Alixonto‘ra Sog‘uniy. Turkiston qayg'usi  ( 136072 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 15 16 17 18 19 20 21 22 23 24 B


mutaallimah  06 Avgust 2008, 12:31:42

Bu yer G’ulja shahrining to‘ppa to‘g‘ri sharq tomonida bo‘lib, teskay yo‘li orqalik 4-5 kunlik yo‘l bo‘lsa ham, biz kungay Bog‘ati yolg‘izoyoq yo‘li bilan kun tunlab yurib Ko‘ktol to‘g‘risiga keldik. Shu yerda bizni To‘qmoqdan qirg‘izlar bilan birinchi martaba qochib chiqqanimizdagi yo‘ldoshlarimizdan Haydarali degan og‘aynimiz kutib olmoqchi bo‘lgan. U kishi esa o‘g‘lim G’apporxonga bergan va’dasi bo‘yicha, Tyan-Shan tarmoqlaridan bo‘lgan Qo‘yoshuv tog‘larining qarag‘ayligida bizni kutib yotgan qirg‘iz Turg‘unboy uyiga boshlab bormoqchi ekan.
Mo‘ljallangan yerga kelmagach, «Biror hodisa bo‘lmasa kelishi kerak edi, endi o‘zim borib xabar olib kelay», deb o‘g‘lim G’apporxon uning uyiga qarab ketdi. Borib qarasa, katta fojialik voqea ustidan chiqmishdur. Shundoqki, bu kishi ikki ayollik bo‘lsa ham, uzun yillardan beri bola ko‘rmay yurib, axiri ko‘p tilov emidemilar o‘tkazgan so‘nggida topgan, 5 6 yoshlik bo‘lib to‘y qilishga yetgan bir o‘g‘li bor edi. G’apporxonning borishidan oldin ilon chaqib, u bolani o‘ldirmish ekan. Qon yig‘lab o‘ltirgan kishilarga boshqa so‘z sig‘magach, borar joyimiz yo‘llarini so‘rab, mo‘l olib qaytmishdur. Bunday og‘ir hol ustida ketayotganimizda to‘satdan 6u hodisaning bo‘lishi biz uchun eng og‘ir sezilmish edi. Shunday bo‘lsa ham, o‘g‘lim G’apporxon: «Borar joyimizni belgilab oldim, adashmay topib borurmiz» degach, u yerdan qo‘zg‘alib yo‘lga tushdik.
Kechalab yurganimizcha Oroltepa sirti bilan tun yarmida Kunas daryosi bo‘yiga keldik. Qorong‘u tunda hayqirib oqayotgan suvni kechib o‘tish anchagina qo‘rqinlik bo‘lsa ham, xudo yordami bilan esonomon o‘tdik. Uzun tun bo‘yi ot ustidan tushmaganlikdan horib-charchagan holda, tog‘ etagiga tushib, biroz bo‘lsa ham uxlab oldik. Lekin, tog‘ ichida yolg‘izoyoq yo‘llarda yurib ko‘nmagan kishi yo‘lboshchisi bo‘lmasa, izlagan joyini mo‘ljal bilan topib borishi ko‘p qiyin ishdur. Shunga ko‘ra ertalabdan yurganimizcha nimadurki belgilangan yerlarni payqamay qolib, shu kuni kechga davr tog‘tosh ichida yo‘l topolmay adashib yurdik. Bulutga tiralgan ulug‘ tog‘lardan boshqa hech narsa ko‘zga ko‘rinmas edi. Shu adashganimizcha, kunduzni kechaga ulashtirib hufton vaqti kirgach, yog‘du yo‘qolib olamni qorong‘ulik qopladi. Qalin cho‘plar ichida ko‘zla-rimiz qorovlanib, yurar yo‘limiz yo‘qolgach, to‘g‘ri kelgan bir yerni topib, tushishga majbur bo‘ldik. Biroz o‘ltirganimiz so‘nggida yana chidayolmay ko‘ngilga vahima keldiki, bu yer Xitoy qorovulxonasiga yaqin bo‘lsa, ertalab cheriklarini chorlab chiqqanlarida falokat bosib bizga yo‘liqishib qolmasin, men buni payqab kelishim kerak deb, G’apporxon otlanib ketdi.

