Alixonto‘ra Sog‘uniy. Turkiston qayg'usi  ( 126301 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 ... 24 B


mutaallimah  04 Avgust 2008, 08:56:57

XX asr madaniyati orqalik dunyo bo‘yicha ilm tarqalib, buning natijasida Ovrupo ajdarholarining mustamlakalarida qulchilikda yashayotgan insonlar ozodlikka chiqib, o‘z milliy hukumatlariga ega bo‘ldilar va bo‘lmoqdalar. Shu bilan barobar ikkinchi tomondan o‘zlarini «mehnatchilar gamxo‘ri» deb pardalagan kommunist qizil ajdarholar tushunilmas, buzuq tuzulmalari ostida butun xalqni qutulmas qulchilikka solib, hayvonlarcha ishlatmoqdadirlar. Ayniqsa, biz ikki Turkiston o‘zbek uygur musulmonlari ikki ajdarho ogziga taqashib, yutilish oldida turibmiz. Endi ish shundayin fojialik holga yetganda bundan qutulish uchun qandaycha choralar ko‘rishimiz mumkin va qandaycha choralar ko‘rishimiz kerak! Chunki, hayot olamidagi butun ishlar sababga bogliq ekanligini, qachon bir ishning sababi topilar ekan, uni yuzaga chiqarish, Qur’on hukmicha, Allohning buzilmas odati ekanligini aniq bildik. Bunday bo‘lshch, bu fursatni ham ganimat bilib, yutilib ketmasdan boldirroq (oldinroq, ilgariroq), undan qutulish chorala-riga kirishimiz lozimdir.
Yer usti insonlari yer osti ma’danlari kabi turlikcha yaratilganlikdan, har qaysilari har turlik qobiliyatga egadurlar. Bular ichida temir ko‘mirlari ko‘p bo‘lgandek, oltin olmoslari ham oz emasdir. Endi esa kelajak kunlarda biz uchun yaxshi sharoit lar tugilib, qobusi kelar ekan, tog boskandek ustimizda bosib yotgan bosqinchilar qo‘lidan vatanimiz Turkistonni, albatta, qutqara olamiz. Chunki, bizlar hozirgi holda tog tagiga tushgan chumolidek ojizlikda yotgan bo‘lsak ham, bunga qarshi ko‘z oldimizda toglarni qo‘morgidek (ag‘dargudek, ko‘chirib, yulib tashlagudek), dahshatlik kuch quvvatlar fursat kutib turibdilar. Agar shundoq kunlar to‘gri kelar ekan, siyosat maydoniga millat yetakchilari, albatta, chiqadi va shunda Turkiston xalqi o‘z hukumatini birinchi navbatdayoq qurib olishi, albatta, lozimdir. Har millatning o‘z hukumati o‘z qo‘lida bo‘lmas ekan, cho‘poni qo‘ychiboni yo‘q bir to‘da qo‘y kabi yirtqich qushlarga, och bo‘rilarga yem bo‘lib, oxiri inqirozga uchrab yo‘qoladi.
Endi maqsadga yetmoq uchun davlatimiz qo‘limizdan ketgan bo‘lsa ham, millatimizni yutilishdan saqlab qolish kerak. Buning birdan bir chorasi esa, diniy va ham milliy hislarimizdan ajramaslik edi. Biroq bu hiylagar bosqinchilar o‘zlarining zulm-istibdod hokimiyatlari ostida diniy milliy hislarimizni yo‘qo tish uchun, tish-tirnoqlari bilan qattiq kirishganliklari natijasida, Turkiston xalqining diniy hislari ko‘ngillaridan ko‘tarilib qoldi. Nechuk ko‘tarilmagaykim, din ilmi, din tarbiyati birinchi navbatdayoq maktab madrasalardan chiqarilib tashlab, o‘quv o‘qituv ishlari butunlay dinsizlik asosiga qurilmish edi. Shundan beri 50 yil o‘tdi. Sovet hukumati kommunistik istibdod ostida diniy milliy hislarini butunlay xalq ko‘nglidan chiqarish uchun, moddiy va ma’naviy kuchlari bilan dinga qarshi butun choralarini ko‘rmoqda. Buning ta’siri orqalik hozirgi yoshlarimizning din haqidagi tushunchalari o‘zgarib, diniy hislari yo‘qolishi boshlandi. Uning ustiga baynalmilal pardasi ostida yoshirinib olib, millatchilik yo‘q desa ham, boshqalarni yutish qonunini amalga oshirish bilan bizni yutmoqchi bo‘ladilar. Endi bu yolmogizlarga yutilishdan o‘zimizni qutiltirish uchun, diniy, milliy hislarimizni saqlab, zamonaviy fan ilmlarini egallashdan boshqa chora topilishi mumkin emasdir.
 

