Alixonto‘ra Sog‘uniy. Turkiston qayg'usi  ( 136065 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 ... 24 B


mutaallimah  04 Avgust 2008, 10:03:14

Oradan 10 minut o‘tar o‘tmay, yuqorida o‘tirgan jallodlar boshlig‘idan birovi tezdan tusha kelib, qo‘lidagi qog‘ozga qarab, hammani tekshirib bo‘lg‘ach, yugurganicha yuqoriga chiqib ketdi. Xiyol o‘tmay yana qaytib tushib, hammamizni qayta boshdan so‘rag‘ali turdi. Kimning falokati arib, iqboli ochildi ekan deyishib, mendan boshqa hammalari jaldirashgan holda qarashib turardilar. Mening ko‘nglimda esa, bu cholning boyagi qilgan xudoga nolasi, otgan o‘qdek yetgan bo‘lishi kerak edi. Shuning uchun «Kimni istaysiz, oti nima?», deb undan tortinmay so‘ra-dim. Boshqalar esa, jallod oldiga kelgan o‘lim kishisidek termilgan holda qarab turardilar. Haligi odamni istagan ekan. «So‘pom»chi chol shunday qilib bo‘shanib chiqib ketdi.
Har bir musulmon odamga Alloh farz kilgan iymon taqlidiy emas, balki haqiqiy iymon ekanligini aniq bilishlari kerak. Haqiqiy iymonlik odamlar haq yo‘lda chidamliq bilan turadilar, har ishga haqqoniyat ko‘zi bilan qaraydilar va shu yo‘lda hech narsadan qo‘rqmaydilar. Dinsiz dahriylar davrida o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rib o‘tgan tajribalarimiz ham, taqlidiy yuzaki musulmonlarning hech ishga yaramasligini ko‘rsatdi. Bunday odamlar jonlariga emas, balki turmushlariga ozgina zarar yetgudek bir ish bo‘lib qolish ehtimoli bo‘lar ekan, bunga qarshi diniy va milliy hissiyotlarini butunlay qurbon qilib yuborishdan tortinmaydilar. Bu dunyo shaytonlariga qarshi turolmagan taqlidiy iymon, oxirat shaytoni, mal’un iblisga qanday bardosh beroladi? Shunga ko‘ra, har ikki olam davlatini qo‘lga keltirish uchun yuzaki emas, haqiqiy iymonga ega bo‘lishlik, har bir musulmonga Alloh tarafidan buyurilgan farzdir.
Dunyo yaralgandan boshlab, hech bir davrda hozirgi zamonamizdek yer yuzini qoplagan ulug ofatlik balolar xalq boshiga tushgan emasdir. Chunki, inson nasi yaratilgandan beri, hech bir zamonda xudoga ishonmagan dinsizlar qo‘liga hukumat o‘tmagan edi. Endi esa, butun dunyoning teng yarim xalqi hech narsaga ishonmaydigan dahriylar hukmiga o‘tdi. Bularning eng yomon ko‘rgan narsalari xudoga ishonmoq va xudo qonuni bo‘lgan haqiqiy insoniy qonunlarga bo‘ysunmoqdir. Shuning uchun kommunistlar hokimiyatni qo‘lga olgan birinchi kunidan boshlaboq, diniy maktab va madrasalarni butunlay yo‘qotdilar. Shundan beri birinchi sinf bolalaridan boshlab, eng oliy yuqori darajaga yetkuncha dinga qarshi tashviqot darslari uzulmay o‘qitilib kelinmoqda. O’z maqsadlariga erishmoq va boshqalarni ruslashtirish uchun chiqargan baynalmilal qonuni Krzogiston, Qirgiziston, O’zbekiston va umumiy O’rta Osiyo xalqlari ustida yuzda yuz bajarilmoqdadir.

