Alixonto‘ra Sog‘uniy. Turkiston qayg'usi  ( 126303 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 ... 24 B


mutaallimah  02 Avgust 2008, 06:37:39

Xaqiqatda esa, erklik Vatan hokimiyati o‘z qo‘limizda bo‘lmagach, boshqalar foydasiga butun huquqlarimiz oyoq ostiga tushib depsalmoqda. Lekin huquqlar himoyasining eng kuchlik quroli hisoblangan ilm-hunar, maorif eshiklari hozirgi kunda inson olami yuziga butunlay ochiqdur. Shu sababdan tushungan Vatan o‘glon-qizlarimiz zamonaviy har ilm-hunarni asosi bilan yaxshi tushunib, imkoniyat boricha bilib o‘zlashtirishga boshqalardan ortiqroq kirishmoqlari lozimdur. Chunki, «Ish — bilganniki, qilich — urganniki» degan hikmatli otalar so‘zini amalga oshirar ekanlar, albatta, Vatan ahllari, ayniqsa, zamonaviy o‘qishib yetishgan o‘gil-qizlarimiz o‘z ishlarini bajarib, munosib o‘rinlariga ega bo‘la oladilar.
Agar qo‘lida sharoit bo‘la turib, bir qonuniy mamlakatda o‘z qonuniy haqqiga ega bo‘lolmaganlar kishilik sharafidan ajragan, insoniyat haqqini tanimagan, odam suratlik hayvonlardir. Chunki sharoiti topilsa ham, o‘z haqqiga yetolmaslik esa ojizlik ustiga ishga yaramaslik demakdir. Bunday odamlarni o‘tgan donishmandlar misol keltirib, ogzidagi nonini itga oldirgan, qo‘l-oyogi sog, qurollik kishiga o‘xshatadilar.
Mana shuning uchun payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom ummatlarini tubandagi uch narsadan bek saqlanishga buyurmishdir:
Ojizlik,
Qo‘rqoqlik,
Dangasalik-ho‘rinlik.
Sharoiti bo‘la turib, o‘z haqqiga ega bo‘la olmagan kishini arabchada «ojiz» deyiladi.
Kishi nima narsadan qo‘rqsa, shu narsa qo‘rquvchi boshiga balo bo‘lib, aning oldida maglubiyatga uchraydi. Ko‘rqoqlar ko‘p yaxshiliklardan quruq qoladilar.

Qayd etilgan


mutaallimah  02 Avgust 2008, 06:38:17

Dangasalik-ho‘rinlik — bu esa ishchanlikka qarshi bo‘lib, hayot olamida insonlar uchun eng ziyonlik yomon sifatlardandir. Shuning uchun payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam: «Tani sog bekorchi, dangasa odamlardan Xudo bezor», — dedilar. Yana payg‘ambarimiz aytishlaricha, har bir aqli bor odamlar o‘z holatlarini tekshirib turishlari, o‘z zamonasiga to‘liq, yaxshi tushunishlari, albatta, lozimdir.
Biz, O’zbekiston xalqi, haqiqatda shu vatan ahllarimiz. Inson nasli yaratilib, yer ustiga qadam qo‘ygan kundan boshlab, bizning ota-bobolarimiz shu O’zbekiston o‘lkasida yashab kelgan ekanlar, shu kunlargacha tiriklarimizni bo‘ynida ko‘tarib, o‘liklarimizni qo‘ynida saqlamishdir. Bu O’zbekiston Vatanimizning bir qatlami biz o‘zbek xalqi ota-bobolarimizning suyaklari bilan ko‘tarilmishdir. Demak, bo‘ynida ko‘targan, qo‘ynida saqlab oq sut berib tarbiyat qilgan bu O’zbekiston — Turkiston bizning o‘z ona vatanimizdir.
Endi yuqoridagi so‘zga ko‘ra biz o‘zbeklar shu kungi holimizni yuzaki emas, chuqurroq tekshirib ko‘raylik. Qaysi holda turamiz, qanday xorlik ostida yashaymiz, hayotimiz ustidan kimlar hukm yurgizib, taqdirimiz kimlar qo‘liga topshirilmishdir? Jannat kabi bog‘i-bo‘ston, noz-ne’matlik Vatanimizga kimlar ega bo‘lib, ul joylarda kimlar o‘ltiradi? Vatanimiz, boz ustiga mol-dunyomiz, axloq-odoblarimizdan bizni kim ajratdi? Butun hayot, hosilot, erk-ixtiyorimizni majburiy ravishda qo‘limizdan kimlar tortib oldi?

