Alixonto‘ra Sog‘uniy. Turkiston qayg'usi  ( 126298 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 ... 24 B


mutaallimah  05 Avgust 2008, 03:31:15

Umrim ichida qanchalik ogir ishlarni, ko‘p qo‘rqinchlik kunlarni boshimdan kechirdim. U chogda ko‘nglimdagi iymon e’tiqodim, Allohga va uning haq payg‘ambari Muhammad alayhissalomga bo‘lgan muhabbatim, men uchun eng kuchlik ishonchim va eng ortiq suyanchim edi. Nachora, bu kabi diniy ishlar sirlarini o‘zi tatimagan bechoralar qaydin bila olsinlar? Iymonlik kishilarga har vaqt bu ulug davlat nasib bo‘lgusidir.
Tanigan bilgan odamlar uchun bu yo‘ldan qaytmasga maslahat bergan bo‘lsam ham, hech qaysilari bunga jur’at qilolmadilar. Ulardan ajragach, xayol surib uydan tashqari chiqishim bilan, taraqlab kelayotgan uch to‘rt bo‘sh aravaga ko‘zim tushib, uni to‘xtatdim. Qarasam, biz yurar yo‘l ustidagi qishloqqa boradigan o‘rislar ekan. Ular bilan kelishib, aravaga tushgandan so‘ngra, kichkina yurib, bir katta saroyga yetdik. Bu esa necha tomonlab, ayniqsa, Olmota ulug‘ yo‘lining kelib qo‘shilgan joyida qurilib, o‘z vaqtida ko‘p obod kutilgan bo‘lsa ham, inqilob buzg‘unligida uni egalari tashlab qochgan ekanlar.
Olmota, Chelak, Norin, Talg‘ar, Qo‘rom qishloqlaridan uy joylarini tashlab, bola chaqalari bilan ko‘chishib chiqqan musulmonlar bilan shu yerda ko‘rishdim. Lekin bola chaqalari bilan ko‘chkanlarning ko‘pchiligi konsul orqali Xitoy pasportini olganlikdan uy asbob, aravalar bilan chiqqan ekanlar. Bu saroy ichiga kirganimdan keyin eng achinarlik, og‘ir bir manzara ko‘zimga ko‘rina boshladi. Shundoqki, kun qattiq sovuq, o‘t yoqilmagan, saroy kutgan hech kim yo‘q, ichiga poxol to‘shalgan bo‘lsa ham, oyoq ostida payxon bo‘lgan. Uzundan uzun qorong‘u uy ichida yuzlari qayg‘ulik kishilar yotmish edilar. Sovuqqa chidayolmaganlari uy ichida o‘t yoqqanlaridan esa, burun yorg‘udek achchiq tutun bilan uy to‘lmish edi. Ayniqsa, bir yosh xotin o‘zi kasal, oyog‘ ostida yotgan ikki kasal bolasi ustida termilib yig‘lab o‘ltirg‘anini ko‘rgach, unga qattiq achindim. Balo tushganda bari kishi o‘zlari bilan bo‘lishib, rahm shavqat kabi fazilatlik ishlar ham haqiqiy musulmondan boshqa kishilar ko‘ngillaridan butunlay ko‘tarilar ekan.
Yo‘lxat tekshiruvchi to‘sqovul oldimizda bo‘lib, boshqa yo‘l bilan o‘tish mumkin bo‘lmag‘anlikdan barimiz qo‘rqinchda qoldik. «Sadaqa baloni qaytarur», degan payg‘ambarimiz so‘zlari xotiramga keldi ersa, ikki bolasi bilan ochlik yalang‘ochlikda kasal yotgan shu xotinga taom va akchadan berib, uni suyuntirgan holda shunday ko‘chaga chiqsam, bir yuk mashinasi keldi. Unga qarab: «Bizni Oltiniman dovoni ostiga eltib tashla, senga muncha aqcha beramiz», desam, u ham «Bir shartim bor, ikki toy yukim tog‘dan soyga qulab ketgan, shuni chiqarib bersanglar, sizlarni olib ketar edim», dedi. Biz ham buni g‘animat bilib, darhol mashinaga chikdik. Biroq, o‘zimizni ishchilarga o‘xshatish uchun safar belgisi xurjun xalashlarimiz ko‘rinmasligi kerak edi. Shuning uchun qo‘llarida yo‘l xatlari bor, bola chaqalari bilan aravalik ketayotgan, Olmota atrofidan chiqqan taranchilarga to‘sqovul oldidan o‘tib olganimizcha shu narsalarni aravanglarga solib qo‘yaylik deb iltimos qilsak, qabul qilmadilar. So‘ngra, shu yoqqa hukumatning molini yuklab ketayotgan rus aravakashlariga 5 6 so‘m aqcha berishimizni aytib, xurjunlarimizni ularga topshirib, yo‘lga tushdik. Shu bilan bizni to‘sqovullar oldidan taraqlaganicha o‘tkazib, besh o‘n chaqirim yurgach, tog‘ belida to‘xtadi. Va’damiz bo‘yicha, soy ichida yotgan ikki toy yukni ming mashaqqatlar bilan yuqoriga chiqargach, mashinasiga solishib qo‘ydik. Allohning yordami, sadaqaning sharofati bi-lan bu balodan qutulib, Oltiniman oshuvini oshgandan so‘ngra, Boshchi saroyiga tushdik.

