Nosiruddin Rabg'uziy. Qisasul anbiyo  ( 144700 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 16 17 18 19 20 21 22 23 24 25 26 ... 30 B


shoir  23 Iyul 2008, 16:09:42

- Ey risolatga erishgan sulola xonadonining a’zosi, payg‘ambarlik ildizining mevasi, ey saltanat vorisi, ey saodat muhri, ey aslnasab odamizodlar ulug‘i! Koshki, o‘sha kunda rost aytganingda sotib olmagan bo‘lardim. Olsam ham Kan’onga olib borgan bo‘lardim. Endi nima qilayinki, erkim qolmadi, qaytarib olmoqqa qo‘lim qisqa, yarog‘im yo‘q, so‘zimdan qo‘ytmoqqa holim qolmadi. Imkonim yo‘q, nima hiyla qilayin, kimdan kengash so‘rayin.
 - Boshqa yo‘ling qolmagan bo‘lsa, hamma bahoimni olmagin, ozod kishilar bahosiga sotmagin, - dedi Yusuf alayhissalom. Malik za’r bu so‘zni qabul qildi. Baholarni tushira boshladi.

LATIFA. Oqil kishilarga oyyu kunday ravshanki, kofirlar bu dunyoning chiroyini behad ko‘p mol berib sotib oldilar, lekin og‘rinmadilar, chunki ular ham mol oldilar, ham jamol. Musulmonman deguvchilar, sizlar oxirat Yusufin (ya’ni go‘zal oqibatin) toat-ibodat otlik narx bilan sotib olishda og‘rinmang, yo‘qsa, ikkisidan ham quruq qolursizlar. Negaki, (Oyat) "Albatta Olloh taolo birovga oxiratning hisobiga dunyo beradi".

 - Sening so‘zlaringni eshitdim, - dedi molik Za’r Yusuf alayhissalom oldiga kelib. - Olgan mollarni Azizi Misrga topshirdim. Endi sendan bir hojatim borki, ijobatidan umidvor haridorman. Molim behad ziyoda-yu ammalarim yo‘q. Butoqlari yo‘q quruq yog‘ochman. Sendan duo bo‘lsa, uning ijobatiga haqdan umidim bor. Aytdilarku, o‘g‘il-qiz go‘rga nur, ko‘zlarga Surur bo’larlar. Rasul alayhissalom aytadilar: "Farzandlarimiz - yerda yurgan jigarlarimiz".
 Bu so‘zlarni eshitgan Yusuf alayhissalom ko‘kka muidvor tikildi.
 Jabroil amin shu lahzada keltirdi:
 - Ey Yusuf, bu qulimizning hojatini so‘ragin, ijobat eshiklari ochiq.

Qayd etilgan


shoir  23 Iyul 2008, 16:09:50

 - Qanday duo qilayin. Ishorat va ibodatni o‘rgatgil, ey Jabroil, - dedi Yusuf alayhissalom.
 - Aytgilki: "Ey birovni azizu, birovni hor qilguvchi Zot! Ey birovning martabasini balandu, birovnikini past qilguvchi Zot! Ey birovga berguvchiyu, birovni mahrum qilguvchi Zot! Ey har narsaga qodir Zot, mana bu bo‘ysafidga o‘g‘il farzandlar ato etgil!" - dedi Jabroil amin.
 Tanbeh. O’e o‘g‘il-qizi bo‘lmaganlar, murodi hosil bo‘lmaganlar! Qalblaringizni poklang, e’tiqodingizni mustahkamlang, bu kalimalarni tilda joriy qiling. Yusuf alayhissalom duosi barokati tufayli Olloh taolo barcha tilaklaringizga yetishtirgay. Inshoollohu taolo!
 Siddiqning bu duosi ijobat bo‘ldi. Abdulloh ibn Abbos r.a.ning rivoyatiga ko‘ra, "Yusuf alayhissalomning Molik Za’rga qilgan duosi ijobat bo‘ldi. Molikning o‘n ikki cho‘rilari bor edi. Ul kecha hammalari Bilan qovushdi. Ularning har qaysisi egiz farzandga homilador bo‘ldilar. To‘qqiz oydan so‘ng yigirma to‘rt o‘g‘il tug‘ib berdilar".