Qayd etilgan


mutaallimah  06 Avgust 2008, 12:33:06

Xudo xohlasa balo yo‘q degandek, biroz yurganidan keyin yiroqqan chiroq yorug‘ini ko‘rgach qozoq ovuli bo‘lg‘aymu, bulardan yo‘l so‘rayman deb, borib qaraydi. Bir uy liq to‘liq yaraq jabduqlik, uxlab yotgan xitoy qorovullari Dog‘ut, Toyoshuv dovon yo‘lini to‘sib yotgan qalmoq askarlari ekandur. Xudo saqlashini ko‘ringki, qo‘yilgan qorovullari, boqqan bo‘riday soqchi itlari, yotganlaricha qotib uxlab qolmish edilar. Bu kabi dahshatlik vahshiylar balosidan qutulib kelib, voqeani aytishi bilan darhol orqaga qaytib, yo‘lga tushdik.
Kelishimizda ko‘rinmagan mo‘ljallik belgilarimiz qaytishimizda ot qashqasidek bo‘lib oldimizda ko‘rina boshladi. Shundan mo‘ljal olib tog‘ tepasiga qarab tortilgan yolg‘izoyoq yo‘lga tushganimizcha, uch to‘rt bel oshib, tutash tog‘lar orasida ketayotgan edik; yo‘ldoshidan ajragan yo‘lborsdek, bir hayqiriq chikdi. Buni eshitgach, har ikkovlan tinglashib (jim bo‘lib ma’nosida) quloq solsak, ikkinchi tog‘ betida arang ko‘ringan kishi qorasi tomonidan «Hoy, G’apporxon!» deb chin yurakdan chiqargan qiyqiriq dovushi ekandur. Bu tovush egasi mo‘ljal bo‘yicha o‘tgan kuni kechgacha bizning kelish yo‘limizni to‘sib kutgan ekan. Biz adashib bir kun kechikib qolganligimizdan har turlik qo‘rqinchlik ishlar ko‘ngliga kelib, bugun yo‘lda yo‘liqishmasak Oroltepaga bormoqchi bo‘lib, yo‘lga chiqmishdur. Bu tovush eshitilishi bilan G’apporxon ham tog‘ ustiga chiqib, o‘zini ko‘rsatmish edi. U orqasiga qaytib, biz tomonga qarab yura boshladi. Yaqinlashib kelganida ko‘zi menga tushgach, o‘zini otdan tashlab, yig‘laganicha kelib men bilan ko‘rishdi.
Bu kishi esa bizdan bir-ikki yil ilgari ruslar zulmiga chidayolmay G’uljaga qochib o‘tgan To‘qmoq qirg‘izlaridan edi. Mening boshimga shu kabi zulm kunlari, qorong‘u tunlari tushib, hech yerga sig‘may qochib yurganimni eshitgach, ko‘p xafa bo‘lib: «Mening oldimga kelsun, Yulduz dovoni yo‘llari ochilguncha men o‘zim u kishini saqlayman», deb o‘g‘lim G’apporxonga va’da bermish ekandur.
Bundan ilgari ko‘rishib tanishmagan bo‘lsak ham, bir yurtlik haqini saqlab, shundoq og‘ir qo‘rqinchlik kunlarimizda bizga boshpana bo‘lib, ulug‘ xizmat qilmish edi. Agar bu kishi vafot bo‘lib dunyodan o‘tgan bo‘lsa, Alloh u kishini rahmat suviga cho‘mildirib, jannatdan darajali joylar ato qilsin! Agar hayot bo‘lsa, oxirgi kunlarigacha Allohning panohida bo‘lsin!

Qayd etilgan


mutaallimah  06 Avgust 2008, 12:33:59

B a y t:
Yaxshilik qilg‘on kishini hech unutmas Sog‘uniy,
To hayoti boricha doim duo qilg‘ay oni.

