64. Ibn Umar roziyallohu anhuga Ubayd ibn Jurayj dedilar: siz tuki yo‘q charmdan bo‘lgan kavush kiyasiz va unda tahorat qilasiz, buning sababi nima? Ibn Umar roziyallohu anhu dedilar: Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning shunday kavush kiyganlarini va unda tahorat qilganlarini ko‘rganman. Shuning uchun shunday kavushni kiymoqni yaxshi ko‘raman.
I z o h. Zamoni risolatda musulmonlar yashash va madaniyat kabi narsalarga ziyoda ahamiyat bermas edilar. Tamomi fursatlarini din va oxirat ishlariga sarf etardilar, hatto charmni oshlaganda, tuki ketdimi yo ketmadimi, bunday narsalarga mashg‘ul bo‘lmasdilar. Shuning uchun bu zotning ko‘zlariga Ibn Umar roziyallohu anhuning tuki tamom tozalangan charmdan kavush kiyganliklari taajjub ko‘rindi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tuki yo‘q charm kavush iste’mol qilishlari esa uning joizligini bildirish uchun bo‘lgan.
Kavush bilan tahorat qilmoqning ma’nosi, tahorat qilib oyoqlari xo‘llik holida kiyar edilar yoki kiyib turib, tahorat qilmoq, ya’ni oyoqni kavush kiyib turib yuvmoqning joizligini ta’lim qilar edilar, chunki arabiy kavushlar yuzi ochiq bo‘ladi, suv oyoqning hamma tarafiga yetadi.