Shu yerga kelganimizda otaqli qolovuzlardan qirg‘iz Qo‘ychi botir qochoqlarga yordam yetkazish uchun G’uljadan chiqib, oldimizda ikki kunlik Qudurg‘u degan yerga kelgan xabarini angladik. Bu kishi esa besh-o‘n qurollik yigitlari bilan yo‘l topolmay yurgan qochqunlarni G’ulja tomoniga o‘tkazib, shu kasb orqalik foydalanib yurgan qora botirlardan ekan. «Qorako‘l shahar soqchilari xabar topmay turib, chegaradan o‘tishimiz kerak, kechikkanning xatari ko‘p, tezlik bilan yetkazib kelinglar», deb qurollik ikki yigitni bizga yubormish edi. Yo‘lda qo‘shilgan qirg‘iz yo‘ldoshlarimizning orqada kelayotganlarini kutishga to‘g‘ri kelganlikdan shu yerda ikki kun turishga majbur bo‘ldik. Shunga ko‘ra Qo‘ychi botirdan biz borgunimizcha kutib turishni o‘tinib so‘rab, tortuq yo‘sinida unga bir semiz biya yubordik. Qudurg‘u tog‘i betida to‘p qarag‘ay tagida bizni kutib olishga qattiq va’da berishib, biya yetaklagan holda bu ikki yigit bizga xo‘sh aytib qaytdi. Shu bilan ikki tun o‘tkazib ular ortidan biz ham yo‘lga tushdik.
Rahmsiz, kuchlik dushmanlar changaliga tushishdan qo‘rqib, ulug‘ tog‘larga sig‘ingan yig‘indi bir to‘da mazlum ojizlar qatorida o‘zimning ketayotganimni ko‘rib, bu xunuk manzaradan qattiq ta’sirlanmish edim. Bir davrlarda butun dunyoni nayzasi uchida o‘ynatgan turk o‘g‘lonlari, bugunki kunda burgutdan qochgan tulkiga o‘xshab qoldilar. Qochar joyini, kirar teshigini topolmaydilar. Burun nega unday ekanmiz? Endi nega bunday bo‘ldik? Mana buning sabablarini tekshirib, aniqlab bilganimizdan keyin, uning chorasiga kirishmog‘imiz kerak. Bizning ishonchimiz 6u dunyo, u dunyo bo‘lib, oxirat kuniga iymon keltiramiz.
Endi shuni bilmoq lozimdirkim, bu dunyo ishlarini Alloh taolo butunlay sababga boglamishdir. U dunyo ishlari bo‘lsa, Qur’onning aytishicha, sababsiz, xudo qudrati bilangina paydo bo‘lur. Hayot olamidagi dunyo ishlari zarradan Quyoshgacha, barcha narsalarning bo‘lishi va bo‘lmasligi bari sababga bogliqir. Tavakkal qilish, ya’ni, Allohga topshirishni ersa, inson toqatidan tashqari, qo‘lidan kelmaydigan ishlardagina shariat buyuradi. Shundoqki, dehqon yerni tanlab haydaydi, butun sharoitlarini bajargan so‘nggida tuproqqa urug ko‘madi. Ammo tuproq ichidan uni undirib chiqarish uning ishi emas. Bu to‘grida tavakkal qilib turishdan boshqa chorasi yo‘qdir. Bizning bu so‘zimiz hammaga tushunarlik bo‘lganlikdan, dunyo ishlarini musulmonlar, albatta, shunga taqqos qilishlari lozimdir. Payg‘ambarimiz aytdilar: «Musulmonlar dunyoda yaxshilik ko‘rsalar Allohga hamd aytsin. Agar yomonlik ko‘rar ekanlar, o‘zlaridan ko‘rsin, qilmishlari ularga qaytarilmishdir».
Oyat, hadis, xudo, payg‘ambar so‘zi mazmunicha to‘xtalgan hukm shulki, islomiyat sharoitlarini 6utun bajarish sharti bilan dunyo ishlarida moddiy, ma’naviy tomondan zamonaviy asboblarini to‘liqlab qo‘lga keltirish musulmonlar uchun farzdir. Agar bu ishni yuzaga chiqarish uchun yuz sharti bo‘lar ekan, shulardan to‘qson to‘qqizini bajarib, biriga kelganda uzrsiz uni qoldirsa, shariat oldida xiyonat qilgan bo‘lib, shu ishda jinoyatchi hisoblanadi. Chunki, hayot olamiga qurgan Alloh qonunini buzib, yaxshi saqlamagan bo‘ladi. Qaysi narsaning salbiy, ijobiy bo‘lishi bo‘lmasligi sabablari to‘liqlanar ekan, kimning qo‘lidan bo‘lsa ham, u narsaning yuzaga chiqishi aniqlanmishdir. Biz musulmonlarga ham shunday ishonish lozimdir. Chunki, bir ishning paydo bo‘lishi uchun, uning sabablari to‘liq qo‘lga kelar ekan, uni yuzaga chiqarish Allohning hayot olamiga qo‘ygan qonunidir. Qur’on tilida buni «odatillo, sunnatillo», ya’ni «Alloh odati, Alloh yo‘li» deb aytiladi.