Shunday qilib, bu do‘stimiz Turg‘un og‘a bilan yo‘l ustida topishqan so‘nggida, Qo‘yoshuv degan dovonga yaqin yerda, qalin qarag‘aylik tog‘ ichida biz uchun tayyorlangan yolg‘iz o‘tovga kelib tushdik. Marhum o‘g‘lim G’apporxon meni shu joyga o‘rinlashtirib qo‘ygach, o‘z tirikchiligi uchun Oroltepaga qaytib ketdi. Mening bu turgan joyim esa, har taraflama yigirma o‘ttiz chaqirimlab xalqdan yiroq, egiz tog‘lar, qalin qarag‘aylar, o‘rmonlar orasida bo‘lganlikdan inson yirtqichlari, zolim vahshiylardan o‘zimni qutilgan hisoblab, hurriyat osmoni ostida oz bo‘lsa ham ozodlik lazzatini tatig‘andek bo‘lib yashamokda edim.
Vaqtlik bo‘lsa ham shu fursatdan foydalanib, tibbiyot xizmatida o‘tgan kunlarimda to‘plangan tajribalarimni jamlab, umrim uzulgan so‘nggida xalq uchun, ayniqsa o‘z avlodim uchun esdalik bo‘larmikin degan umid bilan, ochiq turkiy tilida bir kitobcha yozib, nomini «Shifoul ilal» (Kasalliklar davosi) qo‘ydim. Agar shu kitobchani hushyorroq bir kishi oldimizdan o‘tkazib, tushunarlik ta’lim olar ekan, o‘zi va boshqalar uchun bundan foyda olishi aniqdur. Buning ustiga bu kitobcha ko‘zga kichik ko‘rinsa ham, tarixi ulug‘ voqealik dahshatlik kunlarda yozilg‘anliqdan, avlodimiz uchun esdalik bo‘lib har oilada bundan bir nusxa bo‘lishi albatta lozimdur.

Qayd etilgan


mutaallimah  06 Avgust 2008, 12:34:19

Shu bilan bosh panohimiz Turg‘unboy uyida biror oydan oshiqroq turib, iyun oyi oxirlashib kelganda, tog‘lardagi qorlar erib, dovon yo‘llari ochilar vaqti bo‘lgach, ulug‘ Yulduz orqali Oltishahar safariga chiqmoqchi bo‘ldim. Biroq bu uzun og‘ir safarimda menga yordamchi yo‘ldosh bo‘lg‘udek hech kimsa yo‘q edi. Bu to‘g‘rida maslahatlashib, kengashimiz shunga kelib to‘ldikim, Turg‘unboy og‘a yo‘lboshchi bo‘lib, ulug‘ Yulduzga meni yetkazmoqchi bo‘ldi. Undan u yog‘iga bo‘lsa, Kuchar shahridan keladigan savdogarlar eshakchilariga qo‘shilib, o‘zim ketmoqchi bo‘ldim. So‘z shunga to‘xtalgach, marhum o‘g‘lim G’apporxon oto‘lov tayyorlab, safar jamolg‘asini keltirdi. 1937 yili iyul oyiing avvali payshanba kuni ertalab qo‘shxonamiz Tug‘unboy og‘aning yolg‘iz uyidan «Bismilloh» deb otlanib chiqdik.
Ikki-uch chaqirim yo‘l yurilgach so‘nggida, o‘g‘lim G’apporxon otidan tushib uzangimga ko‘zini surtib, yuzini qo‘limga qo‘yib yig‘lagan holda mendan rozilik so‘radi. Xontangri tarmoqlari ulug‘ tog‘lar orasida ota bola yig‘lashgan holda bir birimizdan ajradik. Hali mehrimga to‘yib qonmagan yosh bolalarimning jaldirab qolayotganlarini eskarib, ular uchun o‘z o‘rnimda mehr muhabbat qilishga buyurdim. Hayot olamida keraklik, dunyo va oxiratda foyda zararlik narsalarni biroz bayon qilib, vasiyat qilganim so‘nggida o‘g‘lim G’apporxon ko‘zi yoshlangan, ko‘ngli munglangan holda orqaga qaytdi.
Biz ikkovlan bo‘lsak uzoqdan yaltirab ko‘ringan, muz qor oynalar bilan cho‘qqilari qoplangan, ulug‘ Tyan-Shan tog‘lari tomrn qarab yuzlandik. Biroz yurganimizdan keyin qarshimizdagi Qo‘yoshuv dovonini oshib, Chopqi yaylovidan tushdik. Buni kichik Yulduz deb ham ataydilar. Bu yaylovda ilgari To‘rg‘ovut qalmoqlari yashab kelgan bo‘lsalar ham, biror yuz yillardan beri qizay qozoqlari egallab turadilar.
Bu o‘rinda yozilgan «Qo‘yoshuv» degan so‘z bundan sakkiz yuz yil ilgari, hozirgi Jambul Talas o‘lkasida o‘tgan turk ulusining tupki urug‘i qirg‘iz xalqidan chiqqan qahramon Manas bahodirni eskartadi. Bu qahramon Ili Olmalig‘ qalmoqlari ustida chopul qilmoqchi bo‘lib, qo‘shin tortqanida aytgan so‘zlarini qirg‘iz dostonchilari tasvirlab, tubandagicha irlamishdurlar: Ilining boshi uch orol ko‘rgan jo‘ra barsinbi, Toyoshuv menen qo‘yoshuv ashqan jo‘ra barsinbi, degan so‘zi xalq og‘zida yaqin 800 yil saqlanib kelgan.

