badanlariga yopishib ketsa ham, odamlarning oldiga qilichlari bilan chiqadilar. Agar ular ilmni talab qilsalar edi, ilmlari qilgan ishlaridan to‘sgan bo‘lardi. Ilmsiz amal qiluvchi yo‘ldan adashgan kishiga o‘xshaydi. U g‘ayratni kuchaytirmaydi, balki qiyinchilikni ziyoda qiladi, islohidan fasodi ko‘p bo‘ladi". U kishidan: "Ey Abu Said, bu gaplarni kim aytgan?" deb so‘rashdi. Aytdilar: "Badr urushida qatnashgan yetmishta kishi bilan uchrashdim, ilm talabida qirq yil safar qildim".
Abu Dardo (r.a.) aytadilar: "Ey odamlar, sizlarning olimlaringiz ketayotganini va johillaringiz ta’lim olmayotganini ko‘ryapman! Bas, ilm ko‘tarilib ketmasidan oldin ta’lim olib qolinglar, chunki ilmning ko‘tarilishi olimlarning ketishi bilandir".