Qayd etilgan


mutaallimah  02 Avgust 2008, 06:40:51

O’zbekiston, ayniqsa Qirgiziston, Qozogiston o‘lkalarida o‘z ahllaridan necha barobar bosqinchilar ko‘payib, butun yerlarimiz ruslashtirildi. Boshqalarga ko‘z bo‘yov uchun qogoz ustida «O’zbekiston», «Faloniston» degan nomlar berib, ish ustida Maskov tomonidan tayinlangan bir qancha Vatan xoinlari, amalparast, vijdonsiz, maslaksiz odamlarni yerlik xalqlar nomidan qo‘ygan bo‘lib, iqtisodiy, siyosiy, harbiy ishlarni o‘z qo‘llarida tutmoqdalar. Xalqimiz o‘z mehnatlari bilan topgan iqtisodiy boyliklarni va Vatanimizdagi tabiiy boyliklarni uyatsizliklarcha talamoqda.
Xrzir yigirmanchi asrning ikkinchi yarmida butun dunyo bo‘yicha mustamlakachilik davri yo‘qolish oldida turishiga qaramay, biz Turkiston xalqi sovet bosqinchilarining ajoyib bir mustamlakachilik davrida turibmiz, hatto xalqimiz ruslashtirilib, yo‘qolib ketish xavfi bor. Bizlar butun huquqlarimizdan ajragan holda, bog-bo‘ston, noz-ne’matlik Vatanimiz, ota merosi halol mollarimiz ko‘z oldimizda, baqraytib turib, bosqinchi dushmanlarimizga bo‘lib berilmoqdadir. Unumlik Vatanlaridan necha million tonnalab «oq oltin» — paxta chiqarib berayotgan baxtsiz dehqonlarimizning xo‘jaliklari bo‘lgunlikka tushib, shu kunlari qanday ogirchiliklar bilan kun kechiradilar.
O’z eli, o‘z yerida garib bo‘lgan bu bechoralarga gamxo‘rlik qiluvchilar, bularni qaygurib eskaruvchilar bormi? Bu uyatsizlar «Itingni och saqla, or tingdan ergashsin», degan maqolni tilga keltirmasalar ham amalga oshirdilar. Haqiqatda Vatan qadrini bilmagan hozirgi (1960 yillardagi) O’zbekiston hukumati boshliglari kabi bir necha mansabparast, ochko‘z kishilarni orqaga ergashtirib, shular orqali o‘z maqsadlarini bajarmoqdalar. Zilzila bahonasi bilan (1966 yil 26 aprel Toshkent zilzilasi) bizga yordam yetkazmoqchi bo‘lib sel kabi qoplab kelayotgan bosqinchilar kimlar hisobiga yayrashib, kimlarning Vataniga ega bo‘ldilar? Yerlik xalqlarni shahardan chetga haydab, bularning joylariga necha qavatlagan imoratlar solinib, bu imoratlarga butunlay ruszabonlarni ko‘chirib keldilar. Uyidan ajragan bechora yerlik xalq yosh bolalari bilan ko‘chalarda diydirab yurib, arangina bir oshyona solish imkoniga ega bo‘ldilar.