Qayd etilgan


mutaallimah  05 Avgust 2008, 03:31:33

Bu yerda So‘quluq tungonlaridan Xanjar halpa degan kishi bola chaqa, ot aravalari bilan bir saroyda yotgan ekan. Oltiniman dovonida qorbo‘ronda qolishganlikdan, ikki qo‘lini sovuq oldirib, ishga yaramay hayronlikda turmish edi. Men uchun bu ish ko‘p qulay kelgani ustiga, bular ham men kabi ishonimli bir yordamchiga muhtoj edilar. Shuning uchun barimiz birgalikda ishimiz o‘nglanib, aravachi xizmatini bajargan holda yo‘lga tushdik. Orada ikki qo‘nib, Bo‘rig‘ujur qishlog‘iga yetganimizda qarasak, bu yerga yuqorigilardan ham qattiqroq to‘sqovul qo‘yilmish ekan. Shunday bo‘laturib, ich ora aravachilaridek qamchini sudraganimcha, qorovulxona oldidan o‘tib 15 chaqirimcha yurgach, salomat Yorkent shahriga yetdik.
Bu yerdan Xitoy chegarasi Qo‘rg‘os 46 chaqirim yo‘l bo‘lib, Sharqiy Turkistonda bo‘lgan Jung‘oriya o‘lkasining g‘arbiy chegarasi hisoblanganlikdan, bu shahar ilgari, ayniqsa, chor hukumati davrida obod bo‘lib, yaxshigina bezatilmish edi. Tarixiy va siyosiy ahamiyatga ham ega edi. Bu yerdagi ko‘pchilik turg‘un xalq bu tarixdan taxminan 200 yillarcha ilgari Oltishahardan keltirilgan, asli uyg‘ur bo‘lsa ham, o‘zaro taranchi deb ataladilar. Bularning kelib chiqish taryaxlari vaqti kelgach o‘z o‘rnida yozilg‘usidir. Bu shahar yuqorida aytilgandek o‘z davrida yaxshigina rivojlangan edi. Ayniqsa, bularning eng buyuk, obro‘ylik boylari xayr-saxovatlik davlat egasi, marhum Valiboy edikim, eng so‘nggi oq podshoh chaqirig‘iga borganida unga hurmat libosi kiydirmish edilar. Bu kishi Xitoy poytaxti Pekin shahridagi ajdarho suratida yasalgan xon saroyi nusxasida qilib, Yorkent shahrida bir masjid bino qildirmish edi; hozirgi kunlarda esa uni hukumat o‘z qaromog‘iga olmishdir. 1931 yili biz o‘tkanimizda shahar shundayin harobalikka kelmish edikim, huquq egalari bo‘lgan eng tubangi ba’zi ishchilardan boshqa butun shahar xalqi qochib, chegaradan o‘tmish edilar. Ilgari keng bog‘u-bo‘ston joylari esa, biz kelar kunlari baxtsiz mazlumlar ko‘ngillari kabi sindirilgan holda kultepalarga aylantirilmish edi. Biz dag‘i boy o‘g‘li qushlaridek bo‘lib, shu choldevor haroba uylarning biriga tushib joylashdik.