Qayd etilgan


mutaallimah  04 Avgust 2008, 08:58:36

Xulosa shuldirki, milliy hokimiyatimizdan hozircha ajrab turgan bo‘lsak ham, milliy hissiyotimizdan ajramay, uni saqlay olsak, kelajakda dushmanlarga yutilishdan o‘zimizni qutqara olamiz. Endi bu maqsadga yetish uchun qo‘yilgan masalalarning eng birinchi sharti til masalasidir. Agar biz til adabiyotimizni kengaytirib, uning qadr qimmatini oshirib, boshqa madaniy tillar darajasiga yetqizur ekanmiz, mana bu chogda millatimiz, milliy hissiyotlarimiz doimiy ravishda o‘sib saqlangusidir. Agar bunday bo‘lmay balki, aksincha, o‘z ona tili qadriga yetmasdan unga ahamiyat bermas ekanlar, u chogda ko‘p uzoqlamayoq alvido aytib, o‘z tillaridan abadiy ajragan bo‘ladilar. Shundoq bo‘lib, o‘z ona tilidan ajramoqlik, milliy hissiyotlarini yo‘qotish natijasidir. Bu ish esa insoniyat olami oldida ulug xiyonat, kechirilmas jinoyat hisoblanadi. Bunday bo‘ldi demak, ulug Turkiston ulusi Turon nasli bosqinchilar tilagicha, qurbon bo‘lgan holda inqirozga uchrab, Alloh saqlasin, tarix sahifalaridagi shon-sharaflik nom nishonlari o‘chiriladi demakdir.
«Xonligingdan ajrasang dagi, ulusingdan ajrama», degan eskidan qolgan maqol eng hikmatli so‘zdir. Chunki, bizning ishimiz va biz o‘xshash boshqalarning ham ishlari shu hozirda talashib tortishib yotgan dunyo siyosatiga bogliqdir. Shunga davr til adabiyotimizdan adashmay, milliy hissiyotimizdan ajramagan holda, zamonaviy ilmlarni egallashimiz kelajakda ko‘z tutilgan ulug maqsadlarimizning birinchi shartidur.

Yana o‘z so‘zimizga qaytaylik. Shunday qilib, tog‘dan toqqa, dovondan dovonga osha ikki kun yurganimizcha, bizni kutib olishga mo‘ljal qilishgan tog‘ga yetib keldik. Qarasak, biz va’dalashgan kishilardan bu yerda hech kimni ko‘rolmadik. Bu ishdan o‘ylanib gumonga tushgach, sog‘lik bilan olg‘a tomon yurib, kun tush vaqtida Qudurg‘u tog‘iga yetib keldik. Bizni kutib turmoqchi bo‘lgan Qo‘ychi botirning yoshiringan joyi to‘p qarag‘ay, qarshimizdagi tog‘ betida ko‘rinib turmoqda edi. Ko‘z tutgan yerimizdan hech kim ko‘rinmay, jim-jit bo‘lganligi uchun hayron qolib turganimizda, birdaniga uch otliq kishi tog‘ cho‘qqisidan chiqdilar. Bizning kishilarimiz bo‘lsalar kerak deb, Hizrni ko‘rgandek barimiz quvnashgan holda chuvqon (baqirish) solishib, yog‘liqlarimizni (qo‘l ro‘moli) aylantirib ularni chorlagani turdik. Bizga qarshi ular ham do‘stlik belgisi bildirib, javob qaytargan bo‘ldilar. Biz pastda, ular tog‘ ustida ikki o‘rta uzoqroq bo‘lib, tovush yetar lik emas edi. Oradan biror soat o‘tar o‘tmas tog‘dan tushib, to‘p qarag‘ay ichiga kirganlaricha, ikki uch soat kutdik, u yerdan chiqmadilar. Bu ishdan gumon olib, bizga qo‘rqinchlik tushgach, buni payqab kelish uchun ikki kishini yubordik. Bular yoshirincha borib qarasalar, bizni tutishga Qorako‘l shahridan yuborilgan o‘ttizcha askar bo‘lib yotmish ekanlar. Buni ko‘rib shoshilinch bilan qaytib kelayotganlarida yo‘lda ular tomonidan o‘ldirilgan Qo‘ychi botirning ikki yigitini ko‘rmish edilar.

