Alixonto‘ra Sog‘uniy. Turkiston qayg'usi  ( 136123 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 16 17 18 19 20 21 22 23 24 B


mutaallimah  06 Avgust 2008, 12:43:21

Yomg‘ir qattiq yog‘ib, jala quyganlikdan yolg‘izoyoq yo‘llar yo‘qolib, ot tuyoq izlari bosilmish edi. Boshoyog‘i jar bo‘lib oqqan ulug‘ suv bo‘ylab, kechik yo‘lni topolmay, to‘rt besh soat ovora bo‘ldim. Buning ustiga yana havo buzilib, kiyim boshim sergamay (qurimay) turib, qor aralash yomg‘ir yoqqali turdi. Oxiri tinkam qurib ketganlikdan otto‘nni, xurjun xalashni qoldirib, jardan sakrab suv suzib u tomonga o‘tsammi ham dedim. Biroq bu ishim o‘zim suvdan o‘tgan taqdirda ham xatarlik bo‘lgani uchun, bundan voz kechib yana «Alloh» deb otimga mindim. Mening uchun shu chog‘da ot izini ko‘rmak, yor yuzini o‘pmakdan ham ortiqroq ko‘rinar edi.
B a y t:
Yor yuzini zavqini rohat ahli bilgaylar,
Yo‘l yo‘qotgan odamlar ot izini so‘rg‘aylar.

Qaytadan otimga mingach, tizzaga chiqqan cho‘plar ichida iz izlab ketayotganimda xudo o‘nglab, bulut ichidan chiqib kelgan oydek «yalt» etib, taqali ot izi qo‘zimga ko‘rindi. Agar buning o‘rnida oltin tuyoq yotgan bo‘lsa ham, bunchalik suyunmas edim. Bu izni ko‘rib ko‘zimga surtgach, buning boshchiligi bilan yo‘l topib, daryo kechigi orqalik u tomonga o‘tmoqchi bo‘lib suvga kirdim. Biroq u tomondagi bir tog‘ning tumshug‘i osilib, suvning yarmigacha kirib turmish edi. Suv yo‘li esa shu tumshuqning o‘ng yog‘ida ekan, men bo‘lsam buni bilmasdan so‘l yog‘iga qarab yurib, qattiq oqayotgan suv epkini (to‘lqini, oqimi) bilan qarshimdagi tog‘ tubiga chiqib qoldim. Qarasam, tog‘ etagida jar bo‘lib eshilib yotgan 30 40 gazcha shag‘al qum bor ekan. Uning ustidan ketgan katta yo‘l borligini bilgach, to‘g‘ri yo‘lga kesib chiqmoqchi bo‘lib, hayhaylaganimcha tog‘ga qarab ot soldim. Qiy qassuron bilan yarim beliga chiqayozganimda ot oyog‘i to‘xtamay, qum-shag‘al aralash ko‘chki ko‘chgandek sirpaganimcha suv bo‘yiga yetib to‘xtadim. Shu bilan 2-3 soat suv ichida ovora bo‘lib hayronlikda qolgach, yo‘lni mo‘ljallash uchun yana suvning u tomoniga kechib o‘tdim. Axir Alloh yordami yetib ikkinchi kirganimda yo‘l topib, qarshimdagi katta tog‘ yo‘liga kelib chiqdim. Mana shu chog‘da yer ko‘k bir xilda ko‘karib, bulutlar tarqalgan, havo ochilib, quyosh yaraqlamish edi.

