Alixonto‘ra Sog‘uniy. Turkiston qayg'usi  ( 136137 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 ... 24 B


mutaallimah  06 Avgust 2008, 04:33:46

Tarixlarda turk beshigi atalgan Bolosog‘un, Issiqqo‘lning tog‘larida So‘ngko‘l, Manokeldi, Maxmal, Susamir degan yaylovlari bo‘lsa ham, Olmalig‘ yaylovlariga ko‘ra torlikdan boshqa yana siyosiy tomonlariga ko‘z solib, Chingiz avlodi hukumat poytaxtlarini Jung‘oriya markazi Olmalig‘da kurmish edilar. Bu o‘lkaning jug‘rofiy tomoni esa, sharqdan G’o‘biy cho‘li, g‘arbdan Oltunemar tog‘lari, janubdan Tyan-Shan Muzdovoni, shimoldan Oltoy tog‘lari bilan cheklanadi. Buning siyosiy tomoni: qoraxitoy Gurxondan boshqa, turk ulusining birinchi hoqoni O’g‘uzxon davridan boshlab XUSh asrga kelguncha, Turkiston hoqonlari sharqda Xitoy, g‘arbda Turon, Eron, Bag‘dodgacha; shimol va janubda Qozon, Bulg‘or, Afg‘oniston, Hindiston mamlakatlariga hukmron edilar.
O’rta asrlar o‘tib, Ovrupoda ilm madaniyat ko‘tarila boshlangach, Kur’on hukmicha ulardan ulgu olib o‘rganishimiz lozim edi. Yo‘q, unga qarshi har yoqlama ilm ma’rifatdan ortda qolgach, butun mamlakatimizga, jannat misol ona Vatanimizga dini, tili boshqa bosqinchilar kelib bo‘ldi. Yolgizoq vatanimiz, hokimiyatimiz emas, qachonki xalq taqdiri butunlay kommunistlar qo‘liga o‘tti ersa, erk ixtiyorlaridan butunlay ajragan holda hech kim nafaqat bolachaqa, balki o‘z qora boshiga ham ega bo‘lolmay qoldi. Endi bundan birdan bir qutulish chorasi esa, zamonaviy ilm fanlarini to‘ligi bilan qo‘lga keltirib, qurollangan so‘nggida vaqti kelar ekan, Qur’on boshchiligi ostidagina musulmonlar ongliq ravishda qutulish harakatlarini qilar ekanlar, ana shundagina o‘zlarini bu balodan kutqaza oladilar. Bunday ishlarda esa avval Qur’on ko‘rsatgan yo‘l birlik, ittifoqlikni yaxshi saqlamoqdur. Ikkinchisi dushmanga qarshi turganda o‘limdan qo‘rqmaslikdur. Hech bir inson dunyoda abadiy yashamaydi.