Qayd etilgan


mutaallimah  04 Avgust 2008, 08:59:18

Shu bilan ishning qanday ekanligi bizga ma’lum bo‘lg‘ach, darhol qurolli kishilarimizni tog‘ betidagi yoshirin o‘rinlarga joylab, shu kuni bir birlarimizni poylashib yotdik. Kech yaqinlashgan sayin, havo buzilib, qor yog‘ib, tun qorong‘uligi bosti. Biz kelayotgan yolg‘izoyoq yo‘limizni dushman to‘sib turg‘onlikdan, otishib-chopishib bo‘lsa ham, shular oldidan o‘tishimiz yoki orqamizga qaytishimiz kerak, bundan boshqa choramiz yo‘q edi. Ko‘pchilik yo‘ldoshlarimiz qo‘shqulon, xotin bolalik bo‘lganliklari uchun, dushman oldidan kesib o‘tishga jur’at qilolmadilar. Buning ustiga qor qattiq yog‘ib, oldi-orqa yo‘limiz butunlay yo‘qoldi. Ulug‘ tog‘lar oralab yo‘lboshchisiz yolg‘izoyoq yo‘l bilan qo‘rqinch ostida kelayotib, har tomondan dushman bilan o‘ralgan holda, bu kabi og‘ir kunga qolishimiz bizni eng qattiq dahshatga tushirmish edi. Axiri, o‘zaro kengashgandan so‘ngra, oldimizdagi dushman qo‘liga tushmaslik chorasini o‘ylab, orqamizga qaytdik. Ko‘z ko‘rmas qorong‘u kechasi, ming turlik mashaqqat bilan tog‘dan tog‘ga oshib o‘ltirib, tongga yaqin bir soy ichiga kelib tushdik. Shu kecha har qancha mashaqqat tortgan bo‘lsak ham, hozircha rahmsiz dushman qo‘lidan qutilgan hisob bo‘ldik.
Agar bu vahshiylar qo‘liga tushar ekanmiz, xotin bolalar bilan bir qatorda birortamizni qoldipmay, otib chopib yo‘qotib yuborish, bularning odatlari edi. Xudo saqlab, shu tuni qalin qor yoqqanlikdan ertalab izimizni topisholmay, boshqa yo‘l bilan o‘tib ketgan deb gumon qilib, ketlariga qaytgan ekanlar. Shu bahona bo‘lib ularning nohaq zulmlaridan bizlarni xudo qutqarmish edi. Ikkinchi kuni esa, u soydan ko‘chib, Chelak dovoni tuyug‘idagi qalin qarag‘ay ichiga kirib, omon olmoqchi bo‘lib ketayotganimizda, Issiqko‘l bo‘yidagi qirg‘izlarning oqsoqollaridan bir necha kishilar oq bayroq ko‘tarishib oldimizda ko‘rindilar. Qarasak, bular bizni yo‘ldan qaytarish uchun byr qancha aldov yolg‘on va’dalar bilan hukumat tomonidan yuborilmish kishilar ekan. Qochoqlar ichidagi chog‘aylarga (kambag‘allarga) tarqatish uchun bir muncha tayinlangan narsalar ham bor. Bularning sirti totliq, ichi zahar so‘zlariga besh olti odamdan boshqa ko‘pchiligi aldanib, qaytishga moyil bo‘ldilar.
Shu bilan kelgan yo‘limizni qoldirib, Suttibuloq oshuvi orqalik ikkinchi yo‘l bilan, otlarimiz oriqlagan, o‘zimiz xorib charchagan holda, Issiqko‘l usti Boysovrun yayloviga qaytib keldik. Bu yerda sayaq urug‘i qirg‘izlardan ota qadrdonlarimiz ko‘p edi. Har qaysilari bizni chaqirib, ziyofat qilgani turishdi. Tanimiz sog‘ bo‘lsa ham, ko‘nglimiz tinchsiz bo‘lg‘anlikdan, yemak ichmagimiz o‘zimizga tatimas edi. Shu yerda uch to‘rt kun turganimiz so‘nggida, qirg‘iz yo‘ldoshlarimiz har qaysilari o‘z el-yurtlariga tarqalib ketdilar. Bular ichida ko‘zga ko‘ringan besh olti kishi boshimizga tog‘ ag‘darilgandek, nima qilishimizni bilmay hayronlikda qoldik.