Qayd etilgan


mutaallimah  04 Avgust 2008, 10:08:25

Buning birdan bir sababi esa, Maskov makkorlari o‘z davlatini mustahkamlash uchun bu o‘lkalarning, ayniqsa, O’zbekistonning naqadar buyuk ahamiyatga ega ekanligini yaxshi tushunishidur. Sovetga qarashlik butun o‘lkalar davlat tarkibida gavda misoli bo‘lsalar, ular oldida O’zbekiston hayot beruvchi jon hukmida bo‘lib hisoblanadi. Bizning bu Vatanimizdan nimalar chiqmaydi? Bu boyliklar qayoqqa ketayotganligi hammaga ma’lum edi. Birni berib, mingni oladilar, shunga ko‘ra o‘tgan chor hukumati davridan boshlaboq Turkiston o‘lkasini doimiy ravishda qo‘ldan chiqarmaslik, balki, imkoniyat topilar ekan, bu o‘lkalarni to‘la mustamlaka qilish siyosati boshlanmish edi.
Birinchi dunyo urushi chiqishi bilan olam siyosati o‘zgardi. O’sha zamon podshohlari taxtlaridan ajragach, Rusiyada kommunistlar firqasi shlaba qozondilar. Buning natijasida sovet hukumati qurilib, unga qarashli butun o‘lkalarda dinsizlik, xudosizlik boshlandi. Endi bu ajdarhodan qutulish uchun qanday chora qo‘llanilishi kerak degan masalaning vaqti o‘tkanligidan bu haqda fikr yuritib o‘tirishning hech hojati yo‘qdir.
Biroq payg‘ambarimizning goyibdan xabar bergan mo‘‘jiza so‘zlariga qaraganda va ham hozirgi jahon siyosatining ketishicha, oldimizda ulug voqealar bo‘lishi shubhasizdir. Mana shu kabi buyuk voqealar bo‘lar ekan, dunyo bo‘yicha umumiy o‘zgarishlar bo‘lmay qolishi mumkin emas. Shu o‘zgarishlar natijasida mustabid tuzumning temir qo‘rgonlari tor mor qilinib, asrlar bo‘yi zolimlar asorati ostida yotgan bechora vatan ahllari o‘zlarining halol meroslari ona vatanlari bo‘lgan Turkiston o‘lkasiga shunda, albatta, ega bo‘ladilar.
Lekin bu muborak kunga yetkunchalik bu ajdarhodan qutulish emas, balki unga yutilib ketishdan saq-lanish choralarini imkoniyat boricha qilib turishimiz lozimdir. Yo‘q esa butun dunyoni titratgan Temur kabi shon-shavkatpli hoqonlar mamlakati bo‘lgan ulug Turkiston o‘lkalarini bu yalmogizlar yutib singdirib ketishlari ko‘p uzoq emas. Chunki, Ovrupo davlatlari tomonidan asrlardan beri butun dunyo bo‘yicha qo‘llanib kelingan mustamlakachilik siyosati, ikkinchi dunyo urushi tugashi bilan o‘zgarib, har millat o‘z vatanla-riga ega bo‘lib, o‘z hukumatlarini qo‘lga oldilar. O’sha kundan boshlab, yolgiz Angliya davlati Osiyo, Afrikadagi mustamlakalaridan 30 dan ortiq mamlakat halqiga ozodlik berib, yana yangi usulda hukumatlarini qurib o‘zlariga topshirdi.
Endi butun olamda mustamlakachilik yo‘qolib, ozodlik davri boshlanganiga qaramay, sovet imperiyasi bir tomondan o‘z qo‘li ostidagi o‘n olti o‘lkalik xalqqa til uchida qogoz ustida ozodlik bergan bo‘lib, ikkinchi tomondan, sharmandalarcha mustamlakachilikdan ham yomonroq siyosat qo‘llab, butun xalqni, ayniqsa, Turkiston xalqini qul qilib, hayvondek ishlatmoqdadir.
Bunga ham qanoat qilmasdan yerlik xalqni yutib singdirish, vatanlarini esa ruslantirish qastiga tushdi. Turli bahonalar bilan Rusiyadan sel oqqandek kishilarni keltirib, vatanimizning eng go‘zal joylarini bular bilan to‘ldirishga kirishdi. Qirgiziston, Krzogiston o‘lkalaridagi yerlik musulmonlar ustida,
agar siyosat shu hozirgi ketishicha davom etsa, ko‘p uzoqlamayoq bu ikki turk urugi o‘z tillaridan va ham vatanlaridan ajragan holda, hammadan ilgari ruslashib, yutilishga tayyor bo‘lib qoldilar. Chunki ikkinchi dunyo urushi to‘xtagan kunidan boshlab, hozirgi tarix 1968 yilga davr bu ikki o‘lkada yerlik xalqlarga ko‘ra rus zabonlarning soni tez ko‘payganligi shuni isbotlaydi. Shuning uchun hozir qutulish mumkin bo‘lmaganlikdan, uning vaqti kelguncha o‘zimizni yutilishdan saqlashimiz kerak. Qaysi yo‘l bilan bo‘lsa ham o‘zini saqlagan millat, vaqti kelganda sabablarni to‘liqlab, chidamlik bilan ishga kirishar ekan, albatta, maqsadni qo‘lga keltira oladi.
Endi dushmanga yutilishdan saqlanishning eng kuchlik quroli esa, shu ikki narsadan iborat: birinchisi diniy ixlos, ikkinchisi milliy hisdir. Qaysi millat bu hislarga halal yetkizmay yaxshi saqlar ekanlar, unday millat dushman tomonidan yutilib ketilishi mumkin emasdir. Kommunistlar hukymati dinga qarshi ellik yillik kurashi davomida O’zbekiston musulmonlarini, ayniqsa, o‘qituvchi va o‘quvchilarni o‘z dinlaridan anchagina yiroqlashtirib, diniy hissiyotlarini yo‘qota oldi. Lekin bularning milliy hissiyotlari har qancha tortishuvlar ostida bo‘lsa ham, shu kunlargacha ozmi ko‘pmi saqlanib kelmoqdadir. Endi bu hissiyotimizni doimiy ravishda saqlab qolishimiz uchun, keraklikzarur tillarni o‘zlashtirganimiz ustiga, o‘z ona tilimizga qattiq ahamiyat berib, milliy adabiyotimizni yuqori ko‘tarib, ilm va madaniyat tillari darajasiga yetkazishimiz lozim. Mana shundagina bizlar oldimizda ogiz ochib tayyorlanib yotgan qizil ajdarhoning yutishidan o‘zimizni saqlay olamiz. Til-adabiyotimiz qanchalik o‘sib, taraqqiy topar ekan, ilm ma’rifat ham shunchalik kengayaveradi.
 