Qayd etilgan


mutaallimah  06 Avgust 2008, 12:03:22

QUMUL VOQEASI

Men G’uljaga kelgan kunlarimda Qumul (hozirgi Sinzyan uyg‘ur muxtor rayonidagi shahar) voqeasi yangidan boshlanib, xalq o‘rtasida har turlik shov-shuv so‘zlar ko‘paymish ekan. Qumul esa Urumchidan, taxminan, besh kunlik sharq tomonda bo‘lib, eski bir tarixiy shahardir. Buning atrofidagi 12 tog‘da 12 kand bo‘lib, bularda yashayotqan yarim ko‘chmanchi yerlik xalqlar esa, Qumul hokimi Vang xo‘jamning molchilaridur. Eshitishimizcha, xo‘jamning 100 mingdan ortiq har turlik chorva mollari ularning qo‘llarida boqilmoqda ekan. Butun tog‘liklar ota bobolaridan tortib, bu kishining chorvalari ustidan boqmachilik bilan kun kechirmoqda ekanlar. «Vang» demak, xitoy tilida kengashchi maslahatchi mazmunida bo‘lib, ba’zi bir kishilarga xitoy xonlari tomonidan aldab beriladigan oti ulug‘, suprasi quruq mansabdir. Bu tomonda G’ulja, Kuchar vanglari mashhur bo‘lsa ham, bulardan boshqa shaharlarda ham bu quruq unvonga ega bo‘lgan kishilar bordir.
Karl Marks: «Kommunizm maslagi madaniyat taraqqiyotining ajralmas natijasi» deganlikdan, bu adashgan hasadxo‘rning so‘ziga ko‘rlarcha ergashgan kommunistlar, ayniqsa, ularning ka’basi sovet Rusiyasi, nafaqat Sharqiy Turkiston xalqiga, balki butun Xitoy mamlakatiga qaysi yo‘sun bilan bo‘lsa ham, bu maslakni kirgizmoqchi edilar. O’z shiorlarida «butun dunyoda ezilgan xalqlarga yordam beramiz», deb jar chaqirgan bo‘lsalar ham, aslida, bu mazlum Sharqiy Turkiston xalqlarining ozodliklariga hech roziligi yo‘q edi.
Qumul vangligining boyligi va uning hech narsaga tushunmagan molchilari sonining ko‘pligi bu ishga el berishlik edi. Shunga ko‘ra, o‘lka markazi hisoblangan Urumchi shahridagi sovet elchixonasida bu fitna jamolg‘asi ko‘rilib, tegishli rejalar tuzilgandan keyin, inson iblislari orqalik ularga yoshirincha odamlar yuborildi. Qumul vanggining molchilari tayyorlangan so‘nggida, ular Xo‘janiyoz boshchiligida 1931 yili Xitoyga qarshi qo‘zg‘olon ko‘tarmish edilar.

Qayd etilgan


mutaallimah  06 Avgust 2008, 12:04:14

Men 1931 yili G’uljaga o‘tkanimda bu voqea xalq og‘ziga tushib, har turli xurofiy so‘zlar turlik tomondan tarqalmoqda ekan. Bu ishlar esa, kimlar tomonidan qurilayotganligi, buning ortidan qanday ishlar kelib chiqishi, bizga ko‘rinib turgan bo‘lsa ham, boshqa hech bir kishining xayoliga kelib qo‘ymag‘anlig‘i meni hayratda qoldirmish edi. Uzoq emas, kechagina ko‘zlari ko‘rgan o‘lim og‘zidan ming xil mashaqqatlar bilan sovetdan qutulib qochgan necha minglarcha nodon boy savdogarlar va boshqalar, o‘z jallodlari tomonidan tortilgan iqtisodiy to‘rtuzoqlar atrofida och qolgan jonivorlar kabi timirskilab yurmoqda edilar. Bu qorabosganlar millat, vatan uchun hech qanday qayg‘urmas edilar. Dunyo do‘zaxini ko‘zlari bilan ko‘rgan bo‘lsalar ham, xayol o‘tmay uni yodlaridan chiqarib, hirs bilan dunyo to‘plash chorasiga kirishmish edilar. Sovet makkorlari bularni ko‘rgach, battarroq semirtirib so‘yishga tayyorlash uchun, iqtisodiy tuzoqlarni kun sayin oshirmoqda edi.
Oxir zamonda eng olchoq yomon odamlar kim?, deb so‘ralganda: «Birinchi din sotgan johil olimlar. Ikkinchi ochko‘z, piqsiq, tamaxo‘r boy va savdogarlar», degan payg‘ambarimizning so‘zlarini kitoblarda o‘qigan bo‘lsak, uning aniqligini ko‘zimiz bilan ko‘rdik.
Dunyoda kim yaxshilik ko‘rsa, o‘zining yaxshi mehna-ti sabablik Allohdin bo‘lur, agar yomonliq ko‘rar ekan, albatta, uni o‘zidan bilsin, o‘zidan ko‘rsin. Chunki Alloh Kur’onda, pashambarimiz hadislarida musulmonlar uchun dunyo va oxirat davlatini topqudek yo‘llarni ochiq oydin ko‘rsatmish edi. Shu yo‘lda turar ekanlar ular ilm fan, madaniyat, taraqqiyot tarafdorlaridir. Jaholat islomiyatda qabih ishdur. Ovrupo madaniyatining rivojlanishi islom madaniyati haroblanishining natijasi bo‘lishida hech shubha yo‘qdir.

