Alixonto‘ra Sog‘uniy. Turkiston qayg'usi  ( 136037 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 18 19 20 21 22 23 24 B


mutaallimah  06 Avgust 2008, 13:21:15

Xudo saqlasin, go‘r qorong‘usidek hech yerdan teshigi ko‘rinmagach, «Lo havla»ni o‘qib, birikki minut turib edim, siniq dovush bilan sekingina «Salom alaykum» degan kishi qorasi ko‘rinib, ko‘rishmak uchun qo‘lini uzatdi. Men ham kishi borlig‘ini bilgach, o‘zimni to‘xtatib olib, undan holahvol so‘radim. «Bu yerda yotganimga 20 kun bo‘ddi, hammadan yolg‘izlik yomon ekan, xafa bo‘lmaysiz, xudoyim menga rahm qilib, sizni yetkazdi. O’zim xo‘tanlik, otim To‘roxun, mollarim qo‘lga gushib, savdogarchiliqda ayblanib qamaldim», dedi. Men ham: «Birodar, peshonaga yozilgan yaxshi yomon ishlarni ko‘rmasga choramiz yo‘kdir. Sabr qilaylik, ko‘p xafa bo‘lmay o‘ltiraylik. Siz, biz Qur’onga ishongan musulmonlarmiz. Qur’on so‘zi Alloh so‘zidur. Allohning aytishicha: «Har bir og‘irlik orqasidan, albatta, yengillik kelgusidur». Shu o‘xshash har ikkovimizga quvvat berguday diniy so‘zlarni aytib, zindon yo‘ldoshimni ham bir ozgina yupantirgan bo‘ldim.
Mening egnimda bo‘lsa, bir qavat yozgi kiyimimdan boshqa hech narsa yo‘q edi. Erta kechada yeydigan ovqatimizga bir kosa qaynoq suv, bir dona mo‘ma1 non berar edi. Yotgan uyimizning uzunligi to‘rt gazcha kelsa ham, eni torligidan ko‘ndalang yotolmas edik. Ostimizda esa tuproqqa qorishib ketgan bir parcha bo‘yradan boshqa hech narsa yo‘q edi. Kelgan
Bug‘da oshirib pishirilgan hamirli non.
kunim kechasi meni qurollik bir askar so‘roqqa olib chiqdi. Uzundan uzun qorong‘u tor yo‘lakda o‘qlangan miltiqni orqamga taqab yurganicha lampa yoqilgan kattaroq bir uyga olib kirdi. Qarasam, ustal (stol) yonida birorta ham xitoy urug‘idan yo‘q, uyg‘urcha do‘ppini chekkasiga qo‘ygan bir tatar bolasi o‘ltiribdur. «Hay, shu shumoyoqlar bu yerlarga ham yetib kelgan o‘xshaydi»,deb o‘ylanib turib, ko‘rsatgan joyiga o‘ltirdim. Nimagadir yuzimga qaragach, tezdan gapirolmasdan, 5 6 minut o‘tgandan so‘ng tikilib turib: «Falonchi degan kishi senmisan, qaydin chiqding, qayoqqa bormoqchi eding?», dedi. «G’uljadan chiqdim, men tabibman, Xo‘tanga borib, Hindiston dorilaridan olib qaytmoqchi edim» deganimda, «Yolg‘on», dedi. Bunga qaraganda, mening ma’lumotimni G’uljadan olib, to‘lig‘i bilan bilgan o‘xshaydi deb, o‘ylanib qoldim.
Bu chaqiriqda so‘ragan so‘zi shu bo‘lib, boshqa hech narsa demadi. Oradan 10 minutcha ham vaqt o‘tmasdan turib, meni qaytarib yubordi. Eshiqdan qorong‘u uyga qadam qo‘yishim bilan, yo‘ldoshim To‘roxun o‘rnidan tura kelib: «Vay, xo‘jam, sizni olib chiqib ketgandan beri xavotirlanib o‘ltirdim», deb mening haqimda qilgan tashvishini gapirdi. Boshqalarni so‘roqqa olib borib qaytarganda tayoqning zarbi bilan o‘zi yurolmasdan askarlar uni yo‘lovsuyovlar bilan keltirib tashlar ekanlar. Bunday ishlardan Alloh meni o‘zi saqlamish edi.