Qayd etilgan


mutaallimah  04 Avgust 2008, 10:09:08

U holda quruq otliq O’zbekiston bo‘lmay,. tilimiz qatorga kirgach, adabiyotimiz sohasi kengayib uning obro‘yi oshgan sayin, millatimiz hurmati ko‘tariladi. Bu esa milliy hissiyotimizni saqlab qolish uchun eng kuchlik qurollardan bo‘lib hisoblanadi. Shunga ko‘ra diniy hisdan ajraganlari ustiga milliy hislaridan ham ajramoq, XX asr madaniyat ajdarhosi ogziga tushib yutildi demakdir. Shuning uchun yosh qari demay vatanparvar, millatsevar o‘zbek olimlari o‘zlarining kelajak avlodlari oldidagi eng muqaddas vazifasi deb bilib, bu xizmatni eslaridan sira chiqarmasinlar!
Bir millat o‘z hayotiy huquqlarini kerakli sharoiti bilan qo‘lga keltirishi uchun, u millatning oliy himmat o‘gillari fidoyilarcha mol-jonini ayamay, bu yo‘lda har qancha .qiyinchilik chiqar ekan unga qarshi ko‘krak kerib, chidamliq bilan ish olib borar ekanlar, ana shundagina haqiqatni yuzaga chiqarib, o‘z maqsadlariga erisha oladilar. Himmati o‘zidan oshmagan olimlarning butun qilgan harakatlari hayvonlarcha qorin to‘ygazishgagina boglangan bo‘lib, ular irodasiz, inson suratlik janivor lardir. O’z tillarini unitib, muqaddas dinlarini hammadan ilgari tashlagan holda, ular ilon ogziga kelgan quyondek yutilishga yaqin turadilar.
Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom «Kishi qaysi xalq tilini o‘rganib, ilmini olsa, uning tuzogiga tushmay, ziyon zahmatdan o‘zini qutqara oladi», dedilar. Bunday bo‘lgach, til o‘rganib, o‘quv o‘qituvdan kutilgan bizning birinchi maqsadimiz: butun dunyoga tanilgan Vatanimiz Turon Turkiston tarixini qoralashlardan saqlab va ham kelajakdagi avlod nasllarimizni seldek kelayotgan bosqinchilarga yutilishidan qutqarishdir. Agar shunday qilinmas ekan, iymonliklar xudo oldida javobga tortilib, boshqalar esa, so‘nggi avlod bolalarimiz tilida tuganmas la’natga qoladilar.