Qayd etilgan


mutaallimah  06 Avgust 2008, 12:35:37

YULDUZ YAYLOVI

Qo‘yoshuvni bugungi kunda menim oshib o‘tishim, biz uchun bir tarixiy voqea bo‘lib hisoblanadi. Qo‘noq bo‘lib biz tushgan ovul qozoqlari bizni Yulduzchi savdogarlardan bo‘lsa kerak, deb o‘yladilar. Shu bilan ertalab u yerdan qo‘zg‘alib, tushga yaqin Qorako‘l oshuvi ostiga yetdik. Uch to‘rt soat mo‘ljalida dovon ustiga chiqdik. Dovon yo‘llaridan qor ketib, qorayib qolganligi uchun otdan tushib, yayov yurishga hojat tushmadi. Chopqi o‘ymanidan o‘rlab, yuqori tog‘ boshiga chiqib, biroz yurganimizdayoq ikki tog‘ orasida ko‘zga qoramtil ko‘ringan bir qora ko‘l oldimizda yaltirab ko‘rina boshladi. Shu ko‘lni yoqalab bir necha soat yurganimizcha, tog‘ orasidan o‘tib, bosh oyog‘i ko‘rinmagan ulug‘ Yulduz yaylovining tuganmas tuzlangiga chiqa keldik.
Tarixlarda doston bo‘lgan turk ulusining aydari deb atalgan bu keng maydonning g‘arbi G’ulja, Tekas tog‘lari; sharqi Urumchi, Dovonchin tog‘lari; janubi Kuchar, Qorashahar tog‘lari; shimoli Tyan-Shan tarmoq tog‘lari bilan o‘ralmish edi. Bu yaylovning boshidan oyoq aylanasi ot yurishida o‘n kundan ortiq deb chamalaydilar. Mana shu kengri yaylovda bosh oyog‘i 10 ming oilaga yetmagan Sumul, Bo‘lus, To‘rg‘ovut mo‘g‘ullari yashaydilar. Bular esa, bundan 200 yillar ilgari Ashtarxon atrofidan ko‘chib qochgan mo‘g‘ullardan bo‘lishlari tarixlardan onglanadi. Dashti qipchaq cho‘llarini bosib o‘tayotganlarida ko‘chmanchi turk uluslarining hujumlariga uchrag‘onlaridan omonliq topqanlari yarim sonlarini yo‘qotmish edilar.
Bu keng tekis maydon havosida bir turlik o‘zgarish borligidan bo‘lsa kerak, qo‘y echkilari yiroqdan tuyaday; otlari, tuyalari esa qaragan kishi ko‘ziga devday bo‘lib ko‘rinar ekan. Qish kunlarining qanday bo‘lishini bilmadik, lekin biz o‘tgan yoz chillasida tog‘ parchalaridek oq bulutlar osmonda aylangach, dahshatli momaqaldiroqlar ichida chaqmoqlar chaqnashib, birpasda havo o‘zgarur edi. Buning ortidan qor, muz do‘l aralash yomg‘ir yoqqani turib, yana xiyol o‘tmay oq qora bulutlar tarqalib, yaltirab quyosh chiqa boshlaydi.

