Alixonto‘ra Sog‘uniy. Turkiston qayg'usi  ( 136026 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 ... 24 B


mutaallimah  03 Avgust 2008, 02:57:48

Qorako‘l shahrida qancha turgan bo‘lsam ham, uyqi vaqtlaridan boshqa chog‘lari kelim-ketimdan bo‘shanolmadim. Shunday bo‘lsa ham vaqt topib, mashhur shved sayyohi Vanxidinning «Taklamakon» asarini va «Tibet» sayohatnoma kitoblarini o‘qib chiqdim, ulardin ko‘p foydalandim. O’zgarish oldida talanga uchragan Qorako‘l kutubxonasi tatarcha, usmonli turkchadan tarjima qilingan nodir asarlar ko‘pligi bilan mashhur edi. Inqilob boshlangan davrda qonunsiz qora kuch, nodon odamlar hokimiyati qurilganlikdan shaharlardagi kutubxonalar va boshqa madaniy asarlarning ko‘plari zoi bo‘lmishdir.
O’rta asr vahshiylari — mo‘g‘ul askarlari o‘z vaqtida islom markazi bo‘lgan Bag‘dod shahriga bosib kirganlarida, ular nazdida o‘ljaga arzimas, g‘oyat qimmatbaho, nafis, nodir kitoblar Dajla daryosiga tushganlikdan, olti oylab daryo suvi qorayib oqqanligi tarixlarda yozilmishdir. Undan ham jirkanchli ishlarga yigirmanchi asrda madaniy yirtqichlar hokimiyati davrida yo‘l qo‘yilganlikdan, anchagina tarixiy asarlarimizni, xalq qo‘lida saqlanib yotgan qimmatbaho, nodir qo‘lyozma kitoblarimizni egalari qo‘rqqanlaridan o‘tta yoqtirib, suvga oqizishga majbur bo‘lmish edilar. Yolg‘iz o‘zimning To‘qmoq, So‘qulukdagi biror arava kelgudek har turli kitoblarim esa, shu ko‘milganicha chirib yer ostida qolmishdir. Bu kabi fojialar yolg‘iz chet o‘lkalardagina emas, balki hukumat markazi Petrograd kutubxonalarida ham bo‘lmish edi. Shundoqqi, butun islom olami ko‘z tikkan, 1300 yildan ortiq tarixiy sharafga ega bo‘lgan Mushaf Usmoniy, ya’ni hazrat Usmon ustida shahodat topgan Qur’on, shu kutubxonada saqlanib kelar edi. Oti musulmon bir necha gumrohlar tomonidan uning anchagina varaqlari olinmishdir. Marhum Tatariston muftiysi hazrati Rizafahriy boshliq Musohazrat va boshqa olimlar bu fojiadan xabar topgach, darhol chorasiga kirishib, bu ulug‘ tarixiy Qur’on shu kunga davr saqlanib qolinishiga sababchi bo‘ldilar. Alloh ularni rahmat qilsin! Hozirda esa bu Qur’on Toshkent muzeyxonasida saqlanib, chetdan kelgan sayohatchilarga, ayniqsa musulmonlar uchun bek hurmatli nodir estalik hisoblanadi.