Qayd etilgan


mutaallimah  05 Avgust 2008, 03:31:53

Mana shu yerda ming tashvish ostida xudoga sig‘inib, zo‘rg‘a ikki kun turg‘an so‘nggida, Osomuslim degan bir taranchi bolani yo‘lboshchi qilib, shahardan chiqdik. O’z ishida mohir bo‘lgani uchun bizni hammaning ovqat yeyish vaqti qoq tushda olib chiqmish edi. Shahar chetiga chiqqach, mozor oldidagi qalin qamish ichida ukki qushdek oqshom qorong‘usi tushganicha shu o‘rinda chirkayga talanib yotdik. Ko‘z qorovlashib qorong‘u tushgan chog‘da, yo‘lboshchimiz yayov, biz ikkovlon otliq yo‘lga tushdik. Chegaraga yetkuncha qishloq oralamay, yoshirin yo‘llar bilan yura-yura, Oqtom qish-log‘i sirtida bir chaqirimcha yerdan o‘tayotganimizda hurib turgan bir it tovushi yirokdan eshitilib turmush edi. Bu yerdan 15 chaqirim chamali yo‘l yurganimiz so‘nggida chuqurroq bir soylik yerga kelgach, biroz dam olmoqchi bo‘lib tushdik. So‘ngra yo‘lboshchimiz: «Qani yuraylik», deb turdi esa, biz dag‘i orqasidan ergashganimizcha yuraverdik. Bir ikki soat yo‘l yurganimizdan keyin yiroqdan qalin daraxtlik qishloq ko‘rinib edi, ikki soat ilgari hurib turgan it tovushini yana yiroqdan eshitib qoldim. «Adashgan o‘xshaymiz, payqab qaraylik», deb yo‘lboshchimizni to‘xtatdim. Sinchiklab qarasak, orqamizga qaytib, to‘ppa to‘g‘ri yana Yorkentga ketayotganimizga aniq ishongach, yo‘lboshchimiz qattiq qo‘rqinchga tushdi.
Yo‘lsiz to‘qaylarning ichi bilan yurganimizcha, qum tog‘i etagiga yetdik. Qum tepaliklaridan osha osha, to‘rt tomoni tog‘dek baland qumlar bilan o‘ralgan, saksavullik bir chuqurga tushgach, kuchlik bo‘ron bo‘lib, qor yog‘a boshladi. Ichar suvimiz yo‘qligidan qorni eritib ichdik. Yoqqan saksavul o‘tida ho‘l bo‘lgan usti boshlarimizni quritib, o‘t osti qizigan qum ustida yotdik. Kech bilan shu qum tog‘lari ichidan oralab yurganimizcha ertasi shom vaqti bilan chegara Qo‘rg‘os soyi ustiga yetdik. U vaqtlar 1931 yili, tikon sim to‘g‘ri to‘silmaganlikdan, har bir soatda chegara soqchilaridan ikki otliq askar uzulmay qatnab turar edi. Otlarimizni daldaroq bir chuqur ichiga boylab qo‘yib, o‘zimiz esa, bularning o‘tib ketishlarini yuqoridan payqab turdik. Utishlari bilan to‘xtovsiz yuqoridan tushganimizcha Qo‘rg‘os suvini kechib, Xitoy chegarasiga o‘tdik. Alloh yordami bilan bu yirtqichlardan qutildik.

Qayd etilgan


mutaallimah  05 Avgust 2008, 03:32:24

Endi ikkinchi Xitoy yirtqichlariga yo‘liqmaslik chorasini qilishimiz kerak edi. Yo‘lboshchimiz kishi bilmas yoshirin yo‘llar orqali yurganimizcha, tun yarimi yaqinlashganda belgilangan yerga yetkazdi. Shu bilan hayot olamini azob zindoniga aylantirgan kommunistlar zulmidan vaqtli bo‘lsa ham qutilgandek bo‘lib qoldik.
Ko‘zimizga bu yerlar boshqa bir jahondek ko‘rinmokda edi. Tun bo‘yi yurib charchagan kishilar, dang qotib uxlab qolmish edik. Uyg‘onishimiz bilan saroychimiz: «Hay mehmonlar, hukumat iskovuchlari kelib qolmasdan bu yerdan qo‘zg‘alib ketsanglar, barimizga ham yaxshi bo‘lur edi», degach, darrov harakat qilib yo‘lga tushdik. Yiroq safardan kelayotganimizga belgi bo‘lg‘udek biror narsa bizda bo‘lmagach, so‘qma yo‘lni qo‘yib, qatnov yo‘liga kirdik. Bir ikki chaqirimcha yurganimizdan keyin yo‘l bo‘yiga qurilgan Xitoy askarxonasi borligi yiroqdan ko‘rildi. Undan 40-50 qadam yuqoriroq joyda yasalgan minoracha ustida ham, bir qorovul o‘tgan ketganlarni tekshirib turmish edi. Bular oldidan o‘tish biz uchun ancha og‘ir bo‘lsa ham, boshqa choramiz yo‘qligidan o‘tishga majbur edik. Biroq, biz u yerga yaqinlashganimizda nima bo‘ldi ekan, qarab turgan qorovul yuqoridan tushib, shoshilganicha askarxona qo‘rg‘oniga kirib ketdi. Buni ko‘rgach biz ham ot yurishini tezlatib, qo‘rg‘on eshigidan ellik qadamcha o‘zg‘an edik: «Hoy-hoy», degan chaqiriq tovushi kela boshlagach, yo‘ldoshimga «qarama qarama», deb eshitmagan kishidek ketaverdik. U ham ikkinchi chaqirmadi. Xudo o‘nglab bundan ham ziyonsiz o‘tib oldik.
Shu yurganimizcha o‘rtalikdagi to‘qay ichida ketayotganimizda chegara saqlovchi Shiva, Solan cheriklaridan qurollik bir otliq odam oldimizdan chiqa kelib: «Hay, to‘xta, qaerdan kelasizlar? Narigi yokdan o‘tgan kishilarga o‘xshaysizlar. Yo‘lxatlaring bormi?», dedi. Buning dahshatin ko‘rgach, boshqa so‘z aytqali bo‘lmadi. Yo‘ldoshim G’iyosoxun xitoy pasportini ko‘rsatib edi, unga qaramay yoniga solib olib: «Qani yomug‘o (turmaga) yuringlar», deb bizni haydaganicha yo‘lga tushdi. Yo‘ldoshim ikkovi xitoychalab nari-beri aytishib, yarim soatcha yurganimiz so‘nggida qarasam, ish ko‘payadiganga o‘xshaydi. Bir tadbir ishlatmoqchi bo‘lib: «Hay loya, ruxsat bering, tahorat sindirib olaylik», deb shu yerga tushdik. So‘ngra uni bir chetga chaqirib: «Bu kishining pasporti bo‘lsa, kuchlik yo‘lxatlari ham bor, qaerga olib borilsa ham foydasi yo‘q, quruq ovoragarchilik bo‘ladi, undan ko‘ra bir oz choy puli olib bersam qanday bo‘lar ekan?», dedim. «Choy puli» qulog‘iga kirgach «mohu mohu»lab, darrov so‘zi yumshab qoldi. Yo‘ldoshim bunga rozi bo‘lmagan bo‘lib tursa ham, men zurlag‘andek bo‘lib ko‘rinib, 20 tangani qo‘liga berishim bilan orqasiga qaramay chopqanicha ketdi.

