170. Imom Hasan ibn Ali roziyallohu anhumo dedilar: Men uz tog‘am Xind bin Abi Hola roziyallohu anhudan savol qildim: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qanday so‘zlar edilar? Menga bayon qiling. Tog‘am dedilar: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam doim oxirat g‘amiga mashg‘ul edilar. Hamisha ummat fikrida bo‘lardilar. Shuning uchun u zotda orom va rohat degan narsa bo‘lmas edi. Aksari, xomush yurar edilar. Hojati yo‘q so‘zlarni gapirmas edilar, va so‘zlarini xudo nomi bilan boshlab, xudo nomi bilan tamom qilar edilar. So‘zlasalar, butun og‘izlari bilan so‘zlar edilar. Lablarining uchi bilan so‘zlab qo‘ya qolmas edilar. So‘zlarining lafzlari oz, ma’nolari ko‘p bo‘lar edi. So‘zlari bir-biridan ajralgan bo‘lar edi. Na unda xojatdan ziyoda alfoz va na kamchilik bo‘lar edi. O’zlari tez mijoz va boshqani xor qiladurgan zot emas edilar. Ne’mat qanchalik haqir bo‘lsin, uni xurmat qilar edilar. Uni yomon demas edilar. Misol uchun, bir taomni na mazammat va na madh qilar edilar. Dunyo yo dunyoviy narsalar uchun hargiz g‘azablari kelmas edi. Ya’ni, dunyoni xech bir narsa sanamas edilar, balki, qachon bir kishi haqdan tajovuz qilsa, u holda g‘azablarini xech bir narsa bosolmas edi. Undan intiqom olmay qo‘ymas edilar. O’z jonlari uchun bir kishidan xafa ham bo‘lmas edilar va intiqom ham olmas edilar. Qachon bir tarafga ishora qilmoqchi bo‘lsalar, barmoqlari bilan emas, balki, butun kaftlari bilan ishora qilar edilar. Qachon bir narsadan taajjub qilsalar, kaftlarining orqasini ko‘rsatar edilar. Qachon so‘z qilsalar, goho-goho kaftlarini qimirlatar edilar. Goho o‘ng kaftlarini chap (bosh barmoqlarining ichiga urar edilar va qachon g‘azablari kelsa, yuzlarini o‘girar va beiltifotlik ko‘rsatar edilar yo afv etar edilar. Qachon xush bo‘lsalar, xayodan muborak ko‘zlarin yumgan kabi ko‘rinur edilar. Aksari, kulishlari beovoz, tabassum edi. Kulsalar muborak tishlarining donalari dur kabi oq va jilvalik ko‘rinar edi. Sollallohu alayhi vasallam.