Endi yuqorida aytilganicha, Gasiling o‘zi Oqsuvda to‘xtalib o‘z qo‘mondonlaridan Maxusang qo‘l ostida bir bo‘lik askarni Koshg‘arga yubormish edi. Bular esa Xo‘janiyoz, Momutsiling askarlarini quvlaganicha Koshg‘arga yaqinlashib keladilar. Ilgaridan beri ko‘pchilik Oltishahar xalqi quruq otaq, yolg‘on davruq, xurofiy so‘zlarga berilgan bo‘lganlikdan, Xo‘janiyozliklarning Gasiling askaridan qochib kelayotqanliklari, bular uchun qattiq qo‘rqinch tug‘dirmish edi. Qisqasi, Koshg‘ar xalqi keng dalada cho‘ponsiz qolgan, atrofini och bo‘rilar o‘rab olgan, bir to‘da egasiz qalin qo‘ylar kabi bo‘lib turgan holda, tungon askarlari yetib kelishadi. Bularga qarshi hech qanday chora ko‘rilmaganligi ularga ma’lum bo‘lgach, erkinlik bilan tilagan joylariga tushib o‘rinlashib oladilar. So‘ngra qarasalar, o‘zlari uchun va ham yerlik musul-monlar uchun kutulgan foydalik ishlar ustida maslahat ko‘rsatib, bular bilan kelishib so‘zlashadigan birorta odam bo‘lmadi.
Bechora ko‘pchilik musulmonlar, ikki dunyo boshlig‘imiz deb sanagan, har yaxshilikni shulardan kutgan chalamulla domlalari siyosat olamidan xabarsiz, to‘g‘risi haqiqiy islomiyatdan bahrasiz bo‘lib, etiqod ishonchlari bo‘shligidan musulmonlar boshiga tushgan shu kabi og‘ir kunlarda, hech qanday xizmat qilolmadilar. Yo‘q ersa Qur’onda «Innamo al mo‘mino axvatun», ya’ni «Mo‘minlar chin og‘a inidurlar» oyati bo‘la turib, bunga ishongan musulmonlar uchun islomiy qardoshlikdan foydalanmaslik mumkin emas edi. Nachoraki, bu haqiqatni amalga oshiruvchi haqiqiy odamlar yo‘qligidan, islom olami ustiga shu kunlarga o‘xshash dahshatlik ofat balolar har vaqt yog‘ilib turmoqdadur. «Yaxshilik ko‘rsanglar biz qilgan bo‘lamiz, yomonliqqa qolsanglar boshqadan ko‘rmay, o‘zinglardan ko‘ringlar», degan Qur’on so‘zi, albatta, haqdur.
Shunday bo‘lib, Maxusang umidi Koshg‘ar xalqidan uzilgach, kim bo‘lishiga qaramay, qurol topshirishga buyruq chiqardi. Bunga qarshilik ko‘rsatilgach, shu bahona bilan urush boshlanib, har ikki tomondan o‘rinsiz qonlar to‘kildi. Ayniqsa, bular ichida ko‘proq qarshilik ko‘rsatgan Farg‘ona qo‘rboshilari qoldig‘i Yusufjon qo‘mondasidagi o‘zbek yigitlari edi. Bular esa xonadonlarni, uylarni teshib olishib, hujumchi tungon askarlariga ko‘proq zarba berishdilar. Shunga qarshi bulardan ham kim qo‘lga tushgan bo‘lsa, tirik qolmay o‘ldirilmishdur. Bular ichida sovet Rusiyasi qizil makkorlari uchun keraklik ko‘rilgan xizmatchilari Xo‘janiyoz askarlari bo‘lib, ular Andijon chegarasi tomoniga chekinib, tungonlar qo‘lidan qutilmish edilar. Vaqti kelganda bular orqalik o‘z ishlarini bajarish uchun, shular kabi ongsiz odamlar bo‘lishi, albatta, zarur edi. Shuning uchun bular sovet chegara askarlari qo‘rig‘ida qurollangan holda saqlanib qoldilar. Bulardan boshqalari esa agar o‘limdan qutilolgan bo‘lsalar, chil to‘ziganday har tomonga tarqalib qochgani turdilar.