Alixonto‘ra Sog‘uniy. Turkiston qayg'usi  ( 136042 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 14 15 16 17 18 19 20 21 22 23 24 B


mutaallimah  06 Avgust 2008, 12:21:44

Bundan boshqa Koshg‘arning eng zo‘r boylaridan Umaroxunboy, o‘zbeklardan Sotvoldiboy, ular ham shu paytdan foydalanib, Chatra (Uyg‘uriston chegarasiga yaqin joylashgan shahar) Hindiston orqali ikki haramga borib kelishgan bo‘lsalar ham, o‘zlarining nodonliklaridan, ko‘rgiliklari bo‘lsa kerak, bir ikki yil o‘tmayoq, hammalari shular qo‘lida halok bo‘ldilar.
Qizil makkorlar esa, bir tomondan o‘z siyosatlarining amalga oshganini ko‘rgach, qahqahlagan bo‘lsalar ham, ikkinchi tomondan, bularning to‘ymagan och ko‘zlarini qiziqtirgan Koshg‘ar boylarining oltin kumush mol-dunyolari boshqalar qo‘liga kirayotganini ko‘rishib, ichlaridan qon o‘tmoqda edi. Mana shunday bo‘lib, bir hafta o‘n kun talan bulan, ot chop ishlari biroz bosinqirag‘andan keyin esa, Oqsuvda qolgan Gasiling bu yerdan bo‘shanib, to‘g‘ri Koshg‘arga kelmish edi. Ertasi haytgohga (hayit namozi o‘qiladigan joy) yig‘ilgan qalin xalq ustiga kelib, bo‘lib o‘tgan ko‘ngilsiz ishlar uchun qattiq achingan holda, bunga o‘zining norozi ekanligini bildirib, ko‘pchilikdan kechirim so‘ramishdur. Biroq, bu 30 yoshga yetmagan qahramon qo‘mondon bir yog‘i yoshligi bo‘lsa, ikkinchi yokdan hozirgi siyosat sohasidan yiroq turganligi uchun, bu kelishida katta bir halokatlik xatarga yo‘liqib qoldi. Shundoqki, makkorlar markazi Kremlning topshirig‘i bo‘yicha, Koshg‘ardagi sovet elchixonasi xizmatchilari bu shunqor qushni to‘rga tushurishga qattiq kirishmish edilar. Shuning natijasi bo‘lg‘aykim, bular bilan siyosiy aloqa bog‘lash havasi uning ko‘ngliga tushmish edi.
Ishonimlik, tushungan kishilarning aytishlaricha, har turlik araq sharob ichimliklaridan tortib, inson nafsi qiziqarlik xilma xil noz ne’matlar, ayniqsa, shayton tuzoqlari, elchixonada bular hurmatiga tayyorlangandan keyin, Gasiling 50 60 chamali askar boshliqlari bilan ziyofatga chaqirilmishdur. O’z elidan chiqqan paytidagi ulug‘ umidlari uzilib; Qur’on ko‘tarib, qasam ichgan yolg‘on musulmonlardan ko‘ngli sovugan holda; bu kabi odam shaytonlari suhbatlarida majlis o‘tkazgan telba qonlik yoshlarga qandoq baho berishimiz oqillar oldida ochiq bir masaladur. Mana shu majlis o‘tkazilgandan keyin «Fiysabililloh» shiorlik qahramonlarning himmat o‘tlari so‘nib, oliy fikrlari o‘zgara boshlamish edi. Kecha kunduzlab, balki, hafta oylab Gasiling boshliq askar qo‘mondonlari elchixona aysh ishratlariga berilmish edilar.