Qayd etilgan


mutaallimah  04 Avgust 2008, 08:59:35

Axiri, maslahat bilan To‘qmoqqa qaytmoqchi bo‘lganimizda o‘zim yo‘ldoshlarimdan ajrab, falon joyda topishaylik deb, ularni kechalab yo‘lga soldim. Bu yer bilan To‘qmoqning oralig‘i ikki yuz chaqirimcha bor edi. So‘ngra qadrdon qirg‘izlardan bir yo‘lboshchi olib, ko‘l bo‘ylab yolg‘izoyoq, yoshirin yo‘l bilan uch kun yurganimizda Issiqko‘ldan 30 chaqirimcha yiroqlikdagi Maydontol degan qalin to‘qay ichidagi Irisbek qirg‘izning uyiga kelib tushdik. Bu kishi ersa, xudo rahmat qilsin, bizning eng ishonimlik do‘stlarimizdan bo‘lib, buning qo‘lida 200 dan ortiqroq tul qo‘yimiz bor edi. Musulmonchilikka ixloslik, xiyonati yo‘q, bizga muhabbatlik yaxshi kishi edi. Bizdan ilgari ko‘rishgan yo‘ldoshlarimizdan bo‘lgan voqeani eshitgach, kelishimiz uchun tayyorgarlik ko‘rib, hech kimga tuydirmay, qalin to‘qay ichida yolg‘iz uy tikib, bizni kutib yotmoqda ekan. Bu yerda uch to‘rt kun yotib hordiq olg‘animiz so‘nggida, kishi yo‘q tog‘ yo‘llari orqali yurganimizcha, orada bir qo‘nib, ertasi tongga yaqin To‘qmoqqa keldik.
1930 yili sentyabr oyining o‘n beshlarida shu xatarlik safarga chiqib, 20 kundan oshiqroq tog‘u tosh, qoru muzlar orasida mehnat mashaqqatlarga qolib, axiri qazodan qochib qutulish imkoniyati yo‘qligidan, taqdirga bo‘yinsunishdan boshqa chora topolmadik. Bu rahmsiz zolimlar zulmidan qochib, suyumlik ona Vatanimizni tashlab va ham butun hayotimiz hosili o‘z oilamizdan ajrab, hasratlik ko‘zlarimizdan qon yoshlarimizni oqizgan holda ketgan bo‘lsak ham, oldimizdagi erkin ozodlik olamiga chiqish umidi bilan ulug‘ tog‘lar ustida anchagina ko‘nglimiz ochilib, ruhimiz ko‘tarilmish edi.

Qayd etilgan


mutaallimah  04 Avgust 2008, 09:55:14

ZULMXONA  


Bu yo‘ldan (Sharqiy Turkistonga o‘tolmasdan) qaytib kelgach, hozircha, dushman qo‘liga tushmagan bo‘lsak ham, ko‘z tutqan umidlarimiz bo‘shqa (bo‘shliqqa, yo‘qqa, bekorga) ketganlikdan o‘z vatanimiz dushman qafasiday ko‘rinmish edi. Shunday bo‘lsa ham, boshqa chora topolmagach, hech kimga tuydirmay, qirq kuncha shu yerda turdim. So‘ngra So‘quluqdagi tungon shogirdlarimiz xabar topishib, yoshirincha meni olib ketdilar. Tungon xalqining bizga ko‘rsatgan yaxshiliklari ko‘p edi. Bunga qarshi ular uchun Alloxdan yaxshilik so‘rashdan boshqa hech narsa qilolmadim. Bular ichida o‘z oilamda turganimdan ortiqroq bo‘lib, ikki-uch oy o‘tkazganimdan keyin qayoqdan anglamishdir sovet davlatining uch harflik GPU jallodlari marhum Olimxon to‘ra akamizni chaqirib: «Ukangiz Alixonto‘ra chegaradan o‘tolmay qaytib kelib, So‘quluq tungonlari ichida yoshirinib yotgan emish. Bizdan kishi qochib qutulolmaydi. Siz borib birga olib keling, unga yaxshilik qilamiz», deb yubormishdir. Kelmasga choralari yo‘q, kelib ko‘rishgan so‘nggida yana qochib qutulishim mumkin bo‘lsa ham, akamni ayaganimdan nima bo‘lsa ham, o‘zim ko‘ray deb birgalikda Pishpekga keldim.
Ertasi kuni ko‘zimizga jallodxonadek ko‘ringan idoralariga majburiy ravishda kirib ko‘rishganim so‘nggida, o‘zlaridan hech kutulmas darajada yumshoq muomala ko‘rsatgan bo‘lishib, meni tuzoqqa tushurmoqchi bo‘ldilar. Shu idora makkorlaridan biri bizning safarimizda bo‘lgan voqealarni boshdan oyoq qoldirmay so‘zlab berishni mendan so‘radi. Men ham «An najotu fissidqi», ya’ni «najot chinlikda» degan hadisga muvofiq, bir oylik safar ichida uydan chiqqan kunimizdan boshlab o‘tgan ishlarni gapirib berdim. Shundoq bo‘lsa ham og‘izdagi so‘zimga qanoat qilmay, shularni bir ikki kun ichida yozib keltirishimni topshirib, menga ruxsat qildi. Uning degan kunidan qoldirmay, aytgan so‘zlarimning barini yozib keltirganim so‘nggida, uyga borib oilam oldida 15 kun dam olib, qaytib kelishga buyurdi.