Qayd etilgan


mutaallimah  06 Avgust 2008, 12:46:58

Suvga cho‘kkan kishidek ho‘l bo‘lgan egin bosh, ot jabduqlarimni kunga solib, qoq tushgacha shu yerda yotdim. Lekin bu yotishda ko‘kargan yeru ko‘kdan, havodagi bulutdan, osmondagi quyoshdan boshqa biror narsa ko‘zga ko‘rinmas edi. Bu yerda ikki uch soatlarcha yotib, hordig‘im chiqib, usti boshlarim qurigach, yana ot ustiga minib yo‘lga gushdim. Ne ajab sirdurkim, bu yo‘lda kelayotganimda adashganimni otim bilgandek, bosgan oyog‘i orqaga tortib, o‘z ixtiyoricha bir qadam yo‘l olg‘a bosmay, qamchi ostidagina kelmish edi. Endi qaytar vaqtida qarasam, jonivor bir turlik quvonchlik bildirib, qamchiga qaramay o‘z erki bilan olg‘a intilmoqda edi.
Tajribaga ko‘ra hayvonlarda, ayniqsa, otlarda ilohi tomondan berilgan bir turlik sezgu bo‘lishi kerakdur. Bu yo‘li qaytib ketayotganimda odatdagicha yurmasdan, otimning intilishicha tasqaqlatib (o‘ziga qo‘yib choptirmoq), qattiq yurishga to‘g‘ri keldi. Chunki borar joyim olis bo‘lganlikdan tun qorong‘usiga qolish qo‘rqinchi bor edi. Ikki tomonimdan bulutga tiralgan egiz tog‘ orasidagi so‘qmoq yo‘l bilan ot jilovini qo‘yganimcha soldirib ketayotsam, yiroqdan bir kishi boshini shunday ko‘tarib, yana yoshirindi. Buni ko‘rgach, bu kishi yolg‘iz emas, yo‘lto‘sar qaroqchilardan bo‘lishi kerak, degan vahima bilan ko‘nglimga qo‘rqinch tushdi.
Islomiyat qonuni bo‘yicha ziyondur, xayondur (foydadur) insonga har ishning sababini qilmoqlik lozim bo‘lg‘onlikdan darhol otdan tushib, ayil ulanlarimni (egarni otda ushlab turadigan tasmalar) qattiq tortib, egar taqimlarimni (egar tagidan solinadigan maxsus kiygiz parchasi) o‘ngladim. Choponimning ikki yengi uchini bo‘g‘ib boylab, ichiga 5 10 tosh solib yana qo‘yin-qo‘ltiqlarimni toshga to‘ldirib oldim, qolganini Allohga topshirib otga mindim ersa, o‘g‘ri quvgandek ot qo‘yib, 5-6 chaqirim chamasi yurganimcha to‘xtamay chopdim. Qanday bo‘lsa ham, shu bilan qo‘rqinchlik mendan ko‘tarildi. Yo‘lda ko‘ringan kishining sharpasi chiqmay, kim ekanligi bilinmay, eson omon u yerdan o‘tib, cho‘ng suv bo‘yidagi qalmoqlar tikkan Tiklixon archasiga yetib keldim.

Qayd etilgan


mutaallimah  06 Avgust 2008, 12:47:48

Mo‘g‘ullar odatlaricha katta suvlarning bo‘ylariga, dovon oshuv tog‘lar cho‘qqilariga quruq archa butoqlarini qadab o‘ltirg‘izadilar. Aylantira tog‘ to‘dalab, archa shoxlariga oq latta boylab qo‘yadilar. Rasululloh alayhi vasallam payg‘ambarimiz: «Har inson o‘z podshohining dinida yashaydi», dedilar. Shunga ko‘ra, Turkiston o‘lkasi uzun yillar mo‘g‘ullar hokimiyati ostida yashaganlikdan do‘lana, qayrag‘ochlarning shoh butoqlariga xotin xalajlarning oq latta boylab qo‘yishlari shularning qoldiqlaridur.
Shu yerga yetganimcha hurriyat olamida erkinlik bilan yashovchi insonlar ko‘ngillaridek ochilgan havo ostida yog‘in-chopin ko‘rmay kelgan bo‘lsam ham, Tiklixon archasidan o‘tganim so‘nggida tog‘ parchalaridek oq qora dahshatlik bulutlar har tomondan qo‘zg‘algali turdi. Momaqaldiroq qahr g‘azabi bilan bulutga haybat ko‘rsatib edi, u qo‘rqqanidan butun vujudi teshilib, ko‘z yoshin qoldirmay to‘kishga boshladi. Bir damda yorug‘ olamni qorong‘ulik qoplab, quyosh botishi bilan tun ustida qozon to‘nkargandek qosh qorong‘ulik ichida qoldim. Endi qop qora tun qorong‘iligi bilan qalin qor bulutlar ostida turib, ustidan izg‘irin shamol aralash tarnovdan tushkanday sovuq yomg‘ir urib, suv ichida shildirab turgan bir odamning holi na bo‘lg‘usidir. Oxiri, ilojim ketganlikdan, otimdan tushib, yomg‘irdan boshpana bo‘lg‘udek bir yer topilarmikan deb paypaslab yursam, shu yerda chuqurligi bir odam bo‘yi kelgudek jar borligi bilindi. Darrov jar ichiga tushib otimni chigallab, chilbirini belimga bog‘lab oldim; o‘zim bo‘lsam shu jar ichida suv olib kamor (o‘pirilib ketgan o‘yiq joy) qilib ketgan, arang bir kishi sig‘qudek bir o‘rin bor ekan, kuch bilan bo‘lsa ham shu kamorga kirib oldim. Biroq usti boshim butunlay yomg‘ir suviga chilanganlikdan, suv ichida yotgandek bo‘lib qiynaldim. Shunday bo‘lsa ham uyqusizligim ustiga charchashlik qo‘shilganlikdan bu kabi dahshatlik joyda hech bir narsa sezmasdan tong otquncha uxlamish edim.