Qayd etilgan


mutaallimah  06 Avgust 2008, 12:22:17

Ish shu holga yetgach, payg‘ambarimiz aytgan: «Mo‘min odam iymon nuri bilan haqni botildan, to‘g‘rini egridan ajrata olur», degan muborak so‘zlaridan bular ajradilar. Shunga ko‘ra, ko‘p uzoq o‘tmayoq ularning so‘zlariga aldanib, Gasiling o‘ziga qarashlik 50-60 askar boshliq navqiron yigitlari bilan, ilon og‘ziga tushgan chumchuqdek o‘z ixtiyorlari bilan chegaradan o‘tib, qizil jallodlar qo‘liga topshirildilar. Chegaradan o‘tishi bilanoq hammalari qurolsizlantirildi. Undan keyingi ahvollari bizga noma’lumdur.
Gasilingning bu askarlari 8 armiya deb atalgan xitoy kommunistlari qo‘shiniga bir necha marotaba zarba yetkazmish edilar, bir hiyla bilan bularni osongina to‘rga ilintirdilar. Shunday bo‘lib, yolg‘iz Sharqiy Turkiston emas, balki butun Xitoy tuprog‘ida bo‘lgan qo‘zg‘alishlar Rusiyaning kommunistlar hukumati siyosatiga moslashgan holda hal bo‘la boshladi.
Maxusang bo‘lsa bu voqeadan ilgariroq Xo‘tan tomoniga yurish qilib, Yorkent, Qorg‘aliq, Xo‘tan atrofi bilan Chorcha, Chorxaliq yerlarigacha ega bo‘lib o‘ltirmish edi. Har tomondan qochgan pisganlar sig‘ing‘udek joy topolmay yurganlarga boshpana bo‘lib, ko‘p odamlar buning vaqtida mol jonlari bilan Chatra yo‘li orqali Hindistonga o‘tib qutildilar. Lekin quruq oti bo‘lsa ham yangi qurilgan erkin Turkiston hukumati raisi domla Sobit boshliq 7 kishidan iborat davlat a’zolari nima qilishlarini bilmay jaldiraganlaricha ba’zilari o‘z uylarida, qolganlari yoshiringan holda yurgan edilar.
Bularning kundalik ahvollari esa, sovet elchixonasiga yetkazilib ma’lum bo‘lib turmoqda edi. Shungachalik sovet konsuli orqali saqlanib kelgan Xo‘janiyoz, o‘qitgan yosh boladek, tayyorlanmish edi. Uning tilidan, qo‘lidan hujjat xat olgani ustiga, yerlik hukumat a’zolari boshliq boylar va boshqalardan ko‘rsatilgan kishilarni qoldirmay ushlab, Shing Dubanga topshirish vazifasi ham unga 1934 yili sovet konsuli tomonidan topshirilmishdur. Qo‘yilgan bu shartlar Xo‘janiyoz tomonidan bajarilgan taqdirda, uni musulmonlar vakili o‘rnida Shing Duban o‘rinbosari qilishga va’da berilmishdur. Shunday bo‘lib, bari ishlar qizil markaz tomonidan qolipga solinib, tayyorlangan so‘ngida, Xo‘janiyoz qalpog‘i ostida qizil jallodlar ishga kirishgali turdi.