Qayd etilgan


mutaallimah  06 Avgust 2008, 12:05:05

Ushbu XX asr bo‘ylab bo‘layotgan, butun yer ustini qoplagan haqiqiy madaniyatsizlik, dinsizlik balosi insoniyat haqiga qanday haroblik keltirayotganligi, dinsizlik tufayli butun insoniy axloqlarning buzulganligi, ko‘z oldimizda ko‘rinib turadi. Ayniqsa, bu kabi dahshatlik dinsiz davlatlar qo‘l ostida yashamoqqa majbur bo‘lgan ikki Turkiston musulmonlari esa, nafaqat diniy, milliy, balki butun insoniy huhuqlaridan ham ajrashib, yutilish oldida turadilar.
Yana o‘z so‘zimizga kelaylik. Shunday bo‘lib, Uyg‘uriston tuprog‘ida birinchi boshlangan buzg‘unchilik o‘ti atrofga uchqun tashlab, kundan kunga ko‘tarilib avj olg‘ani turdi.
«Islom ilm bilan yashasa, shundagina olam o‘ngla nadi», degan so‘zning haqiqati, u kunlari bizga gavdalanib ko‘rinmish edi. Chunki biz ikki Turkiston musulmonlari, ilmsizlik shumligidan o‘lchovdan tashqari necha yuz yillardan beri bosqinchilar jabr zulmlari ostida ezilib yotmoqdamiz. Ayniqsa, Sharqiy Turkiston xalqi ongsizlik ilmsizlikda birinchilikni oladilar. Shuning uchun zamona makkorlarining ko‘zboylov aldov ishlari bu yerda boshqa joylarga ko‘ra tezroq rivojlanmoqda edi.

Aslida, Urumchidagi sovet elchixonasidan ilhom olgan Qumul qo‘zg‘oloni yerlik musulmonlar ichida tezroq tarqalishi uchun bu makkorlar tomonidan unga diniy tus berilmish edi. Islom yo‘lida jonini qurbon qiladigan bechora musulmonlar boshqaga tushunmasalar ham, bu qo‘zg‘olonchilarni islom uchun chiqqan g‘oziylar o‘xshaydi deb, har yerdan bosh ko‘tarib, bularga qo‘shilgani turdilar. Buning ustiga Sharqiy Turkistonni bosib turgan mustabid Jang Junning butun idora (siyosiy, iqtisodiy, ayniqsa askariy) ishlarida xon zamonidan qolgan eski usullar qo‘llanganligidan o‘z qarshisiga qo‘yilgan sovet elchixonasi raqiblaridan har to‘g‘rilik yengilmish edi. Shundoqki, qo‘zg‘olonchilarga qarshi qo‘llagudek quroli yo‘qligidan, qo‘shnilik qadrini oraga solib, o‘z dushmanidan qurol so‘ragach, «ish payti keldi» deb, darxol bir qancha qurol yaroq topshirmishdur. Jang Jun bu qurollarni olti aravaga yuklatib, qo‘zg‘olonchilarga qarshi qo‘yilgan Qumuldagi xitoy askarlariga yubormishdur. Buning xabari allaqachon u yoqqa berilib, keraklik chorasi ko‘rilmish ekandur. Qo‘zg‘olonchilar merganlaridan pistirma qo‘yilgan tog‘ qisig‘iga aravalar kelganda, ikki tomondan o‘qqa tutib, xitoy askarini qoldirmay qirib, butun qurolini qo‘lga tushirmish edilar. Bularning hech kutilmagan bunday g‘alaba qozonishlari qo‘zg‘olonning kuchayishiga sabab bo‘lib, xitoy hukumatini qattiq tashvishga tushurdi. Shuning uchun burun sovet bilan urushib, Xitoyga qochib o‘tgan chor Rusiyasi generallari Dutov, Aninkovlardan qolgan oq ruslardan askar tuzib, shular orqaliq qo‘zg‘olonchilarni bostirmoqchi bo‘ldi.