Qayd etilgan


mutaallimah  06 Avgust 2008, 12:48:39

So‘ngra uyg‘onib qarasam, havoda parcha bulut qolmagan, ko‘k ko‘karib, yulduzlar charaqlab, yangidangina tong yuzi yorimish ekandur. Tezdan turib tong otquncha otimni jardan chiqarib o‘tga qo‘ydim. Lekin, qor aralash yoqqan yomg‘irdan so‘ng eskan tong shamolining salqini, kiyimlarim ho‘l bo‘lgani uchun meni qaltiratib titratqali turdi. Bir tomondan sovuqqa chidayolmay turganim ustiga, kun bo‘yi ot ustidan tushmay yurib, uringanligimdan menda qattiq chanqovlik paydo bo‘lmish edi. Yomg‘ir har qancha ko‘p yog‘ib turgan bo‘lsa ham, yerning tekisligi, so‘rg‘aqligidan (so‘rib oluvchi, tez so‘ruvchi) bo‘lishi kerak, chanqoqligimni bosqudek ham suv topolmay, axiri cho‘plarni qoqib silkib yurib arang uch to‘rt qoshiq suv yig‘ib, shu bilan tomog‘imni ho‘llab turdim. Shu orada quyosh ham yaltirab chiqa boshladi. Yomg‘irga chilanib (ivib, bo‘kib, ho‘l bo‘lib), suv bo‘lgan egin-boshim, ot-jabduqlarimni kunga qoqlab (yoyib quritib), uch to‘rt soat shu yerda yotdim. So‘ngra bu yerdan otlanib, mo‘ljallangan tomonimga qarab ikki soat yurganimdan keyin, oldimdan yaltirab ko‘ringan oqar suvga ko‘zim tushgach, Hizr alayhissalom ichgan obihayot suvini topgandek, quvonmish edim.
B a y t:
Och kishiga non yuzi yorning yuzidin yaxshiroq,
Chanqamish odamga suv hurining ko‘zidin yaxshiroq.

Ot jonivor ham yiroqdan suvga ko‘zi tushishi bilan qanday yetganini bilmasdan tumshug‘ini suvga botirmish edi. Men ham shu barobar ot ustidan sakrab tushib, har ikkovimiz chanqog‘imiz qonguncha bosh ko‘tarmay suv ichkani turdik. So‘ngra, bu yerdan otlanib, bundan uch kun ilgari qo‘nib o‘tgan, yiroqdan ko‘rinib turgan oq chodirlarga qarab jo‘nadim.