Qayd etilgan


mutaallimah  06 Avgust 2008, 13:22:29

B a y t:
Yaxshilik kunlarda xudoni hech unutma Sog‘uniy,
Boshingga tushsa qora kun, tashlamas u ham sani.
Yoshliging o‘tdi, g‘ururlik birla toat qilmading
Keksalikda ketdi kuch, solgan imorating qani?
Yosh yetibdur qon yutib, g‘am-qayg‘udin ayrilmading,
Barchasi haq yo‘lida bilgil xudoning bergani.
Oq soqoli haqiga bu Sog‘uniy bechoraga
Ko‘rsatib o‘lmasdan burunroq ul Muhammad qabrini.
Kim o‘qisa har qachon Sog‘un otaning she’rini,
Bir og‘iz Qur’on o‘qib shod aylasin arvohini.
 

Bu kabi jallodlar qo‘lida ziyon zahmatga uchramay, chekinmay, qutilganim uchun Allohga tashakkur qilib, ko‘p hamdu sanolar aytdim. Shu bilan meni bir yo‘l chaqirganicha, ikkinchi o‘zlari yo‘qlamagach, u zolim qonxo‘rlar yuzini ko‘rmaganligim uchun Allohga tashakkurlar qildim.
Oradan uch to‘rt kun o‘tar o‘tmas, zindon yo‘ldoshim To‘roxunni so‘roqqa chaqirdilar. Bundan ilgari ham qiynov qistov ishlarini ko‘rib o‘tkizgan bo‘lishi kerak: «Hay, mening ishim qanday bo‘lar ekan?», deb jon hovuchlagan kishilarday qo‘rqqanicha ketdi. «Kemaga tushgan kishining joni bir», deganday yo‘ldoshim qayg‘usi ustiga, insonchilik ekan, o‘zim ham qayg‘ura boshladim. Oradan uch to‘rt soat o‘tgandan keyin qarasam, o‘zi aytgandek, bechora To‘roxunni yo‘lab suyab eshik oldiga keltirishib, ichkariga itarishib yubordi. U gandiraklaganicha kelib, mening oldimga yiqilib tushdi. Qarasam, ustidan suv quygandek qora terga tushgan ekan. Eshik ortida tinglashib turishlaridan qo‘rqib, hol so‘rashga ham jur’at qilolmadim. «Xudoyo, bular zulmidan o‘zing asramasang, ko‘rar kunimiz shul ekan», deb «Lo havla»ni o‘qib, ustida jaldirab o‘ltirdim.