Qayd etilgan


mutaallimah  02 Avgust 2008, 06:42:54

Mana bu fojialarga umumiy Vatan ahllari — o‘zbek xalqimiz, ayniqsa yangi hayot egalari, zamonaviy o‘qimishlik Vatan bolalarimiz, siyosatshunos vatanparvar, zamonaviy buyuk olimlarimiz ahamiyat berib qattiq qaygurishlari, albatta, lozimdir. Chunki bir millatning Vataniga tushgan ofatlar esa u millatning jasadlariga yopishgan vabo mikroblari kabidir. Agar unga qarshi chora ko‘rilmas ekan, ko‘p uzoqlamayoq hayot olamidan oti o‘chirilib, u millat tub tomiri bilan yulinib tashlanadi. Hozirda esa bizga qarshi qo‘yilgan bosqinchilar kuchi boshlangich davrga qaraganda yuz barobar oshganlikdan, biz Vatan ahllari ular oldida tog ostida qolgan chigirtkachalik ham kuchga ega emasdurmiz.
Lekin bunga qarshi toglarni agdargudek kuchga ega bo‘lgan ularning dushmanlari esa payt poylab qarshilarida qarab turibdilar. Endi bizga bularning temir changallaridan qutulish uchun zamonaviy ilm-hunarlarni qo‘lga keltirib, vaqt kutib tayyorgarlik ko‘rishdan boshqa chora mumkin emasdir.
B a y t:
Sabr qil, boglar zamon dushman qo‘lin orqasiga,
Vaqtin o‘tkazma o‘shanda, dushmanni ur boshiga.
Chunki bir davlatning qurilishi uchun misoli bir zavod binosining qurilishi kabi shunga yetarlik har xil asbob-uskunalar tayyorlash, albatta, lozimdir. Unga keraklik yaroq jabduqlar, quruvchi usta ishchilar, boshqaruvchi o‘tkir ko‘zlik muhandislar hozirlangan so‘nggida vaqti yetib sharoiti kelar ekan, davlat binosi shaksiz quriladi demakdir. Endi bu maqsadni qo‘lga keltirishga zamonaviy ilm-hunarni to‘liq ravishda o‘zlashtirib, tarixiy an’analarimizdan ajramasdan diniy ruhimiz, milliy hissimizni qo‘ldan bermasligimiz eng birinchi shartdir.

Qayd etilgan


mutaallimah  02 Avgust 2008, 06:43:15

Yana o‘z so‘zimizga qaytaylik. Akamiz boshliq qarindosh-urug‘lar bilan ko‘rishib, zamona ahvoli bilan tanishganimizdan so‘ngra, o‘z joyimiz Bolosog‘un-To‘qmoq shahriga qaytmoqchi bo‘ldik. Kelgan yo‘limiz tog‘ safarining xatarlaridan saqlanib, poezd bilan Toshkent orqali ketmoqchi bo‘lsak ham, u kunlardagi tartibsizliklar sababli bir hafta, o‘n kunlab poezd bileti ololmay yurgan kishilarni ko‘rgach, yana tog‘ yo‘li bilan qaytishga to‘xtaldik. Qaytish kunlarimizda bosmachilar joylashgan qishloqlarni oralab o‘tishga to‘g‘ri kelganlikdan otlarimizdan ajralib qolish qo‘rquvi bo‘lsa ham, xatarli joylardan salomat o‘tib, tog‘ ichiga kirdik. Ketman dovonidan o‘tib, yo‘l o‘rtalanib qolgach, qarasak, bosmachilar sababli o‘tkinchilarni tekshirish uchun yo‘l bo‘yiga soqchi askarlar qo‘yilmish ekan. Ularga uchrashishlik ham, uchrashmaslik ham xatardan xoli bo‘lmaganlikdan, dushman yuzini ko‘rmaslikni ortiqroq ko‘rib, yo‘l chalg‘itib qutulib ketdik. Ular bizni qanday qilib ko‘zlaridan yo‘qotib qo‘yganliklarini o‘zlari ham bilmay qoldilar. Ular ko‘zidan uzab olgach, o‘yqirlik dalalari ko‘p tog‘ orasidan tizgin tortmay chopganimizcha, keng bir tekis yaylovga chikdik.
Tun qorong‘usi emas, to‘liq oydin kechasi bo‘lganlikdan, yirokdan bizga qarshi kelayotgan bir to‘p otliq kishilarning qorasi ko‘rindi. Oldimda ot tosqog‘i (elishi) bilan ketayotgan yo‘ldoshim Ibiloxun qanday qilamiz deganday qilchayib (bezovtalanib) menga qaray bergach: «Shu yurishingni buzma, yo‘ldan chiqmay, shu chopg‘aningcha yuraber», dedim. Oramiz bir-ikki chaqirimcha qolgan edikim, biz tortinmay to‘g‘ri kelayotganimizdan cho‘chishgan bo‘lishlari kerak, to‘g‘ri yo‘ldan tog‘ tomonga burilishib, ko‘zimizdan g‘oyib bo‘ldilar. Bularning bizdan qochqaniga qaraganda, ular Qirg‘izistondan O’zbekistonga yoshirincha qatnovchi savdogarlar deb o‘yladik. Shu bilan orada bir qo‘nib, Qalmoqoshuv orqali Merki shahriga tushib, undan uch qo‘nib To‘qmoqqa yetdik. Bu safarimizning borish-kelishi yaqin bir oy chamali bo‘lmish edi.