Qayd etilgan


mutaallimah  06 Avgust 2008, 12:49:27

Yo‘lda ketayotganimda 14-15 yosh chamalik, mol boqib yurgan bir qalmoq bolasi menga yo‘ldosh bo‘lib, bir ikki chaqirimgacha ergashib birga keldi. O’z tilida g‘uldurlab, uzundan-uzun so‘zlagan bo‘lsa ham, mo‘g‘ul tilini birinchi martaba eshitayotganim uchun, nima deganini bilolmadim. Axir qilgan imo ishoralaridan tushunsam, qo‘lidagi eski yomon qamchisini menga qoldirib, mening el ichida bir qo‘y turadigan yaxshi qamchimni so‘ramish ekan. Qarasam, boshqa chora bilan mendan ajramaydi, so‘z tushuntiray desam til bilmaydi. Kel, ikkovimiz ot chopishaylik degan bo‘lib, ot boshini qo‘yib orqamga qarasam, changgimga ham yetolmay qolibdur. Shu bilan kechga yaqin bir chodirga kelib tushdim. Ilgarigi tanishgan yerimga tushmakni o‘zimga ma’qul ko‘rmadim, chunki ul odamlar meni sezgan bo‘lishlari kerak. Bir kecha qo‘ndirib ertasi uzatib qutulgancha ko‘zlari to‘rt bo‘lmish edi.
Endi u kunlari kommunist bolsheviklarning qilayotgan vahshiyona zulmlariga ko‘ra, bunga yuz barobar insoniy sharaflarini qurbon qilib, o‘zlarini halokatdan saqlashga majbur edilar. Chunki, bunday kunlari pesar yo‘lini tutmoq, ya’ni o‘zgani o‘ziday bilmoq, balki, bir musulmonni o‘zidan ham ortiq ko‘rmoq bu kabi ulug‘ sharafga haqiqiy islom yo‘lini tutgan chin mo‘min musulmonlardan boshqa kim ega bo‘lg‘usidur!
Shu bilan bir kecha bu yerda yotib, ertasi Kuchar tomonga ketadigan yo‘ldosh izlab, u yerdan chikdim. Chiqar vaqtimda borar joyimni yirokdan ko‘ringan oq chodirlarni mo‘l ko‘rsatishgan bo‘lsalar ham, qandaydirki, oq chodirlarni yo‘lda qoldirib, undan 10 chaqirimcha yuqorida ko‘rinib turgan qalmoqlarning oq o‘tovlariga qarab ketibman. Orada 3-4 chaqirim kelgudek bilqillama sozlik yer bor ekan, bundan ming turlik mashaqqatlar bilan arang u tomonga o‘tib o‘tovlarga yaqinlashib edim, oldi eshakdek keladigan 10 chog‘li itlar kelib otimni o‘rtaga oldi. Bular ichidan bir katta oq da’vat otilib chiqib, tizzamga og‘iz solg‘udek bo‘lganda chaqqonlik qilib, qamchi bilan tumshug‘iga tortib qolib edim, vangillaganicha qochib ikkinchi menga yo‘lay olmadi. Biroq, es olgan so‘nggida yana kelib otimning orqa oyog‘iga tish solib edi, temir tuyog‘i bilan shundoq teptiki, ikki uch yumalab ketdi. Ungachalik uy egalari qalmoqlar yugurishib chiqib, itlarini haydagandan so‘ngra, meni Kuchardan mol bilan kelayotgan katta savdogar deb o‘ylagan bo‘lsa kerak, o‘z odatlaricha kishilik ko‘rsatib, otdan tushuvimni so‘radilar.
Men ham sir bermasdan: «Orqada molim kelayotibdi. Yusufg‘ujg‘ur qo‘shiga tushmoqchi edim», degan bo‘lib, darrov otdan tushdim. Qarasam, hay-xo‘y degancha yigirma chog‘lik katta-kichik qalmoq bolalari meni o‘rab olmish edilar. Men ham darhol xurjun og‘zidan bir kilo qand olib, atrofimda yig‘ilib turganlarga ulashib berdim.

