Shayx Ismoil Maxdum. Toshkentdagi Usmon mushafining ta'rifi  ( 60999 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 ... 8 B


Musannif Adham  23 Iyul 2008, 08:31:01

Shayx Ismoil MAXDUM

TOSHKENTDAGI USMON
MUSHAFINING TARIXI

Arabchadan
Abdulloh Shayx Ismoil Maxdum o‘g‘li tarjimasi

Mas'ul muharrir: Abdulaziz Mansur

Muharrir: Isomiddin Olim Shayx

Musahhih: Muzaffar Xo'jayev

Sahifalovchi: Alisher Abdulmavlon

Noshir: Abdulbosit Abdulboriy

«Movarounnahr» nashriyoti
Toshkent 1995





Qayd etilgan


Musannif Adham  23 Iyul 2008, 08:35:23

MUQADDIMA

Allohga hamd, Muhammad Rasululloh va ul zotning olu ashoblariga salotu salomlar bo‘lsin!

Bundan yuz yil muqaddam Samarqand shahridagi Usmon Mushafi Peterburgdagi podshoh kutubxonasiga olib ketilgan va Oktyabr inqilobidan keyin musulmonlarning talabi bilan O’zbekistonga qaytarilgan edi. U Toshkentdagi qadimiy yodgorliklar muzeyida maqomiga yarasha ko‘z qorachig‘iday asraladigan va e’zozlanadigan, muborak boylik sifatida saqlanadigan me’rosga aylandi.

O’rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy idorasining kutubxonasida shu Mushafdan fotografiya usuli bilan olingan nusxalar saqlanar edi. Yaqin yillardan beri ushbu kutubxonani ziyorat qiluvchilar soni ko‘paydi. Ular bu yerda mazkur nusxani ko‘rib, ba’zilari yodgorliklar muzeyiga borib, unda Mushafning aslini ziyorat qilishga musharraf bo‘la boshladilar va bundan juda hayratlandilar. Bu orada Mushafi Usmoniy xalq ichida juda mashhur bo‘lib ketdi va ommaning unga bo‘lgan qiziqishi ortdi. Shu munosabat bilan diniy idora Mushafni o‘rganish, uning qadimiy va hozirgi holatlari ustidan sirli pardani olish lozim va vojib deb bildi. Mushafga qiziquvchi va tadqiqotchilarning ehtiyojlariga javob beradigan uning tarixi va haqiqati to‘g‘risida bir kitob chiqarilishini zarur deb topdi. Bu borada olib borilgan ko‘p izlanishlardan so‘ng, Islom olamini Mushafning mavjudligi va uning maqomi bilan tanishtirish uchun fazilatli olim, O’rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy idorasining rais noiblari, shayx Ismoil Maxdum hafizahulloh hazratlari muxtasar bir kitob tasnif qildilar.

Qo‘lingizdagi mo‘jaz, lekin manfaati katta bo‘lgan kitob shu sa’yi ko‘shishlarning mahsulidir. Alloh taolo ul zotga Islom va musulmonlar uchun qilgan xizmatlariga yarasha mukofotlar ato qilsin. Diniy idora rahbariyati Shayx Ismoil Maxdum hazratlarining bu sharafli vazifani sidqidildan ado etganliklari va Qur’oni Karimni targ‘ib etish yo‘lida qilgan ilmiy izlanishlarini yuksak baholab, chuqur minnatdorchilik bildirish bilan birga, kitobni diniy idora hisobidan nashr ettirishga, nafi hammaga tegishi uchun uni keng tarqatishga qaror qildi. Alloh taolo to‘g‘ri yo‘lga hidoyat etuvchi zotdir!

O’rta Osiyo va Qozog‘iston
musulmonlari diniy idorasi

Qayd etilgan


Musannif Adham  23 Iyul 2008, 08:44:58

MUALLIFDAN

Bismillahir rohmanir rohiym

Qur’oni Karimni olamlarga bashorat beruvchi va ogohlantiruvchi bo‘lishi uchun O’zining rasuli Muhammad sollallohu alayhi vasallam (s.a.v.) ga nozil qilgan Allohga hamdu sanolar bo‘lsin!

Alloh o‘zining Kalomi majidida (asta’izu billoh):

إِنَّا نَحْنُ نَزَّلْنَا الذِّكْرَ وَإِنَّا لَهُ لَحَافِظُونَ


«Albatta bu eslatmani (ya’ni Qur’onni) Biz o‘zimiz nozil qildik va shubhasiz, o‘zimiz uni muhofaza qilguvchimiz», deb Qur’oni Karimni saqlashga va’da bergan. («Hijr», 9).