Qayd etilgan


shoir  23 Iyul 2008, 16:09:59

Savol: Yusuf alayhissalomning Ollohga shunchalik yaqin holati bo‘lsa-yu, bunchalik mashaqqat tortmog‘iga ne sabab?

Javob: Payg‘ambarimiz Muhammad mustafo alayhissalom deydilarki: "Haqiqatda balolarning eng kattasi payg‘ambarlarga tushadi, ulardan keyin avliyolarga, undan keyin ulardan quyilarga va undan keyin shu tartibda. Olloh taolo dargohida avliyo qullar misoli igna kabi bo‘ladilar. Hamma choponlar igna bilan tikiladi-yu ammo o‘zi yalang‘och qoladi. Yoki ba’misoli chiroq: o‘zi yonaru, o‘zgalarga yorug‘lik berar".

Ammoriy qissalarda kelishicha, Yusuf alayhissalomni savdolashib, sotib olinayotgan paytida tuya minggan ko‘chmanchi arabni ko‘rishibdi. Ul tuya bu oy yuzlik zotni ko‘rib tilga kiribdi: "Yaratganning taqdirida nima hikmat bor bilmasman". Buni eshitgan hamma haloyiq lol qoldilar. Aytishlaricha, tuya uch kunlik masofadan Yusuf alayhissalomning hidini sezdi, ko‘rmoqqa mushtoq bo‘ldi, uch kungacha na o‘t yedi, maqsadiga yetgach, so‘zlab yubordi. Ishorat. Yusuf alayhissalom tufayli munglik va bezabon tuyaning holi shu bo‘lgach, bechora Zulayho qandoq sabr qilsin.

Qayd etilgan


shoir  23 Iyul 2008, 16:10:20

Aytishlariga ko‘ra, Zulayho Azizi Misrning xotini edi. Azizi Misr qibtiy edi, Rayyon Malikning etikdo‘zi edi, mo‘min edi, imon keltirganini Rayyon malik ham bilar edi. Unga "Sening yumushlaringni ado qilayin, meni imondan qo‘ytarmagil", deb o‘tinch qilgan edi.
 Olloh taolo Yusuf alayhissalomning ko‘rkidan olib, Zulayhoga ham bergan edi. Aytishlaricha, o‘sha kunda Yusuf alayhissalom o‘n uch yoshda, Zulayho esa o‘n sakkizda edi. Azizi Misr Yusuf alayhissalomni sotib olib, uyiga keltirdi.
 - Bunga yaxshiliklar qilgin, boshqalardan ortiqroq qaragin, totli taomlar, yumshoq kiyimlar kiydirgin, uni g‘oyatda izatli tutgin, - dedi u Zulayhoga tayinlab. - Bizlarga foydasi tekkusidir, Sotsak, undan ko‘p foyda olarmiz, sotmasak, uy ichida ishlatarmiz, shoyad foydasi tegsa. Ma’lum tushsa, ozod qilib, o‘g‘il tutinarmiz.
 Hadis. Ibn Ma’sud r.a. rivoyat qiladiki: eng rostgo‘y va farosatli odam uchratur - birinchisi, Azizi Misr va uning "Shoyad bizga foydasi tegsa yoki o‘g‘il qilib olamiz" degan so‘zi; ikkinchisi - Shuayb alayhissalomning qizi.
 haligi ko‘chmanchi arab yana keldi.
 - Ey yigit, nimaga yig‘larsan, - dedi u.
 - Nechun yig‘lamayinki, otamdan ham onamdan ayrildim, qul qilib sotildim, - dedi Yusuf alayqissalom. - Sen qaysi yurtdan kelding, ey arobiy
 - Kan’ondan keldim, - dedi.
 - Ya’qub alayhissalomni bilarmisan? - dedi Yusuf alayhissalom.
 - Nega ham bilmayin, payg‘ambarimiz - Ya’qubdir, - dedi u.
 - Ya’qub oilasidan qanday xabar berarsan? - dedi Yusuf alayhissalom.