Qayd etilgan


mutaallimah  03 Avgust 2008, 02:42:03

QORAKO’L SHAHRI
Shu bilan To‘qmoqqa kelib ming turli tashvishlar orqali biror yil o‘tkarib edim, shu orada o‘ntacha shogirdlarini ergashtirgan holda mashhur Lo‘liqori laqablik Ro‘ziqori domla biznikiga mehmon bo‘lib Andijondan kelib qoldi. Bu kishi biz bilan Buxoroda bir pir, bir ustoz bo‘lg‘onlikdan, eng hurmatlik sanalgan aziz mehmonimiz edi. Imkoniyat boricha besh-o‘n kunlab mehmonnavozlik xizmatimizni bajo keltirdik. Qarasam, bu yerning ob-havosi mijozlariga to‘g‘ri kelib qoldi. Asli maqsadlari esa Qorako‘l (Hozirgi Qirg‘iziston shahri) orqali Yorkentga, u yerdan G’uljaga o‘tmoqchi ekanlar. Yo‘lboshchilari u tomondan xabar kelturguncha shu yerda turmoqchi bo‘ldilar. Darhol o‘z istaklaricha, To‘qmoqdan o‘n ikki chaqirimlik tog‘ ichidagi Bektoshota mozo-riga chiqarib qo‘ydim.
Bektoshota — hozirgi tarixdan 900 yil ilgari o‘tgan Turkiston hoqonlaridan Jambuldagi Avliyoota laqablik Qoraxon podshoh bilan zamondoshdir. Bektoshota u kishining laqablari bo‘lib, nomlari esa Abdulaziz bobodir. Mehmonlarimiz bu mozorga chiqarilgach, ixloslik musulmonlar bular uchun har to‘g‘rida yordamlarini ayamadilar. Orada 30 — 40 kun o‘tgandan keyin bularni G’ulja tomonga kuzatib qo‘ydik.
Shu kunlar dahriylar davlatining boshlang‘ich davri bo‘lganliqdan GPU jallodlarining dahshatli hara-katlari avj olmish edi. Bular ketib 5 — 10 kun o‘tar-o‘tmas meni Pishpekka chaqirib so‘roqka olg‘andin so‘ngra qamoqqa buyurdilar. Ketganlar ustidan necha qayta so‘roq o‘tkazib ilintira olmagach, uch oy chamaliq qamoqda yotib, yana bo‘shanib chiqdim. Bu esa to‘rtinchi yo‘l qamalishim edi.

Qayd etilgan


mutaallimah  03 Avgust 2008, 02:51:23

Shu sababli safar taraddudini ko‘rib, To‘qmoqdan 250 chaqirim chamali sharq tomondagi Qorako‘l shahriga bormoqchi bo‘lib, yo‘lga chiqdim. To‘qmoqda turgan otushlik Abdurahmon tuyachi safar yo‘ldoshim bo‘ldi. Uydan chiqqach, orada bir qo‘nib Issiqko‘lga yetdik. U kunlari eng ko‘ngilli, manzarali bo‘lgan ko‘lni bo‘ylab yurganimizcha To‘qmoqdan chiqib beshinchi qo‘nalg‘uda shaharda bo‘ldik. Qorako‘l shahrining qurilgan o‘rni  go‘zal manzarali, ko‘rkli bo‘lib bir yog‘i ko‘m-ko‘k shishadek ko‘karib turgan ko‘l qo‘ltig‘iga, ikkinchi tomoni, to‘g‘ri ko‘chalar bo‘lib, cho‘zilg‘anicha yam-yashil qarag‘ayli toqqa borib tutashgan edi. Biz borgan kunlari may oyiga to‘g‘ri kelganlikdan havo ochig‘ida ko‘l ko‘kday ko‘rinib, dala, tog‘-toshlari yam-yashil bo‘lib ko‘zga tashlanur edi. Shaharga kirgach, marhum otamiz qadrdonlaridan otushlik Ro‘zioxun hojim uyiga tushdik.
Qorako‘l shahri necha tomondan tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan bir yer ustiga qurilmishdir. Birinchidan, bu joylarni butun tarixiy kitoblarda Turkiston beshigi, turk otasi O’g‘uzxon poytaxti deb ataydilar. Ikkinchidan, islomdan ilgari madaniyatli o‘g‘uz turklari bo‘lgan Ediqut elining tupki vatanlari bo‘lib, Bolosog‘un esa turk hoqonlarining poytaxti edi. Uchinchidan, Movarounnahr (Turon) mamlakatlarida mo‘g‘ullar hokimiyati Temur sulton tomonidan zarbaga uchragach, To‘g‘luq Temirxon o‘g‘li Ilyosxo‘ja qo‘shinini taqamish qilib yuz ming askar bilan kelayotgan Amir Temur Issiqko‘l bo‘ylab Qorako‘l, Qorqora, Tekas, Ko‘ksuv, O’g‘uz orqali o‘tib, cho‘ng Yulduzga tushmish edi.