Qayd etilgan


mutaallimah  06 Avgust 2008, 12:36:20

Yulduzning yeri tekis, to‘qay yo‘q bo‘lsa ham, mayda gulli o‘tlar ko‘p bo‘lganliqdan, ov qushlarining har turlari bu yerlarda ko‘pdur. Bulardan boshqa yer qo‘ynida yashovchi bo‘rsiq, sug‘ur, qo‘shquloq kabi in hayvonlari ham hisobsiz ko‘pdur. Biroq yerlik mo‘g‘ullar odatlaricha, bu in hayvonlaridan ko‘p yemas ekanlar. G’oz, o‘rdak kabi uchar qushlarni ovlab bulardan foydalanish ham ko‘p odat emas ekan. Ayniqsa, qanotli qushlar ichida oqquv qushini Tangri qushi deb bilganliklari uchun, buni bek hurmatlab, unga ozor 6eruvchilarni qattiq jazolar ekan. Bu yerning qo‘l hayvonlari, qir hayvonlari esa boshqa yerlarnikiga ko‘ra ortiqcha sifatli, kuch quvvatlik bo‘ladi. Ayniqsa To‘rg‘ovut otlari o‘lka bo‘yicha otoqlik bo‘lib yo‘rg‘alar, yo‘rtoqilar (otning silliq yurish turlari) shulardan chiqadi.
Endi o‘zimni shunday cheksiz keng bir hayrat maydonida turganimni ko‘rgach, bu hayot olamida agar madaniyat haqiqiy insoniy islomiyat adolatiga qurilmas ekan, sharmanda madaniyat siqindisi (siqimi, bosimi, zulmi) ostida yashagandan ko‘ra badaviyat maydonida umr o‘tkazishni o‘zim uchun ortiqroq ko‘rdim.
Bu Yulduz yaylovining boshqa tarixiy voqealarini qo‘yaturgan taqdirda, shuni aytib o‘tish kerakki, mo‘g‘ullar saltanatiga Temur sulton eng so‘nggi zarbani shu o‘rinda bermish edi. Mo‘g‘ul askarlari yengilgach, qilichdan qutilg‘anlari Ilyosxo‘ja o‘g‘li O’g‘lonxonni olib, asli vatanlari Qoraqurum Mo‘g‘ulistonga qarab qochmish edilar. Bular ortidan Mirzo Ulug‘bek qo‘mondasida shipirma qilich 10 ming chamasida Temur ackarlari quvlaganicha Irtish suvidan dushmanlarini o‘tkazib, bobosi oldiga ulug‘ Yulduz yayloviga qaytib keladi. So‘ngra Oltishahar o‘lkasidan mo‘g‘ullar saltanatining qoldiqlarini yo‘q qilish uchun, Mirzo Ulug‘bekni yetarlik askar bilan Koshg‘ar tomoniga jo‘natgan so‘nggida, o‘zi Olmalig‘ga tushib, Samarqandga qaytmishdur. Shu davrdan boshlab Ili o‘lkasi Jung‘oriya tekisligi bilan Uyg‘uriston-Oltishahar qo‘shilib, Chin iqlimi chegarasigacha Turon podshohi, Turkiston hoqoni Temur sulton hukmiga o‘tmishdur.