Qayd etilgan


mutaallimah  06 Avgust 2008, 12:49:59

Bu joyda To‘rg‘ovut mo‘g‘ullari ichida savdogarlar tinch omon erkinlikda yashar ekanlar, chunki ularning tirikchiliklari yolg‘izgina chorva mol orqali bo‘lganlikdan, hayot uchun kerakli hamma narsaga muhtoj edilar. Mana shuning uchun boylik havasiga tushgan G’ulja, Oltishahar savdogarlari bu yo‘lda har qancha og‘irchilik tortsalar ham, foydaga qiziqib, bular bilan aloqalarini uzmas ekanlar. Buning ustiga Xitoy xonlari tomonidan ilgaridan beri tanilib kelingan To‘rg‘ovut mo‘g‘ullarining o‘zlaridan chiqqan xonlari ham bordir. Ular tomonidan qo‘yilgan Uqurtoy, Ilgadoy unvonli no‘yunlari bo‘lib, Chingizxon yasaqnomasi hukmi bo‘yicha qora qalmoqlar o‘z no‘yunlariga qattiq bo‘yinsunganlar. Bular ersa kelib ketib turgan savdogarlarni ko‘pchilik xalq va ham o‘zlari uchun foydali hisoblab, ularga qarshi tartib buzuvchilarni qattiq jazoga tortganlar. Shunga ko‘ra, savdogarlar o‘zlari buzilib, zolimlik qilib, xiyonatga kirishmasalar, boshqa tarafdan ularga hech qanday qarshilik ko‘rsatilmagan. Aksincha, u yerdagi mo‘g‘ullar qo‘rqqanidan emas, o‘z ko‘ngillari bilan savdogarlarni siylab, hurmatlashgan.
Shuning uchun meni ham savdogar gumon qilib, 6oradigan joyimgacha bir qalmoq yo‘l boshlab boradigan bo‘ldi. Yo‘q esa, orada 3-4 soatliksozlik botqoqlik yo‘llardan yurib o‘tishga to‘g‘ri kelganlikdan, yo‘l bilmagan kishining o‘zi yurishi qiyin edi. Shuning uchun men buni g‘animat bilib, biroz qand, choy bilan og‘zini shirin qilib edim, ikki uch soatcha botqoqqa botib yurib, hufton vaqtida degan joyimga keltirib qo‘ydi. Agar u boshchilik qilmaganda, bu yo‘lda salomat qolishim xatarlik ekan. Meni bu yerga yetkazib, yo‘lboshchim qalmoq qaytgan so‘nggida qarasam, bir chodirdan yiltiragan chiroq ko‘rinib turibdi. Ustiga borib: «Kishi bormi?», — deyishim bilan yugirib chiqqan bir uyg‘ur yigiti «Mehmon keldi», deb otimni ushladi. Chodir ichida o‘t tutatib o‘ltirishgan uch to‘rt kishi esa, turk xalqi odatlaricha do‘stlik ko‘rsatib, meni to‘rga chiqarishdi. Ahvolga loyiq yegudek ovqatlarini keltirib, birga o‘ltirishdi. Uch kunlik dahshatlik safarimdan beri og‘zim oshga tegmagan, do‘st kishilar yuziga ko‘zim tushmagan edi. Shunga ko‘ra, o‘zimni bularning aziz mehmoni hisoblab rohat uyqusi bilan kechani o‘tkazdim.
Tong otib choy vaqti bo‘lib edi, har tarafdan chiqqan bir necha savdogar eshakchilari Kucharga qaytmoqchi bo‘lib shu yerga yig‘ilmish edilar. Men ham bularga qo‘shilib, yo‘ldosh bo‘ldim. Men adashgan Quyqun tog‘larini o‘ng qo‘lda qoldirib, Qo‘naqay tog‘larini oralab, Kucharga qarata yo‘lga tushdik.
Birinchi qo‘nalg‘uni Kuchar savdogarlarining chodir uylarida o‘tkazgan bo‘lsak ham, orada uch kungacha o‘zlari mo‘l olishgan tog‘u tosh dalalarida yotishga to‘g‘ri keldi. Yaxshiyamki, shu orada yog‘in sochin bo‘lmasdan turdi. Yemak ichmaklarimiz mo‘l bo‘ldi. Tog‘ sovug‘ini yog‘ qaytaradi deb, har kuni kechqurin safar boshlig‘imiz yog‘liq palov qilishga buyurur edi. Uchinchi kun Ayg‘iroshuv degan dovondan o‘tib, Ko‘l degan joydagi saroyga kelib tushdik. Lekin, shu yerga kelguncha yolg‘iz oyoq yo‘ldan boshqa hech narsa ko‘zga ko‘rimas edi.

