Alixonto‘ra Sog‘uniy. Turkiston qayg'usi  ( 136057 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 ... 24 B


mutaallimah  31 Iyul 2008, 09:16:03

Endi shunisi qiziq, eng hayron qolurlik ishdurki, uyg‘urlar qon qarindoshlari o‘zbeklar boshiga kelgan shundayin ulug‘ ofat balolarni ko‘ra-bila turib ongsizlik, ilmsizlik kasofati sababli bundan ta’sirlanib qilchalik ibrat olmagan edilar.   Chunki, bu shum maslak rivojlanishiga ikki narsa, ya’ni kambagallik va ongsizlik bo‘lishi, albatta, shartdur. Bular esa Rusiya tuprogida, ayniqsa Sharqiy Turkistpon va Xitoyda to‘lshi bilan topilganlikdan, dahriylar bundan foydalanib, shu buzuq maslaklarini bu joylarda rivojlantira oldilar. Natijada qurol kuchi bilan majburiyat orqali xalq bo‘yniga yuklanib, shu kungacha tushurolmas ogir yuk bo‘lib ortilib qoldi. Endi bu yerda qancha turgan bo‘lsam, menga hamkor bo‘lgudek, kelajak uchun qaygurgan bir kishini bo‘lsa ham ko‘rolmadim.
Onggi ochilmagan, bilimsiz bir millat o‘z dushmanlari oldida qushxonaga haydalayotgan bir to‘p hayvondan hech qanday ayirmasi yo‘qdir. Insonning o‘ziga eng yaqin halokatlik dushmani ongsizlik, ilmsizlikdir. Shunga ko‘ra Alloh taolo Qur’onning birinchi surasini o‘qish, uqish, bildirish, yozish kalimasi bilan boshlamish edi. Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam erkak ayol, o‘gil qiz demay butun ummatlarini ilm o‘qishga buyurdilar. Kerakligicha din ilmini o‘qish hammaga farz bo‘lganidek, o‘z hukumatini, Vatanini va millatini saqlash uchun zamonaviy fan ilmini o‘qib bilishlik ham farzdir. Bu esa Kur’onda xudo tomonidan «Va a’iddu va lahum man quvvatin mastata’tum» oyati bilan ochiq buyurilmishdir. Ma’nosi: «Dushmanlarga qarshi qo‘linglardan kelguncha qurol kuchi tayyor qilinglar», demakdir. Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam: «Alo innal quvvata arramyu», deb uch qaytarib aytdilar. Ya’ni, «hushyor bo‘linglarkim, albatta kuch quvvat dushmanga o‘q otmoqdir», dedilar.

Qayd etilgan


mutaallimah  31 Iyul 2008, 09:33:21

Bundan 1380 cha yillar ilgari aytgan so‘zlari qanday to‘gri ekanligini hozirgi fan ilmi ochiq isbotlab, o‘z ustimizda tajriba o‘tkazdilar. Endi o‘tmishdagi ishlarimizdan o‘kinib o‘ltirish o‘rniga, ulardan ibrat olib, kelajagimiz uchun hozirlik ko‘rishimiz kerakdir. Chunki ikki Turkiston bolalari ikki ajdarho ogziga yutilish oldida turibdilar. Bundan qutulishning birdan bir chorasi esa zamonaviy ilm fan bilan to‘liq qurollanib, buning ustiga milliy hislaridan ajralmay o‘z ona tillarini jon o‘rnida asrashlari lozimdir. Bu o‘rinda nega «milliy his» dedik, «diniy his» demadik? Buning sababi esa dahriylar hukumati qurilgandan boshlab butun diniy maktab va madrasalar yo‘qotilib, keyingi ta’lim-tarbiya ishlari dinsizlik asosiga qurilmish edi. Shundan buyongi maktab bolalarimiz diniy tarbiya ko‘rmaganlikdan musulmonchilik yo‘llarini yaxshi taniyolmay qoldilar. Shunga ko‘ra Vatan bolalariga diniy tarbiyat to‘silgan bo‘lsa ham, endi o‘z milliyatlarini saqlash uchun til tarbiyatlaridan sira ajramasliklari kerakdir. Chunki har qanday bir millat o‘z dinidan ajragani ustiga o‘z tilidan ham quruq qolar ekan, uning milliyati yutilib, hayoti munqariz (inqirozga uchragan, inqirozli) bo‘ldi demakdir. Bunga qaraganda shu kunlardagi Chiqish (Sharqiy) va Botish (G’arbiy) Turkiston bolalarining, ayniqsa Uyguristonning kelajagi shu dahshat ostiga tushganligi shubhasiz ko‘z oldimizda ko‘rinib turibdi.
 