Qayd etilgan


mutaallimah  06 Avgust 2008, 12:06:20

Xitoylarning bu qilgan ishlari ham o‘zlari uchun foyda bermadi, chunki sovet elchixonasi tomonidan ilgariyoq bu ishlarning oldi olinib, kerakli choralari ko‘rilmish edi. Balki bu rus askarlari atrofdagi tinch yotgan musulmonlarga yo‘q bahonalar bilan ko‘p ziyonlar yetqizdilar. Bularning shu kabi teskari harakatda bo‘lishlari esa, elchixona tomonidan oldinroq uyushtirilib, uning natijasi kutilmoqda edi. Bu haqda qo‘llanilgan siyosatlari to‘g‘ri chiqqanligidan, tushunmagan yerlik musulmonlar bu ishning orti nima bo‘lishi bilan ishlari yo‘q, Xitoyga qarshi har yerdan bosh ko‘targani turdilar. Ayniqsa, Urimchidan uch to‘rt kunlik ot yurishida sharqi janubdagi Ko‘naturpon, Qoraxo‘ja, Tuyuq musulmonlari orasida Xitoyga qarshi ishlar ortiqcha qizg‘inlashmoqda edi.
Jang Jun hukumatining idora ishlari esa, xon davri qoldiqlari eski, chirik asosga qurulganlikdan, Xitoy hukumat arboblari har yoqlama zamonaviy talablarga ojizliklarini o‘z dushmanlariga sezdirmish edilar. Siyosiy ko‘rlik natijasidurkim, sovet konsulining maslahati bilan yaponlardin Manjuriya orqalik qochib o‘tgan, 20 30 mingga yaqin xitoy askarlari bilan Shing Duban (hozirgi Sinzyan uyg‘ur muxtor rayonidagi shahar) degan generalni keltirib, Jang Jun hukumati o‘z askarlariga bosh qo‘mondon qildi. Bundan sovet hukumati ikki maqsadni o‘z oldiga qo‘ydi:
Bu askarlar bilan yerlik qo‘zg‘olonchilarni bostirish, ularning o‘z huquqlariga erishishliklariga yo‘l qo‘ymaslik.
Yerlik qo‘zg‘olonchilarni bostirgandan so‘ngra Jang Jun hukumatini ham yo‘q qilishdan iborat edi.
Sharqiy Turkiston haqiqatda esa Xitoyning mustamlakasi bo‘lib, bu mazlum xalqlarning taqdiri uchun chor Rusiyasi qandoq siyosat tutgan bo‘lsa, sovet Rusiyasi ham shundoq siyosat tutdi. Ularning o‘z haqqoniy huquqlari uchun qilgan kurashlariga yordam berish u yoqda tursin, aksincha, ularni bostirishda Xitoy hukumatiga yordam berib keldi.

