Alixonto‘ra Sog‘uniy. Turkiston qayg'usi  ( 136064 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22 ... 24 B


mutaallimah  06 Avgust 2008, 12:09:30

U vaqt yaponlarning dahshatlik hujumlari ostida butun Manjuriya o‘lkasidan ajrab, boshqa joylari taxdid qilinayotgan Chan Kayshi hukumati tomonidan yordam umidi butunlay uzilmish edi. Shuning uchun elchixona makkorlari ishlari qulaylashib, Jang Jun hukumatini o‘zlari orqali qochishga majbur qildilar. Shundoqki, Jang Jun 1933 yili qahraton qish sovug‘i, yanvar oyida Cho‘chak yo‘li bilan qochib, Rusiya orqalik markaziy Xitoyga ketdi. Buning so‘nggida Gujung urushida g‘alaba qozongan Gasiling, Xo‘janiyoz, Momutsilinglarni yuqorida aytilganicha, ittifoqlikka keltirolmagach, Urumchida bo‘layotqan o‘zgarishlardan foydalanmoqchi bo‘lib, markazni qo‘lga keltirish uchun, Urumchiga hujum boshlamish edi.
Sovet Rusiyasi elchixonasi makkorlari buni ko‘rgach, ishlatmoqchi bo‘lgan makp hiylalari buzilib ketishidan qo‘rqib, qattiq hayajonga tushmish edilar. Chunki, bu yerdan Jang Jun qochgandan so‘ngra sovet konsuli yordami orqalik yangidan hukumatni qo‘lga olgan Shing Duban, Gasiling hujumini qaytarg‘udek kuchga ega emas edi. Shunga ko‘ra o‘z maqsadini qo‘lga keltirish uchun markazdan yordam so‘ragach, yoshirincha oldindan tayyorlab qo‘yilgan va chegarada turgan sovet harbiy kuchidan keragicha kirgizdilar.
Zamonaviy qurollangan askariy kuchga, odatdagicha qurollangan Gasiling askarlari qanday qarshi tursin! Shunday bo‘lsa ham, «Fiysabililloh» so‘zi yozilgan, kafan o‘rnida liboslik kiygan, qahramon Gasiling qo‘mondasida bo‘lgan, fidoyi musulmon askarlari Urumchi ostonasida, ayniqsa, Sonji, Qutubi oralig‘ida kuchlik, qurollik bosqinchilarga qarshi qirq kun davomida ko‘rsatgan chidamliq qahramonliqlari tillarda doston bo‘lmishdur. Imkoniyat boricha kuch qudratlarini qo‘llaganliklari uchun, Alloh ulardan, albatta, rozi bo‘lg‘usidur. So‘ngra tabiat olamining qonuniga muvofiq, g‘alaba sabablari yetishmaganlikdan, bu qahramonlar oxiri chekinishga majbur bo‘ldilar.