Qayd etilgan


mutaallimah  31 Iyul 2008, 09:47:08

Demak, har ikki Turkiston xalqi ongsizlik, ilmsizlik kasofatidan shu kabi qulay sharoitlar bo‘la turib ham, bulardan o‘z vaqtida foydalanish yo‘llarini topolmadilar. Ochiq bir maqsadni o‘z oldilariga shart qilib qo‘yib, tashkiliy ravishda ish olib borish uchun harakat qilgudek birorta odam yo‘q edi. O’zlarining kelgusi istiqbollari uchun hech kim qaygurmas edi. Chunki, bu bechora xalq xurofot zulmati, johiliyat botqogiga butunlay botgan edi. Bunga o‘sha davrdagi muhit aybdordir. K,ur’onning «Qul hal yastavillazina ya’lamuna vallazina la ya’lamun», ya’ni «Bilganlar bilan bilmaganlar har to‘grida teng kelolmaydilar» degan hikmatlik so‘zini, albatta, amalga oshirish kerak edi.
Nima uchun keyingi asrlarda Turkiston xalqi bunday johiliyat botqogiga botdi? Buning bosh sababi dinni asosi bilan tushunmagan ilm-madaniyat dushmanlari hokimiyat tepasida bo‘ldilar. O’zlarini din homiylari deb e’lon qilib, xalqni ma’rifat nuridan mahrum, zamonaviy fanniy ilmlardan butunlay yiroq tutdilar. Chet davlatlar bilan aloqa boglamadilar, o‘qish o‘qitish ishlariga hech qanday ahamiyat bermadilar. Shuning uchun Turkiston xalqining ichida uygonish, fikr ochilish va bor sharoitdan foydalanish imkoniyatlari bo‘lmadi. Davlatning inqirozi, millatning ongsizligiga shu johillar sababchidur.

Qayd etilgan


mutaallimah  31 Iyul 2008, 09:49:18

Endi bu umidsizlanganim so‘shtida Afg‘oniston, Hindiston chegaralari bo‘shligidan foydalanib, u tomonlarga o‘tishimni o‘ylagan bo‘lsam ham, yolg‘iz bosh qayg‘usida bola chaqalardan ajrab, suyukli Vatanimni dushman qo‘liga tashlab ketishni o‘zimga loyiq topmadim. Ayniqsa, yo‘ldoshlarim tungonlar ichida jonfido shogirdim Dovudhoji mendan ajramasga shart qilib, qolishimga qattiq qarshilik ko‘rsatmish edi. Buning ustiga, Vaqtli Kerenskiy hukumati qurilgan so‘nggida Farg‘onaga muxtoriyat berilib, uning o‘n ikki kishidan iborat Muvaqqat hukumati tarkibiga polyak musulmonlaridan bo‘lgan Og‘aev ismli bir yurist ham a’zo saylanmish edi. Muxtoriyat Millat majlisi a’zolaridan biri esa akamiz Olimxonto‘ra janoblari edi. Bu ishga tishtirnog‘i bilan qarshi turishgan bolsheviklar, musulmonlarning eng kekchil dushmanlari sanalgan armanilardan to‘plangan askarlarni to‘liq qurollantirib, xalq ustiga keltirdilar. Bularning boshchi qo‘mondonlari esa turk qoniga chanqagan, qonichkich Dashnoq firqasining a’zolari bo‘lganlikdan Xo‘qand shahri ustida ko‘rsatgan vahshiyliklari o‘rta asr yirtqichlaridan Chingiz dahshatlarini unuttipmish edi. Ongsiz xalq buni unutgan bo‘lsalar ham, dushman suqqon nayzalarining zarbalaridan yuraklari parchalanmish, ko‘z qonlari bilan ko‘ngil sahifalariga dahshatli zulm xatlarini yozmish tarixchilar, bu kabi fojialarni hech qachon unutmaydilar. Xalq ko‘zini qo‘rqitib, ularga dahshat solish uchun, bir tomondan, otish chopish boshlangan bo‘lsa, ikkinchi yoqdan, o‘t qo‘yib, butun shahar bozor rastalarini kuydirmish edilar. Bu voqeadan besh olti yil keyin Xo‘qandga borganimizda buzilib vayron talqoni chiqqan ko‘p imoratlarni, kuydirilgan bozor rastalari o‘rnida to‘dalanib yotgan hisobsiz kultepalarni ko‘zimiz ko‘rdi.