Qayd etilgan


mutaallimah  03 Avgust 2008, 02:58:59

Shunday qilib, Qorako‘l shahrida bir oy  qirq kun chamali turg‘anim so‘nggida, u yerdan qaytib To‘qmoqqa keldim va yana bir voqea ustidan chiqdim. Shundoqki, hozirgi kunlarda Arabistonda turishgan Oltinxon, Mubashshirxonlarning ustozi, asli Koson zodagonlaridan, Farg‘ona viloyatida obro‘yi baland bo‘lgan, zamonasiga ko‘ra ulug‘ olimlardan sanalgan, marhum Nosirxon to‘ra kommunistlarga qarshi qo‘zg‘olon ko‘tarmish edi. Nima qilishlarini bilolmay, suvga oqqan kishiday hayronlikda turgan musulmonlar, o‘z diniy olimlarini ilohiy kuchdan xoli bo‘lmasa kerak deb gumon qilganliklaridan, mol-jonlarini ayamay, u kishiga qo‘shiluvchilar o‘lka bo‘ylab ko‘paymish edi.
Biroq, ish vaqtidan o‘tgan, ne fursatlar qo‘ldan ketgan edi. Uzoq-yaqindagi bolsheviklarga qarshi ko‘tarilgan qo‘zg‘olonlar butunlay bostirilib, ishlari markazga bog‘lanmish edi. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomning «Har oqil kishi o‘z zamonasiga tushungan bo‘lsin», degan hikmatlik so‘zlariga amal qilish va payg‘ambarimizning 23 yillik nubuvat davridagi ibratlik tarjimai holidan xabardor bo‘lish hammadan ko‘proq islom olimlariga lozim edi. Zamonaviy siyosat olamidan xabarsiz bo‘lganlikdan u kishining butun ishlari teskarisiga aylandi. Yolg‘iz qo‘zg‘olonchilargina emas, shular bahona o‘zlariga to‘g‘ri kelmagan, ikki kishiga so‘zi o‘tarlik odamlardan Namangan, Koson atroflari bilan hech joyda qoldirmay, otib-chopib o‘ldirdilar. Qolgan qo‘lga tushganlari qattiq qamoqda yoki uzoq surgunlarga yuborilib, yo‘qotildi. Bechora Nosirxonto‘ra qochib yurgan yeridan ikki o‘spirin o‘g‘li bilan ushlanib, Toshkentga keltirilgan so‘nggida, eng qattiq, yer osti, qorong‘u zindonda yotqonlig‘ini eshitgan edik. So‘ngra ikki o‘g‘li bilan birlikda o‘lim jazosi berilib, dunyodan yo‘qotilmishdir. Agar 6u kishi o‘rnida siyosat olamidan xabardor, onglik boshqa birov bo‘lganida, ishni boshqacha tashkiliy ravishda olib borar edi. Bu qadar ulug‘ qo‘zg‘olon maydonida to‘kilgan yerlik xalq qonlari bekorga ketmas edi. Chunki, janubiy tomondagi Afg‘on va Hindiston chegaralari qo‘lga keltirilsa, u yoqdan yordam yetkazish imkoniyati tug‘ilmish edi ongsizlik shumligidan shu ishni bajara olmadilar.

Qayd etilgan


mutaallimah  04 Avgust 2008, 08:15:53

SHARQIY TURKISTONGA O’TISHGA HARAKAT
Bu ish (Nosirxonto‘ra qo‘zg‘oloni) boshlanish oldidan Qirg‘iziston atrofiga va boshqa joylarga maxsus kishilar yuborilmish ekan. Xudo saqlab, u kunlari men Qorako‘lda bo‘lganim uchun hech ishdan xabarim yo‘q edi. Shunday bo‘lsa ham uyga kelib, hafta o‘tmay, shu chog‘dagi vahshiylik odatlaricha, shirin uyqu, tun yarimida GPU jallodlari tomdan tushib, meni bosdilar. Kecha qorong‘usida qurollik harbiy kishilarga tuyuqsizdan ko‘zlari tushib, qo‘rqqanlikdan mo‘ltirashib turgan xotin bolalar hollarini nima deb aytishga to‘g‘ri keladi? Shuning uchun bu kabi dahshatlik ko‘rinish ko‘rmagan ko‘p kishilar yurak o‘ynaq kasalliklariga yo‘liqmish edi. So‘ngra ko‘zga ko‘ringan yozuvchizuvlarni yig‘ishtirib, meni haydaganlaricha, Pishpekga keltirgach, hech nima so‘ramasdan yer osti uyi  zindonga kirgizib qamab qo‘yishdi. Bu yo‘li ushlanib, uch oy chamali yotganim ichida har yoqlama qattiq tekshirish o‘tkazgan so‘nggida, bu ishdan mening xabarim yo‘qligi bular oldida aniqlanmish edi. Shu bahona bo‘ldi, haqiqatda esa, g‘oyibiy kuch yordami yetti bo‘lg‘aykim, bu kabi dahshatlik qamoq balosidan ko‘p uzoqlamay yana qutulib chiqdim.
Endi bundan buyon bu yerda turishim o‘z boshim yoki dinim uchun xatarlik ekanligini aniq tushunmish edim. Shuning uchun G’ulja tomon ketmoqchi bo‘layotgan do‘st kishilardan Abish degan qirg‘izga yo‘liqib, u bilan safar yo‘ldoshi bo‘lishga va’dalashib, ikkovimiz qo‘l olishdik. So‘ngra bek soqlik bilan safar jamalg‘asini qilishga kirishdim. Ot uloq, oziq ovqat tayyorlangach, 1930 yili sentyabr oyi boshlarida qo‘l olishgan yo‘ldoshim Abish keldi. Men shu kunlarda esa To‘qmoqdan olti chaqirim bo‘lgan Sho‘rtepadagi yerimda dehqonchilik ishlari bilan quymalashib yotgan edim. Ishlarim chala bo‘lsada mo‘ljalim buzilmasligi uchun, borlig‘in Tangriga topshirib, oqshom nomozi o‘tagan so‘nggida chalaqozoq tog‘alardan Abdurashid xo‘ja, tungon Mokemir, yo‘ldoshchi qirg‘iz Abish to‘rt kishi otlanib el yota To‘qmoqdagi qo‘roga keldik.