Qayd etilgan


mutaallimah  06 Avgust 2008, 12:10:04

Shu orada Kuradagi (G’ulja bilan Suydung orasidagi shahar) 5-10 ming xitoy askari qo‘mondoni Jing Shurin Urumchida Jang Jun hukumati qamal ostiga olinganligini onglagach, yonboshida mo‘ralab poylab yotgan kuchlik dushmanidan xabari yo‘q, siyosiy ko‘rligidan o‘z holini chog‘lamay, Jang Junga yordam qilish uchun 5 ming askarni olib yo‘lga chiqmish edi. Doxi yongza va Jingdan o‘tar o‘tmas, Jang Jun qochib, Cho‘chak orqaliq chegaradan o‘tib ketganligini eshitgach, 5 10 kun sarson bo‘lib yo‘lidan qaytmish edi. Bular qaytib kelguncha, Qo‘rg‘os chegarasidagi qizil sehrchilar butun ishlarini bajarib, keraklik o‘rinlarni nishonlab qo‘ymish edilar.
Urumchi, G’ulja ikki ora aloqalari butunlay uzulganlikdan: «Gasiling askarlari g‘alaba qozonib, Urumchini olmishdur; yaqin kunlarda Ili o‘lkasiga ham qadami yetsa kerak», degan har turlik yolg‘on yashiq tashviqot xabarlari ko‘paygali turadi. Niyatlari Gasilingga yordam yetkazish bo‘lsa kerak, tungon qora 6otirlari bosh bo‘lib, har tomondan yerlik xalq bosh ko‘targali turadilar. Sovet Rusiyasi zulmidan qochib o‘tgan har yerlik tungonlar ham ularga qo‘shiladilar. Hamma fitna-fasod ishlarini uyushtirib, o‘z siyosatini o‘rinlatish uchun har yoqlama hiyla makr, to‘r tuzoqlarini torttirib, payt kutub poylab yotgan sovet Rusiyasi o‘z maqsadlarini tezdan qo‘lga keltirish uchun, kerak asboblarini tayyorlamish edilar.
Shundoqki, ko‘rinishda To‘rbog‘atoy oq ruslaridan yasama 600 chamali qizil askar, Urimchida Jang Jun o‘rnini egallagan Shing Duban tomonidan, Kuraga keltirilmish edi. Yana shu qatorda 42 post chegarasi orqaliq o‘tgan yoshirin sonlik qizil askarlar esa telefon simlarini sudrashib, dushman qarshisiga kelayotgan harbiylar kabi, to‘liq qurollangan holda tayyor turmish edilar. Asli kutilgan maqsad esa, Ili o‘lkasida birinchi askariy markaz o‘rnini olgan Kura qal’asini buzib, Jang Jun tayanchisi askar boshlig‘i Jing Shurinni qo‘lga tushirish edi. Shuning uchun xitoylarcha eng kuchli hisoblangan 6u qal’aning shimoliy darvozasi ostiga yoshirincha portlag‘ich qo‘yigan edi. Ustida arava yurgidek qalinliqda bo‘lgan sapil darvozasini, har ikki tarafidagi to‘pxonalari bilan, havoga ko‘tarib parchalab tashlamishdur. Buning ustiga haybat ko‘rsatish uchun, sovet Rusiyasi zambaraklaridan otilgan o‘qlar qal’a ichiga tushganidan tashqari, momaqaldiroq kabi gurkuragan aeroplan Kura shahri ustidan ikki uch aylanmish edi.

Qayd etilgan


mutaallimah  06 Avgust 2008, 12:10:30

Bunga qarshi apiyunchi xitoylar, xon davri qoldiqlari bo‘lgan u kundagi eski qurollarini ko‘tarishib, fil oldidagi pashshadek bo‘lib, qanday qarshi tura olsinlar! Chunki, hayot olamining qonuni bo‘yicha inson ishlari butunlay sababga bog‘liqdir. Buni to‘lig‘i bilan qo‘lga keltirmaganlar, mayli kim bo‘lsin uni egallab qo‘lga kelturganlarga, bosh egishga majbur edilar. Shunga ko‘ra, Jing Shurin kuchlik dushmaniga qarshi turishga ojiz qolgach, nochor, nima qilishini bilmay, nomardlarcha jon qutqarish chorasiga kirishadi. 1934 yili yanvar oylarida, yer ustini qor qoplagan qahraton kunlari, tun qorong‘usida mol mulk, xazina, bola chaqalarini dushman qo‘liga qoldirib, o‘z boshini qutqazish uchun Kura qal’asidan G’ulja tomonga qarab qochmishdir. Ertalab turganimizda qarasak, «Hay, Jing Shurin kechalab qochib, lov-lashkari bilan G’uljaning sharqiy tog‘ tomoniga o‘tib ketibdur», degan so‘z hammaning og‘zida eshitilmokda edi.
Dushman oldida bir hovuch chiqmaydigan fidoyi askarlariga qo‘monda berib, qahramon Gasiling, Shing Duban otiga bo‘yalgan kuchluk qizil askar qarshisida 40 50 kunlab qahramonlarcha chidamliq ko‘rsatmish edi. Nomard iflos xitoy ersa, butun Ili o‘lkasi chegara qo‘shinining bosh qo‘mondoni otag‘ini olgan, uzun yillardan beri xalq tuzini tatib, noz-ne’matlarini yeb ichib kelgan, uch to‘rt kun bo‘lsa ham qarshilik ko‘rsatolmay, qo‘yni bo‘riga topshirib, o‘zining qora boshini qutqazishga kirishmishdur.
Dovon yo‘llari qor bilan qoplanib, qatnov ishlari butunlay to‘silmish edi. Qish chillasi sovuq kechalari uzun tun bo‘ylab yurganicha, bir taranchi qishlog‘iga yetib qo‘nmish edi. Ertalab turib qarasa, qo‘rqqanga qo‘sh ko‘rinar degandek, o‘zini orqa oldidan butunlay o‘ralib, dushmani qo‘liga tushib qolgandek ko‘rmishdir. Chunki orqaga qaytish imkoni bo‘lmaganidek, tog‘ toshlar qor bilan qoplanganliqdan oldiga yurish yo‘llari ham butunlay to‘silmish edi. Bunga qo‘shimcha, nomiga qo‘mondon bo‘lib, bu kabi ulug‘ vazifani bajara olg‘udek o‘zining qobiliyati bo‘lmagach, shunchalik dahshatni ko‘tarolmay, o‘zini yo‘qotib aqldan adashib qolmishdur. Mana shuning natijasida ertalab qanday bo‘lsa ham, tog‘ yo‘li bilan yurmakchi bo‘lib, ketayotganida oldidan kela-yotgan bekorchi bir odam qorasini ko‘rgach, «Hay, dushman oldimizda o‘xshaydi», deb yo‘q qo‘rqinchi bilan, kechasi yotgan uyiga qaytib kelmishdur. Kelishi bilan xayoli buzilib, ko‘p o‘ltirolmay ichkari uyga kirib ketgach, xayol o‘tmay «qars» qilib o‘q ovozi onglanmish edi.