Qayd etilgan


mutaallimah  31 Iyul 2008, 09:53:14

Mana shu Ho‘qand (Turkiston) muxtoriyat hukumati a’zosi Og‘aev, yuqorida aytganimizdek, polyak musulmonlaridan edi. Chor hukumati yiqilgan so‘nggida Polsha boshliq butun Boltiqbo‘yi millatlari o‘z huquqlariga ega bo‘lib, muxtoriyat olmish edilar. Bunga tushunib haq talab qiluvchi va ham bu ishni boshqaruvchi bizning o‘lkamizda kishilar kamligini bilgan musulmon ziyolilarining.diniy hislari qo‘zg‘alib, Turkistonda qardoshlarining birinchi martaba yangidan qurilayotgan yosh davlatlariga yordam yetkazish uchun u kishini yubormish edilar. O’zi yurist bo‘lib, chor hukumatiga qarshi musulmon polyaklarining milliy inqilobchilaridan edi. Ho‘qandga kelishi bilanoq oz ko‘p tushungan kishilar buni takdirlab, yangi qurilayotgan milliy muxtoriyat hukumati raisining o‘rinbosari saylamish edilar.
Bu kishi butun ishlarni tartibga solib endigina ishga kirishayotgan chog‘ida, balo qazodek kelib bolsheviklar bosdilar. Qochishga ulgurgan kishilar qutulgan bo‘lsa ham, ulgurolmagan a’zolardan qo‘lga tushgan baxtsizlar ham oz emas edi. Ana shu biz baxtsizlarga yordam berish uchun oilasi, Vatani, balki butun baxti taxtidan kechib kelgan polshalik din qardoshimiz yerlik baxtsizlar qatorida qo‘lga tushib, biz uchun qurbon bo‘ldi.

Qayd etilgan


mutaallimah  31 Iyul 2008, 09:55:49

Eshitishimcha, bularning vahshiylik maslagidan xabari yo‘q bo‘lishi kerak. «Butun dunyo bo‘ylab har yerdagi insonlar o‘z huquqlariga erishayotgan XX asr davrida o‘tgan vahshiylarcha otish chopish bilangina ish olib bormasalar kerak, bular bilan ko‘rishib so‘zlashaylikchi, maqsadlari nimadur? Uni bilaylik», deb yuristlik qilib, huquqshunoslik yo‘li bilan bu yirtqichlarga so‘z o‘tkazmoqchi bo‘lib, qo‘lga tushmishdir. Yo‘q esa, boshqa jon qutqazgan «botir»lar kabi fursatdan foydalansa, qochib qutulishi mumkin edi.
Bu qahramon qo‘lga olingandan so‘ngra shundayin xorlik, zulm ostida turishdan o‘limni ortiq ko‘rib, ochlik bildirmishki, bu kabi eng so‘nggi dahshatlik choradan insoniyat olamida foyda berishi kutilur edi. Bular oldida e’tiborsiz bo‘lganlikdan o‘n besh kunlab och qoldirilmishdur. Aqli ozib, o‘lar holga kelganda boshqa yoqqa olib ketganlar. Undan keyingi taqdiri bizga noma’lumdir. Insonlar huquqi himoyasi uchun qurbon bo‘lib, shundayin olijanoblik ko‘rsatgan bu qardoshimizga butun insoniyat tomonidan yolqinlik ko‘nglimdan chiqargan tashakkurimni bildirgan so‘nggida, uning muqaddas ruhiga abadiy rahmatlarimni yo‘llayman. Bu kabi insoniyat qahramoni, haqlik qurboni bo‘lmish kishining xizmati ko‘milib ketmasligi uchun, vijdonim talabicha bu o‘rinda oz bo‘lsa ham yozib qoldirishni burchim deb bildim.