Qayd etilgan


mutaallimah  06 Avgust 2008, 12:06:42

Jang Jun hukumatiga Shing Dubanning bosh ko‘mondon bo‘lib kelishi, Maskovning rejasi bilan bo‘lgani uchun, shu kundan boshlaboq Jang Jun hukumati o‘lim taxtasiga tortilib, ko‘milishga tayyorlanmish edi. Shing Duban Urumchiga kelib, o‘ziga tegishli ishlarni qo‘lga olgach, 1932 yili sovet hukumati 20 mingdan ortiq xitoyni (xunxo‘zoni) o‘tkazib, Shing Duban qaramog‘iga topshirdi. Bu makkor xitoy Urumchidagi sovet elchixonasidan ilhomlanib, bir yoqdan qo‘zg‘olonchilarga qarshi harakat ko‘rsatgan bo‘lsa ham, asosiy topshiriq Jang Jun hukumatini tub tomiri bilan ag‘darib tashlab, o‘rniga Xitoy rahbarligida yoshirin «Qizil Uyg‘uriston» qurmoqchi edi. Shunga ko‘ra ikki tomonlama ish ko‘rsatib, hukumat markazi atrofida yoshirin inqilobiy siyosat yurgizgan bo‘lsa; kazak ruslari aralash xitoy qochoqlaridan kuchlik qo‘shin tuzib, surbetlarcha qo‘zg‘olonchilarga qarshi yubordi. Lekin, bular bo‘layotgan bu ishning tub negizini xalqqa tushuntirish o‘rniga, xitoy askarlari, ayniqsa oqlardan tuzilgan rus askarlar gunohsiz xalqni qirib, ularga qattiq jabrzulm ko‘rsatkali turdi.
Tashkiliy ravishda ochiq bir maqsadni oldiga ko‘yib, bir yerga suyangan holda ko‘tarilmagan qo‘zg‘olonlarda, albatta, shunday ko‘ngilsiz ishlarning bo‘lishi tabiiydur. Shuning uchun Ko‘naturponli Alamoxun, Momutoxun, Xilimhojilar boshliq bir necha obro‘ylik odamlar, musulmonlar tomonidan elchi bo‘lishib, Sharqiy Turkistonga chegaradosh Gansu o‘lkasining hokimi, xitoy musulmonlarining eng ulug‘ raislaridan Xo‘ju, Solar voliysi Mobufang janoblaridan yordam so‘rashib boradilar. Shundoqkim, «Sizlar bilan bizlar hammamiz bir musulmonlarmiz, kofirlar qilg‘an jabr zulmlariga chidayolmay sizlardan yordam so‘rab keldik. Qur’on hukmicha butun musulmonlar din qardosh, bir jon, bir tan bo‘lg‘anlikdan har to‘g‘rida, ayniqsa, bosqinchi kofirlar zulmidan kutqazish uchun birbirlariga yordam yetkazishlik shariatda farz bo‘lmishdur. Agar bizlarga yordam berib, shu bilan bosqinchilardan qutilar ekanmiz, albatta, kelgusida sizga bay’at beramiz», deb va’da beradilar. Bularning so‘zini onglag‘ach, o‘zaro kengash o‘tkazgan so‘nggida, o‘z inisi yoki akasining o‘g‘li jiyani, 25 30 yoshdan o‘tmagan Gasiling otliq yigiT qo‘mondasida to‘rt besh ming askar chiqarishga to‘xtam qildi.