Qayd etilgan


mutaallimah  06 Avgust 2008, 13:22:45

«Mo‘minlar uchun eng og‘ir zamon qaysidur?», deb rasulullohdan so‘raganlarida, «Haromzodalar xalq ustiga hukmron bo‘lsa», degan mo‘‘jiza so‘zlarini ko‘z oldimizdan o‘tkazdik. Bu vahshiy yirtqichlar vahshiyona qilgan zulmlarini yoshirib uyalgandan emas, balki shaytonligidan hech kimga aytmasligi uchun har bir zulm ko‘rgan kishilardan shartlik tilxat oladilar. «Joningni olaman, dovushingni chiqarma», degandek, bechora kishilar boshqa so‘roqchilarga ham o‘z ustilaridan o‘tgan nohaq zulmlardan bir og‘iz gapirolmaydilar.
Shu ahvolga tushib tashqariga chiqilmasdan, kecha kunduzi bilinmagan qorong‘u uyda hafta o‘n kunni shunday qiyinchiliklar bilan o‘tkazdik. Men kelgan kundan boshlab, har kuni ikki uch vaqt biz yotgan qamoqxona orqasida qandaydurki bir ayol kishining yig‘lagan dovushi eshitilgan so‘nggida, tom orqasini dupillatib so‘qqali turadi. «Bu nimadur?», — deb yo‘ldoshimdan so‘rasam: «Men kelgandan beri shu tom orqasida har kuni necha qayta yig‘i ovozi chiqadi. Yig‘idan to‘xtar ekan, tom orqasini urib, yana dovush chiqarib, «Kishi bormi?» degandek chaqirib qo‘yadi. Men ham bunga yarasha javob qaytaray desam, soqchi askarlardan qo‘rqaman», dedi. Yana bir kuni yig‘i solib tom qoqib edi, qarasam, soqchi askarlar ko‘rinmagach, To‘roxunni eshik poyloqchi qilib, orqa tomni gupillatgan so‘nggida: «Siz kim bo‘lasiz?», deb qichqirib edim, «Men dubbegining xotini bo‘laman, olti oy bo‘ldi shu yolg‘iz uyda qamoqdaman, qo‘rqqanimdan, yolg‘izlikka chidayolmay, kunda uch to‘rt marta yig‘i solib sizlarga ham tinchlik bermadim. Boshqa ilojim yo‘q, qandoq bo‘lsa ham xafa bo‘lmanglar», dedi.

Qayd etilgan


mutaallimah  06 Avgust 2008, 13:23:02

Bu xotin olti oydan beri yolg‘iz uyda, yolg‘iz yotib, bu rahmsiz toshyurak qora ko‘ngillar qo‘lida tortgan jabr jafolarini onglagach, buning oldida bizning ishimiz holva bo‘lib qoldi. Yana bir kuni qarasam, o‘rtamizdagi devor tangadek teshilib, bir narsa qimirlagandek bo‘ldi. Tortib olsam cho‘ka yog‘ochi ekan. U bilan oramiz ochilib, telefon qurgandek bemalol gaplashgani turdik. Eri dubbegi bo‘lgani uchun qanchadur oltin solib, shuni to‘latmoqchi ekan. Bundan boshqa ham turma sirlaridan birmuncha ishlarini bizga tushuntirib turdi. Keyin eshitsam, bu xotin turmadan qutilgach, o‘z odatlaricha dindorlik bilan masturalikda yurib, umri qisqa ekan, dunyodan o‘tibdur. Xudo rahmat qilsin!
Yigirma kunga yaqin bu uyning qiyinchiliklarini ko‘rganimizdan so‘ngra, bizni bu yerdan ko‘ra kengroq, yorug‘roq bo‘lgan yonimizdagi uyga chiqazdi. Bunda esa Kuchar oqsoqoli Muhammadali oxun yo‘ldoshi bilan, men To‘roxun bilan to‘rt kishi o‘n kuncha o‘ltirganimizdan keyin, ikki askar kelib bizni haydaganicha bir maydonga chiqardi. Qarasak, oldi orqasi o‘ralgan, ikki ot qo‘shilgan ko‘tak (yog‘och arava) arava tayyor turibdi. Qurollik uch askar boshchisi qirg‘iz, qolgan ikkovi uyg‘ur, birovi oldimizda, ikkovi yonimizda xitoy odatlaricha miltiqlari tiklangan holda turardi. «Nari tur», deb qichqirib yo‘lovchilarni qo‘rqitgach, ko‘z qo‘rqitish, yurak cho‘chitish uchun bo‘lsa kerak, oldi-orqamizni o‘ragan askar, xalq ko‘p bozor o‘rtasidan yurib, aravani qattiq haydaganlaricha shahardan chiqardilar. Yo‘ldoshlarimizdan Muhammadali oqsoqol sodda ko‘ngil, eski odamlardan ekan. O’limga ketayotgan kishi duo qilgandek, turgan xalqqa qarab uzun o‘sgan soqolini silab boshini egdi. Buni ko‘rgan bechora musulmonlar ham soqollarini silashib, bizga qarab duo qilgan bo‘ldilar.