Qayd etilgan


mutaallimah  04 Avgust 2008, 10:12:35

Yana o‘z so‘zimizga qaytaylik. Zolimlar tomonidan nohaq olingan shuncha ko‘p qirg‘izlardan yolg‘iz «so‘pochi choldan boshqa hech kim qutilolmadi. Ayniqsa, betoblikga uchragan yoshi ulug‘ kishilardan hech kim qolmadi. Buning ustiga o‘zlariga qarshi gumon qilib, yer osti kameralarida saqlanmish mazlumlardan qorong‘u tunlari, oldindan qazib tayyorlab qo‘yilgan chuqurlarning labiga keltirib, otilgan chopilganlar ham oz emas edi. Shu kabi og‘ir kunlar boshga tushganida yaxshi yomon ko‘zga ko‘rinib, do‘st dushman shunda ajraydi. Er kerakkim, shunday og‘irchilik kunlari torchilik yerlarida kishilikni yo‘qotmay o‘zini tuta bilsin.
B a y t:
Yaxshilik kunlarda barcha do‘st bo‘lur,
Qora kun tushganda kimdir ojiz o‘lur.

Shundoq qiyinchilik bilan Pishpek yer osti turmasida yotqanimda menga jon kuydirib, vafodorlik bilan xizmat ko‘rsatuvchilar So‘quluq tungonlaridan Dovudhoji, Ma’sudhoji, Ma’sudoxun boshliq shogirdlarim edi. Bu tarix yozilgan kunlari qarasam ul vokeadan 38 yil o‘tmishdir. Hozirgi 1968 yil tarixida esa, o‘sha sadoqatlik do‘st shogirdlarimizdan ikki uch kishigina qolib, boshqalari foniy dunyodan o‘tib, marhum bo‘lmishdirlar. Biz uchun mol jonini ayamagan, xudo uchun do‘st tutingan, vafolik shogirdlarimiz edilar. Alloh ulardan rozi bo‘lsin!
O’sha vaqt turma tartibi bo‘yicha har o‘n kunda bir yo‘li yemak olishga ruxsat berur edi. Shu kuni bo‘lganida uch to‘rt yerdan ovqat kelgani ustiga, birovi oz deganda o‘n kishiga yetarlik qilib kirgizur edilar. Ayniqsa, tungonlarning manti, manpar, suyuqosh kabi boshqalarnikidan ortiqcha lazzatli taomlari ko‘pdir. Shunga ko‘ra butun kameradagilar shu kunning kelishini kutib turishardi. Ayniqsa, ichki Rusiyadan qochib kelgan ruslar ichida soqoli ko‘ksiga tushgan xristian ruhoniylaridan bir pop bor edikim, unga shuncha ko‘p ruslar ichidan birontasi ham yaxshi ko‘z bilan qaramas edi. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom aytgan ekanlar: «Uch turlik kishilarga rahm qilmoq kerak birovi shulki, avvalda, bir qavmning hurmatlik kishilaridan edi, so‘ngra xorlikka tushib qoldi. Ikkinchisi bir kishi boy edi, davlati qo‘lidan ketib, chag‘ay bo‘lib qoldi. Uchinchisi shunday olimdirki, zamonasida uning ilmini taqdirlaydigan odamlar, olimlar yo‘q bo‘lib, sof johillar ichida qoldi. Mana shunday odamlarga rahim qilinglar»,deydilar. Shuning uchun kelgan osh ovqatlarni yetganicha kamera ahllariga tarqatganimda hammadan ilgari o‘sha popga berar edim.