Qayd etilgan


mutaallimah  06 Avgust 2008, 12:36:43

Yana o‘z so‘zimizga kelaylik. Shundoq qilib, Yulduz keng maydoniga ertalab chiqib, shu yurganimizcha kechga yaqin Yulduzli savdogarlardan otushlik Qosimhojim degan kishining qo‘shxonasiga kelib tushdik. Bularning turgan joylari Yulduz qalmoqlarining savdoxonasi ekan. Uy egalari bilan ilgari ko‘rishib tanishmagan bo‘lsak ham, Turkiston xalqi odaticha qo‘y so‘yib mehmondo‘stlik ko‘rsatib, bizni yaxshi kutdilar. Lekin bizning voqeamizdan biroz xabarlari bo‘lsa kerak, bu yerdan tezroq chiqib ketishimizni kutgandek bo‘lib turishdi. Biz ham ko‘p turolmay, ertasi kuniyoq Turg‘unboy og‘a ikkovimiz yo‘lga chiqdik. Yusufg‘ujg‘ur degan kucharlik savdogarning qo‘shxonasida Kuchardan kelgan eshakchi kirakashlar bor deb eshitib, ularga qo‘shilib ketmoqchi bo‘ldim.
Qo‘shxonamizdan otlanib chiqqach, Yulduz yaylovining janub tomonida Tyan-Shan tizma tog‘lari qatorlarida ikki «og‘iz» ko‘rina boshladi. Botish tomondagisi mo‘g‘ulcha Qo‘naqay, chiqish yog‘idagisi Quyqun atalmish edi. 20-30 chaqirim yirog‘liqda turib, yurar yo‘limiz bo‘lgan savdogar eshakchilarining qatnov yo‘lini Turg‘unboy og‘a menga aniqlab ko‘rsatib qo‘ydi. So‘ngra, ikkovimiz Yulduzning kishi yo‘q keng maydonida ko‘zlarimizdan qayg‘uli yoshlar oqizib, ot ustida quchoqlashgan holda xo‘shlashib ajrashtik. Ul orqaga qaytdi. Men bo‘lsam, yolg‘izoyoq yo‘lga tushib, olg‘a qarab mo‘ljallangan yerga jo‘nadim. Biroq bizga o‘xshab kuchlik dushmandan qochgan, yo‘ldoshi yo‘q yolg‘iz odamning, o‘ziga aqli xushi yetarlik darajada yordam yetkazolmasligini, shu xatarli safarimda tajribamdan o‘tkazdim.
Shuning uchun hukamolar demishdurlar ofat urgan, musibat yetgan kishilarning yor-do‘stlari, urug‘ aymoqlari unga qo‘ltiqtayoq bo‘lishib, to‘g‘ri maslahat berib turishlari, albatta, lozimdur. Jon qo‘rqinchisi bo‘lmagan taqdirda, bu kabi xatarlik safarga yo‘ldoshsiz yo‘lga chiqish to‘g‘ri emas edi. Madaniyat olamininng yirtqichlaridan vaqtlik bo‘lsa ham qutilmish edim, biroq bu ketayotgan oldimdagi yo‘lda yer usti yaylovlarining eng ulug‘i atalgan Yulduz tizma tog‘larini oralab yurishga to‘g‘ri kelur edi. Bunday bo‘lg‘ach, yo‘ldoshsiz, qurolsiz yolg‘iz ketayotqanimda oldimdan, tepasi oq qora bulutlar bilan o‘ralgan Olatog‘dan yirtqich hayvonlar chiqib kelsa, mana bu holda qanday chora ko‘rishim kerak? degan dahshatlik xayollar bosib, yurar yo‘limdan adashib qoldim.