Qayd etilgan


mutaallimah  06 Avgust 2008, 12:06:59

Bu qahramon qo‘mondon oz bo‘lsa ham Yaponiya harbiy maktabida tarbiya topganligidan, butun askarlarini eng so‘nggi yapon harbiy tizimida tayyorlamish edi. Buning ustiga bu askar qo‘shini xitoy musulmonlari ichida dindorliq va qahramonliqda atog‘i chiqqan Xo‘ju, Solar tungonlarining fidoyi yigitlaridan qurilmish edi. O’zlarining bu safarlarini diniy jihot deb ishonganliklari uchun, butun musulmonlar va diniy olimlar tomonidan bu qahramon askarlarga: «Xudo yo‘lida jonfidolar» nomi berilmish edi. Shunga belgi bo‘lsin deb, katta harflar bilan o‘chmas siyohda, har bir askarning ko‘kragiga arabcha «Fiysabililloh» degan so‘z yozilmish edi. Bu qahramonlar ruhoniy diniy tomonlaridan qanday chingitilib to‘liqlangan bo‘lsalar, jismoniy tomonlari ham shu kabi tarbiyat topib, chingitilmish edi.
Manjuriya maydoni bo‘ylab yaponlarga qarshi qo‘yilgan Chan Kayshi askarlari ko‘p joylarda ulardan mag‘lubiyatga uchrab, orqaga chekinmish edilar. Lekin, islom nomusini saqlagan yolg‘iz shu qahramon bir necha o‘rinlarda qarshi dushmanlari yaponlarga qattiq zarba berib, shonliq g‘alaba qozonmish edi. Mana, shundoq ko‘tarinki ruh bilan turgan bu qahramonga Mobufang janoblaridan farmon bo‘lg‘ach, zulm ko‘rgan Sharqiy Turkistondagi musulmon din qarindoshlari yordamiga chiqmishdur. Elchilar boshlig‘i Alamoxun, Xilimhojimlar qolovuzligi bilan 8 kunlik o‘zan Shin Shisho qisig‘idan o‘tib, bir necha ko‘nalg‘uliq keng maydondan kesib o‘tar chog‘ida; bu ishdan xabar topib, qarshisida kutinib turgan Shing Duban askarlari hech qanday qarshilik qilolmasdan, birinchi to‘qinishdayoq orqaga chekinib, bosh olomon qocha boshlaydilar. Shu kabi qattiq zarba yeb, mag‘lubiyatga uchragan Xitoy askarlari Qumuldan o‘tib, Gujungga kelguncha biror joyda qarshi turolmadilar. Qochgan dushmanni o‘z uyida quvib, Qumulda Xo‘janiyoz bilan ko‘rishib, u bilan ittifoq tuzish eng zarur bo‘lg‘anlikdan, Qumulga kirmish edi. Eshitishimizcha, ikkovi ko‘rishib, asl maqsad aytilgan so‘nggida, birlik ittifoqlik tuzishganlar; va’da buzilmasligi uchun qasam ichib, Kur’on ko‘tarmish ekanlar.

Qayd etilgan


mutaallimah  06 Avgust 2008, 12:07:28

Lekin Gasilingning bu qadar intizomlik, zamonaviy usullar bilan tayyorlangan qo‘shini to‘satdan chiqib qolishi, Kremlni ancha tashvishga tushirmish edi. Ayniqsa, bu ikki qo‘mondon ittifoqi, butun musulmonlarning islom yo‘lida qo‘zg‘alishlari uchun sabab bo‘lishi mumkinligi, ularda ayrimcha qo‘rqinch tug‘dirmish edi. Shunga ko‘ra, bu aldamchi makkorlar butun kuchlarini safarbarlikka keltirib, bunga qarshi chora ko‘rishga kirishtilar. Bularning eng birinchi qilgan ishlari esa, musulmonlarni qaysi yo‘l bilan bo‘lsa ham birlik ittifoqlarini buzib, bu ikki qora botirlarni biriga birini qarama qarshi ko‘yish edi. Har ikki tomonning qora nodonligidan foydalanib, ko‘p qiyinchilik ko‘rmasdanoq bu maqsadlariga tezda erishdilar.
Shundoqki, islom ruhida qo‘shilgan birlik ittifoqlari orqali, ikki qo‘mondon qo‘l ostidagi musulmon askarlari Qumuldan chiqib, Urumchidan 3 4 kunlik sharq tomonda bo‘lgan sapillik Gujung shahrini kelib qamal qildilar. Qal’abuzar qurollari, to‘plari bo‘lmasa ham, sapil ustiga yetkudek qilib, bir ikki yuz chamali shoti narvon tayyorlamish edilar. Oz bo‘lsa ham islom ruhida tarbiyat topgan, shahidlik ishqida o‘limni o‘ylamagan jon fido musulmon askarlari, ish ko‘rgan qahramon Gasiling qo‘moqdasidagi tungon askarlari boshliq, ko‘pchilik olomonlar «Ollohu akbar» sadosini ko‘kka ko‘tarib, dushman qal’asiga yopishg‘ali turdilar. Qal’a ustidagi dushman askarlari tarafidan otilgan to‘p to‘fonglarga, ular tomonidan ko‘rsatilgan har turlik qarshiliklarga qaramay, to‘rt besh soatlik qattiq jang so‘nggida Gujung shahrini oldilar.
O’z vaqtiga ko‘ra qo‘zg‘olonchi musulmonlarining bu kabi ulug‘ g‘alaba qozonishlari o‘lka bo‘ylab yashagan yerlik xalqning ruhini ancha ko‘tardi. Buning ustiga bu ikki qo‘mondon Gasiling, Xo‘janiyoz qahramonlig‘i el og‘zida doston bo‘lib, dushmanlarni ancha qo‘rqitmish edi. Haqiqatda esa, bu urushda ish ko‘rsatib, eng qahramonliq qilg‘onlar nizomiy askarlar boshlig‘i Gasiling va ham uning inisi Shusiling bo‘lib, bular farmonidagi fidoyi tungon askarlari edi.