Qayd etilgan


mutaallimah  04 Avgust 2008, 08:19:14

So‘zim shu yerga yetgach ko‘nglim munglanib, ko‘zim yoshlandi, chunki yuqorigi yo‘ldoshlarim va bulardan boshqa ko‘p sonli mungdoshlarimdan endi hayot olamida birorta ham kishi qolmapti. Yoshlik  yigitlik chog‘larimdan beri xalq uchun boshlangan g‘amqayg‘ulik kunlarim esa, umrim davomicha uzilmay shu hozirgi davriga erishdi.
Ko‘z ochkan kunimdan boshlab ko‘zlagan maqsadim  Sharqiy Turkiston ozodligi qanchalik to‘kilgan Vatan bolalarining muqaddas yosh qonlari hisobiga qo‘lga kelmish edi. Nachoraki, o‘zini ezilgan yanchilgan xalqlarni zolimlardan qutqazuvchi, dunyo bo‘yicha haqsiz mazlumlarga yordam beruvchi hisoblagan aldamchi, kazzob Stalin hukumati olti million uygur musulmonlarini o‘z foydasi uchun qurbon qildi. Ko‘yni qashqir ogzidan qutqardi, lekin kechqurun qo‘l-oyogini boglab qassobga topshirdi. Ko‘ring, endi shu kunlarda (1967 yil) bu bechora mazlum qardoshlarimiz Xitoy bosqinchilari, yirtqich kommunistlar tish-tirnoqlari orasida chaynalib; diniy, milliy huquqlari buyon tursin, insoniy huquqlaridan ham butunlay ajrab, yutilish oldida turibdilar. Agar biror bahona bo‘lib, umumiy dunyo siyosati o‘zgarmas ekan, Chiqish, Botish  ikki Turkiston ahllari ko‘p uzoqlamayoq bosqinchilar to‘lqinlari ostida ko‘milib ketishlari mumkindir.
Yana o‘z so‘zimizga kelaylik. Shu kecha oilam ustiga tuyuqsizdan kelib, ulardan uzilib chiqishimdagi tortgan ruhiy vijdoniy azoblarimni eslasam, oradan 40 yil o‘tgan bo‘lsa ham, o‘sha fojia zarbasidan ko‘nglim yarasi hali ham bitmaganlikdan, qalamim uchidan oqqan qora siyoh u kunni eskarib qonga aylanur edi. Chunki, hech ishdan xabari yo‘q marhuma onalari boshliq u kunda barisi yosh, uyg‘oq  uyquluq o‘g‘il, qizlarim ustilariga tun qorong‘usida eshikdan kirib kelishim bilan, barilari ko‘zimga jaldirashib qarab turishdi. Endi sizlarni Allohga topshirdim. Yer usti tor ko‘rinib, hech joyga sig‘may qoldim, yo‘ldoshlarim ko‘chada qarashib turibdi. «Omin» denglar deyishim bilan, cho‘ng kichik demay uvvos tortqonlaricha qo‘l-oyoqlarimni quchoqlashib, «Bizni kimga tashlab ketasiz?»  deb yig‘lashgani turdilar. Ko‘nglim buzilib boshimga tog‘ ag‘darildi, nima qilishimni bilolmay, hayronlikda qoldim. Shundoq bo‘lsa ham rahmatul olamin payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom boshlariga kelgan kulfatlarni ko‘z oldimga keltirib, bir oz o‘zimni bosib olganim so‘nggida, yaxshi so‘zlar bilan bolalarni ham biroz yupantirganday bo‘ldim. Shuning bilan ularga bilgan vasiyat nasihatlarimni aytib, qolganini Allohga topshirib, yo‘lga chiqdim.
Shu kecha yurganimizcha saharga yaqin Qorabuloqdan o‘tib, Burolsoy og‘zidagi bir qora saroyga tushib, kun bo‘yi kishiga ko‘rinmay, bir uy ichiga kirib yotdik. Chunki, bu to‘rt yo‘ldosh o‘rtamizda bir beshotar miltiq, uch bardanka va boshqa qurollarimiz bo‘lganlikdan, kunduz kuni ko‘rinib yurishimiz xatarlik edi.