Qayd etilgan


mutaallimah  04 Avgust 2008, 10:13:09

Yerlik nemislardan o‘qimishlik injener bir yigit ham bor edi. Shuncha ko‘pchilik ichida boshqaga qaramay, men bilangina so‘zlashar edi. Uning aytishicha, Parij dorilfununini bitirib, boshqa Ovrupo tillaridan ham ikki uch xil til bilgan holda, oliy ma’lumotga ega bo‘lmish ekandur. Erta kech tashqariga chiqqanimizda qo‘ltiqlashib yurar, kameraga kirganimizcha mendan ajramas edi. Bir kuni menga qarab: «Hay do‘stim, bu yirtqichlardan qutilsak kishi go‘shtini yeydigan yer bo‘lsa ham borar edik, bu vahshiylar qadamlari yetmagan pok joylarda ikkovimiz shu kabi qo‘ltiqlashib yurar bo‘lsak, bu kabi vijdon azobidan qutulib, eng ulug‘ davlatga erishgan bo‘lur edik»,deb oh tortardi. Buning bu so‘zidan qattiq ta’sirlangan bo‘lishim kerakkim, oradan shuncha davr, 38 yil o‘tgan bo‘lsa ham ko‘nglimdan ko‘tarilgani yo‘qdir.
Shunday qilib, 1931 yili butun qishni shu kabi yer osti kamera azobida o‘tkazdik. O’limdan surgundan qolganlarimiz zo‘rg‘a yozga ulashib chiqqach, qurilish ishlari boshlanib ketdi. Hafta o‘n kunda bir marta tashqaridan kelgan halol ovqatga qanoat qilib, turmaning harom taomlaridan totinmay, quruq nonchoy bilangina turdim. Buning ustiga kecha kunduzlab yer osti buzuq havoda yotganimizdan bo‘lishi kerak, kundan kunga kuchsizlanib, sog‘lig‘im nochorlashishga boshladi. Shunga ko‘ra ish so‘rab, tashqariga chiqishga ariza berib edim, xudo o‘nglab, ishga ruxsat qildilar.
Bahor kunlari qorong‘u kameralardan tashqari chiqib, ochiq quyosh, sof havo, keng maydonda turgach, o‘zimni yangidan hayot topib, boshqa bir olamga kelganday sezar edim. «Va in taudduv nematolloh la tuhsuvxo», yani «Sizlarga bergan Allohning ne’matlarini sanab tugatolmaysizlar», degan oyatni o‘qigan bo‘lsak ham, buning asli ma’nosini shundagina tushundim. Shundoqkim, insonning har bir nafasida ikki ne’mat bordir. U ham bo‘lsa toza havoning kirishi, buzuq havoning chiqishidir. Bunday bo‘lgach, boshqa ne’matlarning hisobiga qanday yetgali bo‘lg‘ay? Shu bilan qurilish ishlarida bir qancha vaqt xizmat qilib yurdim. Xizmatga chiqish yarim qutulishday bo‘lib, eshitgan og‘aynilar deyarlik har kuni yo‘qlab turishdilar. Ayniqsa, uyg‘ur Ibrohimoxun novvoy, o‘lgan bo‘lsa xudo rahmat qilsin, uning haftalik bir savat yog‘liq kulchasi bilan, bir chora (idish, tog‘ora) mantisi, yo bir tavoqda palov oshi uzulmay kelib turdi.

Qayd etilgan


mutaallimah  04 Avgust 2008, 10:15:00

Bir kuni kechqurun xizmatdan qaytib kelganimda turmadagilardan bir kishi qo‘limni ushlab turib, «Sening paloni nemis do‘sting sud bo‘lib, uzoq yerga 10 yilga surgun bo‘lmishdir. Menga topshirdikim, «O’zbek do‘stimning qo‘lini tutqan holda, mening yolqunliq salomimni yetkur. Dushman ko‘lida uzoq safarga ketdim», demish ekan va yana: «Qayg‘ulik ko‘nglim ostidan o‘rin olgan uning muhabbatini umr bo‘yi saqlashga va’da beraman», demish edi. Men ham 6u voqeadan 37 yil keyin, ya’ni 1968 yili uning so‘zini eskarib, tarix yuzida qoldirishim bilan muhabbat ahli kim bo‘lsa ham, mening oldimda naqadar ulug‘ hurmatga ega ekanligini ochiq ko‘rsatdim
B a y t:
Muhabbatdan ko‘ngullar nurg‘a to‘lg‘ay,
Sakkiz jannat oningdin hosil o‘lg‘ay.

Undan ajragan so‘nggida uch to‘rt oylab o‘z odatim bo‘yicha ishchanlik bilan turlik xizmatlarda bo‘ldim. Qamalgan kunimdan boshlab, biror marta bo‘lsin meni so‘roqqa chaqirmadilar. Birga qamalgan safar yo‘ldoshlarimni urib so‘kib, turli qiynovlar bilan so‘ragan bo‘lsalar ham, ilgari keyin Alloh meni bunday ishlardan asramish edi. Lekin ishning qattig‘ligidan haftada bir kun dam olishdan boshqa kunlarda ish vaqti 12 soatdan kam emas edi. Shunday og‘ir mehnatlar ostida 4 5 oy ishlatgan so‘nggida birdaniga bizni siyosiy idora qaramog‘idan katta turmaga ko‘chirmoqchi bo‘ldi. Bizni ishga chaqirishgan kundan boshlab, qo‘ra ichiga tikilgan kiygiz o‘tovlarda yotardik. Yana shularni o‘zimizga ko‘chirgizib, turma qo‘rasiga tiktirgach, bizni kameraga kirgizmasdan ularni yotoqxona qilib berdilar. Bu yerning qiyinchilik ahvolini ko‘rganimizdan keyin ilgari ko‘rgan mehnat mashaqqatlarimiz biz uchun rohat ko‘rilmish edi. Chunki, payg‘ambarimiz aytishlaricha: «Kimga bir musibat yetsa, unga sabr qilmoq kerak, undan yomonrog‘i bo‘lmagani uchun shukr kilish lozimdir». Shu bilan 6u joyda ham ishga borib kelib yurib, bir ikki oy o‘tkazgan bo‘lsak ham, odam ko‘pligidan ko‘p qiyinchilik ostida turib edik.