Qayd etilgan


mutaallimah  03 Avgust 2008, 02:51:44

U yerdagi mo‘g‘ul qoldiqlari ham yengilgach, Ilyosxo‘ja o‘g‘li O’g‘lonxon o‘z askari bilan Oltoy orqali Qoraqurum Mong‘uliyaga qochmishdir. Bular ortidan Mirzo Ulug‘bek bobosi Temur sulton buyrug‘i bilan
o‘n ming otliq askar olib quvgan bo‘lsa ham, qochqinlarga yetolmay, Ertish suvidan quvib o‘tkazib ortga qaytmish edi. So‘ngra Ulug‘bekga yetarlik askar qo‘shib Muzdovon orqali Oltishaharga o‘tish, u yerlardagi mo‘g‘ullar hokimiyatini bitirgach, Koshg‘ar orqali Andijonga borishni buyurdi. O’zi bo‘lsa bor lashkari bilan g‘olibiyat zafar bayrog‘ini ko‘targanicha Yulduzdan qaytib Toyoshuv, Dog‘ut, Kunas orqali To‘g‘luq Temirxon poytaxti Olmalig‘ga, hozirgi Qo‘rg‘osga kirdi. Bu yerdagi xon xazinalaridan qoldiqlarini sipirib olgandan so‘ngra, hoqon oilasiga ega bo‘lib, xon qizini o‘ziga nikohga olgach, mo‘g‘ullar uni ko‘ragon (kuyov) deb atadilar. O’z rasmlaricha ulug‘lab, xon qizi tarog‘ini yuz mo‘g‘ul, sirg‘asini yana yuz mo‘g‘ul oltin qutilarga solishib boshlarida ko‘tarishganlaricha Samarqandga keltirdilar. Shular urug‘idan Taramochi, Sirg‘ali nomida ikki qabila o‘zbeklashib, Samarqand, Shahrisabz atrofida hozirgi kunga dovur yashab kel-moqdalar. Temur sulton shu safarida mo‘g‘ullarga eng so‘nggi qahshatqich zarba berib, Turon-Turkiston elidan ularning hokimiyatini tub-tomiri bilan yulib tashlamishdir. Chingiziylar davlatining so‘nggi hoqoni To‘g‘luq Temirxonning Samarqandga keltirilgan xazinasi ichida yashil toshdan yasalgan birovi ko‘k, ikkinchisi  ok tusli kattaroq taxt toshlari ham bor edi. Samarqandda «Xitoydan kelgan ko‘ktosh» degan xalq og‘zidagi so‘z asli shundan chiqqan bo‘lishi kerak. Ko‘rganlardan eshitishimizcha, bu toshlarning to‘rt puchmog‘ida kosa og‘zidek to‘rt o‘yig‘i bor ekan.