Qayd etilgan


mutaallimah  06 Avgust 2008, 12:10:48

Atrofidagi odamlar yugurganlaricha kelishib qarasalar, o‘lar joyiga otib, chala bo‘g‘izlangan tovuqdek, qonga bo‘yalgan holda tipirlab yotibdur. Bu hodisa bo‘lgach, unga ergashib yurgan askarlari tush tushga tarqalib, qochishga boshlamish edilar.
Lekin qayoqdandurki, Jang Jun askarlaridan silinglari (ofitserlari) boshliq birmuncha askarlar kelib, bular bilan birlashgan holda G’uljaga qarab yurish qiladilar. Bu yerga kelgach, qurollangan tungoniy askarlar bularga qo‘shilib, Shing Duban tarafdori Xitoy xunxo‘zo askarlariga qarshi olomon to‘polon urush boshlagani turdilar. Tungon askarlari boshlig‘i xojulik qora botirlardan Madi degan kishi Turdioxun boy darvozasi oldiga oq bayrog‘ini tikib, uylarini askarlarga yotoqxona qiladi. Shunga o‘xshash qo‘zg‘olonchilarning askar boshliqlari G’ulja boylarining rozi bo‘lishi-bo‘lmasiga qaramay, ko‘plarining ortiqcha uylariga kirmish edilar. U vaqt sharoitiga ko‘ra, bu qilmishlari ular uchun zarurat bo‘lmish edi. G’ulja shahriga boshqa yoqdan kelgan, yoki yerlik bo‘lgan ko‘zga qarsharlik boylar hech yerga sig‘may, boshpana bo‘lguday bir joy topisholmay qolishdi.
So‘ngra sovet Rusiyasi tuzoqchilari bularni qo‘lga tushirmoq qasdida, xalqparvarlik qilgan bo‘lib, go‘yo qo‘shnilik hurmatini saqlab: «Ularni himoya qilishni sovet hukumati o‘zining muqaddas vazifasi hisoblaydi», degan so‘zlar bilan tuzoq ichiga don sepmish edi. Zahardan shifo, tikondin gul umidi bilan Turdioxun boy boshliq atoqli boylardan bir qanchalari kelajakdagi takdirlarini o‘z jallodlari qo‘liga topshirdilar. Yoshirincha sovet elchixonasiga kirishib, ulardan yordam so‘rab: «Shahar egasiz qoldi, talon taroj, urush talash bu joyda ko‘paygali turdi, xalqparvar sovet hukumatidan butun xalq yordam berishini umid qiladi», dedilar. O’zlari kutib turgan bunday yoqimli so‘zni anglagach, qonuniy ravishda bo‘lsun uchun, ko‘pchilik xalq tilidan talabnoma suratida xat yozdirib, qo‘l qo‘ydirib olmish edi.

