Endi shunisi qiziq, eng hayron qolurlik ishdurki, uyg‘urlar qon qarindoshlari o‘zbeklar boshiga kelgan shundayin ulug‘ ofat balolarni ko‘ra-bila turib ongsizlik, ilmsizlik kasofati sababli bundan ta’sirlanib qilchalik ibrat olmagan edilar. Chunki, bu shum maslak rivojlanishiga ikki narsa, ya’ni kambagallik va ongsizlik bo‘lishi, albatta, shartdur. Bular esa Rusiya tuprogida, ayniqsa Sharqiy Turkistpon va Xitoyda to‘lshi bilan topilganlikdan, dahriylar bundan foydalanib, shu buzuq maslaklarini bu joylarda rivojlantira oldilar. Natijada qurol kuchi bilan majburiyat orqali xalq bo‘yniga yuklanib, shu kungacha tushurolmas ogir yuk bo‘lib ortilib qoldi. Endi bu yerda qancha turgan bo‘lsam, menga hamkor bo‘lgudek, kelajak uchun qaygurgan bir kishini bo‘lsa ham ko‘rolmadim.
Onggi ochilmagan, bilimsiz bir millat o‘z dushmanlari oldida qushxonaga haydalayotgan bir to‘p hayvondan hech qanday ayirmasi yo‘qdir. Insonning o‘ziga eng yaqin halokatlik dushmani ongsizlik, ilmsizlikdir. Shunga ko‘ra Alloh taolo Qur’onning birinchi surasini o‘qish, uqish, bildirish, yozish kalimasi bilan boshlamish edi. Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam erkak ayol, o‘gil qiz demay butun ummatlarini ilm o‘qishga buyurdilar. Kerakligicha din ilmini o‘qish hammaga farz bo‘lganidek, o‘z hukumatini, Vatanini va millatini saqlash uchun zamonaviy fan ilmini o‘qib bilishlik ham farzdir. Bu esa Kur’onda xudo tomonidan «Va a’iddu va lahum man quvvatin mastata’tum» oyati bilan ochiq buyurilmishdir. Ma’nosi: «Dushmanlarga qarshi qo‘linglardan kelguncha qurol kuchi tayyor qilinglar», demakdir. Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam: «Alo innal quvvata arramyu», deb uch qaytarib aytdilar. Ya’ni, «hushyor bo‘linglarkim, albatta kuch quvvat dushmanga o‘q otmoqdir», dedilar.