Qayd etilgan


mutaallimah  04 Avgust 2008, 10:15:29

Shu orada bizning ustimizdan hukm chiqardilar. Shundoqki, hamsafarlardan men bilan boshlig‘imiz Nazirqulga 10 yildan, yana birovimizga yetti yil, qolganlar esa bo‘shatilmish edi. Bo‘shaganlar suyunishgan, qolganlari, ayniqsa, bizga o‘xshab og‘ir kesilganlar ichida yig‘laganlar ham bor edi. Kesim (jazo, hukm qarori) qog‘ozini qo‘limizga bergach, o‘qitib qarasak, jazoni ijro qilish ishi Toshkentdagi konqlager ixtiyoriga topshirilmishdir. U yerda esa qirq besh mingdan ortiq odam borlig‘ini onglamish edik. Kelgan mazlumlar har qanday yiroq surgunga ketar ekanlar, shu lager orqaliqgina yuborilar ekan. Sibirning eng yiroq, eng sovuq yerlari Slavka va Arxangelsk kabi joylariga hukm bo‘lgan kishilar ham shu o‘rindan uzatilur ekan. Bu joylarning haybati quloqqa ko‘p kiravergach, insonchilik ko‘nglimga turlik xayollar kelib, bundan qutulish chorasiga kirishdim. Toqatdan tashqari ishlardan qochish payg‘ambarlar sunnati bo‘lsa ham, qutulib ketish qiyin bo‘lganlikdan uzoq o‘ylanib qoldim. O’z o‘zimga: «Mening nima gunohim uchun o‘n yil berdilar», der edim.

Qayd etilgan


mutaallimah  05 Avgust 2008, 03:28:48

TA’QIB VA SHARQIY TURKISTONGA O’TISH
Hayot olamida yashagan har qanday odam uning og‘ir yuklarini ko‘tarib, achchiq-chuchigini tatimasdan chorasi yo‘qdir. Qur’onning aytishicha: «Ne’matga shukr qilib, mehnatga sabr qilmoq va uning qutulish chorasiga kirishmoq lozimdir». Turma tartibi bo‘yicha hukm bo‘lgan kishilarni tashqi ishga chiqarmay jo‘nar vaqti bo‘lguncha kamerada saqlar edilar. Ertalab turgach xizmat kiyimlarimni kiygan holda qarab turgan edim. Ishchilar yo‘qlama tizim xatini o‘qiganda, xudo o‘nglab, otim chiqib qoldi. «Tayyorman», deb qatorga o‘tdim. Odatga qaraganda meni kameraga qamab qo‘yib, Toshkent konqlageriga jo‘natishlari kerak edi. Yo‘q, unday bo‘lmay, ishchilar ichida turma temir qopqasidan tashqari chiqdim. Odatdagi ish ustiga kelgach, qarasam, samovar qaynab choy ichar vaqti bo‘lmish edi. Mana shu chog‘da nima bo‘lib atrofga qo‘ygan qorovullar ko‘rinmay qolishdi. Men ham vaqtni g‘animat bilib, mo‘l ko‘ygan o‘rama tikanlik sim ostidan chaqqonlik bilan o‘tib, ko‘zdan g‘oyib bo‘ldim.
Biroq, qanday qilishimni, qaerga borib kimning uyiga sig‘inishimni bilolmay, kishi kam ko‘chalarda biroz kezganimdan so‘ng, qadrdon tungon og‘aynilarimdan Xiyoxalpa eshigiga borib, chaqirib edim, yugirib chiqa keldi. Meni turmadan qutulib chiqdi deb gumon qilgan bo‘lishi kerak, yig‘lagan holda «Muborak bo‘lsin» deb quchoqlashib ko‘rishayotganda, qochib chiqqanimni qulog‘iga shivirlab quyib edim: «Qo‘rqmang, xudo qutqargani shu!», deb ko‘nglimga ancha quvvat berdi. Buning qilgan kishiligi unutarlik emas edi. O’lib ketmish ekan. Alloh uni rahmat qilsin!
Ehtiyot yuzasidan tom chodiri ichida bosilgan beda o‘rtasidan bir kishilik joy qilib, kechga dovur meni shu yerda saqladi. So‘ngra, o‘z maslahatim bilan oqshom qorong‘usi aralash, tungon mahallasida tungonlardan Ishoza otliq yana bir ishonimlik do‘stim bor edi, shuning uyiga keldim. Bu esa iymon ixloslik, sinovdan o‘tgan mard kishi bo‘lg‘anlikdan, jon fidolik ko‘rsatib, do‘stlik haqini bajarmish edi. Kishi hayron qolg‘udek soqlik-sergaklik bilan meni uyida uch kungacha kutib, yaxshi saqladi. Shungachalik tinch turgan bo‘lsak ham izlovchilar chiqa boshlagach, shu kuni shom vaqti bilan Pishpekdan kun botishga yaqin, qirq chaqirimcha bo‘lgan tungon qishlog‘i So‘quluqqa qarab jo‘nadik. Mendan xabar olgani ketayotgan Mogar, Momoza degan shogirdlarimiz yo‘lda yo‘liqishib, birgalikda uylariga bordik.