Qayd etilgan


mutaallimah  04 Avgust 2008, 09:58:05

Biroq meni o‘z xizmatlariga ko‘ndirmoqchi bo‘lib, qirg‘izlar qishlog‘i Chiyqo‘rg‘on degan yerdagi kishilar ustidan yoshirin ma’lumot to‘plab keltirishimni menga topshirdilar. Endi bu mal’unlarning topshiriqlarini bajarganimda, o‘zim ishongan muqaddas Qur’on hukmiga qarshi ishlashga to‘g‘ri kelar edi. Shunga ko‘ra bu yo‘lda har qanday og‘irchiliklar bo‘lar ekan, islom hurmatini saqlash uchun, bu zolim vahshiylar topshiriqlarining birortasini ham o‘rinlatmasdan (bajarmasdan) qaytib keldim. Ertasi kuni u bilan ko‘rishganimda
xizmati bajarilmaganini anglashi bilan, u kofirning tusi o‘zgarib, g‘azabi qo‘zg‘algan bo‘lsa ham, xudo saqlab, boshqalarga qiladurg‘on urush-qiynash odatlarini menga qilishga jur’at etmadi. Shu bilan ahvol o‘zgarganicha ikkinchi bo‘limga chiqib, bizning ustimizdan zulm qarorini yurg‘izish kengashini o‘tkazib, bir oy vaqt o‘tgandan so‘ngra, uch qavat binoning eng ostqi qavatida, yer ustidan to‘rt metrcha chuqurlikda bo‘lgan, yolg‘iz yotoq kameraga meni tushirib qamab qo‘ydilar.
Chirqillagan qish kunining chilla sovug‘ida, osti usti muzday yaltirab yotgan yer osti zindoniga kirgach, o‘zimni hayot olamidan boshqa bir dunyoda turganday bo‘lib sezdim. Bu kabi dahshatlik o‘ringa qish chillasi ramazon oyida, ro‘za og‘iz kirgan edim. Shu kundan boshlab turma qozonidan osh ichmasga shart bog‘lab, og‘iz ocharda, saharda quruq non, qaynoq suvga qanoat qildim. O’t ko‘rmay, issiq ichmay, ro‘za tutib, yolg‘iz yotar uyda shu kabi qiyinchiliklar bilan 13 kun o‘tkazganim so‘nggida, leningradlik bir rus yigitini kechasi mening ustimga kirgizib qamadilar.