Qayd etilgan


mutaallimah  06 Avgust 2008, 12:07:47

Ilgaridan beri bu yerda saqlanib kelgan eski qurol yaroq, urush uskunalari va ham Jang Jun hukumati qisilib qolgan vaqtda sovetdan olgan yangi qurollardan, eskisi yangisi bo‘lib 25 mingdan ortiqroq qurol yaroq o‘lja olinmish edi. Zamonaviy urushlarda esa, ko‘pincha hujumchi askarlardan ortiqroq chiqim bo‘lishi tabiiydur. Shunga ko‘ra yog‘dirib turgan o‘qqa qaramasdan Shusiling qo‘mondasida sapil ustiga hujum boshlagan tungon fidoyilaridan, qo‘mondonlari boshliq ko‘pgina askarlar qurbon bo‘lmish edi. Hech narsaga tushunmagan, jaholat balchig‘iga butunlay botgan Qumul, Turpon qo‘zg‘olonchilari boshlig‘i Xo‘janiyoz, Momutsiling o‘zlari qarshi urushayotgan Jang Jun bayrog‘i ostida va uning ortida kimlar mo‘ralab yotqanini qaydin bilsinlar! Makkorlar tarafidan atayin tashkil qilingan fitnachi ig‘vochilarning so‘zlariga tezdan aldanib, «Gujung urushidan olingan o‘lja mol, qurol jabduqlarni o‘rtada barobar bo‘lmadi, eskilarini qoldirib, yangilarini o‘zlari olishdi», degan fitna so‘zlar bahona bo‘lib, uyg‘ur tungon musulmonlarining ittifoqlari buzila boshladi.
Haqiqatda esa, bolani otadan ajratqudek buzg‘unchi sehrchilar ilhomi bilan Xo‘janiyoz, Momutsilinglarning miyalariga mansabparastlik o‘rnatilmish edi. Birlik ittifoqlik ustida ichgan qasamlari, ko‘targan Qur’onlari qayoqlarda qoldi? Shunga qarab hurmatini saqlamadilar. Anglashimizcha Gasiling o‘rtaga kishi qo‘yib, «Ular kelsunlar, ko‘rishib so‘zlashaylik, oramiz buzulg‘udek bizlardan biron ish o‘tgani yo‘kdir, atrofimizdagi kofir dushmanlarimiz butunlay o‘rab turgan shunday og‘ir kunlarda biz musulmonlar o‘zaro birlik, ittifoqimizni yo‘qotsak, Qur’on hukmini buzib dinimizga xiyonat qilib, o‘z qo‘limiz bilan o‘zimizni halokat chuquriga tashlagan bo‘lamiz», demishdur. Shu o‘xshash so‘zlar bilan oralaridagi qasam ichishib, Qur’on ko‘tarib qilishgan ahdu paymonlarining buzulishini eskartib, bularning ortidan qanday yomon ko‘ngilsiz ishlarning kelib chiqishini ko‘rsatib chaqirsa ham, ular qabul qilmaganlar.