Qayd etilgan


mutaallimah  06 Avgust 2008, 12:50:37

Bu yerda 30 40 uylik To‘qmoq, Pishpek atrofidagi Sulta, Sarbag‘ish qirg‘izlaridan qochib kelgan bir yurtlik kishilar bor deb eshitdim. Ular bilan ko‘rishib so‘zlashmoqqa qiziqqan bo‘lsam ham, yo‘l usti bo‘lib, yo‘liqolmay qoldim. Ertasi kun Ko‘l saroyidan chiqqanimizcha yurib o‘ltirib, Qirg‘izoshuv degan dovon ustiga chiqdik. Qarasam, bu dovon cho‘qqisi ikki yoqdagi egiz tog‘ toshlari bilan qisilib qolgan torgina bir yo‘l ekan. Shuning uchun marhum Yoqubbek otaliq Oltishahar Uyg‘uriston hukumatini qurganda, Kuchar xalqini Yulduzdagi To‘rg‘ovut qalmoqlari hujumlaridan saqlamoq uchun bo‘lsa kerak, bu yerni chegara hisoblab, katta^ qarag‘ay, og‘ir toshlar keltirib cheb bog‘lamishdur. O’z davriga ko‘ra takdirlanarlik ish bo‘lganlikdan, marhumni fotiha bilan eskarib o‘tdim.
Shu kuni kechqurin Saksonkechik va Qirg‘izoshuv o‘rtalig‘ida yana Yoqubbek tomonidan chegara soqchilari uchun qurilgan kattagina bir qo‘rg‘on harobasiga kelib tushdik. Bu esa, ot uloqlari, qo‘rxona oshxonasi bilan ikki uch yuz kishiga joy bo‘lg‘udek kenglikda ko‘rinur edi. Uch-to‘rt yuz gaz egizlikdagi yerda askarlar uchun yasalgan masjid harobasini ko‘rib, uni ziyorat qildim. O’z vaqtida yaxshigina san’at ko‘rsatib yasalganligiga, peshtaq-mehroblaridagi qo‘l hunar qoldiqlari guvohlik bermokda edi. Menga o‘xshash maqsadi qo‘lga kirmagan bo‘lsa ham, istiqbolidagi istiqloli uchun kurashib, qurbon bo‘lgan o‘zbek o‘g‘li bir qahramondan qolgan asar bo‘lganligini hurmatlab, mehrob tupgxjlarini ko‘zimga surtdim.
Uz vaqtiga ko‘ra marhumni, bir tomondan, taqdirlagan bo‘lsam ham, ikkinchi tomondan, tanqidiy qarashlarimdan o‘zimni saqlayolmadim. Yo‘q esa, o‘z zamonasiga ko‘ra butun sharoit qo‘lga keltirilmish edi. Ikki qayta Londonga, ikki martaba Turkiya sultoni Abdulazizxonga elchi yubormishdur. London elchilari birinchi borishda 12 ming, ikkinchi borishida esa 24 ming farang miltig‘i olib qaytmish edilar. Bular esa zamonaviy qurollarning oldi hisoblanganliqdan nafaqat xitoy qurollaridan, balki, o‘sha zamonda bizni bosib olgan rus qurollaridan ham ortiqroq edi. Buning ustiga vaqtning ham qulayligi, chunki Angliya bilan Rusiya davlatlari o‘rtasidagi raqobat keskinligi uzluksiz ravishda o‘smoqda edi. Mana shu o‘xshash qulay fursatlar o‘tib, atrofda qarab turgan kuchlik yordamchilar qo‘lda bo‘laturib, bulardan foydalanish yo‘llarini topolmadilar. Yana u davrda butun Ovrupo davlatlari, islom chirog‘ini o‘chirish qasdida, islomiyat markazi deb tanilgan Turkiya davlati ustiga hujum boshlamish edilar. Shunga ko‘ra, Xalifa hazratlari qurollik kuch orqalik yordam yetkazolmagan bo‘lsalar ham, zamonga loyiq nizomiy askar tayyorlash uchun olti nafar harbiy zobitlarini qurol-yaroqlari bilan yuborgan edilar. Bular kelgandan keyin otliq yayov butun askarlar oz fursat ichida intizomga olinib, temir saf bog‘lagandek chekinmas bir nizomiy qo‘shinga aylanmish edi. Bu ish yolg‘iz so‘zdagina emas, amalda ko‘rilib, Urumchi urushida 20 mingga yaqin olomon tungon askarlari 500 ga yetmagan otliq nizomiy askarlar tomonidan tor mor bo‘lmish edi.