Qayd etilgan


mutaallimah  06 Avgust 2008, 12:23:23

Xalq ko‘zini qo‘rqitib, yuraklarini mujush, hammaga dahshat ko‘rsatib, xalq ichida haybat oshirish bularga qonuniy shior bo‘lganlikdan, hech qanday qiyinchilik ko‘rmagan, ayniqsa, diniy odamlar, katta-kichik boylar, xalq ichida ko‘zga ko‘rinarlik kishilar, birinchi navbatda qo‘lga olinmishdurlar. Ular ichida Muhammadoxun xalpitim yuqorida aytilganidek, tungonlar qiynovida vafot topgan bo‘lsa ham, biz bilgan Koshg‘ar ulamolaridan tubandagi kishilar: domla Sobitoxun otush, Sobitoxun qizil biya, Hoshimoxun xalpitim, Shamsiddin domla boshliq oz bo‘lganda din ulamolaridan 40 50 odam shu inqilobning qurboni bo‘ldilar. Bular ichida yuqorida nomlari yozilgan olimlar kitob yozib asar tasnif qilishga qudratlari yetarlik edi. Afsuski, domla Sobitdan boshqa birortalaridan o‘z tillarida yozilgan asar borligi bizga ma’lum emas. Shunday bo‘lib, bechoralarning qiynov ostida o‘lganlaridan qolganlarini qo‘l oyoqlariga temir zanjirlar solingan holda Urumchiga, Shing Duban bosqinchining oldiga olib kelib, oz bo‘lganida 10 yildan kam emas, turmaga kesdilar.
Ota bobolarimizdan qolgan o‘z vatanimizga, el qatori insoniy haqlarimizga boshqalar kabi biz ham ega bo‘laylik, degan to‘gri talablaridan boshqa bularning nima gunohlari bor edi?
«Va aidduv lahum min quvvatin». Bu oyat ma’nosi: «Dushmaninglarga qarshi imkoniyat boricha kuch kuvvat tayyor qilinglar», demakdur. Musulmonlar Qur’onning yolgizgina shu hukmiga amal qilgan bo‘lsalar, butun insonlar ustiga hukmron bo‘lib, islom adolati yer ustida o‘rnashgan bo‘lur edi. Bu so‘zning haqligiga shak yo‘qdir, chunki payg‘ambarimiz aytdilar: «Mening ummatlarimdan qaysi kishi yaxshilik ko‘rsa uni Allohdan ko‘rsin, buni menga Alloh berdi deb bilsin; agar yomonlik ko‘rar ekan, o‘zidan ko‘rsin, o‘zini malomat qilsin», dedilar.
Kur’on hukmiga ko‘ra, boshqalarga Vatanlarini bostirib, o‘z milliy hukumatlaridan ajrab, ularga tobun bo‘lgan musulmonlar, Alloh amrini bajarmaganlikdan xudo oldida javobga tortilib, ikki dunyoda ham xorlikka qoladilar. Bizning inqirozimizga eng birinchi sabablardan biri ittifoqsizligimiz bo‘ldi. Kur’onda mo‘minlarni birlik, ittifoqlikka qattiq undaydi.