Qayd etilgan


mutaallimah  06 Avgust 2008, 12:09:07

So‘z shu yerga yetganda,  o‘tmishdagi islom ulamolarimiz o‘rtalarida munozara maydoni bo‘lgan haqiqiy iymon, taqlidiy' iymon masalasi ko‘nglimga kelmish edi. Taqlidiy iymon Tangri oldida maqbulmi, yo maqbul emasmi? degan savol ustida to‘xtalishib, bu haqda ko‘p bahs-munozara qilmish edilar. Uzun tekshiruvlardan so‘ng, «Taqlidiy iymon zohir shariat oldida dunyolik hukmlar uchun qabul qilinsa ham, haqiqiy iymon bo‘lmaganlikdan Alloh qoshida maqbul emas», dedilar. Haqiqiy iymonlik odam xudo va rasulni o‘rtaga qo‘yib ont ichib, Kur’on ko‘tarib va’da bergan bo‘lsa, bunday ulug ahdni boshiga o‘lim qilichi kelsa ham buzmaydur. Agar buzar ekan, undaq odamning iymoni yuzaki, hali ko‘ngliga kirmagan, til uchida bo‘lib, munofiqlik alomatidur.
Agar haqlik kishi ko‘ngliga kirgani rost bo‘lar ekan, botillik belgilari ul odamdin, albatta, yo‘qolgusidir, chunki iymon nuri yoritgan ko‘ngil ichida kufr qorongusining turishi kunduz yorugi bilan kecha qoronguligining birga bo‘lishi demakdir. Ular nifoq va jaholatlik kasofatidan dushmanlariga aldanib, arzimagan, bo‘lmagan ishlar bahonasi bilan o‘zaro birlik ittifoqlarini buzdilar. Shuning natijasida bo‘layotgan ozodlik inqilobiy ishlariga ham qattiq zarba yetmish edi. Bulardan xalqning kutgan totliq xayoliy umidlari ham uzildi.

Shu voqeadan keyin 1931-1932 yillari yana uchta katta hodisa sodir bo‘ldi. Ul kunlarda men G’ulja shahrida bo‘lganim va bu hodisalar haqida to‘liq ma’lumot yo‘qligi uchun har birini ayrimcha tartibi bilan yozishga imkoniyat bo‘lmadi. Shuning uchun u voqealarni ilgari keyin bo‘lsa ham, yozib o‘tishga majbur bo‘ldim.
1. Yuqorida aytilganicha, sovet Rusiyasining siyosati Sharqiy Turkiston Uyg‘uristonni ham O’rta Osiyodagi O’zbekiston va boshqa yasama «ston»larga o‘xshatib, o‘ziga qo‘shib olish edi. Biroq, bu ishni yuzaga chiqarish uchun, eng avval uzun yillardan beri davom etib kelayotgan xon davrining qoldig‘i, Jang Jun hukumatini o‘rtadan ko‘tarish lozim edi. Shunga ko‘ra Kreml makkorlari hammadan ilgari bu ishni bajarish chorasiga kirishdilar. O’z o‘zidan chirib, yiqilishga yaqinlashgan Xitoy istibdod hukumati esa bularga qarshilik ko‘rsatish u yon tursin, o‘z jonlarini qutqazish uchun Urumchidagi sovet elchixonasi bo‘sag‘asiga bosh qo‘yib, omon qolmish edi.

Qayd etilgan