Qayd etilgan


mutaallimah  06 Avgust 2008, 13:23:54

Shu ahvol bilan Kuchardan chiqqanimizcha yurib, birinchi qo‘nalg‘uga yetdik. Yo‘lda ketayotganimizda beshlab, o‘nlab ot eshak mingan bozorchi, yo‘lovchi kishilar uchrar edi. «Chetga tort!», degan baqiriqni eshitishlari bilan biz o‘tib ketguncha ko‘cha chetida uloqlarining boshini burib, teskari qarab turardilar. Yirtqichlar oldida boshqa jonivorlar qandoq qo‘rqib turishsa, bu bechoralar ham shu ahvolda qo‘rqib turganlarini ko‘rdik. Birinchi qo‘nalg‘uga kelgan kechada askar boshlig‘i meni chaqirib: «Siz yaxshi kishi ko‘rinasiz, bizning qoidamiz bo‘yicha gunohkorlarni kechasi uyga qamab, qo‘loyoqlariga zanjir solishimiz kerak edi, sizni ko‘rib bunday qilishga botinolmay qoldik. Xukumat buyrug‘i bo‘lgach, biz buni bajarishdan boshqa erkimiz yo‘qdir. Sizlar tinch bo‘lsanglar hech ish yo‘q, biz ham tinch bo‘lamiz», dedi.
To‘xtagan joyimiz, Boy degan otiga yarasha bog‘u bo‘stonlik, qalin daraxtzor bilan o‘ralgan, oqar suvlik, havosi kelishgan bir qishloq ekan. Shu kecha soqchilarimiz bizni yerlik Go‘nangjuzaga topshirib, o‘zlari ko‘rinishmadi. Bu yerdagi xizmatchi uyg‘ur bolalariga qarasam, oldi 30 ga yetmagan, 18 20 yosh oralarida bo‘lib, ikki so‘zning birida «bizning sinfiy dushmanlarimiz» deyishni o‘rganmish ekanlar. Shunga ko‘ra bizni ham dushman hisobida ko‘rib, biz kabi asirlar haqqiga xiyonat qildilar.
Hayot olamida tarbiyat-sahobat kabi ta’sirlik narsa yo‘qligi shubhasizdur. Yolgiz insonga emas, barcha jonlik mavjudotlarda ta’lim-tarbiya ta’siri ko‘z oldimizda ko‘rilib, buning natijalari butun dunyoga tarqalib turmoqda. O’qitish o‘rgatish buyon tursin, suhbat o‘zi ham, suhbatdoshlarga o‘t bilan suvdek tez o‘tadi. Shuning uchun ham har kimga, suhbat yo‘ldoshlariga qarab baho beriladi. Nuh payg‘ambarimizning o‘gli yomon yo‘ldoshlarga qo‘shilib edi, payg‘ambarzodalik fay-zidan ajradi. Ashobi Kahfning iti yaxshilarga ergashib, Kur’onda qissasi aytilib, haq yo‘ldagi odamlar qatoriga kirdi. Ayniqsa, islomning otidan, Qur’onning xatidan boshqa hech narsaga ega bo‘lmagan bir mil-lat bolalari, ularning ko‘ngil ko‘zlariga yaxshi-yomon hech bir narsaning aksi tushmaganlikdan, nima bo‘lsa ham birinchi aksni darrov qabul qiladilar. Shunga ko‘ra sovet siyosatchilari, Shing Duban hukumati qurilgan kundan boshlaboq, bu o‘lkani qizil Ushuriston qilish uchun qalam ko‘rmagan, xat tushmagan daftar kabi top toza ko‘ngillik uygur bolalarini kommunistlik ruhida tayyorlamish edilar. Mana, baxtimizga qarshi, biz sho‘rlik qo‘lga olingan kunimizdan boshlab otasini tanimagan shu bolalar oldida so‘roq berishga majbur bo‘ldik. Endi esa, bizning ustimizda qanchalik ogir ishlar o‘tganligini, mening shu so‘zlarimdan keyin,oqil odamlar to‘liq tushunib onglagandirlar.