Qayd etilgan


mutaallimah  05 Avgust 2008, 03:29:09

Bu yerga kelgach, yolg‘iz o‘z shogirdlarim emas, balki butun tungon xalqi menga qorovul bo‘lmish edilar. Mening bu yerga kelganimni o‘z shogirdlarimdan boshqa birov bilmagan edi. Hukumat ichidagi xizmatchilari bo‘lsa ham, menga hayrixoh bo‘ldilar. Shuning uchun necha qayta kelgan hukumat josuslarini bu yerga meni kelmaydi deb qanoatlantirmish edilar. Shunday bo‘lsa ham ilon chaqqan kishi arqon shaklidan cho‘chiydi degandek, o‘zim ham imkoniyat boricha ehtiyot yo‘lini tutdim. Shunga ko‘ra butun shogirdlarim tashqaridan ko‘z quloq bo‘lib turdilar kunduzlari tirikchilik ishlari bilan bo‘lishib, kechasi esa zerikmasligim uchun men bilan birga edilar. Shuning uchun Rasululloh alayhi vasallam aytdilar: «Haqiqiy do‘stlarni ko‘paytiringlar, chunki bular yaxshilik kunlarida ziynat bo‘lurlar, balo tushganda boshpanodurlar».
Har qancha soqlik bilan bu yerda turgan bo‘lsak ham, ishimiz kundan kunga qo‘rqinchlik edi. Agar bu yo‘li yana zolimlar qo‘liga tushar ekanman, u vaqtda men uchun qanday jazolar qo‘llashlari ma’lum edi. Shunga ko‘ra Solar tungonlaridan Yusufqori degan bir shogirdim ko‘p qiyinchiliklar bilan Toshkentdagi Xitoy konsulidan Ismoiloxun nomiga yasama pasport qilib, menga keltirib berdi. Bu kelginchalik To‘qmoqdagi oilam bilan ko‘rishib, safar harakatlarini bajarib turdim. Shu orada bizning qadrdon og‘aynilarimizdan va ham qo‘sh qudamiz, uzun yillar To‘qmokda turgan, asli toshkentlik, G’uljada vafot topgan Shohidoyat qori, butun boyligidan ajragan holda, hech yerga sig‘maganlikdan qochib, Suqo‘luqqa kelmish edi. O’zimni bildirmay turib, boshqalar orqalik ul kishiga yordam yetkazib turdim.
Birinchi yotgan yerimda besh olti kundan ortiq turmagan bo‘lsam ham, ikkinchi o‘rin, atrofiga beda bosgan qamish chodir ichida 52 kun turdim. So‘ngra ko‘nglimga bir tashvish tushganday bo‘lib, u joydan uchinchi joyga ko‘chmish edim. Xudo saqlamish ekan, men ko‘chib, ertasi kuni bir miliqiya bilan ikki kishi kelib, tom usti chodirlarigacha chiqib, qaramish edilar.

