XXI asr she'riyati: Gʻayrat Majid  ( 3702 marta o'qilgan) Chop etish

1 B


shoir  30 Iyul 2008, 11:42:29

XXI asr she'riyati:

G‘ayrat Majid




*    *    *

Men qayoqqa ketayapman, Rab?
Ko‘nglim, senga ne qildim va’da?
Tezroq bormoq  istayman axir,
Qishloq juda olismi, dada?

Go‘zal, gavjum, katta shaharda
Men yolg‘izman, yolg‘izman juda.
Va yoki bu dunyolarinda
Hamma odam yolg‘izmi, dada?

Faqat, faqat yurakka og‘ir
O‘tar bo‘lsa umri osuda
Tog‘lar bag‘rin qontalash qilgan
Lolalari ol hismi, dada?

Ko‘zlaringdan aylanay, singlim
Bu gulzorda gul yo‘q birorta
Kel, ikkimiz so‘raymiz birga
Eng go‘zal gul yalpizmi, dada?

Men qayoqqa ketayapman, Rab?..

Qayd etilgan


shoir  30 Iyul 2008, 11:42:51

GULIJON

Xayolimdan ketmas hursan, gulijon,
Ko‘zimni kuydirar nursan, gulijon,
Shu qadar bepoyon sirsan, gulijon,
Tumonot o‘ylarga cho‘mib boraman,
Yurakni ishqingga ko‘mib boraman.

Goh dunyo ko‘zimga cho‘g‘day ko‘rindi,
Qaqragan cho‘llar ham bog‘day ko‘rindi,
Ko‘nglimning dimog‘i chog‘day ko‘rindi,
Baridan ko‘zimni yumib boraman,
Yurakni ishqingga ko‘mib boraman,

Qirdan qizg‘aldoqlar enib keladi,
Sabolar izmiga ko‘nib keladi,
Gulbargga shabnamlar qo‘rib keladi,
Men-chi zilolingga do‘nib boraman,
Yurakni ishqingga ko‘mib boraman.

Alifdek qaddimni egib bo‘lsa ham,
So‘ngsiz gunohlarga cho‘kib bo‘lsa ham,
Qalbimni, qadrimni bukib bo‘lsa ham,
Mehri ishonchingga qonib boraman,
Yurakni ishqingga ko‘mib boraman.

Qayd etilgan


shoir  30 Iyul 2008, 11:43:04

BILSANG

Ko‘ngil aytmasiga ko‘nmaydi, bilsang,
Gul shoxi shunchaki sinmaydi, bilsang,
Odam ham o‘zicha unmaydi, bilsang,
Tog‘lar ortida ham tog‘lar bo‘ladi.

Go‘zallik muhabbat ovonida, dil,
Gohida sanamlar tovonida, dil,
Asrorli hayotning dovonida, dil,
Yig‘lab eslaydigan chog‘lar bo‘ladi.

Shabnamlar yuzida nurlar o‘ynagan,
Sabolar kuyida qirlar o‘ynagan,
Qay oshiq qalbida sirlar o‘ynagan,
Dillari bir go‘zal bog‘lar bo‘ladi.

Ko‘ngiljon, ziyoga to‘yinmoqni bil,
O‘tar-ketar damlar kuyinmoqni bil,
Shukronalar aytib suyinmoqni bil,
Ohlaring yurakda dog‘lar bo‘ladi.

Qayd etilgan


shoir  30 Iyul 2008, 11:43:40

KIYIKCHALAR

Eh, bepoyon ko‘zlariga to‘yib bo‘lmas,
Ko‘zlar aytgan so‘zlariga to‘yib bo‘lmas.
Tangrining bul ro‘zlariga to‘yib bo‘lmas,
Biram go‘zal termuladi kiyikchalar.

Shamollarda uchgan xasdek umr o‘tgay,
Barcha ishga go‘yo asdek umr o‘tgay.
Aslida-chi bir nafasdek umr o‘tgay,
Biram go‘zal termuladi kiyikchalar.

Charxi dilning tonglarini bilsaydim men,
Kenglari-yu, tanglarini bilsaydim men,
Yuragimning ranglarini bilsaydim men,
Biram go‘zal termuladi kiyikchalar.

Nigohlari jonimdagi vulqon deymi,
Yo qasdi jon, yo jonimga qalqon deymi,
Dunyo o‘zi boshdan oyoq armon deymi,
Biram go‘zal termuladi kiyikchalar.

Eh, bepoyon ko‘zlariga to‘yib bo‘lmas,
Ko‘zlar aytgan so‘zlariga to‘yib bo‘lmas.
Tangrining bul ro‘zlariga to‘yib bo‘lmas,
Biram go‘zal termuladi kiyikchalar.

Qayd etilgan


shoir  30 Iyul 2008, 11:43:49

*   *   *

Ishonma,
bu dilning dilligi yolg‘on,
Ishonma,
gullarni baxtlarga ko‘mdim.
Ishonma,
poyimga yiqilgan osmon,
Ishonma,
mehrga zorman bir chimdim.
Ishonma,
izg‘irin izillar dilda,
Ishonma,
yuragim o‘rtangan qaqnus,
Ishonma,
yalmog‘iz bu ishqmi yo‘lda,
Ishonma,
xorlarga ko‘milgan behis.
Ishonma,
gullarga to‘ladi olam,
Ishonma,
quyoshda to‘y qilar taqdir,
Ishonma,
bu alvon kengliklar ko‘rkam,
Ishonma,
men seni sevaman, axir.
Ishonma...
 
"Yoshlik" jurnalidan olindi.

Qayd etilgan