Qayd etilgan


mutaallimah  06 Avgust 2008, 13:24:13

Shu bilan ertasi kuni o‘z soqchilarimiz kelgach, odatdagi ishlar bilan uchinchi qo‘nalg‘uga qarab jo‘na-dik. Qopsalan suvidan o‘tib ketayotganimizda To‘ra oxunning ko‘ngli buzilib: «Bu zolimlar bizni sog‘ qo‘yishiga ko‘zim yetmaydi, kechaning qorong‘ulig‘idan foydalanib, boshqalarga qaramay ikkovimiz qochaylik. Jangal yo‘liga yetib olsak, u yog‘iga o‘zim boshlayman», deb meni qo‘zg‘ab ko‘rib edi; bu ish xatarlik bo‘lgani uchun rozilik bermadim. Shu bilan yurib kechga yaqin Sayram qishlog‘iga yetdik.
Bu joyning Sayram atalishining sababi esa, bundan 200 yillar oldin yerlik xonlarining ittifoqsizligi, hukumatlarining kuchsiz rasvoligidan foydalanib, G’ulja xoni qalmoq Ko‘ngtoji talonchilik qilib, o‘lja asir olmoq uchun G’uljadan askar tortib chiqadi va Sayram shahrini qamal qiladi. Atrofdagi Buxoro, Xorazm xonliqlari esa tomoshachi bo‘lib qarab turadilar. Bir necha kunlar o‘tkach, qalmoqlar himoyasiz qolgan shaharga bostirib kiradilar. Talab bulab, vayron talqon qilgan so‘nggida, ikkinchi o‘zlariga qarshilik ko‘rsatmaslikka garov olgandek bo‘lib, ko‘zga ko‘ringan yurt yaxshilaridan 30 necha uylik oilani, o‘z odatlaricha, oq uylik qilib olib ketadilar.
Ko‘ngtoji o‘lgan so‘nggida, Oqsuv Uchturpon yo‘li bilan ular o‘z eliga qaytib kelayotganlarida, shu yerga yetgach qarasalar, bu yer ham ona Vatanlari Sayram
erlariga o‘xshab ketar ekan. Rost, bular deganlaridek oqar suvlarining mo‘lligi, atrofdagi adirlarning ekinlik bo‘lishi bilan, ikki Sayramning bir biriga o‘xshagan yeri bordek ko‘rinadi. Bu bahona bo‘lib, horib charchab kelayotgan xalq bir ikki yil shu yerda turib hordiq olaylik, qachon el tinchib, yo‘llar ochilib ketar ekan, shunda yurtimizga qaytarmiz degan bo‘lsalar ham, o‘sha zamon sharoiti to‘sqinlik qilib, shu yerda qolib ketgan ekanlar.

