- Bizga ishonmasangiz, o‘sha muzofotda bo‘lgan karvon ahlidan so‘rang, - deyishdi o‘g‘illari.
- Menga endi sabrdan boshqa chora qolmadi, - dedi Ya’qub alayhissalom, (Oyat) "Endi sabr qilmoq yaxshidir. Shoyad, Olloh ularni hammasini birgalikda menga qaytarsa. U haqiqatda ilm-hikmatlik zotdir".
Behad ko‘p yig‘ladi. So‘ng dovot, qalam olib xat bitdi: Misr xalqiga, podshohiga!
Bu xat Ibrohim halilulloh nabirasi, Ishoq zabuhulloh o‘g‘li Ya’qub isroilullohdan Fir’avn avlodi - Misr podishohiga tegsun.
Bilingki, bizlar payg‘ambarlar avlodidanmiz. Otalamrimiz balo-musibatga mubtalo edilar: Ulug‘ otam Ibrohim alayhissalom Namrud oloviga otildi, otam Ishoq alayhissalom Olloh farmoni Bilan bo‘g‘izlandi, men esa ikki o‘g‘il qayg‘usiga mubtalo bo‘ldim. Birisini bo‘ri yedi dedilar, Yana birisini o‘g‘irlik qildi, deb sen olib qolbsan. Bizda o‘g‘irlik qiladigan odam bo‘lmaydi. Men bir zaif, qayg‘u-hasratlik, ko‘zi ojiz qariyaman. Yoshim ulg‘aydi, suyaklarim mo‘rtlashdi, soch-choqolim oqardi, beli qayg‘u-hasratda bukildi. Ko‘zimning nuri bo‘lgan o‘g‘limni bag‘rimga qaytargn. Senga ezgu duolar qilayin. Bu jahonda ezgulik ko‘rgil, u dunyoda azoblardan emin bo‘lgin. Bizning ko‘nglimizni og‘ritmagin, so‘zimizni zoe’ qilmagil, senga yaxshi bo‘lmaydi bu ish. Agar yubormaydigan bo‘lsang, ertaga sehr o‘qini sening ustigga yuborgayman. O’zing, mamlakating va elling kunfayakun bo‘lgaysizlar. Vassalom.