Qayd etilgan


mutaallimah  31 Iyul 2008, 09:57:59

Yana o‘z so‘zimizga kelaylik. Endi shuni bilmak kerakkim, Kur’onning hukmiga, Rasulullohning yo‘liga yaxshi tushunmay dinga xiyonat qilgan, o‘z Vatanini boshqalar tasarrufiga qoldirib, ikki dunyosidan ajrab xorlik bilan yashagan yolgon musulmonlardan ilm, fan, madaniyatni o‘zlashtirib, butun huquqlariga ega bo‘lgan kofirlar, albatta, ortiqdur.
Butun Uyg‘uristonni qoplagan shu o‘xshash ongsizlik ofatini ko‘rgach, u yerdan umidim uzilib, nochor, yangidan o‘t olayotgan fitna o‘chog‘i ichidagi o‘z yurtim To‘qmoqqa qaytib keldim. Qarasam soyasidan qo‘rqqan quyondek har yerda qochib pisib yurib kun ko‘rayotgan haqsiz kishilar ham oz emas ekanlar. Shular qatorida men ham shahardan chetroq Sho‘rtepa degan tungonlar qishlog‘ida turib, dehqonchilik bilan kun kechirmoqchi bo‘ldim. Marhum otamiz nasihatlaricha imom bo‘lishdan saqlanib, bir ikki yil o‘z ishim bilan shu yerda kuymanib yurdim. Lekin bu o‘lkada qora savodlik yoki savodsiz masjid imomlari bo‘lsa ham, dinga asosi bilan tushungan olimlardan birortasi ham yo‘q edi. Buning ustiga bolshevik hukumati dinsizlik asosiga qurilganlikdan xudosizlar jamiyati tomonidan har joyda dinga qarshi tashviqot tarqalib, dindorlarga hujum boshladilar.

Qayd etilgan


mutaallimah  31 Iyul 2008, 10:00:47

Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam aytishlaricha, bunday vaqtda olimning sukut qilib qarab turishi o‘z diniga xiyonat qilishi demakdir. Bundan saqlanish uchun marhum otamizning «Imom bo‘la ko‘rma», degan vasiyatlariga qaramay, xalq talabini qabul qilib, To‘qmoq shahri katta masjidiga imom bo‘ldim. Shu birinchi jum’adayoq minbar ustidan oz deganda bir ming kishiga qarata aqliy naqliy dalillar keltirib, dinsizlikka qarshi o‘tkir bir va’z so‘zladim. Masjid xalqi bundan ta’sirlangach, dillari erib, ko‘zlari yoshlandi. Har joyda «oh voh» tovushlari ko‘tarilib, yig‘i sig‘i boshlangani turdi. Albatta, bunday ulug‘ diniy jamiyat majlislarida u vaqtning rahmsiz jallodlari uch harflik GPU kuydurgi josuslaridan so‘z tinglovchi bir necha kishilar borlig‘i ma’lum edi. Shunday bo‘lsa ham biror tomondan bu ishga ochiq ravishda to‘sqinlik ko‘rilmagach, diniy ruh qizg‘inligi bilan o‘z ishimda davom etib turdim.