Qayd etilgan


mutaallimah  06 Avgust 2008, 13:24:28

Yoqubbek tarixini yozgan va ham o‘zi uning xizmatida bo‘lgan Muso Sayramiy shu biz yozayotgan Boy Sayramlik kishidur. Tarixga qiziquvchilar u kishining chig‘atoy turkcha yozilgan «Tarixi Aminiya» asarini topib o‘qisinlar. Bu kitobda har yoqlama foydalik so‘zlar ko‘pdir. Bu yerga kelganimizda yerlik qariya kishilar bilan ko‘rishib, ulardan bu to‘g‘rilik oz ko‘p tarixiy ma’lumot top moqqa qiziqqan bo‘lsam ham, haydabog‘la bilan ixtiyorsiz bo‘lganlikdan, bir kechagina yotib ketishga to‘g‘ri keldi. Shu yerdan chiqqan kunimizdan boshlab Oqsuvga yetguncha, yulg‘unto‘g‘roq yog‘ochidan boshqa narsa unmagan qumluq yo‘l bilan yurib ertasi beshinchi kuni deganda, kechga yaqin Oqsuv shahri qopqasiga yetdik. Sapl ichiga kirgach, hech bir yerda to‘xtamasdan, to‘g‘ri turmaga keltirib, bizni topshirishdi. Bu voqea 1938 yili, avgust oyining boshlarida bo‘lgan edi.
Shing Duban hukumati pardasi ostida yoshiringan sovet Rusiyasining eng qonlik, fojialik kunlari esa 37 yili boshlanib, 38 39 yillarda eng yuqori avjiga chiqqan edi. Baxtga qarshi ko‘rgilik ekan, nakd shu qora davrning eng fojialik kunlarining birida men turmaga olinmish edim. Bu zulmxonaga birinchi qadam qo‘yib kirganimdayoq yo‘ldoshlarimdan ajratib, har birimizni har yoqqa tarqatdi. Meni ham har yoqdan olib kelingan bir to‘p janivorlar ichiga kirgizib qo‘yishdi. Qarasam, bir qanchalari qozi, mufti a’lam, oxunlardan boshlab, imomoxun, mazinoxun bo‘lsalar, qolganlari shangyu, begim, dubbegi, yurt oqsoqoli qatorlik qop qora hech narsadan xabari yo‘q kishilar ekan. Boshqalari esa ozdur ko‘ddur yeri, suvi bor, yoki yuqoridagilarga bog‘lanishi bor odamlar ekan.

Qayd etilgan


mutaallimah  06 Avgust 2008, 13:25:12

SO’NG SO’Z O’RNIDA

Bobomiz «Turkiston qayg‘usi» asariga shu yerga yetganda oxirgi nuqtani qo‘ydilar, ya’ni tarix tugallanmasdan turib nuqta qo‘yildi. Nega? Nima uchun shu yerda nuqta qo‘yildi? degan tabiiy savol hammani qiziqtiradi. Bu savolga javob topish uchun kitob yozilgan davrni va u qanday sharoitda yozilganini eslamoq kerak. Kitobga kirishilgan vaqt, uning so‘z boshida aytilganidek, 1966 yil edi, tugallangan vaqti 1973 yil bo‘ldi. Bu davr ichida bobomiz sohibqiron Amir Temurning «Temur tuzuklari» asarini fors tilidan ikkinchi marta qayta tarjima qilib 1967 yili tamomladilar, chunki birinchi tarjima qilingan qo‘lyozma asar favqulodda holatda g‘oyib bo‘lgan edi. Birinchi tarjimani biz, ya’ni u kishining o‘g‘il nabiralari, yaqin qarindosh va qadrdon maslakdoshlari, bobomlar ishtirokida 1964 yil davomida yig‘ilish va majlislarda o‘qib yakunlagan edik. Shu majlislarning biridan qaytib kelayotgan vaqtda, kitob taksi mashinada qolgan degan taxmin bilan yo‘qoldi. Ko‘p qilingan qidirish harakatlari natija bermadi. Bu kitob shu paytdagi tekshiruv kuzatuv rasmiy tashkilotlari tomonidan tashkil qilingan sa’y harakatlar natijasida yo‘qoldi degan gumon bor, chunki bobomiz Toshkentga kelgan vaqtdan boshlab bir kun ham KGB tegishli idoralar etiboridan chetda emas edilar.