Qayd etilgan


shoir  23 Iyul 2008, 16:11:03

- Ya’qubning Yusuf degan o‘g‘li bor edi. Birodarlari uni biyobonga ovga olib borib, "Bo‘ri yedi" deb qaytib keldilar. Yig‘lay-yig‘lay Ya’qubning ko‘zlari ko‘rmas bo‘ldi. Yo‘l boshida "Bayt ul-ahzon" ("?amlar uyi") degan uy qurib, o‘shanda ibodat bilan yig‘lab turar, - dedi u. Bu gapni eshitgan Yusuf alayhissalom hushidan ayrildi. Hushiga kelgach dedi:
 - Ey arobiy, Ya’qub payg‘ambarining Yusuf degan o‘g‘li menman, qarindoshlarim qul qilib sotdilar. Kan’onga borsang, Ya’qub payg‘ambarga mening salomimni yetkazgil va Yana degilki: "Ey otam, men uchun yig‘lay-yig‘lay ko‘zlaring ko‘r bo‘libdur, buni eshitib zaif tanimga taom singmaydirgan bo‘ldi, yorug‘ jahon ko‘zimga tangu tor bo‘ldi, qoraydi", - degach Yusuf alayhissalom duo qildi. Uning tuyasi o‘rnidan turdi, yo‘lga tushdi, Yusuf esa yig‘lagan holda uyga kirdi.
 Ko‘chmanchi arab kan’onga keelib, Ya’qub payg‘ambarning eshigini qoqdi. Shunda Yusuf alayhissalomning Zayna ismli qiz qarindoshi eshikni ochdi.
 - Kim bo‘larsan, qanday odamsan? - so‘rdai Zayna.
 - Ya’qub payg‘ambariga gapim bor, uni boshqalarga aytmasman, - javob qildi arobiy.
 - Ya’qubning bugun oldingga chiqqulik holi yo‘qdir. Bugun u Yusufning qonli ko‘ylagini qo‘lga olgandir. U Odam alayhissalom ridosini kiydi, Shis alayhissalom tojini boshiga qo‘ydi, Nuh alayhissalom xassasini qo‘liga oldi, Ibrohim alayhissalom ko‘ylagini egniga ildi, Ismoil alayhissalom belbog‘ini beliga bog‘ladi. Arzini behojat podishohiga "Iloho, Yusufning o‘lik yo tirikligini menga bildirgin!" - Deya arzi hol qildi Zayna.

Qayd etilgan


shoir  23 Iyul 2008, 16:11:36

- Duosi ijobat bo‘ldi, men Yusufning oldidan keldim, - dedi arobiy. Zayna kirib bu so‘zlarni aytgandi, Ya’qub payg‘ambar uni huzuriga chorladi. A’robiy Yusuf salomini topshirgach, ota oh-dodi-yu xushidan ayrildi. Xushiga kelgach:
 - Ey arobiy, tushmisan? - deb so‘radi.
 - Tushmasman, Yusufning oldidan keldim, - dedi u. Shunda Ya’qub payg‘ambar o‘rnidan turdi-da, arobiy quchib, ikki ko‘zini o‘rtasidan o‘parkan:
 - Ey arobiy, Yusufimni shu ko‘zlaring bilan ko‘rdingmi? - deb so‘radi.
 - Ko‘rdim, - dedi arobiy.
 - Ey arobiy, meni shunchalik sevintirdingki, ne hojating bo‘lsa aytgil, Ollohdan so‘rab berayin, sen ham sevinchga to‘lgil!
 - Ey Ollohning rasuli, menga mol-dunyo kerakmas, yeguligim, kiyguligim bor. O’ttiz qizim boru o‘g‘lim yo‘q. Duo qilgin, Olloh taolo menga o‘g‘il ato etsin, - dedi arobiy. Ya’qub alayhissalomning duosi ijobat bo‘lib, arabiyga oltmishga o‘g‘ilning karomati qildi.
 Yusuf alayhissalom balog‘atga yetgach, Olloh taolo unga ilmi hikmat, ya’ni tushlar ta’birini evaz qilib berish bilan yorlaqadi. (Oyat) "Vaqtiki, u kamolga yetganda Biz unga hikmatni va ilmni berdik. Yaxshi amal qilguvchilarni Bizga anna shunday mukofotlaymiz".
 (Aytishlaricha, balog‘at yoshi o‘n sakkizda, Yana aytarlar yigirmada, yana yigirma beshda derlar, tag‘in o‘ttiz, o‘ttiz uch, qirq va yana oltmishda derlar).
 Zulayhoning sabri qolmadi. Bir kuni Yusufni bo‘stonga kiritib:
 - Ey Yusuf, ko‘nglida bir sir borki, uni hech kimsaga aytmasman, bu qanday sirligini bilurmisan? -dedi.