Alloh taolo Qur’oni Karimni eng mukarram va ulug‘ Kitob qilib, bizlarni uning tilovatiga musharraf etdi. Mazkur muborak Kitob orqali bizni diniy va dunyoviy ilmlardan boxabar qildi.

Risolatni ado qilgan, amonatni bizlarga yetkazgan sayyidimiz Muhammad (s.a.v.)ga va u kishi bilan bizlarning o‘rtamizda vosita bo‘lgan hamda naql qiluvchilarning eng yaxshilari — avlodu ashoblariga salovotu salomlar bo‘lsin! Bu zotlar Payg‘ambar alayhissalomdan olgan ta’limotlarini, keyingi avlodlarga yetkazishdek yuksak burchni ado etganlarning eng ulug‘lari bo‘ldilar. Agar bu ta’limot bo‘lmaganida, bizlar hidoyat topmas edik. Buning uchun Alloh taolo hammalariga payg‘ambarlarning ummatlarga va ajdodlarning avlodlarga qilgan xizmatlari uchun beriladigan mukofotlaridan ato etsin.

Qayd etilgan


Musannif Adham  23 Iyul 2008, 08:47:41

Qo‘lingizdagi risolani yozishdan maqsad butun Movarounnahr diyori faxrlanadigan va O’zbekiston yodgorliklar muzeyi uni saqlashdek sharafga ega bo‘lgan Usmon Qur’oni bilan tanishtirishlikdir. (Ushbu risola 1971 yilda chop qilingan. O’sha vaqtda mazkur Mushaf O’zbekiston davlat tarix muzeyida saqlanar edi. Tarjimon).

Mazkur Mushaf bir paytlar Samarqandda bo‘lib, uning ulug‘ qadriyatiga hamma ham e’tibor bermas edi, uni asl mohiyati va tarixini bilmagan holda, tabarukkona ziyorat qilinardi, xolos. Chunki, o‘sha vaqtda bu o‘lkada ilmu irfon nuri susaygan va bid’atlar kuchaygan davr hukmron edi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  23 Iyul 2008, 08:52:44

Ruslar Samarqandni ishg‘ol qilgach bu qimmatli gavharga qiziqib qoldilar. Tezda uning dovrug‘i hamma yoqqa tarqaldi. Shu paytdan boshlab uning to‘g‘risida gazeta va jurnallarda maqolalar paydo bo‘la boshladi. Sovetlar davrida bu Mushafni tadqiq qilib o‘rganuvchilar ko‘paydi. Bu davrga kelib ilm-fanning ko‘p tarmoqlari vujudga keldi. O’zbekistonda har sohaning o‘z olimlari yetishib chiqdi. Toshkent asta-sekin ilm-ma’rifat markaziga aylandi. Poytaxtga jahonning barcha yurtlaridan delegatsiyalar, turli sayyohlar kela boshladilar. Ular Mushafning xabarini eshitgach, uni ziyorat qilish istagini bildirib, tarixi bilan qiziqdilar. Ayniqsa, musulmon delegatsiyalarining a’zolari bu muborak Mushaf to‘g‘risidagi haqiqatni bilishga katta ehtimom ko‘rsatdilar. Shu bois O’rta Osiyo va Qozog‘iston (hozirgi Movarounnahr. Tarj.) musulmonlari diniy idorasi bu Mushafi sharif to‘g‘risidagi ma’lumotlar asosida bir kitob yozishni zarur deb topdi. Kamina Allohdan madad so‘rab mazkur muhim vazifani ado etish uchun diyorimizda mashhur bo‘lgan Usmon Mushafiga taalluqli rivoyatlarni va mashhur asarlardagi unga tegishli xabarlarni jamlab, risola holida tasnif qildim. Uning avvaliga Qur’oni Karim tarixini va hazrati Abu Bakr va Usmon (r.a.) davrlaridagi uni jam’ qilishga taalluqli muhim masalalarni kiritdimki, ushbu Mushafi sharifimizning o‘rganilishi ana shularga bog‘liqdur. Risolani «Toshkentdagi Usmon Mushafining tarixi» deb atadim. Bu ishda mening xizmatim, faqatgina turli davrlardagi ma’lumotlarni yig‘ib, ularni tartibga keltirishdan iborat bo‘ldi, xolos.