Qayd etilgan


mutaallimah  06 Avgust 2008, 12:24:47

DAHSHATLI KUNLAR

Yana o‘z so‘zimizga kelaylik. Qizil sehrchilar qo‘li bilan yondirilgan fitna o‘tlari yana shularning qurol kuchlari orqali so‘ndirilib, 1934 yili o‘zlari tilaganlaricha Shing Duban hukumati qurildi. Ili viloyatiga voliy qilib Shing Duban o‘z qaynotasi Chusiling degan bir qari xitoyni G’uljaga yubordi. To‘qmoqdan borgan boylardan, asli Koshg‘arlik Olmosbek o‘g‘li Turdoxunbekni unga o‘rinbosar qildi. Lekin, Shing Duban hukumati har tomondan sovet siyosatiga bog‘langanliqdan butun ishlari sovet konsuli maslahati bilangina yurgazilmoqda edi. Chunki, yaponlar Manchjuriyani bosib olgach, Sharqiy Turkiston tomonga ko‘z solish xavfi tug‘ildi. Shunga ko‘ra, Sharqiy Turkiston o‘lkasiga yapon askarlarini o‘tkazmaslik uchun, Shin Shisho qismog‘iga sovet tomonidan 20 ming chamali askar qo‘yilmish edi. Butun Sharqiy Turkiston, G’arbiy Turkistonga o‘xshab har yoqlama sovet siyosatiga o‘ralgan holda iqtisodiy ishlarini o‘z qo‘llariga olgan bo‘lsa ham, xitoy hukumatiga yaponga qarshi ittifoqdosh bo‘lganligidan qog‘oz ustida bu o‘lka Jungguning ayrilmas bir qismi hisoblanar edi.
Shunday qilib, Sharqiy Turkiston Uyg‘uriston tuprog‘i Chanqayshi xitoy hukumatiga qaragan bo‘lsa ham, ostirtdan sovet Rusiyasi har tomonlama o‘z ta’siri ostiga olish uchun qattiq kirisha boshladi. Ayniqsa, bu o‘lkaning iqtisodiy ishlari butunlay Sovetga bog‘liq bo‘lgani uchun, tijorat ishlari to‘sqinlikka uchrab, bu sohada ko‘pchilik kishilar kasbdan ajrab, ishsiz qolishga to‘g‘ri keldi. Ma’lumdirki, qanchalik xalqaro iqtisodiy qismchilik ko‘payar ekan, shunchalik bular halokat tuzog‘iga yaqinlashadilar.
Eshitar quloqqa yoqimlik olti shiorni oldiga otib, sovetning nayrangi bilan butun xalqni turlik o‘ying‘a o‘ynatqali turdi. Buning ustiga yaponlarga qarshi orqa safimizni mustahkamlab xitoy Chanqayshi hukumatiga yordam beramiz degan bahona bilan boylardan ko‘plab soliq ola boshladilar. Shunday qilib xalqni turlik yo‘llar bilan o‘ynatib, 1937 yilga yetgach, o‘z rejasiga muvofiq birdaniga ish o‘zgarib, qish sovug‘i yanvar oyida G’ulja shahridan birinchi navbatda Turdoxunboy boshliq 30 dan ortiq kishi hech qanday sababsiz qamoqqa olindi. Shundoqki, oldinroq sovet konsuli tuzgan reja orqalik kerakli kishilar G’ulja voliysi Chusiling tomonidan majlisga chaqirildilar. Kechasi soat 12 larda majlisdan qaytib kelayotganda tayyorlab qo‘yilgan to‘rt nafar qurollik xitoy askari ularning oldidan chiqa kelib, Turdoxunboyning mashinasini to‘xtatadi. Uning qishlik kiyimini yechintirib, bir qavat ko‘ylagi bilan o‘zini yolg‘iz qorong‘i podvalga qamab qo‘yadi. Boshqa qo‘lga olinganlarning ahvoli bu ishdan ochiq ma’lumdir.

Qayd etilgan


mutaallimah  06 Avgust 2008, 12:25:25

Yarim tunda hech narsadan xabarsiz yotgan oilasi ustiga bostirib kirib, yirqichlarcha dahshat solib, xotin, qiz, kelinlarining bo‘yn boshlaridagi butun ziynat asboblarini talab olib, o‘zlarini eski kiygiz to‘shaklari bilan qarshisidagi qaqshab, muzlab yotgan Axtamboyning quruq qo‘rosiga shu qahraton qishda haydab chiqarishadi. Eng achinarlisi shu ediki, Turd-xunboyning 20 yoshdan o‘tgan Nurtoy va 20 ga hali yetmagan Ahmadbek degan ikki gunohsiz o‘spirin o‘g‘lini, yotgan yerlaridan shunday sovuqda ko‘ylakchan haydab olib borib podvalga qamaganlar. Shu qamalganidan so‘ng bir necha oy vaqt o‘tgan bo‘lsa ham, bular haqida hech qanday xabar topish imkoniyati yo‘q edi. O’zlaridan xabar olish buyoqda tursin, noz ne’mat vaqtida birga bo‘lgan, eng yaqin ko‘rgan oshno og‘aynilarining hech qaysilari, ularning och yalang‘och qolgan oilalari holidan xabar olishga ham jur’at qilolmadilar.
Birinchi navbatda qamalgan kishilarning qo‘ra joy, mol-mulk, uy-ro‘zg‘or, jonliq jonsiz barcha narsalari olinib, bola chaqalari ko‘chaga haydab chiqarildi. Turdoxunboy inisi Qurbontoy qori, qulog‘i yo‘q hisobidan garang bo‘lgani uchun, davlat sherigi bo‘lsa ham, qo‘ra joy o‘z oldiga bo‘lib boshqa o‘ltirg‘anligi uchun unga tegmagan edilar. Vaqtida seldek kelgan, qaytarida yuz o‘girib quyundek ketayotqan davlatni qo‘li bilan to‘smoqchi bo‘lib, qo‘y desak unamay, chet yoqada qolgan mol dunyolaridan qisib qimtib yoshirincha olib qolmoqchi bo‘lib edi, Xitoy birdan ushlab, qo‘ra joy bilan borliq narsalarini yog‘u qilib, o‘zini qamab qo‘ydi. Bechora singlisi Toshxon xitoy amaldorlarining bo‘sag‘asiga bosh urib qatnayverishi natijasida 70 kun deganda Qurbontoy qori bo‘shanib chiqdi.
B a y t:
Davlat boshdan ketarda keng kiyiming tor bo‘lur,
Qo‘y degang‘a ko‘nmagan orachig‘a zor bo‘lur.