Qayd etilgan


mutaallimah  05 Avgust 2008, 03:33:54

B a y t:
Qadri yo‘q gavhar so‘zing olchoq kishilar oldida,
Durni taqsang na bilur, it og‘ziga tashla suyak.

Shu bilan buning ham og‘zi yopilib, qaytib ketishi bilan biz ham shu yurganimizcha Suyding shahriga yetdik. Bu esa Ili o‘lkasida qurilgan shaharlardan biri, yo‘lovchilar saroyida bir kecha yotib, ertasi kuni G’ulja shahriga qarab yo‘lga tushdik. Bir soatcha yo‘l yurganimizdan so‘ngra Qura shahriga keldik. Kura Ili o‘lkasida qurilgan to‘qqiz qo‘rg‘on ichida eng ahamiyatligi, ayniqsa, harbiy tomondan o‘lka bo‘yicha hukumat markazi hisoblanur edi. Bu yerga kelgach, erkin hayotda o‘z ixtiyoricha yashayotgan baxtlik kishilarni ko‘rib, qattiq ta’sirlanmish edim. Chunki, sovet hukumati qurilgandan boshlab, ularning shum qadamligidan tirikchilikka kerak har narsa qahatchilikka uchramish edi. Chegaradan o‘tgach qarasak, do‘konlarda turlik mollar tiqilib yotmish edi. Boshqa davlatlardan keltirilgandir deb gumon qilib so‘rasak, bu mollarning hammasi sovet tomonidan yuborilmish ekandur.
Bu hukumat qurilgan kunidan boshlab, o‘z xalqining har qancha qiyinchilik, og‘ir ahvolda yashayotganiga qaramay, balki butun narsalarini iqtisodiy tuzoq qilib, boshqalarni ham o‘z yo‘liga tortish uchun, chet ellarga chiqarib turishni o‘ziga qonun tutmish edi. Sovet hokimiyati zulmi ostida ezilayotgan yerlik xalqlar esa, butun oilasi barobar jon kuchlari bilan ishlab, o‘z tuproqlarida yetishtirgan mehnat hosilining yuzdan biriga ham ega bo‘lolmaydilar. Yolg‘izgina mehnat hosilotiga ega bo‘lmaslik emas, balki bular qo‘l ostida yashovchi kishilar insoniy huquqlaridan ham butunlay mahrum etilgan holda, hayvonlarcha erkixtiyorsiz xizmat qilishga majburdirlar.
Dunyo yaratilib, inson nasli yer ustiga tarqalgan kunidan boshlab, hech bir zamonda bu kabi aqldan tashqari, buzuq maslakli olchoq odamlar xalq ustida hukmron bo‘lmaganligi ma’lumdir. Shuning uchun eng ogir dahshatlik kun qaysi deb payg‘ambarimizdan so‘raganda: «Haromzodalar o‘gli haromzodalar xalq ustidan ixtiyorsiz hukm yurgizsa o‘sha kun», dedilar. Yana Rasulullohning aytishlaricha, har bir inson umri uzulguncha ofat balolar ichra yashamoqqa majburdir, lekin hayot olamida bo‘ladigan barcha balolar ichida butun xalq uchun eng yomonrogi, eng zararligi ko‘rlik balosi ekandir. Chunki bundan payg‘ambarimiz o‘zlari ham panoh tilab, undan saqlanishga buyurdilar.
Endi ko‘r balosi qaysi deb so‘ralur ersa, o‘zlari bilmagan, bilganlariga tushunmagan bir qancha johil nodonlardurkim, ular aqllik olimlar boshliq butun xalq ustidan qurol kuchi bilan zo‘rlik asosida hukmronlik qiladilar. Xalq taqdiri butunlay ular qo‘lida bo‘lgach, bular uchun ulardan eng dahshatlik, zararli ofatlar tugiladi. Shuning uchun har ishda to‘grini egridan, yaxshini yomondan ajratqudek aql farosatdan yiroq bo‘lgan hukumat boshchilari esa, bechora xalq boshiga kelgan ko‘r balo bo‘lishlari shubhasizdir. Payg‘ambarimiz aytdilar: «Men Alloh taolo tomonidan bir yo‘l keltirdim. U esa yoruq, yumshoq, tekkis yo‘ldir, to‘gri yo‘ldir. Boshi bu dunyoda bo‘lib, narigi boshi u dunyoda jannatdur. Bu yo‘lning qolovuzi Muhammad alayhissalom, qo‘llanmasi Qur’ondur. Agar ummatlarim uning ko‘rsatganicha dinlarini kutib, u yo‘ldan chetga chiqmas ekanlar, butun ofatlardan omonda bo‘lib, Alloh rizosini topqaylar». Agar bunday bo‘lmas ekan, Alloh aytdi: «Ularning boshiga bir balo yuborurmankim, har qanday bilimli dono kishilarni ham hayronlikda qoldiradi».