Qayd etilgan


mutaallimah  31 Iyul 2008, 10:01:56

Shu orada 1922 yillar Otboshi Norin qozoq ruslari (kazaklar) tomonidan Bonduruf (aniqrog‘i Bondaryov)2 qo‘l ostida qattiq bir qo‘zg‘olon ko‘tarilmish edi. Darhol bularga qarshi otlansa otasini ayamaydigan qora turkmanlardan bir bo‘luk (polk) qurollik askar keltirildi. Yordam olg‘udek tayanchilari bo‘lmagan qo‘zg‘olonchilar bularga qarshi turisholmay, Koshg‘ar tomonga chekinishib qochdilar. Bularning kasofatiga To‘qmoq, Pishpekdagi boy savdogar va xalq ichida ko‘zga ko‘rinarlik sakson necha kishini bir kechada bosib, tekshirish surishtirish yo‘q, shu kechaning o‘zidayoq qo‘llarini sim bilan orqalariga bog‘lagan holda shahar tashqarisidagi Qorayog‘chilik bog‘iga olib borib otdilar. Bu gunohsiz mazlumlarni o‘ldirish uchun qazilgan chuqur chetiga keltirilgach, otib chopib tashlay berganliqdan ko‘plari chalajon edi. Shu yerlik ko‘rgan kishilar aytishlaricha, bularning ustilariga jonlari chiqmay turib tortilgan tuproq usti uch kungacha to‘xtovsiz lo‘millab (lo‘mbillab, ko‘tarilib-tushib) yotmishdir. Bu kabi yuraklar titrab, jonlar achinarlik, so‘zlashga til seskanib, yozishga qalam jirkanarlik bu madaniy yirtqichlarning qilgan vahshiyliklarini yozib qoldirishga majburmiz. Chunki tarixda ko‘rilgan ishlarning yaxshi yomoni demay, ko‘rgan bilgan narsalarning barini qoldirmay qalamga olish tarixchi ustiga yuklangan muqaddas vazifa hisoblanadi. Bu esa dinsiz dahriylar hokimiyatining boshlang‘ich davrlariga xirmondan bir hovuch, dengizdan bir cho‘mich kabi ko‘rsatgichdir. Bundan maqsad quruq so‘z dostoni so‘qib (so‘zlab, aytib, yozib), hikoya-voqea to‘plami yozish emas, balki asl maqsad kelgusi Vatan bolalarimiz bundan ibrat olib, endi kelajakda qanday yashamoq kerak ekanligini bilishlaridur.

Qayd etilgan


mutaallimah  01 Avgust 2008, 01:00:53

VATAN AHLLARIGA DEGANLARIM

Tarixning aytishicha, shu Vatanimiz O’zbekiston o‘lkasini sharqdan, shimoldan chiqqan balo sellari qoplab, necha martaba harob qilinganligi ma’lumdir. Shuning uchun bizning ilgari porloq madaniyatimiz vayronlikka uchrab, nasllarimiz ham tabiiy o‘sishdan to‘xtalganligi ko‘z oldimizda turadi. Chunki bizga chegaradosh Xitoy xalqi so‘nggi hisob bo‘yicha yetti yuz millionga yetgan holda biz Turkiston xalqi bularga zamondosh bo‘lsak ham, nega bularning yuzdan biricha bo‘lib, shu kunga dovur o‘n millionga yeta olmadik? Buning sabablarini har yoqlama tekshirib ko‘rilganda turlicha bo‘lib chiqishi ko‘ngilga keladi.Lekin o‘tgan ulug faylasuflarning aytishlaricha hamda tarixiy tajribalarning ko‘rsatishicha, qaysi bir millat o‘z milliy davlatidan ajrab, uning hukumati yo‘qolar ekan, hukumat egasi bo‘lgan kelgindilar hisobiga yil sayin nasllari ozayib borib, eng so‘nggida butunlay yutilib ketishi tajribada ko‘rilmishdur. O’z hokimiyatidan ajradi demak inqirozga yuz tutdi demakdir. Shu sabablik dunyodagi onglik, madaniy millatlar o‘z hokimiyatlarini saqlash uchun necha millionlab qurbon berishga tayyordirlar. Holbuki, har bir millatga Iymon islomini saqlash Kur’on hukmicha qanday farz bo‘lsa, shu o‘xshash o‘zligini va o‘z millatini saqlash undan ham farzroqdir. Chunki payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam qaysi bir kishi o‘z otasini tashlab, boshqa birovning bolasiman desa yoki bir millat tili, dini, rasm odati boshqacha ikkinchi bir millatga yutilsa, mana shunday ishga norozilik bildirib, ularga la’nat o‘qidilar. Milliy hissini yo‘qotib, o‘z millatidan ajrash Qur’on hukmi bo‘yicha haromdir.

Qayd etilgan