Qayd etilgan


mutaallimah  06 Avgust 2008, 12:25:45

Allohning amrini qilib, nahiydan qaytmagan kishilarni balodan kim qutqara olg‘usidir. Xdlol kasb bilan musulmon molini dunyolik, oxiratlik ofatlaridan omon saqlash uchun Alloh taolo zakotini temir qo‘rg‘onni qurmish kerak edi. Dunyoga ko‘ngli bilan qattiq berilganlikdan, Qur’on hukmiga, payg‘ambar so‘ziga gumon keltirib, zakotsiz, xayr ehsonsiz yig‘gan, qo‘rg‘on tashqarisida qolgan qora mol dunyolarining it qushlarga yem bo‘lishidan kim saqlay oladi? Qur’onning aytishicha, hech vaqt Alloh taolo mo‘min qullariga ato qilgan halol rizqlarini haromxo‘r kofirlarga yedirishi mumkun emasdur.
Yana o‘z so‘zimizga kelaylik. «Davlatim boshimda bo‘lgach, yor jo‘ralarim qoshimda» degandek, quvvati o‘chgan, davlati qochgan kunlarda har kimning o‘e oilasi, ayniqsa, ota onasi yoki g‘arazsiz do‘sti bo‘lmasa, bulardan boshqalari dushman tomoniga o‘tib ketadilar. Shunga ko‘ra, Turdoxunboy oilasidan xabar olishga shuncha ko‘p yor do‘stlari bo‘la turib, birortasi ham yaramadi. Buni ko‘rgach, o‘zim har qancha tashvish ichida turgan bo‘lsam ham chidab turolmay, yarim qo‘y eti, bir tandir kulcha yoptirib, marhum ayolimizni kirgizib edim, eshikdan kirishi hamon katta kichik bola chaqalari: «Hay, bu dunyoda bizni ham yo‘qlovchi kishimiz bor ekan», deb, yig‘i sig‘i bilan eng achinarlik og‘ir bir holda, qarshi olibdilar.
Birinchi navbatda qo‘lga olingan bu kishilarning mol mulki, qo‘ra-joylari butunlay yorg‘u bo‘lib, oilalari uchun boshpana bo‘lg‘udek joy qolmagach, ularni G’ulja shahri atrofiga tarqatib yubormish edi. Bular bilan eng so‘nggi aloqamiz shu bo‘lib, keyingi kunlarda esa, bizga o‘xshash kishilarning barchasi o‘z tashvishi bilan bo‘lib, boshqani unutmish edilar. Chunki bu jallodlar qaysi yo‘l bilan bo‘lsa ham, ikki kishining birini iskovichlik xizmatiga bog‘lab, xalq ichiga ko‘p buzuqlik soldi. «Po‘choq pulga iymonlarini sotadurlar», degan Qulxo‘ja Ahmad sultonim so‘zlari shu kunlari amalda ko‘rilmish edi.

