Kuni-kecha Shaytanat-5ni o'qib tugatdim.
Bu jildida Tohir Malik odob-ahloq mavzusiga katta joy ajratibdi. Bir tomondan Odamiylik mulki va Iymonlashish umidini o'qiganday bo'ldim
Fikrlarim:
Tohir Malik asarlarida qahramonlarining so'nggi taqdiri nima bo'lganini ipidan ignasigacha bayon etmasdi, buni o'quvchining o'ziga havol qilib qo'yardi, shunisi bilan qiziq edi. Shaytanat-5da bu an'anaga chek qo'yibdi

Zaynabning QASOS QASOS deb gapirishi ensamni qotiraverdi, kitobni varaqlab ham o'qidim ayrim joylarida. Ayol kishiga QASOS OLAMAN deyish hecham yarashmas ekan.
Manzuraday itoatkor ayolni o'qib juda mehrim tovlanib ketdi, haqiqiy sabrli o'zbek ayoli. Osiyo onamiz Firavn zulmlariga sabr qilib bu dunyodayoq Jannat mujdasi bilan mukofotlangan edi. Manzura ham bir umr eridan qo'rqib o'tdi, bir umr kechalari joynamozda vaqti o'tdi, eriga tik qaramadi, erining roziligi bilan dunyodan o'tdi... Faqat, Haj safarida yuragi yorilib vafot etgani biroz ishonchsizroq chiqibdi. Va yana, Muhiddin otaday odam "Jalil Manzuraga hech qachon mahram bo'la olmaydi" demagani ko'ngilni biroz hira qildi.
Afro'zaning nasihatlarini o'qib (diniy tomondan, ahloq odobga oid bo'lsada) negadir zerikib ketaverdim.
Muhiddin otaning nasihatlarini maza qilib o'qidim, ayniqsa Abdurahmon tabibnikiga ta'ziyaga borgandagi suhbatlarini...
Farzilyaning ayanchli taqdiri... ayniqsa, farzandlarini bag'riga bosgan vaqtida yuragim ezilib ketdi.
Yangi qahramonlardan Tarzan nega jinoyat yo'liga kirib qolganini tushunmadim. Ho'p kiribdi, lekin bunday chuqurlashib ketishiga sabab nima ekan? Sharoiti yaxshi, ota-onasi yonida, tinch omon yashab yurgan bola, Axtamga qo'shildiyu shavqatsizlikka o'tib ketdi.
Kitob o'rtalarida Tarzan bilan Axtam (Murda) kelajakda bir-birining go'shtini yeb, Axtam "taxtga" o'tirishi jinoiy to'daning davom etishini bildirib o'tibdi.
Deyarli barcha qahramonlar nima bo'lgani haqida yozib nuqta qo'yildi, faqat...
Jamshidning taqdiri nima bilan tugashini bila olmadim, afsus, balki ayrim joylarini e'tiborsiz qoldirib ketgandirman. Asosiy qahramonlardan birining taqdiri jumboqligicha qolib ketmagandir.
O'qib chiqqanlar bormi, Jamshidning keyingi taqdiri nima bo'libdi?