Qayd etilgan


mutaallimah  04 Avgust 2008, 08:20:43

Shunga ko‘ra oqshom nomozini o‘tab olib, ko‘z qorg‘ulang‘och otlanib yo‘lga tushdik. Ichimizda yo‘lboshchimiz Abish qirg‘iz bo‘lg‘onidek, dovyurak bahodir yigitimiz tungoni Mokemir edi. Agar dushman to‘sqovullari (chegara, yo‘l zobitlari, posbonlari) bilan uchrashib qolgudek bo‘lsak, ulardan qutulish chorasi topilmagan taqdirda qurol qo‘llash ishini unga topshirdik. Shu bilan Kemen suvini bo‘ylab yurganimizcha tongga yaqin Shodmon botir hojining qishlovi  Cho‘ng Kemen ko‘prigi ostiga yetdik.
Bu kishi esa qirg‘izlar ichida ota-bobolaridan beri el so‘rab, yurt kutib kelgan Shodmon botir, Jantay botir o‘g‘li, Qorabek botir o‘g‘li, Ataka botir o‘g‘li, Tinay botir o‘g‘li bo‘lib to‘qqiz ota-bobolarigacha el ustida o‘tgan, o‘z zamonasida qozoq, qirg‘iz xoni atalgan zo‘r manaplardan edi. Marhum otamiz bilan do‘stlik aloqasi bo‘lganlikdan o‘zi bilan hayotligida ham ko‘rishib, xizmatida ham bo‘lgan edim. Insonga yoqimli yaxshi xislatlarning ko‘piga ega edi, Alloh rahmat qilsin! Kishi hayron qolgudek darajada uning qilgan bahodirliklarini shu kunlarga davr qirg‘iz qariyalari qizg‘inlik bilan o‘zaro doston qiladilar. O’zim ko‘rganday, eshitganlarimdan bir ikkovini estalik uchun bu o‘rinda yozib qoldirishni lozim ko‘rdim.
Ma’lum bo‘lg‘ayki, Shodmon hojining ilgaridan beri yerlab kelgan qishloq joylarini Cho‘ng Kemen, Kichik Kemen deb ataydilar. Bular esa Tyan-Shan tog‘larining qalin tarmoqlari orasida joylashgan bo‘lib, Kichik Kemenni Shodmon hojim qishloq tutmish edi. O’z davrida Ediqut eli  Bolosog‘un o‘lkasini sug‘orib qondirgan Chuy daryosining yarim qismi shu qishloq o‘rtasidan oqib o‘tardi. Bu suv, toshqin vaqtlarida ot-ulog‘ga kechik bermas edi. Suvning kelish tomoni yuqori bo‘lg‘onliqdan tez oqarligi ustiga, suv osti ko‘ram (ko‘rinadigan) toshlari bilan to‘liqdir. Bunday suvdan kechib o‘tish ko‘p xatarlik bo‘lur. Mana shunday toshqin kunlardan birida, suv hayqirib oqayotganida, mol boqib yurgan bir qirg‘iz choli oqib ketib, jon talvasasi bilan suv o‘rtasida ko‘rinib turgan bir yo‘g‘on tosh ustiga chiqib olmish edi. Shu atrofdagi qirg‘iz yigitlaridan hech bir kishi uni bu halokatlik suvdan qutqarib olib chiqishga jur’at qilolmagach, «Botir Shodmon qo‘lidan kelmaydigan ish yo‘q, Hizr nazar solgan kishi», deb ishongan qirg‘izlar, bu dahshatli xabarni unga bildiradilar. Buni anglashi bilan chovitga (tashlanishga tayyorlanib turgan) turgan yo‘lborsday turqi buzilib, o‘ngi o‘zga-rib: «Hay, attang! Ingragir zamon bizga yomon bolla-rin qoldirgan ekan; tort to‘r ayg‘ir otimni», deb hayqirmishdir