Qayd etilgan


mutaallimah  06 Avgust 2008, 12:37:12

Turg‘unboy og‘a yiroqdan belgilab bergan Quyqun yo‘lini qoldirib, mo‘g‘ullarning boshi tuyuq yaylovi Qo‘naqay yo‘liga kirmish ekanman. Mo‘ljal bergan joydan eshakchi savdogarlarining o‘zlari emas, izlarini ham topolmadim. Shunday bo‘lsa ham yo‘ldan adashganimni o‘zim bilmasdan, yaylovga ko‘chgan qalmoqlar (mo‘g‘ullarning Dashti qipchoqqan Mo‘g‘ulistonga qo‘chib qochganda Yulduz yaylovlarida qolib ketgan qismi) qoldirgan izlariga aldanib, ular ortidan iz quvlaganimcha yuraverdim. Oldinroq o‘tgan ot eshak izlari ham ora-sira ko‘zga chalinmoqda edi. Lekin tog‘ ichiga ichkariroq kirgan sayin yo‘llar torayib, izlar ozaygani turdi. Aksincha, bo‘riga o‘xshash yirtqich vahshiylar va bulardan qochgan kiyiklar kabi ov hayvonlarining qoldirgan izlari borgan sari ko‘paya boshladi. Shu yerdan o‘tib, yolg‘izoyoq yo‘l bilan biroz yurganimdan keyin, soy ichida haybatlik oqib yotgan kattagina suv bo‘yiga kelib yetdim. Qarasam, suvning u tomonidagi yo‘l oqarib ko‘rinmokda edi.
Yolg‘iz kishi uchun sinalmagan bunday suvlardan kechib o‘tish anchagina qo‘rqinchlik bo‘lsa ham, suv kechish ishlarida biroz tajriba ko‘rganimdan osonlik ila u tomonga o‘tib, asr nomozini o‘qidim. So‘ngra, shu yo‘l orqaliq yarim soat chamali yurib edim, oldingidan xunukroq yana bir suv ustiga kelib, u tomonda iz bo‘lib ko‘rinayotgan yo‘lga o‘tmoq xayoli bilan otni suvga soldim. O’rtalab kelganimda oyog‘i toshga qoqilib otim yiqildi. Suv belimga chiqishi bilan: «Yo, Alloh!» sadosini tortib tepinib edim, o‘rnidan sapchib tura keldi. Jilov burib orqaga qaytdim. Qarasam, shu vaqtda kun botib, shom nomozining vaqti ham kirmish edi.
Shu oraliq tog‘ boshlarida olalab yotgan oq qora bulutlar har yoqdan ko‘zg‘alishga boshladi. Havo yuzin qoplag‘ach, kun gurkirab, chaqmoqlar chaqilishi bilan, do‘l aralash qattiq yomg‘ir quyg‘ali turdi. Soatimga qarasam, Yulduz yaylovidan o‘tib tog‘ ichiga kirganim so‘nggida ot choptirib dam olgan vaqtlarimdan boshqa, shu yerga kelguncha 10 soat o‘tmish ekandur. Har soatiga 10 chaqirimdan oz yurmaganligim ma’lumdur. Qora bulut ostidan tarnovday quyilib yotgan yomg‘ir suvi hiyol o‘tmayoq ichki tashqi kiyimlarimdan o‘ta boshladi. Tanam suvga chilanib, sovuqqa chidayolmay titrab qaltirag‘ali turdim.