Qayd etilgan


mutaallimah  06 Avgust 2008, 12:26:11

Jannat misollik, urug‘ aymog‘lik, suyukli ona Vatanimizdan ajragan holda omon olg‘udek joy izlab kelmish edik. Qizil sehrchilar shum qadamlari yetishi bilanoq bu yerlardan ham xayr barakat yo‘qolib, tinchlik, omonlik butunlay ko‘tarildi. Bu voqea bo‘lmasdan ilgari sharqiy ichki Xitoy, janubiy Hindiston yo‘llari ochiq turgan bo‘lsa ham, ish boshlanishi bilan ort atrof yo‘llar butunlay to‘silmish edi. Bizga o‘xshash siyosiy qochoqlar uchun olam qorong‘u bo‘ldi.
Boy o‘g‘li qushining shum ko‘zi kechasi ochilgandek, 6u qonxo‘r jallodlarning ko‘zlari ham kechada, ayniqsa yarim tundan o‘tganda ochilur edi. Ko‘p kishilar o‘z uyida yotolmay, agar yotsa ko‘ngli tinchib uxlayolmay, bola-chaqalari bilan yurak o‘ynoqi bo‘lgan holda kun o‘tkazmokda edilar. Yana bu inson vahshiylari nohaq, hech qanday gunohsiz kishilarni zulm ostida dahshat vahshat bilan kechalab bosqonlariga qanoat qilmay, ushlagan kishilarining qo‘l oyoqlariga og‘ir zanjir kishanlar solish, bularning suygan odatlari edi.
Mana qarang, XX asrda insonlar huquqining oyoq osti qilinishini! Birinchi navbatda ushlangan kishilar so‘nggida zulm haddan tashqari oshdi. Og‘ir kunlar, qo‘rqinchli tunlar bilan uch to‘rt oylik qish o‘tib, ko‘klam kunlari yetkach, yana yangidan yangi qo‘rqinchli ishlar, sovuq xabarlar eshitilgali turdi. Shundoqki, ikkinchi navbatda qamoqqa olinadigan kishilar tizimi ichida mening ham borlig‘im ma’lum bo‘lmish edi. Shunga ko‘ra har bir kechasi biz uchun tong otmaydigan uzundan uzun, g‘am qayg‘u tunlari bo‘lib, necha xil qo‘rqinchli xayol uyqusi ostida ag‘anab yotib tong ottirmoqda edik. Chunki har kecha ertalab turganimizda paloni palonilar bu bosqinchilar tomonidan hibsga olingan xabari eshitilmoqda edi.