Qayd etilgan


shoir  23 Iyul 2008, 16:12:00

- Ey Zulayho, sening ko‘nglingda nima borligin qayoqdan bilay, - dedi Yusuf.
 - Mening ko‘nglimda sening muhabbating bor, seni behad sevarman.
 - Meni sevguncha o‘z eringni sevgil.
 - Ortiq sabr qilolmasman, ne iloj qilay?
 - Sabrdan ortiq iloj yo‘qdir, mening yuzimga boqmagin.
 - Tirikligim boisi senga sabr qilmoqdir. Yana jonimning halovati sening yuzingdir. Yana ko‘ziming nuri sening diydoringdir, - dedi Zulayho. Bu so‘zlarni eshitgan Yusuf alayhissalom
 Zulayhodan o‘zini yiroq tuta boshladi. Shu kuni qaytib ko‘rinmadi. Ertasiga Zulayho uning oldiga keldi.
 - Ey Yusuf, bo‘stonimiz yana go‘zallashmish, turfa chechaklar ochilmish, ne’matlardan bahramand bo‘lish vaqti yetmish. Turgil, bo‘stonga borgil, ne’matlardan yegil, chechaklarni hidlagil, tomosha qilgil, - dedi Zulayho.
 - Ey Zulayho, mening bo‘stonim Kan’onda qoldi, o‘zga bo‘stonning keragi yo‘qdir, - dedi Yusuf alayhissalom unga javoban.
 - Boshqa bir bo‘stonda chechaklar suvsiz qolib so‘lmish, unga suv bergil, - dedi Zulayho.
 - So‘lgan chechakka suv berish bo‘ston egasiga munosibdir.
 - Ey Yusuf, sening muhabbatingdan ko‘zim yoshlarga g‘arq bo‘ldi. Koshki, seni ko‘rmagan bo‘lsam edi, - dedi Zulayho. Sen mening qulim bo‘laturib, nega bo‘ysunmassan?
 - Men tangrining quliman.
 - Ey Yusuf, yaqinroq kelgin, kimdan qo‘rqasan?
 - Ikki haqni saqlarman: biri yaratgan Olloh haqqi, ikkinchisi meni sotib olgan Aziz haqqidan qo‘rqaman.

Qayd etilgan


shoir  23 Iyul 2008, 16:12:08

- Osmonlar tangrisidan qo‘rqar bo‘lsang, hazinamdagi molu, oltinu-kumush, yoqut va gavharlarimni yo‘qsillarga berib, sening gunohlaringdan kechirayin. Agar erimdan qo‘rqar bo‘lsang, hoziroq og‘u berib o‘ldiraman-da, tavba qilaman, - dedi Zulayho.
 - Gunoh qilmagin, tavba g‘amiga botmagil, - dedi Yusuf alayhissalom.
 Bu gaplardan achchig‘i chiqqan Zulayho tarbiyachi enagasi oldiga borib, o‘z holini unga bayon etdi. Enagasi unga ko‘p nasihatlar qildi. Ammo Zulayhoga bu o‘gitlar yoqmadi. Qayg‘u cheka-cheka, o‘lar holatga yetganda kampar enaga yig‘lab shunday dedi:
 - Ey Zulayho, menga ko‘p mol bergilki, men ularni shunday harj qilayin, maqsadingga yetkazayin.
 Zulayho enagasiga ming oltin, ming misqol ifor, ming misqol kofur va qimmatbaho ichchi chopon berdi. Kampir bu mollarni sarflab, shishadan (ba’zilar aytishlari marmardan) bir uy bino qildirdi. Bu uyni oynadan yorug‘ qildirdi, naqshlar Bilan ziynatlatdi. Devorlari va shiftiga Zulayho va Yusufning suratlari chizdirdi. Yashil, ko‘k, qizil, sariq chechaklar bilan bezatilgan xonani kofiru guloblar va turli tilsimlar bilan to‘ldirdi. (Aytishlaricha, begona kampirni uyga kiritmaslik lozim. Agar qaysi uyga kirsa buzmayin chiqmas).