Qayd etilgan


mutaallimah  06 Avgust 2008, 12:40:39

Buni qarangkim, jahongir Chingiz, sohibqiron Temur kabi ulug‘ qo‘mondonlar ko‘riklar o‘tkazgan, sanoqsiz askarlar ot ulovlarining tuyoq izlarini, o‘z ko‘kragida ko‘targan tamg‘adek ko‘rib, yuzi ustida slagan Yulduz yaylovining ko‘kka tiralgan tog‘lari ostida yolg‘iz o‘zim suvga botib qaltirab o‘ltirishim, inson hayotida eng oz ko‘riladigan tarixiy bir voqea emasmi?
So‘ngra, to‘rt tomonga qarasam, boshi bulutga erishgan haybatli ola tog‘lardan o‘zga, yomg‘irdan dalda bo‘lg‘udek hech narsa ko‘rinmas edi. Buning ustiga odam yirtqichlaridan vaqtlik omon qolgan bo‘lsam ham, tog‘ yirtqichlarining qo‘rqinchlik oyoq izlari har yerda ko‘rinar edi. Mana shu kabi dahshat vahshatlik qorong‘u kechasida eng halokatlik o‘rinda turgan bo‘lsam ham, ko‘nglimdagi iymonim sababli, yaratguvchi mehribon Alloh yordamiga umid bog‘lamish edim. Ruhoniy quvvatim jnsmoniy kuchimga madad berishi bilan, bo‘ron-shamoldan daldaroq deb, soy ichiga tushdim.
Uzun yo‘l yurib horgan, o‘y chuqur yerlardan o‘tarda urinib charchagan har qanday otni tong otqizish kerak bo‘lgani uchun otni qontardim. Lekin hayot olami sababga bog‘liq degan Qo‘r’on qonuniga qarab, o‘zimni saqlamoq uchun mushtumdek toshlardan o‘n o‘nbeshini oldimga to‘pladim. Pichoq bog‘imiga latta o‘rab, o‘ng qo‘limga ushladim. Tabiat olamining vahshiylari o‘t yorug‘idan qo‘rqishini eskarib, qo‘limga govut qopini oldim. Mana shular bilan imkoniyat boricha mumkin qadar insoniy, hayvoniy dushmanlarimga qarshi qo‘yarlik qurol tayyorlagan bo‘ldim. Va «Oyatal kursiy», «Li iylofi quraysh» surasini ham og‘zimdan tushurmay o‘qig‘ali turdim.
Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalam aytmishdurlar: «Rohat kunlari Allohni unutmay oning amrini ushlasang, o‘l dog‘i mehnat kunlari boshingga kelsa, seni unutmog‘oy».

Qayd etilgan


mutaallimah  06 Avgust 2008, 12:41:22

B a y t:
Har gunoh qilg‘an ersang, chin ko‘ngildan tovba qil!
Chin ko‘ngildan tovba qilsang, har gunohni yuvg‘isi.
Sen Yaratqon amrini ushlar ersang rohat kuni,
Boshingga mehnat kuni tushdi ersa qutqorg‘usi.
Ey, o‘g‘il-qizlar! Xudo amrin qoldirmay tuting!
Bo‘lsa mushkil ishlaring, yordam xudodin bo‘lg‘usi.
Sog‘uniy qilg‘ay nasihat to ajal yetkunchalik,
Chin ko‘ngil do‘stlarig‘a esdalik qoldurg‘usi.

Yana o‘z so‘zimizga kelaylik. Tushgan yerim soy ichi bo‘lib, izg‘irin shamol aralash to‘xtovsiz quyilib turg‘on yomg‘ir ostida, ichim toshim suvga cho‘mganliqdan sovuqqa chidoyolmay qaltirab, titrag‘oni turdim. Lekin shu kabi og‘ir dahshatlik qorong‘u kechada manim jon yo‘ldoshim jonivor otim men uchun qorovullik xizmatini bajarmish edi. Shundoqki yirokdan biror narsaning sharpasini sezishi bilan darhol bo‘ynini ko‘tarib, quloqlarini o‘ynatib, menga hozir bo‘l xabarini berar edi. Shu bilan g‘am qayg‘ulik bu kabi uzundan uzun tunda yor vaslini kutgan oshiqdek qachon tong otar ekan deb, telmurib o‘lturdim.
Yalt etib tong otishi bilan talpinib ochirqob turgan otimni o‘tga qo‘yib, bu o‘xshash dahshatli kecha ofatlaridan omon chiqqanim uchun Tangriga yolvorib shukr sajdasini qildim. Yulduz yaylovidan o‘tib tog‘ ichiga kirgach, o‘n ikki soat yo‘l yurib shu o‘ringa kelgan edim. Endi esa boshi tuyuq yaylov yo‘liga kirib adashib yurganimni bilgach, yana orqaga qaytmoqchi bo‘ldim. Otim jonivor adashganimni mendan ilgari bilgan ekan. Chunki, bu yoqqa kelishda zo‘r bilan qamchi ostida yurib kelgan edi, sal bo‘sh qo‘ysam yurishini sekinlatib orqaga qaytishga intilar edi.

Qayd etilgan