Qayd etilgan


mutaallimah  06 Avgust 2008, 12:26:54

Shu hol bilan 6 10 kunlar o‘tgan so‘nggida, bir kecha yarim tun vaqtida, ko‘cha eshigi taqillag‘ali turdi. O’g‘limni chaqirib: «Asilxon, och eshikni!», degan o‘zbeklar oqsoqoli Sharop shangyuning (rais, mahalla raisi) dovushi eshitildi. «Hozir, ochqichni topay», degan bahona bilan o‘g‘lim yugurganicha kelib, menga xabar berdi. O’zim ham tayyorlanib turgan edim. Tashqariga chiqsam havo o‘zgarib, qattiq bo‘ron yomg‘iri bo‘lib turgan ekan. Dushmanga taslim bo‘lish uchun tavakkal qilib oldiga chiqay deb bir ikki qadam bosgan edim, o‘g‘lim Asilxon: «Jon dada, zolim jallodlar oldiga chiqish aqldan emas, qo‘llarida zanjir kishanlari shaldirab turibdi» degach, qochish ham payg‘ambarimizdan qolgan emasmu xayoli bilan, tun qorong‘usi, qattiq bo‘ron yomg‘iridan foydalanib, o‘g‘lim Asilxon oyog‘imdan dast ko‘targach, egiz tom osha qo‘shni qo‘rasiga o‘zimni tashladim.
Qattiq bo‘ron, shamol aralash yomg‘ir urib turganlikdan har qanday sharpa bo‘lsa ham, uqulg‘udek (bilingudek, ko‘ringudek) emas edi. Shundan foydalanib, qo‘radan qo‘raga tom osha tushib, ko‘cha boshidagi tom ustiga uyilgan bir o‘ram hashak ostiga kirib yoshirindim. Orada 5 6 hovli bo‘lib, o‘zim uzoqda turgan bo‘lsam ham, ikki ora ochiqlik edi. Shunga ko‘ra o‘z qo‘ramizda bo‘layotgan ishlarni yiroqdan bo‘lsa ham payqab turdim. Bosh oyoq uylarimizni, qo‘ni qo‘shnilarimizni qoldirmay, 1 2 soat ontar-to‘ntar qilishib meni topisholmagach, Asilxonni olib jo‘nadilar. Bu zolimlar ketganlaricha, uy ichi oilalarimizga vahshiylarcha ko‘rsatgan dahshatlariga qaralsa, bularni: «Ikki oyoqli yirtqichlar», deyishlik xato aytilmagan bo‘ladi.
Bular ketib tong sahar yaqinlashgancha tarnovdan quygandek to‘xtamay yomg‘ir yog‘mokda edi. Egni boshim siqib olg‘udek bo‘lib suvga chilanib qoldim va ham tong otmasdan ilgariroq bu joydan boshqa bir o‘ringa yo‘tkalib yoshirinishim hammadan zarur edi. Shuning uchun ko‘chamizdagi o‘z do‘stlarimizdan koshg‘arlik Ayuboxun usta qo‘rasiga tushib, ming hijolatlik bilan sekingina o‘zi yotgan uy eshigini taqillatib edim, dovushimdan tanidi bo‘lg‘ay, tura kelib eshikni ochib, musulmonga yarashgan axloq bilan meni yaxshi qarshiladi. Bu voqea 1937 yili mart oyida bo‘lmish edi. Shu oradan 33 yil o‘tib, bu kitobni yozmoqdaman. Agar ming yil o‘tsa ham, bu yaxshilik hech vaqt unutilmay doimiy saqlang‘usidir. Alloh uni rahmat qilsin!

Qayd etilgan


mutaallimah  06 Avgust 2008, 12:30:35

Ho‘l kiyimlarim quritilib bo‘lg‘ach, erta namoz azoni aytilgach, katta salla, uzun chopon bilan Ayuboxun uyidan «Bismilloh» deb masjidga ketayotgan bo‘lib eshik oldimizdan o‘tayotganimizda qarasam, darvozamiz oldida ikki nafar xitoy cherigi turmish ekandur. Shu o‘tganimizcha Ayuboxun usta boshlab olib, marhum Usmon qorim uyiga yetkazdi. Ko‘cha eshigi ochilmagan, hali bomdot vaqti bo‘lmagan edi. Devordan oshib tushib, mening xabarimni onglatgach, yugurganicha chiqa kelib, ko‘ngil ko‘targich so‘zlar bilan do‘stlig‘ini bildirib, o‘ylagandan ortiqroq hurmat bilan meni kutib oldi. Alloh ulug‘ ajrlar bersin u kishiga!
Bu kishining uyida turishimiz ehtiyot yuzasidan to‘g‘ri kelmaganlikdan, o‘zidan yiroqroq orqa ko‘chasida kuyov o‘g‘li qo‘rasida turishimizni maslahat ko‘rdilar. Mana shu joyda 10 kun chamali turgandan keyin, bir kun hukumat josuslaridan bo‘lgan vijdonsiz vatan xoini Sharop shangyu Usmon qorimga kelib mening to‘g‘rimda so‘z so‘rabdur. U ketgandan keyin ehtiyot yuzasidan o‘rin yangilash lozim bo‘lib qoldi. Qorimning bog‘i orqasida necha yillik tashlandi, eski, buzulgan xumdoni bor ekan, shoshilinchda joy topolmagach, shuning ichiga tushib, to‘qqiz soat yoshirinib yotdim. Shu kuni kechqurun bu joydan yo‘tkalib, daryo bo‘yiga yaqin bir xilvat yer topib, bir necha kunlik aziz umrimni u joyda o‘tkazdim.
Mening bu kabi eng og‘ir kunlarimda vafodorlik qilib, do‘stlik haqini o‘tagan erlarning eng birinchisi to‘qmoqlik Abdurahmon edi. O’g‘li Abduqodir boshliq katta kichik butun oilasi bilan mening yordamimda bo‘ldilar. Ikkinchisi, otushlik savdogarlardan menga jonfido ixloslik bo‘lgan Matniyoz edi. Bu qahramon Oltoy va Mong‘uliyada G’ulja yilqisi pul ekan degan bahona bilan, ataylab men uchun yuz yilqi olib, Mong‘uliyaga haydamoqchi bo‘ldi. Bundan maqsadi esa, meni ham xizmatchi yilqichilar qatoriga qo‘shib olib, Mong‘uliyaga yetgach, u kunlari Manjuriyada turgan yaponlarga o‘tkazvormoqchi edi. Chin ko‘ngli bilan biz uchun bu ishga kirishgan bo‘lsa ham, bu ish to‘g‘ri kelmagach, yo‘limiz boshqa yoqqa burildi.