Qayd etilgan


shoir  23 Iyul 2008, 16:12:18

Uy bitgach, Zulayho badanlari ko‘rinib turadigan harir kiyimlar kiygan holda bu uyga kirib o‘tirdi. Yusufni ham chaqirib, uyga kiritdilar. Bu uyning yettita eshigi bo‘lib, har biriga zanjirlar solingandi. Yusuf alayhissalom qaysi bir eshikdan o‘tgan zahoti u eshikni mahkam berkitdilar. U Zulayho o‘tirgan xonaga kirganda Zulayhoni harir kiyimlar kiygan, bezangan va oroyish berilgan holda ko‘rdi. Zulayho o‘zini Yusufga bag‘ishladi. Yusuf alayhissalom esa uni ko‘rgach, lozimi bog‘ichlariga tugun sola boshladi. Buni ko‘rgan Zulayho u bog‘ichlarini yechayotir, Deya umid qila boshladi.
 - Ey Yusuf, yuing muncha ham go‘zal, - deya gap qotdi Zulayho.
 - Parvardigorim meni shunday yaratmish.
 - Sochlaring namuncha chiroyli?
 - Qabrimda hammadan oldin to‘kiladigan mana shu sochlarimidir.
 - Ko‘zlaring bunchalar go‘zal?
 - Qabrda qurt-qumirsqalar avval ularni yerlar.
 - Ey Yusuf, menga bir boqqil, - nozlandi zulayho.
 - Umrim so‘ngida qorong‘ulikdan (ko‘r bo‘lib qolishdin) qo‘rqarman.
 - Qo‘lingni siynamga qo‘ygin.
 - Do‘zaxdagi zanjirlardan qo‘rqaman.
 - Men kabi go‘zallarni ko‘ngling istamaydimi?
 - Istaydi, ammo Ollohdan qo‘rqaman.
 - Men seni sevaman.
 - Men Ollohni sevarman.
 - Men bilan yotoqxonaga kirgin, - chorladi Zulayho.
 - Jannatdagi o‘rnimdan mahrum bo‘lib qolishdan qo‘rqarman.
 - Sen mening sotib olgan qulimsanu, nega bo‘ysunmaysan?
 - Meni sotgan odamlar birodarlarim edi.
 - Mega mendan qochrasan?
 - Ikki zotning haqqi uchun: biri - yeru osmonlarning Ilohining haqqiki, undan qo‘rqarman; ikkinchisi - sotib olgach, "Buni g‘oyatda izzatda tut" degan odamning haqqidan qo‘rqarman, - dedi Yusuf alayhissalom.

Qayd etilgan


shoir  23 Iyul 2008, 16:12:32

- Mol-dunyoim behad ko‘pdir, sadaqa qilsam, ko‘k tangrisi gunohingni kechirgay, erimdan qo‘rqsang, zahar berib o‘ldirayin, - Deya Zulayho necha bor talpindi, ammo maqsudi hosil bo‘lmadi, hafsalasi pir bo‘ldi.
 - Olloh taolodan panoh tilayman, - dedi unga javoban Yusuf alayhissalom. - Azizi Misr sotib olib, menga ezgulik qildi. Shu bois unga yovuzlik istamayman. Agar shunday qilsam, o‘zimga zulm qilgayman. Zolimlarning tangri taolo azobidan omon topishga imkonlari yo‘q. (Oyat) Yusuf dedi: "Hudodan panoh tilayman. Albatta, U mening parvardigorim, U mening darajasni chiroylik qildi. Albatta, zolimlar va to‘g‘ri ish qilmaganlar hargiz najot topmaslar".

 Savol: Yusuf haqida Zulayhoning ezgu niyatlari ko‘p edi, ammo u Azizni yaxshiladi. Buning hikmati nimada edi?

 Javob: Zulayhoning ehsoni kibr-havo Bilan bulg‘alangandi, shu bois uni yaxshi demadi. Azizi misriyning ehsoni kibrdan holi edi, shu tufayli Yusuf uni yod etdi.

Qayd etilgan