Qayd etilgan


mutaallimah  03 Avgust 2008, 02:53:38

Turkiston xalqi o‘zlariga bir kishini xon ko‘tarmoqchi bo‘lsalar, rasm odatlaricha shu o‘yiqlarga tilla to‘ldirib qo‘yar ekanlar. So‘ngra, yuz kishi sig‘ib o‘lturg‘udek, katta bir oq kiygiz ustiga xon bo‘lmish kishini o‘ltirg‘izib, to‘qson ikki bovli (unvonli) o‘zbek-turk urug‘idan kelgan to‘qson ikki ulus beklari ko‘tarishib, taxt toshi ustiga qo‘yar ekanlar. Palonchini xon ko‘tardik degan so‘z asli shundan chiqmishdir. Bu esa butun xalq uning xonligiga rozilik bildirib, unga bergan bayatlari o‘rnida qo‘llanib kelingan turk tuzuklarining birisidir. Shunda taxt toshi puchmog‘laridagi uymalangan tillani atrofdan kelgan ulus vakillari  beklar bo‘lishib olur ekanlar. Mana, madaniyat vahshiylari Vatanimizga qadam qo‘ymasdan ilgari, Turon ahlining xon saylash usullari shu asosga qurilmish edi. Bunga ko‘ra butun xalq roziligini olish bu ishda shart qilinganligi bilinadi. Haqiqiy saylov shunday, xalq roziligi bilan bo‘lishi kerakdir. Yo‘q esa o‘zlarini xalq hukumati atagan madaniyat vahshiylari ko‘zbo‘yov, yolg‘on saylovlarini ellik yillardan beri kino ko‘rsatgandek qilib o‘tkazmokdalar, lekin qog‘ozni bir teshikdan olib ikkinchisiga tashlashdan boshqani hech kim bilmaydi va ham bilish haqiga ega emasdir.
Yana o‘z so‘zimizga kelaylik. Shunday qilib, Qorako‘l shahrida bir oy chamali turdim, bu yerdagi musulmonlarning ko‘pchiligi uyg‘urlar bo‘lib, qolg‘anlari o‘zbek, no‘g‘oy, tungon va sart qalmoq (mo‘g‘ul musulmonlari) edilar. Borgan kunimdan boshlab, kecha-kundiz demay xalq bosa boshladi. U kunlari musul-monlar mening oldimga kirishib diniy masalalar, axloqiy va’z-nasihat anglashga ortiq qiziqar edilar. Birinchi jum’a No‘g‘oy katta masjidida, ikkinchi jum’a tungon jome’sida oyat, hadislardan ma’nilar bayon qilib, iymon-islom asoslarini tushuntirdim. Dardlik ko‘nglimdan chiqqan ruhoniy va’zlar so‘zlaganimda, masjid to‘la necha minglagan musulmonlardan chiqqan yig‘i zori tovushlari bilan jome’ bi-nolari larzaga kelmish edi. Bu kabi ruhiy tomondan lazzatlanib, botiniy sezgularining qo‘zg‘olish xususiyatlari ko‘pincha diniy va’z majlislaridagina ko‘rinadi.

Qayd etilgan


mutaallimah  03 Avgust 2008, 02:55:30

«Odam o‘g‘lining yaxshilari farishtalardan ham ortikdir», — deb payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom boshliq o‘tgan barcha yalovchi payg‘ambarlar bu so‘zning chinligiga to‘nuqlik (guvohlik) beradilar. Ularning yovuz-yomonlari esa, yirtqichlarni yo‘lda qoldirib, shaytonlarga dars beradi. Hozirgi bizning davrimizda (1967 yil) G’arbiy, Sharqiy Turkiston bosqinchilarining qilayotgan cheksiz zulmlari esa, buning jonlik guvohidir. Inson yaratilgandan beri ikki Turkiston musulmonlari uchun bu kabi ziyoni tuganmas, zarbasi uzulmas uzun ofat  qizil balo hech vaqt, hech qachon ko‘rilmagandir. Negakim, dunyo borlig‘idan beri xudosiz-dinsizlar qo‘liga qurol o‘tib, hokimiyat ustiga minmagan edilar. Bu yirtqichlar insonlarni yolg‘izgina diniy, vataniy, shaxsiy huquqlaridan emas, balki insoniy haqlaridan ham butunlay ajratib, hayvonlar qatorida ishlatmoqdadir.
Asrimiz boshida chiqqan siyosiy firqalar ichida kommunizm kabi aqldan yiroq, xayoliy bir maslak ahli bo‘lgan emas. Mana shu xayoliy maslak egalari 50 yildan beri aqldan tashqari tuzumlarini qurol kuchi bilan xalq ustida yurgizib keladilar. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomdan qiyomat alomati so‘ralmish edi: «Unda haromzodaning o‘g‘li  haromzodalar hukumat egasi bo‘lib, xalq ustida zulm hukmini yurg‘izadi»,  dedilar. Hozirda esa, naqd shu kunlar ustida turibmiz. Endi bu firqadan qanday yaxshilik umidi bo‘lurkim, bularning asosiy tuzumlari  xudosizlik, dinsizlikka, o‘zlaridan boshqa hech narsaga ishonmaslikka qurilgan bo‘lsa. Chunki, dinsizlik har bir yomonlikka yo‘l ochadi, insonni insonlik sifatida tutib turadigan, har bir yaxshilikka boshlaydigan narsa dindur.

Qayd etilgan