Qayd etilgan


mutaallimah  05 Avgust 2008, 03:34:50

Mana, Rasululloh aytganlaridek, butun dunyo bo‘yicha eng siyosiy arboblarni hayratga qo‘yib, chorasiz qoldirgan narsa esa, shu ustimizdagi kommunizm balosidan boshqa emasdur. Chunki yuqorida aytilgan payg‘ambarimizning mo‘‘jiza so‘zlari shu kunlarda bo‘layotgan ishlarning naq o‘zi ekanligini ko‘rib turibmiz. Endi bu kabi balolardan qutulish uchun Rasululloh ko‘rsatgan haqiqiy islomiyat, Qur’on ko‘rsatgan yo‘lga qaytishdan boshqa chora yo‘qdir.
Yana o‘z so‘zimizga kelaylik. Sario‘zakdan chiqib, G’ulja chegarasini besh olti kun yo‘l bo‘ylab kelayotganimizda, meni eng achintirgan narsalardan birisi, ko‘chmanchi qozoq qarindoshlarimizni eng ogir ahvolda ko‘rishim edi. Chunki, sovet tuprogi bo‘yicha qaysi o‘lkada bo‘lsa ham, hech bir millat bular kabi vayrongarchilikka uchrab, qattiq zarar ko‘rmagan bo‘lsalar kerak. Bunga dalil: inqilob oldida sakkiz million hisoblangan qozoq xalqi hozirgi tarix 1968 yilda olingan ma’lumotga ko‘ra, uch million qolmishdir. Ayniqsa Bolqosh ko‘li atrofidan boshlab, Qorako‘l, Qiziljar qal’alarigacha suvsiz, ekinsiz Qoraqum cho‘llarida yashayotgan, chorvachilikdan boshqa qilar ovqatlari bo‘lmagan, o‘zlari uchun, xalq uchun mol boqqan bechora ko‘chmanchi yerliklarning qo‘llaridagi borliq mollarini bu rahmsiz, toshyurak mal’unlar birdaniga tortib oldilar. Buning natijasida tirikchiligi yolgiz chorvaga boglangan qozoq xalqi ochlikdan qirilib ketdi. Bunga qarshi o‘zlarini xalq gamxo‘rlari atashgan davlat arboblari kommunist rahbarlari hech qanday chora ko‘rmadilar va 30-yili boshlanib, ZZyillari to‘liq kuchga kirgan, Qozogiston bo‘yicha tarqalgan ocharchilikdan qozoq xalqi butunlay qirilishga boshladi.
Shu kunlari esa, Qirgizistonning Qorako‘l, Issiqko‘l atrofidan keltirilib, ko‘l bo‘ylariga taxlab qo‘yilgan hisobsiz arpa, bugdoylarni olishga navbat yetmaganlikdan osti, usti chirib, yarim gazdan ko‘karib yotmish edi. Yerlik xalqning o‘lik tiriklari bu dinsizlar oldida barobar bo‘lganligi uchun, o‘zlaridan tortib bosib olgan hisobsiz bugdoylarning har yerda chirib yotishiga qaramay, xalqning qirilishiga rozi bo‘ldilar.
Endi esa eng hayron qolarlik ish shulkim, naqadar qurbonlar berib o‘tkazgan ogir kunlarini unutgan holda turk ulusining asil o‘gillari qirgiz qozoq qardoshlarimiz diniy milliy hislarini yo‘qotib, asrlar bo‘yi saqlanib kelgan ona tillaridan ham ajrash ustida turadilar. Ona tildan ajraldi, demak, insonlik haqqini saqlayolmay, hayot olamida boshqalar hisobiga yashayotganlikdan inqirozga uchrab, tarix yuzidan butunlay o‘chirildi demakdir. Endi buning birdan bir chorasi diniy hislari yo‘qolgan bo‘lsa ham, milliy hislarini saqlash uchun turlik yo‘sinda ona til adabiyotlarini ko‘tarib, ilmiy tillar qatoriga yetkazishlari lozimdir. Shu safarimda chegaraga yetkunchalik och yalongoch bolalarga, oriq tuyaga yuklangan orqada ochlikdan gandiraklashib piyoda yurolmay ketayotgan er xotin qozoq oilalariga yo‘l bo‘ylab ko‘p uchrangan edim. O’sha vaqt ulardan qattiq ta’sirlanganim uchun chegaradan o‘tgach, ularni eslab, ko‘rgan ahvolni yozishga majbur bo‘ldim.
 