Qayd etilgan


mutaallimah  04 Avgust 2008, 08:21:25

Bolalik kunidan tortib, bir aytgan so‘zidan qaytmaslig‘ini bilgan xizmatchi tobunlari ilojisiz bo‘lib, u aytgan otini keltirishga majbur bo‘lg‘anlar. Shu orada cho‘ng kishilardan o‘zining teng tushlari kelishib qolib: «Hay, botir, tilsiz yovga qarshi chiqib, botirlik qilish qanday bo‘lar ekin? Ko‘pchilik el yig‘ilsa boshqa bir ilojin qilar edik», deyishib, har qancha yolvorishsa ham, qaramay, otlanib suv tomonga qarab jo‘nabdi. Buni ko‘rgach, nima qilishlarini bilolmay, yo uni bu ishdan qaytarolmay, butun xalq qo‘rqinchga tushib, hayronliqda qolibdi. Mukush, Kamol degan otoqliq o‘g‘illarining onasi, uning oldida eng suyuklik, el ichida qadri ulug‘ Lakabaybiche degan xotini yig‘lab yolvorib: «Hay, botir, bu ishni qo‘ying, sizdan so‘rardim», deb o‘zini ot ostiga tashlaganiga qaramay, otakao‘rani qishqirg‘anicha, suv yuqorisi tomon ot qo‘ymishdur.
Bunday dahshatli xabar tarqalishi bilan har yokdan ot chopishib kelgan qirg‘izlar suv bo‘ylarida to‘planishib, hayronlik holda qarashib turg‘an edilar. Ko‘rib turgan kishilarning aytishlaricha, shundayin dahshatlik o‘lim xatarlik, tilsiz yov ustiga kelganida yana bahodirligi bilinib, o‘zida hech qanday o‘zgarish sezilmagan edi. Balki o‘zini, payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam Allohdan panoh tilagan ko‘zsiz tilsiz suv balosi oldida turganini ko‘rib, bu kabi dahshatlik xatarga duchor bo‘lgan bir bechorani qutqazishga himmat qilg‘onini bilgach, o‘z tilicha: «O qudoyay, qo‘ldoy ko‘r!» na’rasini tortganicha, suv o‘rtasidagi tosh ustida baqadek chaplashib yotgan cholni mo‘l anchagina yuqorndan «Alloh» deb ot solmishdur.
Uylardek o‘rkashlab ko‘pirib yotgan dahshatlik suv to‘lqini ichida belidan botgan holda toshdan toshga urilib, «O xudo»lab kelayotgan Shodmon botirga suv bo‘yida qarashib turgan qalin xalqning ko‘zlari tushgach, «O xudo, o‘zing saqlay ko‘r», deb qichqirg‘an tovushlari ko‘kka ko‘tarilmish edi. Oila jonkuyarlari har yoqdan «O quday» deb qichqurur edilar. Shundayin haybatli dahshatlik suv ichida jon hovuchlagan holda yopishib yotgan chala o‘lik chol ustiga yeta kelib, «Joning bo‘lsa, uzat qo‘lingni!» deb qattiq qichqirgan bo‘lsa ham, esi oqqanliqdin qo‘l uzatolmag‘ach, botir qo‘liga ilinmay o‘qdek oqayotgan suv sirpandisi (suv tezligi ma’nosida) bilan o‘tib ketmishdur. Buni ko‘rgan butun xalq suron solishib: «Endi ish tugadi, bahodirlik o‘z chekidan o‘tdi, sizday kishi bizga qaydan topiladi. Bunday chollarning necha minglari sizning bir tol tirnog‘ingizga teng kelmaydi!» deyishib, qichqirishgan bo‘lsalar ham, bularga qarab qo‘ymay, suvdan chiqishi bilan yana «Alloh» sadosini ko‘tarib, ikkinchi yo‘li bilan suvga kirganida payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam «Bahodirlarni Alloh do‘st tutqay, tilaklarini xudo qaytarmag‘ay. Har ishda chidamlik sabotliklarni maqsadlariga yetkazgay» deganlaridek, Alloh yordami yetti bo‘lg‘aykim, ul chalajon cholni o‘lim og‘zidan qutqarib, ot oldiga o‘ngarganicha (ustiga mindirganicha, opochlaganicha), bu kabi dahshatli suvdan salomat chiqmishdur.