Qayd etilgan


mutaallimah  06 Avgust 2008, 13:25:30

1971 yilga kelib bobomlarning umr bo‘yi niyat qilib o‘ylab yurgan shoh asarlari «Tarixi Muhammadiy» yakunlandi. Bu asar oqqa ko‘chirilib, qo‘lyozma kitob shakliga keltirilishida bobomning birinchi yordamchisi hattoti rahmatli amakimiz Muhammadyorxon edilar. U kishi deyarli har kuni ishdan chiqib, bobomning oldiga kelib kechalari yarim tungacha kitobni oqqa ko‘chirish bilan mashg‘ul bo‘lar edi. Bobomlar shu ko‘chirish jarayonida qo‘lyozmani o‘zlari o‘qib berar edilar, unga qo‘shimcha va tuzatishlar kiritardilar. Amakimiz chiroyli xusnixat egasi edilar, kitob arab imlosida ko‘chirilar edi. Bobomlar uzoq yillar davomida o‘g‘illari bilan birga ishlab, u kishiga qattiq suyanib qolgan edi, chunki amakimiz bobomizga nafaqat yordamchi bo‘lib qolmay, u kishini bu buyuk ijodiy ishlariga ilhomlantirar, shu og‘ir siyosiy davrda hamfikr, hammaslakdosh fidoyilari edilar. Odat bo‘yicha har hafta payshanba kunlari biz bobomizning iftorliklarida xizmatda bo‘lar edik. Shu yig‘ilishlarda u kishining o‘g‘illari Muhammadyorxon oldida ko‘p ochilib, xursandlik ruhida yayrab o‘tirishlari alohida sezilar edi.
Menimcha, buning yana sabablaridan biri bobomlarning suyukli o‘g‘illaridan Asilxonto‘ra uzoq yillardan keyin butun oilasi bilan G’ulja shahridan eson omon ota bag‘riga kelgani edi. Duolar ijobati farzandlari yonlarida mujassam bo‘lib, nabiralar o‘z tarbiyati ostida o‘smokda edi. Bu payshanbaliklarda Allohga shukronalar qilinib, islom dini, Vatanimiz Turkiston tarixidan ko‘p so‘zlar aytilar edi.
1973 yil 10 sentyabr kuni amakimiz Muhammadyorxon to‘satdan oq qon kasalligiga mubtalo bo‘lib Alloh irodasi bilan bu dunyodan ko‘z yumdilar. O’zlarining sohasi qon kasalligi 10 kun ichida u kishini olib ketdi, hatto Maskovdan chaqirilgan vrachlar konsiliumi ham natija bermadi. Bu musibat 88 yoshga kirgan bobomlarning qarilik yuki ostida bukilgan qaddini yanada bukdi. Ulug‘ maqsadli, hayajonli majlislar fayzi ketganday edi. Bu yig‘ilish va majlislarda u kishining «oh», «uh» tortishlari, uzoq qayg‘uli tikilishlari, g‘amgin va jim o‘ltirishlari hammani qattiq ezar, ko‘ngillarni iztirobga solar edi. Barchamizning qilgan harakatlarimiz, urinishlarimiz, topgan yangiligu keltirgan xabarlarimiz, har birimiz va hammamiz birga bo‘lib u kishining oldida o‘g‘illari Muhammadyorxonning o‘rnini bosolmadik. Ko‘ngilga uncha xush kelmay qolgan, yo‘q o‘g‘li ning o‘rnini bildirib yuraklarni o‘rtab turadigan bu yig‘ilishlar asta sekin so‘na boshladi.