Qayd etilgan


mutaallimah  06 Avgust 2008, 12:11:11

Bechora xalq, ayniqsa, vatandan yiroqda bo‘lgan, mol mulki, joy jumidan ajrab, siyosiy mas’uliyat orqali nohaq jazoga tortilgan, bu yozuvchi kabi qochoqlar uchun eng og‘ir kunlar tug‘ilmish edi. Har qanday ongsiz bo‘lishiga qaramay, ko‘pchilik xalq Qo‘rg‘os soyi u tomonida og‘iz ochib yotgan qizil ajdarhoga yutilishdan qo‘rqar edi. Xiyol o‘tmay, shu qo‘rqinchlik kunlar boshimizga kelib, 1934 yili yanvar oyining oxirlarida «qo‘shnilarimizni saqlaymiz», degan bahona bilan chegarada kutib yotgan, to‘liq qurollangan sovet askarlari kira boshladi. Yo‘l bo‘yicha qarshilik ko‘rsatganlarni otib, yanchib oz fursat ichida G’ulja shahriga kirib, uch darvoza atrofida joylashdilar.
Bu yokda esa Gasiling tarafdorlari bo‘lgan tungonlar va Jing Shurin, Jang Jundan qolgan, chirigan, eski cheriklar ikkiga bo‘linib, yarimi Harambog‘da qolgan, ko‘pchilik tungonlar esa To‘pado‘ngda Shing Dubanga qarshi, Xitoy xunxo‘zolari va oq rus askarlari bilan urushmoqda edilar. Qurol tomonidan har qancha yetishmasliklari bo‘la turib, tungon fidoyilarining jonbozliklari orqali vaqtlik bo‘lsa ham, g‘alaba qozonish umidi tug‘ilmish edi.
Hayot olamidagi hamma ishlar sababga bog‘liq bo‘lgani uchun kuchlik, qurollik, tartib-intizomlik sovet askarlari kirishi bilan butun ishlar o‘zgara boshladi. Dastlabda birlashgan tungon xitoy askarlarining markazi hisoblangan To‘pado‘ng ustiga to‘xtovsiz sovet to‘pi otilg‘ali turdi. Bunga qarshi hitoydan qolgan eski qurollari bilan qaysi kuch chidab tura olsin!
Shunga ko‘ra butun o‘rindagi tungon askarlari va ham bularga tarafdorlar yengilib, qochishga majbur bo‘ldilar. Qizil askarlar kirishi bilan xunxo‘zolarga va boshqa o‘z tarafdorlariga yetarlik mikdorda qurollar tarqatmishdur. Ilgari tungonlardan yengilib, ko‘rinmay qochib yotgan xunxo‘zolar va ham kim bo‘lishiga qaramay hokimiyat egasi bo‘lsa, shuning yun-disidan foydalangan Dutov, Anenkov qoldiqlari oq ruslar, qurollangan holda ko‘chada yo‘liqqanlarinigina emas, uydan uyga izg‘ishib yurib tungonlardan topqonlarini qo‘ymay o‘ldirdilar.