Qayd etilgan


mutaallimah  04 Avgust 2008, 09:58:45

Qish kunining sovig‘i, yotoq to‘shak yetishmasligi, buning ustiga ko‘ndalang yotsak oyoq uzalmaydi, uzuniga yotganda ikki kishi sig‘maydi, qish chillasi bo‘lib, oyoq sovuqqa chidamaydi. Bu dahshatli ahvolni ko‘rgach, o‘zi ham qiyinchilik ko‘rmagan boy bolasi bo‘lishi kerak, achingan ko‘zi bilan menga qaragan holda: «Bu azobxonada turganingga necha kun bo‘ldi?», deb mendan so‘radi. «13 kun bo‘ldi», deganimda boshini chayqab, menga ichi og‘riganini bildirdi. Shu bilan qish kuni uzun kechalari sovug‘iga chidamay, yarim tungacha kamera ichida ikkovimiz navbatlashib yurib turdik. Bunga o‘xshagan xo‘rlik azobini ko‘rganiga chidayolmagan bo‘lsa kerak, choy o‘ragan bir parcha qog‘ozga xat yozib, qorovul askarga topshirdi. Menga qarab: «Bunday og‘ir ahvolda turganimizdan o‘lganimiz yaxshi. Men ochdan o‘lishga rozilik bildirib, ariza berdim», dedi. Bir ikki soat o‘tar o‘tmas kameraga komendant burutini (mo‘ylovini) shoptay (tikka) qilib, «Kim ochlik bildirgan kishi?», deb haybat bilan ustimizga kirib keldi. «Men edim» deb o‘rnidan turgach, shu o‘xshash kishilarga atalgan yolg‘iz yotoq uyga uni chiqarmoqchi bo‘ldi. Mening yotqanimga ham 13 kun bo‘lmish edi. Bunday og‘ir o‘rinda 10 kundan ortiq ushlamasligini eshitgan edim. Shunga ko‘ra, sovuq qattiqligidan tan sog‘lig‘im buzila boshladi. Shuni ko‘rsatib: «Meni ko‘pchilikka qo‘shsanglar», deb komendantdan iltimos qildim. «Yuqoridagi seni qamagan kishilar bilan so‘zlashib, so‘ngra javobini beraman», dedi. Shu bilan bir kechalik yo‘ldoshimni olib chiqib ketdilar. Oz bo‘lsa ham g‘amxo‘rlik ko‘rsatgan qayg‘udoshimdan ajrab, yana sovuq xonada yolg‘iz qoldim. «Ha, endi, bir bahona so‘z aytib chiqib ketgan kishi meni qaydan eslasin», deb o‘ylagan bo‘lsam ham, xiyol o‘tmay kelib, ko‘pchilik ichi sakkizinchi kameraga chiqazib qo‘ydi. Qarasam, 6u yer ko‘zimga boshqa bir olam ko‘rinib, muz xonadan mo‘nchaga (hammomga) kirganday bo‘lib qoldim. Bu kamerada menga yo‘ldosh bo‘lg‘udek bir qirg‘iz, ikki rus bo‘lib, To‘qmoqlik bo‘lganliklari uchun meni yaxshi tanir ekanlar. Ular bilan so‘zlashib o‘ltirdik. Shu kuni iftor vaqti og‘iz ocharimda, topganimni oldimga qo‘yib, qaynoq choy, yumshoq non keltirgach, «Hay, dunyoda bunday joyni ham ko‘rar kunimiz ham bor ekanku», deb shu g‘urbatda rohatlangan bo‘lib o‘ltirdik. Bir necha kun o‘tgandan so‘ng meni yon qo‘shni kameraga ko‘chirdilar. Qarasam, bu yerda o‘zimning safar yo‘ldoshlarimdan to‘rt qirg‘iz o‘ltirishgan ekan. Bir birlarimizga ko‘zimiz tushgach, tug‘ishgan qardoshlarcha quvonib ko‘rishdik. Chunki bular qor, muzlik tog‘lar, toshlar orasida qochib yurgan kunlarimizdagi qayg‘u qardoshlarimiz edi.

Qayd etilgan


mutaallimah  04 Avgust 2008, 10:00:44

B a y t:
Zoti yaxshi unutmas hech qachon,
Qayg‘ulik kunlardagi yo‘ldoshlarin.