وَمَا تَوْفِيقِي إِلا بِاللَّهِ عَلَيْهِ تَوَكَّلْتُ وَإِلَيْهِ أُنِيبُ

«Va (bunga) yolg‘iz Allohning yordami bilangina muvaffaq bo‘lurman. O’ziga suyandim va O’ziga iltijo qilurman» («Hud», 88)

Shayx Ismoil Maxdum shayx Sotti Oxund Namangoniy
Toshkent. 1391 y.h. 1971 y.m.


Qayd etilgan


Musannif Adham  23 Iyul 2008, 16:03:18

Bismillahir rohmanir rohiym

QUR’ONI KARIMNING TA’RIFI

Qur’oni Karim Alloh taolo o‘zining bandasi va rasuli sayyiduno Muhammad (s.a.v.)ga nozil qilgan hamda mushaflarga bitilgan, qalblarda hifz, tillarda qiroat qilingan holda hech bir o‘zgarishsiz, uzluksiz uzatish orqali yetib kelgan ilohiy kitobdir. U Muhammad (s.a.v.)ga berilgan va qiyomatgacha abadiy bo‘lgan mo‘jizadur.

Qayd etilgan


Musannif Adham  23 Iyul 2008, 16:13:51

QUR’ON NOZIL BO’LISHINING BOSHLANISHI

Alloh taolo Qur’onni o‘zining payg‘ambari Muhammad (s.a.v.)ga hijratdan 13 yil avval, 24 ramazonda Makkadagi Hiro g‘orida nozil qila boshladi. Bu Allohning Muhammad (s.a.v)ni payg‘ambar qilib yuborgan va ul zotni Rasul ztib tanlagan yili edi. Shundan so‘ng, Qur’oni Karimni bo‘lak-bo‘lak qilib tushirish davom etdi. Chunki, Qur’onning shu tariqa nozil bo‘lishi da’vatning rivojlanishiga bog‘liq edi. Qur’oni Karimdan turli bo‘laklar da’vatning ehtiyojlariga qarab, voqe’likning holatidan kelib chiqib, da’vatning boshlanishidan to oxirigacha birin-ketin tusha boshladi. Bu hol yigirma uch yil davom etdi. Qur’oni Karimning ilgarigi samoviy kitoblar kabi yaxlit bir to‘plam holida emas, balki oyatlarning miqdoridagi tafovut bilan bo‘lak-bo‘lak qilib tushirishlik hikmatini Alloh taoloning O’zi iroda qilgan. Ba’zi paytlarda Qur’oni Karimdan bir oyat, gohida esa besh yoki o‘n oyat nozil bo‘lar edi. Bu to‘g‘rida Alloh taoloning Kalomida ochiq aytilgan:

وَقُرْآنًا فَرَقْنَاهُ لِتَقْرَأَهُ عَلَى النَّاسِ عَلَى مُكْثٍ وَنَزَّلْنَاهُ تَنْزِيلا
«Siz Qur’onni odamlarga asta-sekin o‘qib berishingiz uchun Biz uni qismlarga ajratdik va bo‘lib-bo‘lib nozil qildik». («Isro» 106).

وَقَالَ الَّذِينَ كَفَرُوا لَوْلا نُزِّلَ عَلَيْهِ الْقُرْآنُ جُمْلَةً وَاحِدَةً كَذَلِكَ لِنُثَبِّتَ بِهِ فُؤَادَكَ وَرَتَّلْنَاهُ تَرْتِيلا
«Kofir bo‘lgan kimsalar: «Nega bu Qur’on unga (payg‘ambar alayhissalomga) bitta to‘plam holida nozil qilinmadi?» dedilar. (Ey Muhammad), Biz u (Qur’on) bilan dilingizni ustivor qilish uchun mana shunday (parchaparcha holda nozil qildik) va uni bo‘lib-bo‘lib bayon qildik». («Furqon» 32).