Qayd etilgan


mutaallimah  04 Avgust 2008, 08:27:46

Yana bir kuni Oq O’rkavda qurdoshlari bilan qimiz ichib o‘ltirib ekan, yirokdan chiqqan shovqin suron tovushi eshitilmishdur. «Bu nima gap?» deb so‘rasa: «Hay, botir, suv yoqasidagi qalin chirg‘anak ichida bir yo‘lbars yotqanlig‘ini el bilishib qolib, merganlari bilan kelgan ko‘pchilik xalq uni yotqan yeridan qo‘zg‘atib ochiqqa chiqarolmay yotadilar», deganlarida: «Hay, ingragirlar, ko‘pchilik hech ish qilolmaydi, har vaqt xalqi ortida turgan bahodir, yetuk bir kishi ko‘p ish qila oladi», deb yurtovul (yurtda, ovulda, el ichida) kunlaridagi kiyim boshlarini kiyib, qilich osilgan holda otlanmishdur.
Botirning odati, kirishgan ishidan qaytmaslig‘i el ichida ma’lum bo‘lg‘anlikdan, bu ishdan qaytarish to‘g‘risida hech kim og‘iz ochalmagan edi. Shundoq bo‘lsa ham yer usti hayvonlari ichida oti ulug‘, haybati zo‘r, changali dahshatli yirtqich yo‘lbarsga to‘qnashuvni o‘ylashib, ko‘z otar mergan inisi Momutjon yo‘ldoshi bo‘lmishdur. Shu yurganicha ergashgan tomoshachi kishilar birgaligida ko‘pchilik xalq o‘rashib olg‘an qalin chirg‘anaq yaqiniga kelganida: «Hay jonivor, sen  hayvondan chiqqan yo‘lbars bo‘lsang, men insondan tug‘ilgan arslonmen!», deb yaroqlagan yalang qilichi bilan oning ustiga otil-mish ekan, botir hujumiga yo‘lbars chidayolmay, yotgan yeridan qochib chiqayotganida inisi Momut otgan o‘qdan qattiq yaralanmish edi. Buni ko‘rgach: «Hay, endi yog‘iy yaralandi, yaralang‘an yovni xotin olg‘ay»,  deb uyiga qaytmishdur.
Uchinchi voqea. Haj safariga ketayotganida mozorlarni ziyorat qilmoqchi bo‘lib, Samarqandga tushmush ekan. Amir Temur qabriga kirganida qarasa, sayohat uchun kelgan rus zobit (ofiqer) laridan birovi Temur sulton qabriga oyog‘ini tirab xat yozayotganini ko‘ribdur. Buni ko‘rgach bahodirligi qo‘zg‘alib: «Hay, puting (oyog‘ing) kesilgur junbosh (boshi junli, sochli), er qadrini bilmagan, tort oyog‘ingni!», deb hayqirgan ekan, qo‘rqqanidan sapchib turib kechirim so‘ramishdur.
Bolalik kunidan boshlab ko‘rsatgan bu bahodirning shu kabi kishi hayron qolarlik ishlari juda ko‘pdir. Buning bahodirligi, saxiyligi ustidan boshqa emas, o‘zim ko‘rgan bilganlarimni yozar ekanman, o‘z oldiga bir kitobcha bo‘lishi mumkindur

