Alixonto‘ra keng bilimlar egasi, chinakamiga qomusiy olim edi. Yuqorida tilga olingan asarlaridan, tarjima qilgan kitoblaridan tashqari u kishining qalamiga mansub «Shifo ul-ilal», ya’ni «Illatlar shifosi» asari ham mavjud. Unda ikki yuzdan ko‘p kasalliklar bayoni, tashxisi va davolash usullari berilgan. Ko‘p tillarni chuqur bilganligi bois shu tillarda she’rlar ham yozganlar. «Devoni Sog‘uniy» nomli devon sohibi hamdir. Shu davr ichida bobomiz tomonidan yana Ahmad Donishning «Navodir ul-vaqoe» asari, Darvesh Ali Changiyning «Musiqa risolasi» asari o‘zbek tiliga tarjima qilingan.
Alloma Sog‘uniyning obro‘-e’tibori oddiy xalq orasida nihoyatda yuqori edi. Ul zot faqatgina islomparvar bo‘lmay, balki tom ma’noda insonparvar bo‘lgani sababli oldiga uzoq-yaqin joylardan juda ko‘p kishilar o‘z dardlari va tashvishlariga davo, maslahat izlab kelishar edi. Ayniqsa «Temur tuzuklari» oynomada bosilib chiqqandan keyin mashhurligi yanada oshdi. Ko‘plar fors, arab, turkiy tillarida bosilgan, turli sohalarga mansub qadimgi nodir asarlarning tarjima va sharhlariga yordam so‘rasalar, boshqalar ilm izlab kelganini, tabobat, milliy tarix, diniy ilm sohalarida bilim olish uchun shogird bo‘lish niyatida ekanini bildirardilar. Ko‘p o‘zbek shogirdlari uydan qatnab ilm olsalar, uzoq yurtlardan kelgan tojik, qirg‘iz, qozoq, tungon, kavkaz xalqlariga mansub shogirdlari tashqari hovlidagi boloxonada yotib dars olardilar. Har payshanba kun iftorliklariga ko‘pchilik qatnashishga intilar edi, chunki bu yerda bo‘ladigan ajoyib maroqli suhbat va majlislarda ulug‘ e’tiqod, milliy qadriyatlarimiz, shon-shavkatli tariximiz, diniy masalalar yuzasidan fikr va sharhlar aytilar edi. Keyinchalik bu suhbatlar kengayib, jumladan, muborak ramazon oyi iftorliklari mehmonga chaqiriladigan katta hovlilarda, dala bog‘larida o‘tkaziladigan bo‘ldi. Bu kishining ishtirokidagi majlis va suhbatlarga katta ilm sohiblari, ayrim shoir va yozuvchilar, din arboblari, olimlar va boshqa obro‘yli kishilar juda katta hurmat va ehtirom, haqiqiy ma’naviyatga chanqoqlik bilan qatnashar edilar. Kundalik hayotimizdagi o‘zgarish va hodisalarga u kishi katta qiziqish va xalq manfaati nuqtai-nazaridan qarar edilar. Ular millatimizning erki, tinchligi va kelajagi uchun foydali bo‘lsa butun vujudi bilan xursand bo‘lib, olqishlar edi. «Huquqlar himoyasining eng kuchlik quroli hisoblangan ilm-hunar, maorif eshiklari hozirgi kunda inson olami yuziga butunlay ochiqdur. Shu sababdan tushungan Vatan o‘g‘lon-qizlarimiz zamonaviy har ilm-hunarni asosi bilan yaxshi tushunib, imkoniyat boricha bilib o‘zlashtirishga boshqalardan ortiqroq kirishmoqlari lozimdur» deganlarini bilaman.
1976 yil fevral oyining oxirgi kunlari, men Leningrad shahrida xizmat safarida edim. Bobomlarning ahvoli og‘ir ekanligi to‘g‘risida xabar keldi. Tezda Toshkentga uchdim. Samolyotdan tushib to‘g‘ri bobomlarning Taxtapuldagi hovlisiga yo‘l oldim. Qarindosh-urug‘, yaqinlar bilan to‘lgan hovliga kirishim bilan otamning «O’g‘lim, tezroq kir, bobong ketmoqda», degan nidosini eshitdim. Uyga kirishim bilan musaffo sokinlikda ko‘zlari yumuq yotgan bobomlarga ko‘zim tushdi. Atrof-yonlarida farzandlari. Ko‘zlariga termulib otam nihoyatda past, mungli tovush bilan Qur’ondan «Yosin» surasini tilovat qilib turardi. Ko‘zlaridagi yosh bilan shoshilinch holatda menga suv tutib, «Otamga suv tomiz», dedilar. Yig‘lab turib muborak lablariga dokada sekin suv tutdim. Ohista ko‘zlarini ochdilar. Otam bobomga tikilib turib, nihoyatda past ovoz bilan «O’g‘lingiz Uvaysxon yetib keldi», dedilar.