Qayd etilgan


mutaallimah  06 Avgust 2008, 12:11:29

So‘zdan so‘z chiqar, hozirgi tariximiz 1969 yili bo‘lib, bundan 48 yil ilgari tungon qishlog‘i Qoraqo‘ng‘iz masjidida turganimizda, tungon og‘aynilarimizdan sovetga qarshi qo‘zg‘algan Qorabolta, Oqsuv voqeasi sabablik bir qancha kishilar qochib kelmish edilar. Xudo saqlab ularni ziyon-zahmatsiz, eson omon uzatib yuborgan edim. Bo‘lgan voqea bu kitobning boshida yozilib o‘tildi. Bu ikki voqea orasida shu qadar uzun yillar o‘tgandan so‘ngra, biz bilan birga G’uljaga o‘tgan tungon og‘aynilarimiz ustida yana shu kabi qo‘rqinchli kunlar bo‘lib o‘tmish edi. Shundoqki, G’uljada To‘ram mahallasida o‘ltirgan qo‘ramiz tashqarisida va mahalla masjidida So‘quluq va Pishpekli tungon og‘aynilarimizdan oz deganda 20 kishini asramish edim. Xudo saqlasa balo yo‘q degandek, yo‘qsa, tungon izlashgan xunxo‘zo va oq rus askarlari eshik oldimizga necha yo‘l «davay»lashib, ba’zilari devordan oshib tushmoqchi bo‘lib turganlarida har xil bahonalar bo‘lib, ularni xudo saqlamish edi.
Mening qaramog‘imda yoshirincha bularning saqlanayotganligidan dushmanlarimiz xabar topib qolganligi bizga ma’lum bo‘lgach, ko‘z oldimizda biror turlik ko‘ngilsiz yomon bir ish bo‘lib qolmasin deb, buning chorasiga qattiq kirishdim. «Mo‘min mo‘minga xolis xudo uchun yordam berishiga niyat qilsa, Alloh uning yordamida bo‘lg‘ay», degan payg‘ambarimizning so‘zlariga ishonib, Allohning o‘ziga tavakkal qildim. Qip qizil o‘t yonib, tungonlar ustida o‘lim o‘ynab turgan shundoq qo‘rqinchlik chog‘da, ajal hidini olib yotqan joylaridan o‘zimga qarashlik tungonlarni chiqarib, o‘z qo‘ramizga yig‘dim. Yo‘g‘on salla o‘ragan holda «Alloh» yodi bilan bismilloh deb, bular oldida o‘t oralab yo‘l boshlaganimcha, yangi qurilgan hukumat idorasiga salomat yetib keldim. Bu ishga hamma hayronlikda qoldilar. Ayniqsa, tungon qoniga tashna bo‘lib qutirgan xunxo‘zo xitoylar, ko‘zlari bilan yegudek holda tikilib turgan bo‘lsalar ham, hech qaysilari yomonliq yo‘liga jur’at qilolmadilar. Qisqasi, bu kabi qo‘rqinchlik o‘rinlarda necha martaba bu ojiz qulini asrab o‘rgatgan ulug‘ qutratli Egam, bu yo‘li ham asramish edi.

Qayd etilgan


mutaallimah  06 Avgust 2008, 12:12:02

«Bandam meni qanday o‘ylasa, unga o‘zi o‘ylaganday ish qilurman», degan Alloh so‘zining haqligini shu kuni o‘z ko‘zim bilan ko‘rmish edim. Baxtimizga yara-sha, o‘sha kunlarda o‘z To‘qmoqlig‘imiz Turdioxun vaqtlik bo‘lsa ham siyosat talabicha hukumat oldida obro‘si ancha ko‘tarilmish edi. Bo‘lgan voqeani bayon qilib, o‘z yaqinlaridan bir kishini kirgizib edim, men olib borgan yigirma odamning hammasiga omonlik xati yozdirib chiqardi. Ularni olib borgan kishilarimizning ko‘kraklariga qadatib qo‘ydim. Shuning bilan barilari bu qo‘rqinchdan qutulib, mendan rozi bo‘lganlaricha, o‘z joylariga tarqalib ketdilar. Biroq atrofda qochib yurgan, uy uyida yoshirinib yotqan, biz tanigan tanimagan tungon og‘aynilardan nohaq zulmga uchrab, tungon bo‘lgani uchun o‘ldirilgan kishilar oz emas edi.
Shunga o‘xshash, 1920 yili Oqsuv ruslari boshliq 18 qishloq xalqi bolsheviklarga qarshi qo‘zg‘olon chi-qarmish edilar. So‘quluq, Pishpek tungonlari ham shular ichida bo‘lg‘onlikdan butun fojia boshqalarga ko‘ra ko‘proq shularga bo‘lmish edi. Mana shu kunlari So‘quluq tungonlaridan Mesizbulis va ham Pishpek boylaridan Yusufhoji, Yorkent uyg‘urlaridan Axtamboy G’uljaga qochib ketayotganlarida GPU jallodlarining qo‘liga tushib, bir qancha vaqt turmada yotgan ekanlar. So‘ngra bularni o‘z xizmatlariga solmoqchi bo‘lib, ming turli hiyla nayrang, yolg‘on yashiq va’dalar bilan o‘ziga bog‘lab oladi. Bular ham jon qutqarish uchun, ular nima desa ma’qul deb, topshiriqlarini bajarishga so‘z bergan bo‘lsalar ham, bu yoqqa o‘tgach, o‘zlarini uning tahtididan qutilgan hisoblashib, sovet elchixonasiga yo‘lamay qo‘yadilar. Shuning uchun bu qonxo‘r zolimlar 34 yili yuqoridagi Shing Duban voqeasi orqalik G’uljaga o‘tganlarida o‘sha 20 yili o‘tgan ishni eslab, bularning qastiga tushmishdur. Bechora Mesizbulis o‘zidan hadiksirab ko‘zdan yiroqroq turish uchun, G’uljadan ot yurishida uch kunlik narida bo‘lgan To‘qqiztaraga qochgan ekan, ortidan u jallodlar izlab borib qo‘lga tushirgach, 18 20 yoshlik ikki o‘g‘li bilan uni nayzalab o‘ldirib, xalq suv ichib turgan quduqqa tashlab ketmish edilar. Bir nafas bo‘lsa ham otasiga dog‘ solish uchun, uning ko‘zi oldida ikki o‘g‘li nayzalanib, so‘ngra o‘zi o‘ldirilmish edi. Bunday fojialik ishlarni bajarishga
dinsiz xudosiz vahshiylardan boshqa insonlar ko‘ngli qanday chidab turolsin!