Bizning safardosh ekanligimizni bu zolimlar bilmagan edilar. Shuning uchun bular bilan biror oycha birga turishib, ro‘za kunlarini o‘tkazdik. Boshqa hamsafarlarimizdan ko‘zga ko‘ringanlarini qoldirmay, qamoqqa olmish ekanlar.
So‘ngra, Otboshi Norin, Qo‘chqor, Jumg‘ol tomonlardagi qirg‘izlardan boymanap bahonasi bilan, ko‘zga ko‘rinarli kishilarni qo‘ymay, qamag‘ali turdi. Ko‘p bo‘lsa, olti yetti kishilik kameraga yigirmadan oshig‘roq odam kirgizdi. Bular ichida umr bo‘yi bozor ko‘rmagan, ulug‘ tog‘lar ustida yurib mol boqishdan boshqani bilmagan, yoshlari saksondan o‘tgan, bir necha qirg‘iz chollari bo‘lg‘anlaridek, 16 yoshlik bir qirg‘iz bolasi ham bor edi. Tog‘ toshlarda ot chopib yurgan o‘yin bolasi birdaniga bunday dahshatlik kunga qolishdan qattiq ta’sirlanib, sochiga oq tushib qolmishdir. Odam ko‘pligi, joy torligidan kechasi ikki taraflama yotishga majbur bo‘lamiz. Oyoqlarimiz toliqqanida uzatib yuborur bo‘lsak, bir birlarimizning ko‘kragimiz, qo‘ltiqlarimizga kirganidan uyqimiz qochadi. Bu o‘rinning qiyinchiligini ko‘rib, achchig‘ini tatimagan kishilar qaydin bilsunlar buning azobini! «U dunyodagi yaxshi yomon ishlarning nusxasi, bu dunyoda ham bor», degan so‘zlar diniy kitoblarimizda yozilmishdir. Shunga ko‘ra, oqil odamlar bundagi turlik yomon muomalalarni, yomon axloqsiz kishilarni ko‘rgach, u dunyoda bandalar uchun tayyorlangan Tomug‘ (do‘zax) azobini eskarib, ibrat olishlari kerakdir.
B a y t:
Oqil odam har ishdan ibrat olur,
Qaysi hol ichra tursa foydalanur.
 

Turma tartibi bo‘yicha har kuni kamerani supurish, parash ko‘tarish kabi xizmatlarni navbati bilan bir odam bajarib turishi lozimdir. Keksa, qari odamlarning kezigi (o‘rni, navbati) kelganda ularning xizmatlarini ko‘pincha o‘zim qilib turdim. Odam bolasi har ishga chidayolsa ham, bekorchilikga chidayolmaydi. Shuning uchun payg‘ambarimiz: «Bekorchi, sog‘lom yigitlarni Alloh dushman tutadi, ishchan qarilarni do‘st ko‘radi. Buzuqchilik, fitna fasod ishlar ko‘pincha bekorchilardan chiqadi», dedilar. Ayniqsa, tog‘ tosh, dalatuzdan (tekislik, pastlik joy) kelgan qirg‘iz qozoqlar diniy etiqodlari bo‘sh, o‘zlari ochiq havo, keng dalalarda unib o‘sganligi uchun bunday og‘irchiliklarni ko‘p ko‘rmagan, turma mashaqqatlariga chidami yo‘q bo‘ladilar. Shu sababdan vaqtlik bo‘lsa ham, orti nima bo‘lishiga qaramay, imkoniyat boricha qutulish chorasiga kirishadilar.

Qayd etilgan


mutaallimah  04 Avgust 2008, 10:01:33

Mana shu holdan foydalanib, xalq ichidagi o‘ng-so‘lini payqaydigan, ko‘zga ko‘rinarli kishilarning ko‘plarini bu makkorlar o‘zlariga josus qilib, burunlaridan bog‘lamish edilar. «Dushman qo‘li bilan ilon boshini yanchi, o‘lsa ham sening foydang, chaqsa ham sening foydang», degan maqol so‘zi bularning shiorlari edi. Bu vijdonsizlarning ba’zi bir qo‘rqoqlari o‘z himoyalari uchun boshqalar ustidan nohaq so‘zlar keltirib, ko‘p odamlarning yostig‘i qurishiga sabab bo‘ldilar. Yolg‘iz shahar, qishloq, mahalla ko‘ylarida emas, balki har bir oilada ham, josuslik balosi boshlanmish edi. Bundan chiqayotgan fitna fasod ishlar, har tomonlama xalqqa bo‘layotgan jabr zulmlar ko‘pligining haddi hisobi yo‘q edi. Shuning uchun bu Turkiston xalqlaridan, ayniqsa, ko‘pchiligi mazlum musulmonlardan yer osti, yer ustidagi butun turmalarini to‘ldirmish edilar.
Bu kabi hech bir davrda ko‘rilmagan vahshatli dahshatli azoblar sovet hokimiyati qurilgan kunidan boshlaboq davom etmoqda edi. Shunday qilib, ortig‘i bilan 6 kishi sig‘arlik kamerada 20 chog‘li kishi eng og‘ir ahvolda bir oydan oshiqroq yotdik. So‘ngra turma odati bo‘yicha kamera almashtirish ishi boshlanib, mani to‘qqizinchi uyga ko‘chirdi. Qarasak, bundagi ko‘pchilik ilgarigiga qaraganda necha barobar ortiqroq edi. Shu joyga chiqqan kunimizdan boshlab, To‘qmoq, Pishpekka qaraganda uzoq yaqindagi qirg‘izlarning boy manaplarini qoldirmay keltirib, bizning ustimizga qamadilar. Bular ichida Sayaq urug‘idan yoshi saksondan oshgan turkman oqsoqoli boshliq, yoshlari yetayozgan Kukumboy, Qurmon deganlar bo‘lib va ham shular qatorida har urug‘ qirg‘izlaridan ismi chiqqan, atoqlik manaplari ko‘p edi. Bular esa, yer osti kameralarida ko‘pchilik bilan besh o‘n kun yotkandan keyinoq, havoning buzuqligiga chidayolmay ishigali turdi. Oxiri bulardan yuqorg‘i sakson yoshlik turkman oqsoqol boshliq qancha ko‘p kishilar shu g‘ariblik turma azobida vafot topdilar. Alloh ularni rahmat qilsin!