Qayd etilgan


mutaallimah  05 Avgust 2008, 03:35:20

Shu bilan Kuradan chiqib, G’ulja tomonga qarab yo‘lga tushdik. Taxminan 25 chaqirimcha yurib, G’uljaga yaqinlashib qolganimizda, Bayondoy shahri harobasi yonidan o‘tishga to‘g‘ri keldi. Bu shahar esa Koshg‘arda 12 yil hukm surgan 1270 tarixi hijriyda, butun Sharqiy Turkiston o‘lkasini Xitoy bosqinchilari qo‘lidan ajratib olib, uyg‘ur turklari tomonidan xon ko‘tarilgan Yoqubbek otaliq davrida harob bo‘lmish edi. Shundoqki, Uyg‘uriston Oltishahardan Ili o‘lkasiga askarlik xizmati uchun Xitoy xoni buyrug‘i bilan majburiy ravishda ko‘chirib keltirilgan uyg‘ur taranchilari, xitoylarning zulmlariga chidayolmay tungon musulmonlari bilan birlashgan holda, zolimlarga qarshi qo‘zg‘almish edilar. Oxirida birlashgan musulmonlar ittifoqlik sharofatidan zolim xitoy askarlarini tor mor keltirib, milliy hukumatlarini qurmish edilar.
Buyoqdan Yoqubbek otaliq janubiy Oltishaharni Xitoy bosqinchilaridan tozalagach, shimoliy tomondagi Jung‘oriya markazi hisoblangan Urumchi shahrini, ittifoqqa kelmagan, sulhga unamagan johil tungonlar bilan urushib, g‘alaba qozongandan keyingina qo‘lga keltirdi. So‘ngra, shimoliy tomondan kelib, butun G’arbiy Turkistonni bosib olgan chor Rusiyasiga qarshi siyosat qo‘llab, G’ulja hokimi taranchi Qorasultonni birlik ittifoqlikka undab, elchi yubormish ekan. Bu johillar boshlig‘i o‘zining ongsizligidan asosiy maqsadni tushunmasdan, rad javobi bilan ularni quruq qaytaradi. Yo‘q esa, otaliq talabi bilan o‘sha vaqtdagi Turkiya sultoni Abdulaziz xalifa tomonidan yuborilgan olti nafar turk afandilari uyg‘ur, o‘zbek o‘g‘illaridan tuzilgan otliq askarlarni butunlay yangi intizom ostiga olmish edilar.
Yoqubbek otaliq Hindiston malikasi Angliya qirolichasiga ikki qayta, Turkiya sultoni xalifa Abdulaziz hazratlariga itoat bildirib bir marotaba, elchi yubormish edilar. Buning natijasi bo‘lib, o‘zining manfaati uchun qirolicha tomonidan birinchi navbatda 10 ming, ikkinchi navbatda esa 24 ming pistonlik miltiq sovrun berilmushdir. Xalifa tomonidan esa, oz ko‘p urush qurollari va askar yasoqlari bilan harbiy xizmatlarni yo‘lga qo‘yib tartibga solish uchun, yuqoridagi afandilar kelmish edilar. Mana shular orqalik otliq, oyoq askarlar va boshqa butun harbiy ishlar turk askarlari tartiblari bo‘yicha tuzilmish edi. Shu sabablik o‘zlaridan qancha ko‘p ortiq qarshi askarlarni yengib, oz fursat ichida Urumchi shahrini qo‘lga kelturdilar. U yerdan o‘tgach, Qutubiy, Sonji, Monos, Shixuga yaqinlashganlarida bunga qarshi shoshilinch ravishda Olmota gubernatori qo‘mondasida chiqqan chor Rusiyasi bosqinchilari G’uljani bosib oladilar. Shu bilan qancha musulmon qonlari badaliga yangigina qurilgan davlat asosan ittifoqsizlikdan ruslar bilan bir to‘qnashishga ham yaramay zavolga uchraydi.