Qayd etilgan


mutaallimah  06 Avgust 2008, 12:53:04

Shu qadar tajribali ishlar ko‘z oldida ko‘rilgan bo‘lsa ham, yana xalq og‘zidagi «Voy, Xitoy buzilsa, olam buzilib qiyomat qoyim bo‘lar emish», degan xurofiy so‘zlardan ta’sirlanishi marhumning irodasi bo‘shligini, zamona ahvolidan xabarsizligini bildiradi. Yo‘q esa 14 yillik davlat boshlig‘i, agar chin irodalik siyosiy bir qo‘mondon bo‘lsa, qo‘lida nizomiy, qurollangan 40 mingga yaqin islom askari tursa, o‘z davlatini kofir dushmanga qanday topshira olsin?
Bandadan kamchiliklar o‘tmaguncha bergan ne’matini qaytarib olish, Allohga odat emasdir. Hayot olamida urush maydonlaridagi zafar yoki xatar har ikkovi ham bir qancha sabablarga bogliqdir. Agar zafar asboblarini imkoniyat boricha to‘liqlamay tu-rib urushga kirishar ekan, Qur’oni karim hukmicha bunday odam xato ishlagan bo‘lib, shariat oldida javobga tortiladi. Shu o‘xshash uning sharoitiga to‘lti bilan ega bo‘la turib, yana orqaga chekinar ekan, tarix yuzini qoralovchilardan, islom haqiga xiyonat qiluvchilardan hisoblatusidir. Dunyo va oxirat baxtini davlatlari uchun, ilohiy qonun hukmida belgilangan, har ishning o‘ziga tegishlik sabablarini bajarib, qo‘lga keltirmay turib: «X,a endi, taqdir shul ekan», deb o‘ltirish eng katta nodonlik bo‘lib, Alloh qonuniga qarshilik qilmoqlikdur.
B a y t:
Sababni qil musabbibni unutma!
Haqiqat shul erur teskari ketma.
Ota Soguniy qilmishdur nasihat
Tushunganlar bu so‘zdin olgay ibrat.
Dema: «O’zgarmas olam ish bitibdur»,
Na bo‘lgay ertagi kun kim bilibdur.
Hayotingni tuzatmoqqa sabab qil,
Vatanni qutqazishning chorasin bil.
Birinchi chorasi ilm o‘qimoqdur,
Jaholat ooshiga to‘qmoq ham tayaqdur.
Jaholat bizni ajratdi Vatandin
Vatan yolgiz emas, ham jonu-tandin.
Bo‘lar ish bo‘ldi, endi kimligingni
Unutma, ey o‘gil, o‘zbekligingni.
Yutulmasdan burun saqla tilingni-
Qutqar qulluqqa tushgan bu elingni.
Agar til saqlamas ersang, yutarlar-
Oyoq ostiga solgay, qul etarlar.
Seni yutmoqqa tayyor ajdaholar,
Koradur yoki oq to‘ymas balolar.
Na bo‘ldi, Uturiston, och ko‘zingni
Ko‘zing och, O’zbekiston, ko‘r o‘zingni.
Na erding, endi ne bo‘lding, qarab boq,
Qachon bir joyda bo‘lgay juft bilan toq.
Farishtaga yaqin bo‘lgay musulmon,
Agar din ushlasa, bu hukmi Kur’on.
Bilib diningni saqla, ey musulmon,
Judo bo‘lgan kishiga ming pushoymon.
Ota Soguniy qildi bu nasihat,
Ajab ermas, kishilar olsa ibrat.
 

Qayd etilgan


mutaallimah  06 Avgust 2008, 12:53:23

Endi marhumning bu tarixiy voqeasi hasratlik dostonlar qatorida yozilgan bo‘lsa ham, kelajakda bolalarimiz haqlari uchun foydasiz emasdur.
Yana o‘z so‘zimizga kelaylik. Ustida shunchalik tarixiy so‘zlar yozilgan bu qo‘rg‘onda bir kecha yotib, ertasi kuni bulutga tiralgan ikki tog‘ qismog‘ida Saksonkechik atalgan oqar suv izi bo‘ylab yo‘lga tushdik. Qarasak, bu yo‘limizda saksonkechik emas, yuzdan ortiq suv kechgan bo‘lsak ham, yana suv kechiklarini sanab tugatolmadik. Shu bilan yozning uzun kunlari kechga davr to‘xtamay yurganimizcha kech qilg‘ach, har tomondan tuman aralash qora bulutlar qo‘zg‘alib, yomg‘ir quyishi boshlandi. Osti ustilarimiz yomg‘ir suvi bilan chilanib, yo‘l qorong‘uligini tun qorong‘uligi qopladi. Hayron bo‘lib turganimizda, oldimizda tog‘ bag‘ri tomonidan yaltirab o‘t yorug‘i yiroqdan ko‘rilgali turdi. Buni ko‘rgach, darhol ot jilovini shu yoqqa burib qarasak, baraka topkur yaylovga chiqadurgan Kuchar qo‘ychilari bo‘lib, yomg‘irdan quriqlanib tog‘ kamorida yotgan ekanlar. Dahshatli kechada topilgan shunga o‘xshash tog‘ o‘nqiri esa, bizning ko‘zimizda oqsaroy uylaridan ham ortiqroq ko‘rinar edi.
Bu va u olam ishlaridan xabari yo‘q, oldida haydagan bir to‘p qo‘y echkidan boshqa boqar kutari yo‘q, ikki dunyo g‘am qayg‘ulari bilan ham chatog‘i yo‘q, qo‘y dushmani bo‘ridan boshqa tashvishi yo‘q, bir necha cho‘ponlar bilan o‘nqir ichida yoqilgan olov aylanasida o‘lti rib o‘tkazgan badavlat majlis lazzatini eskarsam, madaniyat vahshiylariga chin ko‘nglimdan la’nat o‘qigim kelar edi.