Qayd etilgan


Musannif Adham  24 Iyul 2008, 02:18:09

PAYG’AMBAR ALAYHISSALOM DAVRLARIDA QUR’ONNING YOZILISHI

Qur’on oyatlari Payg‘ambar alayhissalomga (a.s.) nozil bo‘lish chog‘ida, ul zot huzurlaridagi sahobalarga vahyni tilovat qilib berar va uni yozib oluvchilarga oyatning joyini ko‘rsatib, bu oyatni falon suraning falon joyiga qo‘yinglar deb, amr qilar edilar. Ular Rasulloh (s.a.v.) aytib turgan oyatlarni xurmo po‘stloqlariga, yapaloq tosh-taxtachalarga, terilarga va hayvonlarning kurak suyaklariga yozib olar edilar. Rasulullohning huzurlarida Qur’ondan nozil bo‘lgan oyatlarni eshitgan kishilar darhol ushbu oyatlarni yodlab olar va boshqalarga yetkazar, qiroat qilish, uni fahmlash uchun takrortakror o‘qir edilar.

Hokim «al-Mustadrak»da Zayd bin Sobitdan shunday rivoyat qiladilar: «Rasululloh (s.a.v) huzurlarida vahiyni yozib turar edim. Ul zot aytib turar edilar. Yozib tugatganimda: «O’qi! der edilar, men o‘qib berar edim. Agar biror narsa tushib qolgan bo‘lsa, ul zot to‘ldirar edilar».

Qayd etilgan


Musannif Adham  24 Iyul 2008, 02:21:14

Al-Buxoriy Al-Barrodan rivoyat qiladilar: «Lo yastavil qo’iduna...» oyati nozil bo‘lgan paytda Payg‘ambar alayhissalom menga:

—Zaydni chaqir, lavhu qalam va kurak suyagini olib kelsin, — dedilar.

Shundan so‘ng, Zaydga:

—Yoz, «lo yastavilqo’iduna...»
deb, amr qildilar. (hadis).

Imom Muslim Abu Saiddan quyidagi hadisni keltiradilar: Rasululloh (s.a.v.) aytdilar: «Mendan Qur’ondan bo‘lak hech narsani yozmanglar».

Mana shu tartibning o‘ziga binoan Payg‘ambar (a.s.) Qur’onni namozlarda va boshqa munosabatlar bilan tilovat qilgan chog‘larida sahobai kiromlar uni yodlab olar va o‘rganar edilar. Shunday qilib, Qur’onning yozilishi va qalblarda yod olinishi, uning nozil bo‘lishi bilan bir vaqtda kechdi, sahobalarning ba’zilari Qur’onni to‘la yod olgan bo‘lsalar, ba’zilari esa bir qancha suralarni yod bilar edilar. Rasululloh vafot etgan vaqtlarida Qur’oni Karim to‘liq holda sahobalar tomonidan yod olinib, xurmo, toshtaxtacha va boshqa narsalarga yozilgan edi. Rasululloh davrlarida Qur’onni to‘liq yod olgan sahobalardan o‘ttiz kishi sanab o‘tilgan. Rasulullohning 44 ta vahy yozuvchi kotiblari bo‘lgan. Shundan 14 talari mashhur. Ular navbatma-navbat kotiblik qilganlar. Bulardan tashqari huzurlarida hozir bo‘lgan boshqa kishilar ham Payg‘ambar (s.a.v.) aytgan oyatlarni yozib olar va yodlar edilar.

Qayd etilgan


Musannif Adham  24 Iyul 2008, 02:26:40

PAYG’AMBAR (S.A.V.)NING DAVRLARIDA YODLAB OLISH VA YOZISH YO’LI BILAN QUR’ONNI JAM’ QILINISHI

Yuqorida aytilganidek, sahobalardan Qur’onni to‘la holda yozib va yodlab olganlar bor edi.

Al-Buxoriy Anas raziyallohu anhu(r.a.)dan rivoyat qiladilar: «Rasululloh davrlarida to‘rt kishi Qur’onni jam’ qilgan edi. Hammalari ansorlardan edilar. Bular: Ubay bin Ka’b, Muoz bin Jabal, Zayd bin Sobit va Abu Zayd».

Bu haqda Imom Muslim ham Hamomdan rivoyat qilganlar. Imom Buxoriyning hazrati Anasdan keltirgan boshqa bir rivoyatlarida bunday deyiladi: «Payg‘ambar vafot etgan paytlarida to‘rt kishidan boshqa hech kim Qur’onni jam’ qilmagan edi: Abud Dardo, Muoz bin Jabal, Zayd bin Sobit Abu Zayd».

Ibn Kasir aytadilar: «Bu yerda hazrat Anas to‘rt kishidan boshqa deganlarida faqat ansorlarni ko‘zda tutayaptilar, chunki: muhojirlardan ham jam’ qilganlar borlig‘ig‘a shubha yo‘q».

Qayd etilgan