Qayd etilgan


mutaallimah  06 Avgust 2008, 12:31:04

Yo Rabbim, bu bandalaringning bizga qilgan yaxshiliklariga yarasha hech qanday ish qilolmadim. O’zing bilursan, sening yo‘lingda har kimga yaxshilik qilish, har kimga foyda yetkazish mening eng suyub tilagan maqsadim edi. Endi men qilolmagan bo‘lsam, ey ulug‘ Tangrim, men uchun bularga ikki dunyo yaxshiliklarini sen o‘zing bergin! Omin.
Dunyoda qochgandan, yoshiringandan og‘ir ish yo‘q ekan. Shunday bo‘lsa ham boshga tushgandan keyin chora yo‘q. Ovchidan qochgan tulkidek u teshikdan bu teshikka yo‘tkalib yurib, ikki oy o‘tkazdim. Shu orada marhum o‘g‘lim G’apporxon, va’da bo‘yicha safar jamolg‘asi bilan ikki ot tayyorlagan holda Kunasdan keldi. Xitoy hukumati meni birinchi bosgan kechasi qo‘lga tushurolmagach, 18 yoshlik o‘g‘lim Asilxonni olib ketganligi yuqorida aytilmish edi.
«Buning yaqin kishilari kimlar?», deb Xitoy hukumati tomonidan so‘ralganida, ba’zi bir munofiqlar: «Buning yaqinlari boshqalardan ko‘ra tungonlardan ko‘proq», deb xech narsadan xabari yo‘q So‘quluq tungoni do‘stlarimizdan marhum Yong shangyu bilan bolasi Xoshimni ko‘rsatgan ekan. Bularni idoraga keltirib, Xitoy vahshiylari odatlaricha urib so‘kib biz uchun ko‘p azob bermish edilar. Bilmagan, ko‘rmagan ishlari haqida so‘roq berib bularni qiynagani bilan foyda chiqmasligini bilgach, hammalarini bo‘shatib yuborgan xabari bizga yetib, xafaligimiz ancha ko‘tarilmish edi. So‘ngra, yoshirin holda kechalab, uy oilamizni ko‘rishga borib, ularga otaliq nasihat va sihatlarimizni o‘tagan so‘nggida, qaytib Abdurahmon uyiga keldim. Bu yerda bizni uzatish uchun Yosin xalfatim boshliq sirdosh yoru do‘stlarimizdan kutishib o‘ltirg‘an odamlar bilan hajga ketayotqandek quchoqlashib, yig‘lashib, xo‘shlashgan so‘nggida, yarim tunda ota bola To‘pado‘ng bilan G’uljadan chiqib, Nilqi yo‘li orqalik Kunaska qarab jo‘nadik.

Qayd etilgan