Qayd etilgan


mutaallimah  06 Avgust 2008, 13:10:53

KUChAR

Shunday qilib sof ko‘ngilli, to‘g‘ri tilli uyg‘ur cho‘ponlari bilan o‘nqir ichida gurunglashib o‘ltirib, shu kechani o‘tkazdik. Ertasi kuni tongota hangragan eshaklarni haydashgan eshakchilar bilan biz ham yo‘lga tushdik. So‘ngra 2-3 soat o‘tar o‘tmas Saksonkechikni orqada qoldirib, qismoq og‘ziga chiqdik. Shu yurib o‘ltirganimizcha Tekmon degan uyg‘ur qishlog‘ida tushlanib, bu yerdan o‘tgach, kechga yaqin tepa tog‘lar uzilishida joylashgan, atrofi qalin daraxtlik bir saroyga keldik. Bu biz bilan kelayotgan eshakchilar xo‘jayiniga qarashlik keng bir qo‘rg‘on ekan. Shu kecha u yerda yotib, ertasi kuni Abdurahmon degan bir kucharlik savdogar bola bilan birga Kuchar shahriga qarab jo‘nadik. Kechga yaqin, Kuchar sapilidan 4 5 chaqirimcha yiroq bo‘lgan Shamolbog‘ degan qishloqdagi bolaning joyiga kelib tushdik. Ob-havosi toza, suvlari mo‘l, bog‘u bo‘stonlik kelishgan yer ekan.
Bu joyda ikki uch kuncha turib, hordig‘imiz chiqqandan keyin, shahar ko‘rmakni havas qilib, bola bilan birga bozorga kirdik. Aylanib yurganimizda bir kishi kelib qo‘limni ushladi. Qarasam, G’uljadagi do‘stlarimizdan otushlik Turdiqori ekan. Menga o‘xshab u kishi ham Koshg‘ardan qochib chiqib, hech yerga sig‘masdan Kucharga kelgach, qo‘ra-joyli bir tul xotinga uylanib, shu bilan yoshirincha kun kechirmokda ekan. Meni ko‘rib: «Voy to‘ram, ajabmu yaxshi keldingiz. Sizni xudoyim menga yetkazdi, peshonamizda nima ish bo‘lsa, endi birga ko‘ramiz», deb yopishib olganicha, ajramay Shamolbog‘idagi qo‘shxonamizga birga keldi. So‘ngra uy egasidan meni so‘ragan bo‘lib, ot uloq, xurjun xalashlarimni olib, o‘z uyiga keltirdi.
Ikki qochoq bosh qo‘shganimizdan keyin sirimiz ochildi. Qarasak Koshg‘ar, G’ulja va boshqa shaharlarda bo‘lgan voqealar hamma yerda birdaniga boshlangan ekan. Ikkovimiz bir necha kecha kunduzlab so‘zimiz tugamay, suhbatga to‘ymay, parang so‘qishib (suhbat qurishib) ajramasdan yurdik. Shu orada Koshg‘ardan otushlik Salay domla ham qochoq bo‘lmish ekan, kelib bizga qo‘shildi. Har tomondan kelgan qochoqlar topishib oldik.

Qayd etilgan