Xudo xohlasa balo yo‘q degandek, biroz yurganidan keyin yiroqqan chiroq yorug‘ini ko‘rgach qozoq ovuli bo‘lg‘aymu, bulardan yo‘l so‘rayman deb, borib qaraydi. Bir uy liq to‘liq yaraq jabduqlik, uxlab yotgan xitoy qorovullari Dog‘ut, Toyoshuv dovon yo‘lini to‘sib yotgan qalmoq askarlari ekandur. Xudo saqlashini ko‘ringki, qo‘yilgan qorovullari, boqqan bo‘riday soqchi itlari, yotganlaricha qotib uxlab qolmish edilar. Bu kabi dahshatlik vahshiylar balosidan qutulib kelib, voqeani aytishi bilan darhol orqaga qaytib, yo‘lga tushdik.
Kelishimizda ko‘rinmagan mo‘ljallik belgilarimiz qaytishimizda ot qashqasidek bo‘lib oldimizda ko‘rina boshladi. Shundan mo‘ljal olib tog‘ tepasiga qarab tortilgan yolg‘izoyoq yo‘lga tushganimizcha, uch to‘rt bel oshib, tutash tog‘lar orasida ketayotgan edik; yo‘ldoshidan ajragan yo‘lborsdek, bir hayqiriq chikdi. Buni eshitgach, har ikkovlan tinglashib (jim bo‘lib ma’nosida) quloq solsak, ikkinchi tog‘ betida arang ko‘ringan kishi qorasi tomonidan «Hoy, G’apporxon!» deb chin yurakdan chiqargan qiyqiriq dovushi ekandur. Bu tovush egasi mo‘ljal bo‘yicha o‘tgan kuni kechgacha bizning kelish yo‘limizni to‘sib kutgan ekan. Biz adashib bir kun kechikib qolganligimizdan har turlik qo‘rqinchlik ishlar ko‘ngliga kelib, bugun yo‘lda yo‘liqishmasak Oroltepaga bormoqchi bo‘lib, yo‘lga chiqmishdur. Bu tovush eshitilishi bilan G’apporxon ham tog‘ ustiga chiqib, o‘zini ko‘rsatmish edi. U orqasiga qaytib, biz tomonga qarab yura boshladi. Yaqinlashib kelganida ko‘zi menga tushgach, o‘zini otdan tashlab, yig‘laganicha kelib men bilan ko‘rishdi.
Bu kishi esa bizdan bir-ikki yil ilgari ruslar zulmiga chidayolmay G’uljaga qochib o‘tgan To‘qmoq qirg‘izlaridan edi. Mening boshimga shu kabi zulm kunlari, qorong‘u tunlari tushib, hech yerga sig‘may qochib yurganimni eshitgach, ko‘p xafa bo‘lib: «Mening oldimga kelsun, Yulduz dovoni yo‘llari ochilguncha men o‘zim u kishini saqlayman», deb o‘g‘lim G’apporxonga va’da bermish ekandur.
Bundan ilgari ko‘rishib tanishmagan bo‘lsak ham, bir yurtlik haqini saqlab, shundoq og‘ir qo‘rqinchlik kunlarimizda bizga boshpana bo‘lib, ulug‘ xizmat qilmish edi. Agar bu kishi vafot bo‘lib dunyodan o‘tgan bo‘lsa, Alloh u kishini rahmat suviga cho‘mildirib, jannatdan darajali joylar ato qilsin! Agar hayot bo‘lsa, oxirgi kunlarigacha Allohning panohida bo‘lsin!