Qayd etilgan


mutaallimah  05 Avgust 2008, 03:35:44

Endi, ustida shunchalik tarixiy so‘zlar yozilishiga sababchi bo‘lgan Bayondoy harobasidan o‘tkanimizdan so‘ngra, shaharga qarashlik Do‘ngmahalla bilan Qo‘rg‘ontepa Kura darvozasi ostiga keldik. O’rta asr turmushlarini eskartadigan, xitoy odatlariga ko‘ra shahar atrofi besh olti metr egizlikda (balandlik) tuproq qo‘rg‘onlar bilan o‘ralib, to‘rt tomonidan to‘rt darvoza qurilmish edi. Darvoza tashqarisida ot tuyog‘i botqudek balchiq ko‘rmagan bo‘lsak ham, darvozadan kirgach, tizzadan yuqorigacha sassiq, qora botqoq kechib, shahar ichiga kirdik.
So‘ngra so‘rab surishtirib, bir yerda tug‘ilib, bir kentda o‘sgan To‘qmoqdagi o‘z mahallamizdan ketishgan uyg‘ur Olmozbek hoji o‘g‘illari Turdoxunbek, Qurbontay qori uylariga kelib tushdik. Uy egalari boshliq zol to‘lgan odamlar yugurganlaricha chiqishib, bizni qarshi oldilar. Qarasam, shuncha ko‘p kishilar ichida birovi ham yot emas edi. To‘qmoqlik, qorako‘llik ko‘rib, bilib yurishgan o‘z og‘aynilarimiz ekanlar. Kishi tang qolurlik ishdurkim, mening to‘g‘rimda qayg‘urishib, so‘zlashib o‘ltirishgan vaqtlarida so‘zlari hali tugamay turib, ustilariga kelgan ekanmiz. Meni ko‘rgach, barilari hojidan kelgan otalarini ko‘rganday bo‘lib quvonishib ketdilar. Ayniqsa qorako‘llik uyg‘urlardan Ibrohimoxun oqtosma, yana birovi oti esimdan chiqmish, otushlik savdogar yigit. Bu esa To‘qmokda turgan chog‘ida kezik kasaliga mubtalo bo‘lgan va mening tajribam sababli shifo topgan ekan. Boshimda eski quloqchin (telpak), usti boshim harob, oyog‘imda ishlamchi (ishchi) etigi. Meni bu holda ko‘rgach, ichlari og‘riganlikdan ko‘ngillari qayg‘urib, ko‘zlari yoshlanmish edi.
Ko‘rishmagan, quloq oshiq do‘stlarimiz har yerda ko‘p bo‘lgani uchun, mening kelganim bularga bayram kunlaridek ko‘rinib, tuqqan bilganlar uzoq yaqindan hafta o‘n kunlab uzilmay kelgali turishdi. Uch kun o‘tmay turib, bosh oyoq kiyim kechaklarimiz yangilanib, yor do‘stlarimiz tomonidan ziyofat chaqiriqlari boshlangani turdi. Shu yer odati bo‘yicha Turdoxunbek boshlab bizning hurmatimizga butun G’ulja boy savdogarlarini, qozi, muftiy a’lam, oxunlari boshliq ko‘zga ko‘rinarli kishilarni chaqirib, bir ulug‘ ziyofat o‘tkazdi. Buning tuganchisida boshi kimxap to‘n, oyog‘i toza narsadan ko‘ynak ishton, to‘qqiz kiyimlik bir bo‘g‘chaga (tugin) tugilgan, ustiga ot tuyog‘iday yombu (quyma oltin) qo‘yilgan tortuqni xalq ko‘zida keltirib, mening oldimga qo‘ydi. Shu bilan birga boylar orasida ziyofat boshlanib ketib, yana bir ikki joylarda yombusi bilan to‘qqizlangan tortuqlari bo‘ldi.