Qayd etilgan


mutaallimah  04 Avgust 2008, 08:29:06

Inson yaxshiligi ko‘milib ketmasin, xudo xush ko‘rgan fazilat bo‘lgan turk ulusining bahodirligidan kelajak bo‘g‘inlarimizga o‘rnak bo‘lib, ibrat ol-g‘o‘dek so‘zlarni bu o‘rinda kelturdim.
B a y t:
Tilim turk xalqimga ko‘p ofarin qil,
Nayongliq maxtasang ozdur aniq bil!
Yarash chog‘ida mehmondek o‘tirg‘ay,
Urush kunlarda arslondek otilg‘ay.

Biroq payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam aytganlaridek, har odam o‘z zamonasiga yaxshi tushunishi kerak. O’tmishdagi ko‘krak kerib ot chopgan, nayza solib yov olgan, ota-bobolarimiz o‘z zamonalariga yarasha ustilariga yuklangan diniy, milliy burchlarini o‘taganliklari uchun Vatanlarini bosqinchilardan saqlab, o‘z hokimiyatlarini qo‘llaridan chiqarmagan edilar. Keyingi uch yuz yilda jaholat, xurofot balchig‘iga botib, nodonlik, tushunmaslik ofatiga yo‘liqqanlik natijasida ruslar Vatanimizga zo‘rlik, qurol kuchi bilan bosib kirib, erklik hokimiyatimizni qo‘limizdan tortib olganiga shu kunlari to‘g‘ri yuz yil to‘lmishdur.
Vatanimizga birinchi bostirib kirgan shum oyoq chor hukumati ellik yillik davrida Turkiston xalqini butunlay qorong‘ilikda, ilm-ma’rifatdan uzoq tutib kelgan bo‘lsa ham, surbetlarcha ruslarni ko‘plab ko‘chirib kelmagan edi. Yerlik xalqning erki o‘zida, Vatani qo‘lida bo‘lib, diniy marosimlari, maktab madrasalari, har turli jamoat ishlari o‘z ixtiyorlarida edi. Qachonki, xalq g‘amini qayg‘urgan bo‘lib ko‘ringan yolg‘onchi aldamchi, ustal oshig‘i, mansabparast kommunistlar, qurol kuchi bilan va ham o‘ng so‘lini, foyda ziyonini ajratmagan, tushunmagan, vijdonsiz, qoraqurov nodonlardan foydalanib, o‘z hokimiyatlarini o‘rnatib olgandan so‘ngra, butun ishlarni o‘zgartirishga kirishdilar. Shundoqki, bularning hokimiyatlari dinsizlik xudosizlik asosiga qurilganlikdan, birinchi kundan boshlaboq, butun diniy ishlarni, shariat hukmlarini yo‘qqa chiqarib, maktab madrasalar, masjid xonaqolardan buzilmay qolganlarini choyxona, o‘yinxonalarga o‘xshash o‘zlari uchun keraklik o‘rinlarga aylantirdilar.