Qayd etilgan


mutaallimah  06 Avgust 2008, 12:12:27

Bundan ham yomonroq, insoniyat olamida ko‘rilmagan, vahshat olamida ham siyrak uchraydirgan vahshiylar qilig‘ini Pishpekdan qochib borgan tungon Yusufhoji ustidan o‘tkazdilar. Shundoqki, urush kunlari uning Uchdarvozadagi qo‘rasida kuppa kunduzida o‘t qo‘ydirib, butun mol mulki, katta kichik bola chaqalari bilan 13 jonlik bir oilani kuydirib yuborishdi. U kunlari ko‘cha kuylarda askar kishilardan boshqalarga yurish turish yasaq (ma’n bo‘lganlikdan, ruxsat bo‘lmaganlikdan) bo‘lganlikdan, bularga yordam yetkazish mumkin emas edi. Shu qilgan vahshiyliklarini topshiruvchilari oldida isbotlash uchun, ichida inson avlodi alanga olib yonayotgan o‘tning chirkin manzarasini har yoqlama rasmga tushurmoqda edilar. Lekin Yusufhoji o‘zi 11 yoshlardagi o‘g‘li bilan, nima bo‘lib shu kuni uyda yo‘q ekan; ajali yetmaganligi uchun bu kabi ko‘rilmagan achinarlik fojiadan omon qolmishdur. Biroq bu dahshat vahshatlik xabarni onglab, yugurganicha yetib kelsa, butun oilasi, holimoli bilan qip qizil o‘t ichida yonib yotkanini ko‘radi; so‘ngra, bu fojiali balo qayoqdan kelib chiqqanini tushungach, birdaniga esi og‘ib yiqiladi. Shunday bo‘lib, ajali yetmay o‘limdan qolgan bo‘lsa ham, umri ichida shu o‘tgan fojiani eskarib, qolmish hayotini butunlay g‘am qayg‘u, hasrat bilan o‘tkazib turmokdadur. Bu og‘ir musibatga chidayolmaganidan Shing Duban davrida, 1935 yili haj yo‘li ochilishi bilan o‘limdan qolgan o‘g‘lini olib hajga ketmishdur.
Bu voqea Axtamboy avlodi ustida bo‘lib, ular G’uljada sovet elchixonasining ro‘parasidagi qo‘rala-rida turar edilar. Qizil askar shaharga kirgan kunlari GPU jallodlaridan bir nechtalari yarim kecha, tun qorong‘usida devordan oshib kirib, katta-kichik bir uy to‘la oilani birini qo‘ymay otib chopib o‘ldirib chiqqanlar. Nima bo‘lib, 12 yashar bir o‘g‘il yoshiringan joyida bu vahshiy qonxo‘rlar qo‘lidan qutulib qolmish ekandur. Mana bu dinsiz, xudoga ishonmagan inson yuratlik yirtqich vahshiylarning zulmlaridan ko‘rsatkich bo‘lg‘udek bir ozini, balki yuzdan, mingdan birini ibrat uchun bu o‘rinda yozib qoldirdim.
Shunday bo‘lib, qo‘zg‘olonchilarga qarshi o‘n barobar kuchlik sovet askarlari kirgach, boshqalarning umidlari butunlay uzilib, jon qutqazishga kirishdilar. Qish kunlari havo sovuq, janub tomondan boshqa hamma tomon dushman askarlari bilan o‘ralmish edi. Shunday bo‘lsa ham tog‘ yo‘llari, oshuvlari qor muzlar bilan qoplanganiga qaramay, boshqa yo‘l yo‘qligi uchun Yulduz dovoni orqalik Kuchar, Qora shahar tomoniga qochishga majbur bo‘ldilar. Lekin u bechoralarning bu qochishlari esa o‘lim qilichi boshiga kelgan kishi, boshqa hech iloj topolmaganlikdan, qilich miziga (tig‘i, yuzi, o‘tkir tomoni) qo‘lini to‘sgandek bir ish edi. Eshitishimizcha, bu ketganlar qish kunlari tog‘ tosh, qor muzlarning orasida sovuqda qolishib, ko‘plari halok bo‘lmishdur.