Qayd etilgan


mutaallimah  05 Avgust 2008, 03:36:56

Lekin, oylarcha, balki yillarcha davom etgan shu kabi katta ziyofatlarda ko‘rgan hurmat, siy sifatlar ko‘nglimdagi dardlik jarohatlarimga shifo berish emas, tuz qo‘ygandek bo‘lib sezilmokda edi. Chunki, katta kichik boy savdogarlar, muftiy a’lam, oxunlar boshliq butun xalq g‘aflat uyqusida yotgan, jaholat balchig‘iga butunlay botgan edilar. Buning ustiga iqtisodiy tuzoq qopqonlari har qadamda, halokat chuqurlari pardalangan holda har yerda qazilmish edi. Hech qaysilari bunga parvo qilmasdan, bular atrofida parvonadek jon qurbon edilar. Ayniqsa, bular ovuni ko‘rgan, tuzoqlariga tushib, uzishib qochgan, boy savdogarlarning ko‘ra bila turib qilayotgan ishlariga qarab: «Ko‘rgiligi bo‘lsa ko‘zi ko‘r bo‘lar ekan», deyishga majbur edim. Shundoq bo‘lsa ham og‘ir kunlarimda ko‘nglimni ko‘tarib, men uchun xizmat ko‘rsatgan do‘stlarimni Alloh rahmat qilsin! Bu voqeadan 37 yil o‘tgan so‘nggida, bu tarix yozilayotganida, yuqorida aytilmish ahboblarimizdan ikki uch kishigina qolib, boshqalarining esa hayot olamidan ko‘zlari yumilmishdir. Uz vaqtida ularga yordamim yetmagan bo‘lsa ham, ruhlariga fotiha o‘qib, qilgan yaxshiliklarini unutmaganligimdan tarix yuzida eskarib, 6u o‘rinda yozdim.


Qayd etilgan


mutaallimah  06 Avgust 2008, 04:06:03

G’ULJA SHAHRI


Endi zolimlardan qochgan kunlarimizda biz uchun vaqtlik bo‘lsa ham boshpana bo‘lgan G’ulja shahri, Ili o‘lkasi ustida oz ko‘p tarixiy ma’lumot berib o‘tishni loyiq topdim. Hamma yoqqa oti chiqqan shu kungi G’ulja shahrining birinchi binosi, u yerlarni Xitoy xonligi manjurlar bosib olish davrida tiklanmishdur. Undan oldin, Chingiz chiqishidan taxminan yuz yilcha ilgari, shimoliy Xitoyda inqilob qilib qo‘zg‘olon ko‘targanlar mag‘lubiyatga uchragan so‘nggida Gurxon degan boshchisi o‘ziga tobun kishilari bilan to‘g‘ri g‘arbga qarab chekinmish edi. Ili o‘lkasiga kelgach, bu yerning suvi mo‘l, havosi kelishgan, atrofi kengligini ko‘rib, yana Markaziy Xitoy O’rta Osiyo ulug‘ yo‘li ustiga tushganligidan, har tomonlama uning ahamiyatini tushunib, shu yerda Ilixo shahrini qurishga kirishadi. So‘ngra Amudaryo bo‘yidan boshlab G’arbiy, Sharqiy Turkiston, Farg‘ona mamlakatlarini qo‘lga kelturgach, O’rta Osiyoga podshoh bo‘lib, bu yerlarda sakson necha yil saltanat surmishdur. Buning davlati zavol topib Ilixo, Bolosog‘un shaharlarining paydo bo‘lish voqealari esa, bu kitob boshida yozilgan edi. Shuning uchun bu o‘rinda qaytarishni lozim topmadim.
Gurxon davlatchiligi zavol topib, taxminan qirq necha yil o‘tgan so‘nggida, butun dunyoni titratgan Chingiz dahshati boshlanib, jahon chopuli natijasida olgan mamlakatlarini to‘rt o‘g‘liga bo‘lib, taqsim qilmish edi. Hozirgi O’zbekiston, Sharqiy Turkiston bilan o‘rtancha o‘g‘li Chig‘atoy bahodirga berilmishdur. Ilgargi Turkiston odati bo‘yicha, Chig‘atoy bahodirning saltanat taxtiga birinchi o‘ltirishi qoraxoniylar poytaxti Talas (Jambul) shahrida bo‘lgan. Keyinchalik uni Ili o‘lkasiga ko‘chirib, shu kungi G’ulja shahridan sakson chaqirimcha bo‘lgan «Qo‘rg‘os mozor» deb atalgan Olmalig‘ shahrini poytaxt qilmishdur. Mana shu kundan boshlab, Olmalig‘ shahri Chig‘atoy xonlariga poytaxt bo‘lib keldi. Bu oila hukmdorlarining eng so‘nggisi To‘g‘luq Temurxon vafot topgach, uni shu yerga qo‘ydilar. Lekin bu kunlarda Olmalig‘ degan eski oti unutilib, Qo‘rg‘os mozor deb atalmishdur. 1945 yili topilgan oltin kumush tanga aqchalarida arab harflari bilan «Zar Olmalig‘» deb yozilgan so‘zlarni o‘zim o‘qimish edim.

Qayd etilgan