Qayd etilgan


mutaallimah  04 Avgust 2008, 08:29:57

Ma’lumdirki, dunyo yaratilgandan beri yer ustidagi insonlar o‘z erklaricha ishlab, tilagan joylarida o‘z ixtiyorlaricha yashab kelmish edilar. Chunki, inson bolasi asli yaratilishidayoq, o‘z erk-ixtiyoriga ega bo‘lishi sifatida tugilib, boshqa hayvonlardan shu orqali farqli bo‘lmishdur. Hayot olami ichra hech bir zamon, hech bir mamlakatda insonlarni erk ixtiyorlaridan ajratib, tilsiz hayvonlar qatorida majburiy ishlatish kishi xayoliga kelmagan edi. Endi bu xayoliy tuzimni qo‘llanuvchilar, xayolparast Lenin boshliq, qurol kuchi bilan shu kabi sharmandachiliklarni amalga oshirib, 50 yildan beri xalqni qiynab keladilar.
B a y t:
Qayg‘ulik tunlar uzaydi, tong otar kun bormikin?
Biz qamaldik bu temir qo‘rg‘on ichida ingranib.
Bu zulm qo‘rg‘on qobig‘in sindirar kun bormikin?
Barcha olam yo‘llari ochiq erur bizga yopib.
Ey, xudo, haj yo‘li bizga ochilur kun bormikin?
Barcha olam ahli o‘z maqsadlarini toptilar.
Uzbekiston xalqiga 6u ish bo‘lar kun bormikin?
Ruslar bosti Vatanni, qopladi seldek kelib,
Bu falokatdin, xudoyo, qutilar kun bormikin?
Sog‘uniy, bag‘ring ezildi, bu Vatanning dardida
Kim bilur, bu dardima darmon topar kun bormikin?

Qayd etilgan


mutaallimah  04 Avgust 2008, 08:30:48

Qog‘oz ustida o‘n olti erklik jumhuriyat hukumati deb yozilgan bo‘lsa ham, bularning hech birovida haqiqatan qilchalik ham ixtiyorlari yo‘qdir. Bu mamlakatlarning asosiy ishlari esa butunlay Maskovga bog‘langanligi uchun katta kichik har qanday ishlarini Maskovdan buyruqsiz qilolmaydilar. Ayniqsa, O’zbekiston jumhuriyati boshqa jumhuriyatlarga qaraganda har bir ish to‘g‘rilik eng tubangi holga tushganlikdan xalqi diniy, milliy, shaxsiy, hatto insoniy huquqlaridan butunlay mahrumdirlar.
Xalq dushmani degan yolg‘on tuhmatni taqib, 1936-1937 yillarda necha minglagan millatimiz ziyolilari, siyosatga tushungan Vatan yigitlari yo‘q qilingan kundan boshlab, Maskov nima desa bosh ustiga deydigan, xalq tanimagan suymagan, lekin o‘ziga sodiq kimsalarni, Maskov o‘z tilaganlaricha O’zbekiston qo‘g‘irchoq hukumati boshlig‘i qilib belgilab, shular orqalik o‘z maqsadlarini bajarishga kirishgani gurdilar. Buning ustiga 1966 yili 26 aprelda Toshkent shahrida bo‘lgan zilzila bahonasi bilan, uylari buzilgan o‘zbeklarga yordam yetkazish degan bo‘lib, barcha jumhuriyatlardan kishi chaqirdilar. Haqiqatda esa zilziladan vayronlikka uchragan markaziy yangi shahar binolari edi. Yerlik xalq ofatdan omon edilar. Shundoq bo‘lsa ham, buni shiltov (bahona) qilib, necha minglagan o‘zbeklarni majburiy ravishda ko‘chirib, shahar tashqarisiga chiqazdilar. Ayniqsa, Toshkentning eng tarixiy joyi hisoblangan Shayxontohur mahallasi butunlay buzilib, undan nom nishona ham qolmadi. Shahar tashqarisiga chiqarilgan bechoralarni Qurbqaobod degan qiy dalaga oborib tashladi. Uylarini buzishda yetarlik moddiy yordam berilmadi. Bu bechoralar yosh go‘dak bolalari bilan shu kunlarda ham qiynalmoqdalar. XX asrga kelib o‘z Vatanlarida o‘zlari xor bo‘ldilar.

Qayd etilgan