Qayd etilgan


mutaallimah  06 Avgust 2008, 12:12:51

Shu bilan Jang Jun tarafdorlari eski xitoylar va Gasiling tarafdorlari tor mor bo‘lib, sovet Rusiyasi siyosatiga moslashgan Shing Duban hukumati o‘rnashdi. Yerlik xalqning huquqlari butunlay oyoq osti qilinib, yana butun ishlar xitoy bosqinchilarining qo‘liga topshirildi. Idora ishlari xitoycha yurgizildi. G’ulja shahri bo‘lsa, bular oldida siyosiy jinoyatchilar hisoblangan biz kabi kishilar bilan to‘lmish edi. Hozircha, bu jallodlar o‘z zarur ishlaridan bo‘shanolmay turganlari uchun, boshqalar bularning qonlik qo‘llaridan vaqtincha omonlik olib turgan bo‘lsalar ham, navbati kelganda bularning changalidan qutulish imkoniyati yo‘q edi.
Boshimizdan ming turli mehnat mashaqqatlar kechirgan holda, bu jallodlar qo‘lidan qochib, chegaradan o‘tmish edik. Ikkinchi bular qo‘liga tushar bo‘lsak holimiz nima kechishligini yaxshi bilar edik. Shu sababdan bu yerdan ketmakka niyat qildim. Safar yo‘ldoshim marhum Ilyos domla o‘g‘li marhum Abdusattor mahsum ikkovimiz otchi eshakchilarga qo‘shilib, muz dovon orqali Oltishahar tomonga o‘tib, u yoqdan boshqa tomonga ketmoqchi bo‘ldik. Lekin safar jamol-g‘amiz tayyor bo‘lguncha, sirimiz yoshirin tutinganlikdan uy oila, yor do‘stlarimizning bu ishdan xabarlari yo‘q edi. Yo‘lga chiqishimizdan ikki uch kun ilgari oilalarimiz va boshqa og‘ayni tuqqanlarimiz xabar topishib, hammalari yig‘i sig‘i qilg‘ali turdilar. Kechagina suyuklik ona Vatanimizdan, urug‘-aymoq, elyurtimizdan majburiyat orqasida ajrashib, to‘kilgan chochilgan holda yot el, yot yerlarga kelgan edik. O’zimiz olgan jabr jafo jarohatlarimiz, firoq kunlaridan estalik qolgan ko‘ngil dog‘larimiz hali sog‘ayib ketmagan edi. Buning ustiga hayot olamida eng oz uchraydigan bu kabi bir ulug‘ voqea yana boshimizga tushdi.
Xudo rahmat qilsin, Muhammadyorning (Alixonto‘raning o‘g‘li) ayasi: «Sizni qarab turib dushmanlar qo‘lida ko‘rganimizdan, Alloh omonatiga topshirganimiz yaxshiroq, xudo bu-yurganicha, kundalik kunimizni ko‘rarmiz», degan bo‘lsa ham, qizimiz Aziz poshsho: «Kechagina biz kelib, bugun Sizdan tiriklay ajrab qolsak bunga qandoq chidag‘ali bo‘lur. Jo‘jalardek yosh bolalar ichida biz nima qilamiz», deb qayg‘ulik ko‘z yoshini to‘kkali turdi. Buning ta’siridan otalik mehrim qo‘zg‘alib bormasga va’da berib, ko‘ngillarini tinchitdim.