Qayd etilgan


mutaallimah  05 Avgust 2008, 03:30:12

B a y t:
Kishini saqlasa U Xoliqi pok,
Zahar og‘zinda bo‘lg‘ay misli tiryoq.

Bu ish bo‘lg‘andin so‘ngra, bu joydan ham tezroq yo‘tkalishimiz lozim ko‘rinib, Sharqiy Turkistonga o‘tish niyati bilan uchinchi marta safar jamolg‘asini qilishga kirishdim. O’z do‘stlarimizdan tungon G’yoriyos mutavalli ham bizga o‘xshash qochoqlardan edi. U bilan ko‘rishib hamsafar bo‘lishga va’dalashdik. Yo‘lga chiqishga kun belgilashib, shu kechasi barcha ahbob, yoru do‘stlarimiz yig‘ilishib keldilar, tariqat ahllari odatlaricha xatim o‘qib, duoi fotiha o‘tkazgan so‘nggida, Allohga tavakkal qilib, So‘qo‘luq ustidan to‘rtinchi Chuy stanqiyasiga qarab aravada yo‘lga chiqdik.
Ertasi Chuy suvidan kema orqalik u tomonga o‘tib ketayotganimizda, qurollik rus to‘sqovullari oldimizdan chiqib, bizni tekshirgani turdi, hurjin-xalashlarimizni ag‘darib, barini ko‘rib bo‘lgach, yo‘ldoshimdan pasport so‘radi. Xudo o‘nglab, o‘z otiga olgan Xitoy pasportini ko‘rsatgan edi, bir narsa umidida undan chatoq chiqarib, bizni ko‘p qiynadi. Bu yerda eng hayron qolarlik ish shulki, yo‘ldoshimni shul qadar uzundan uzun tekshirgan holda, negadir, mendan bir og‘iz ham so‘z so‘ramay, oxiri shoshilgan kishidek otini minganicha orqasiga qaramay ketvordi. Ortidan biz dag‘i yo‘lga tushib, shu yurganimizcha hufton vaqtida Chuy stanqiyasiga yetdik. Besh olti soat o‘tib, Olmota poezdi kelgach, unga tushib jo‘nadik. Sario‘zak degan joyga kelganimizda biz tushib qoldik. Turksib poezdi esa, shimoliy tomon Sibiriyaga qarab burilib ketdi.
Kech kuz vaqti, sovuq qattiq bo‘lib, qor buroshalab yog‘ib turgan edi. Poezdan tushgan kishilar barimiz stanqiyadagi bir kichik uyga kirib yotdik. Kun sovuq, pechkaga o‘t yoqilmagan edi. Qarasam, har tarafdan jon qutqarib chiqqan odamlar, ko‘plari bizga o‘xshash o‘z eliga sig‘magan, zolimlar tomonidan nohaq quvg‘unga olingan haqsizlar edi. Shu yerga kelganimizda shunday so‘z chiqdikim, oldimizdagi yo‘l usti manzilida GPU askarlari yo‘lovchilarni qattiq tekshiruv ostidagina o‘tkazar ekan; agar birorta shubhalik odam topilib qolgudek bo‘lsa, uni yo‘ldan qaytaribgina emas, balki qo‘lga olib qamab qo‘yishlari aniq ekan. Mana bu so‘z chiqqan so‘nggida, Toshkentdan chiqqan Xitoy elchixona xizmatchilaridan boshqa hamma kishilar qo‘rquvga tushib, yo‘ldan qaytmoqchi bo‘ldilar. Qarasam, bechoralarning quvvati qochib, ranglari o‘chgan, bir birlariga ishonolmaganlikdan sirlashib-maslahat qilish kabi ishlar xalq o‘rtasidan butunlay ko‘tarilgan. O’zlari kulgandek bo‘lib ko‘rinsalar ham, ko‘ngillari g‘am qayg‘uga to‘lganliqdan yuzlari sarg‘aygan edi. Bu ishga hammadan ko‘proq men qayg‘urishim kerak edi; zulm hukmlarini nohaq manim ustima yuklaganlari uchun, qarshilik ko‘rsatmish edim. Ak-sincha, ko‘nglimga boshqalar kabi ortiqcha qo‘rqinch tushmagach, Allohga tavakkal qilib, olg‘a yurmoqchi bo‘ldim.

Qayd etilgan