Qayd etilgan


mutaallimah  06 Avgust 2008, 13:25:54

Bir kuni bobomiz otamiz Asilxonto‘rani o‘z oldilariga chaqirib, shunday deydilar: «O’g‘lim, mening yoshim 90 ga yaqinlashmoqda. Biz pishib yetishgan olma misoli, Tangrim chaqirsayoq uzilib tushamiz. Senga ko‘pdan beri aytadigan vasiyatim bor edi. Alloh menga uzoq, sermazmun umr berdi. Hayotimning ongli qismini dinim, Vatnim, xalqim rivoji yo‘lida xizmat qilishga bag‘ishlab o‘tkazdim. Bu yo‘lda faqat da’vat qilmay, qo‘lga qurol olib, jon berib, jon olib xalqimiz ozodligi va musta-qilligi uchun kurashdik. Ulug‘ bobomiz sohibqiron Amir Temur hazratlarining «Temur tuzuklari»ni o‘z merosxo‘rlari kelajak bo‘g‘inlarimizga asliday kilib qaytardim. Inshoalloh, bu kitob qisman bo‘lsa ham nashr qilinib, ko‘pchilik xalqimizga yetib bordi va ular onggida kimlar naslidan ekanligini bildirib, shonli sharafli Vatanining haqiqiy tarixidan bir lavha bo‘lib xizmat qiladi. Parvardigorim yordami ila payg‘ambarimiz hazrat Muhammad Mustafo sallallohu alayhi vasallamning tarix va tavsiflarini yozib yakunladim.
Shu bilan birga o‘z Vatanlarida turib g‘arib bo‘lgan xalqimiz uchun, Vatan ustida bo‘layotgan tarixiy o‘zgarishlarni va ham buning kelajakdagi natijalarini ko‘rsatib, kelajak Vatan bolalari uchun tarixiy bir asar yozib otini «Turkiston qayg‘usi» qo‘ydim. Bu kitobda mening Vatanimiz o‘tmishi, hozirgi kunlar va kelajagimiz to‘g‘risida ko‘p yillar davomida qattiq o‘ylagan o‘ylarim, tashvish va umidlarim o‘z aksini topgan. Aqldan tashqari, buzuq maslakli, mustabid, zamonamiz tuzumi, albatta, yemirilajak, o‘rniga tiklanadigan davlatchiligimiz tarix saboqlaridan ibrat olib to‘g‘ri yo‘lni tanlashi uchun bu asar yordam xizmatini o‘taydi degan umiddaman. Shuning uchun senga aytadigan vasiyatim:
Farzandlarim ichida hozir kattasi bo‘lganing uchun hammani birlashtirib birinchi navbatda «Tarixi Muhammadiy» kitobini nashr qilish ilojini qilgil. Hozirgi kunda bu kitob xalqimiz uchun baliqqa suv o‘rnida bo‘lishi menga ko‘pdan beri seziladi.
Og‘ir sharoitda, yoshirin holatda yozilgan «Turkiston qayg‘usi» kitobim oxiriga yetmay qoldi. Sharqiy Turkistonda 1941 1946 yillar davomida bo‘lib o‘tgan ulug‘ tarixiy voqealarga o‘zim boshchilik qilib emgakim singgan, ko‘zim ko‘rgan bo‘lsa ham, ukangning o‘limidan keyin bu ish men uchun endi og‘irlik qildi. Qayg‘uli o‘y fikrlarim, Vatanimiz o‘tmishi va kadriyatlarimiz, uzoq yillardan beri qullikda yashayotganimiz sabablari, qullik asoratidan qutulish uchun kelajak bo‘g‘inlarimiz nimalar qilmoqlari kerakligi, mustaqil davlatchiligimiz kurilganda nimalarga etibor berishimiz zarurligi bularning bari kitobimda o‘z o‘rnini topdi. Bu asarim kelajakda Vatanim O’zbekistonda va boshqa ko‘p tillarda chop etilishiga ishonaman. Birinchi navbatda Turkiston elining yoziq sir farzandlari qozoq, qirg‘iz, uyg‘ur tillarida nashr qilinishiga umid qilaman, chunki ularning tarixiga taalluqli ko‘p ma’lumotlar bordir. Shu bilan birga men ishtirok etgan tarixiy voqealarni kelajakda yozuvchilar, tahlil etuvchilar ko‘p bo‘ladi. Bu tarix hech qachon ko‘milib ketmaydi. Sen shularning birinchilaridan bo‘lgin, chunki u tarixiy voqealarning tirik ishtirokchisidursan. O’tgan hodisalarda bo‘lgan voqealarni hech yoqqa burmasdan, bo‘lganicha to‘g‘ri yozishni senga topshiraman. Sen bu vazifani, albatta, bajara olasan. Ko‘pdan beri yozish qobiliyati senda borligini sezaman».

Qayd etilgan