Qayd etilgan


mutaallimah  06 Avgust 2008, 12:14:04

Endi ikki og‘iz so‘zni Gasiling ustidan aytishga to‘g‘ri keladi. Shundoqki, bu qahramon Urumchiga yaqin Qutubiy, Sanjiy qayrag‘achlig‘ida 40 kunga yaqin jonfidolik bilan sovet askarlariga qarshi turgan bo‘lsa ham, g‘alaba asbobi dushman qo‘lida bo‘lgach, nochor orqaga chekinmish edi. Qur’on ko‘targan, va’daga vafo qilmagan qora johil Xo‘janiyozga yarashmoq uchun yana bir martaba elchi yuborib qarasa ham, ul qabul qilmagach: «Hay bu kofir kishisi ekan», deb unga qarshi hujum boshlamishdur. Birinchi hujumdayoq, bosh-oyoqqa qaramay, Xo‘janiyoz, Momutsiling askarlari boshalamon bo‘lib, Kuchar tomonga qarab qochgali turdi. Gasiling ersa askarlariga qo‘monda berib, orqadan quvlaganicha iz bosa yurib o‘ltirmishdur.
Buni ko‘rgan qizil sehrchilar, bu ishni bo‘ldirish uchun necha oylab ilgari qurgan rejalari to‘g‘ri chiqqach, bu haqdagi maqsadlarini tezroq qo‘lga keltirish chorasiga qattiq kirishkali turdi. Shundoqki, fitna oloviga alanga berish uchun tili bir, dili boshqa vijdonsiz bir necha munofiqlar doim Xo‘janiyoz askarlari ichida topshiriq xizmatlarini bajarmoqda edi. Shunga ko‘ra, bu qora johillar Kuchar shahriga kirganda, uzundan beri bu yerda turgan, jallodlar qo‘lidan qochib jiloy (Vatanidan haydalgan) vatan bo‘lgan, namanganlik do‘stimiz Mahammadxon mahsum o‘zi ish ko‘rgan, hamma narsaga tushungan kishi edi. Musulmonlarning o‘zaro birlik ittifoqlari buzulg‘anligini ko‘rgach, buni isloh qilmoqchi bo‘lib, Momutsiling oldiga kelmishdur.
Bilganicha nasihat yuzasidan har yoqlama so‘zlar keltirib: «Qur’on hukmicha, birlik ittifoqlik musulmonlarga farz bo‘lmishdur. Turkiston musulmonlari ustiga ilgari keyin barcha ofat balolar esa shu ittifoqsizlik shumligidan boshimizga keldi. Ilgaridan beri uygur o‘zbek musulmonlari qon qarindosh va din-qarindosh bo‘lganligimiz uchun, har davrning achchiq chuchugini, mehnat mashaqqatlarini birga o‘rtoqlashib tortishgandurmiz. O’z vaqtida ilm markazi bo‘lib quvvati islom atalgan Buxoro, yetti iqlimga ega bo‘lgan Amir Temur poytaxti Samarqand, bundan boshqa Fargona va butun Turkiston musulmonlari dinsiz bosqinchilarning zulmi ostida, molmulkidan, dunyolaridan ajragan holda kuyib, kullari ko‘kka sovrilmoqdadur.

Qayd etilgan