Qayd etilgan


mutaallimah  04 Avgust 2008, 10:02:01

Shuncha ko‘p qirg‘izlar ichida sakson to‘rt yoshlik bir chol kishi qutulib ketdi. Bu esa Otboshi Norin tomonidan kelgan, mol boqishdan boshqani bilmagan, xudo yaratganicha qolgan, bir mo‘min edi. Undan kim so‘z so‘rasa, o‘z tilicha aytib «Barm ishti so‘pom ile biletqu», deb qo‘yar edi. Bu so‘ziga mendan boshqa kim quloq solsin! Bir kuni yana shu yuqorg‘i so‘zini gapirganida «so‘pom» degani nima degani ekan, «subuhona» degani bo‘lmasin, deb o‘ylanib qoldim. Har kuni erta kech turma odaticha ikki vaqt havo yangilash uchun butun qamokdagilarni turma sahniga chiqaradilar. Chiqarish vaqti bo‘lib, eshiklar sharaqlab ochilishi bilan, tor qo‘roda qamalib yotgan hayvonlar kabi, o‘zlarini eshikka urib, tashqariga chiqishga intiladilar. Boshqa nima qilish kerak, bir nafas bo‘lsa ham kamera sassiqligidan qutulib, quyosh yuzini ko‘rish, sof toza havoda o‘ltirib, boshqa kameradan chiqqan mungdoshlarimiz bilan ko‘rishish biz uchun eng kerakli narsa hisoblanur edi. Chunki, ortig‘i bilan 15 kishilik o‘ringa 50 kishini qamagandilar. Hammaning yuragi g‘am qayg‘u bilan to‘lgan, buning ustiga turma tozalig‘i nochor, ba’zi odamlarning tan salomatligi yaxshi kutilmagan. Shu xil sabablarga ko‘ra sassiqchilik, if-loschilik qo‘pganlikdan hammani bit bosgan edi.
Shunday qilib, kameradagilar shoshilinch bilan chiqayotganlarida har kishi o‘zi bilan bo‘lib, yolg‘iz qolayotganini ko‘rgach boyagi «so‘pom»chi chol: «Hay baldar, mendag‘i qudaydin jarig‘in ko‘rayin, meni tashtamangdar», deb qattiq qichqirdi. Qarasam, shuncha ko‘p qirg‘izlardan birorta odam unga qayrilib qaramagach, men kelib qo‘ltiqlab tashqariga olib chikdim. «So‘pom»ning hurmati uchun boshqa kunlari ham «so‘pom»chiga qo‘limdan kelgan yordamimni ayamadim. Shu bilan uch to‘rt kun o‘tgach, buning ham sog‘lig‘i buzilib, salomatligi yo‘qola boshladi. Qo‘l oyog‘i tulumday (dum-dumaloq) bo‘lib ishigani turgach, o‘z oyog‘i bilan tashqariga chiqolmay qoldi. Bir kuni kamerada navbatchilik gali menga kelmish edi, qarasam, kamerani supurayotganimda cholim yig‘ini boshlab: «Aylanayin so‘pom, meni tashlab qo‘ydingmi», deb qayg‘ulik ko‘zlaridan yosh to‘kib, shu so‘zni ikki-uch qaytardi. Shunda aniq bildim, uning «so‘pom» degani «subhon» degani ekan.

Qayd etilgan