XXI asr she'riyati: Akmal Tursunov  ( 3566 marta o'qilgan) Chop etish

1 B


shoir  30 Iyul 2008, 12:08:51

XXI asr she'riyati:

Akmal Tursunov




ISTE’FO BERAMAN TUYG‘ULARIMGA

Peshonamga toshgan terni yulaman,
Qo‘rqma, qizarmagin, ey, gul, sharmdan.
Hech narsa o‘ylamay jim termulaman,
Iste’fo beraman tuyg‘ularimga.

Diydor bir lahzada gashtini surib
Hijron tomoq qirib qariblamoqda
Bir safar jazm etdim sevmasdan turib,
Go‘zal yuzligimni ta’riflamoqqa.

Yuz  burma, qalbimga rasming, qo‘y, chizay,
Diydoring — bu san’at asari darsi.
Seni maqtamoqdan burun mo‘’jiza
Yaratgan Xudoga topinmoq farzim.

Andisha otliqqa kelsin-e, kirgin,
Jur’atim qilar bu tuyg‘u yarimta.
Iymanib o‘tirma, tushimga kirgin,
Pattasin tutaman uyqularimga.

Qayd etilgan


shoir  30 Iyul 2008, 12:09:03

*  *  *

Agarchi pariro‘y qarshimda
Yuragim oyoqqa turadi.
Tikilmoq yigitlik qarzim-da
Ishlanar ko‘zimda surati.

Afsunlar, ko‘zlari afsungar,
Jodusi aqlimni kesadi.
Qaydanam  termildim men, bir bor
Hijroni bag‘rimni ezadi.

"Bilmayman, isming ne, ey, suluv,
Ketmoqqa chog‘lanma bir zumga.
Muzlagan ko‘ksimdan yulqinib
Yuragim kep qoladi bo‘g‘zimga".

Ko‘zlarim yuziga nur yopar,
Savdolashmay erkimni sotdim.
Tamom asir etdi bu lobar,
Hech bo‘lmasa bilsaydim otin.

Qayd etilgan


shoir  30 Iyul 2008, 12:09:26

*  *  *

Sendan ko‘z uzmoqqa haqqim yo‘q, bilsang,
Yurak zug‘umini aytishim shartmas.
O‘tkir nigoh yumshoq etimni tilgan,
Boshqa dardlar buning oldida dardmas.

Sendan ko‘z uzmoqqa haqqim yo‘q, bilsang,
Chehrangdan nurlanar qorachiqlarim —
Mening ko‘z tikkanim har kim yo‘q, bir san,
Salgina ko‘nglimga qara, siqmagin.

Sendan ko‘z uzmoqqa haqqim yo‘q bilsang,
Nigohim qorovul dil ko‘chasiga.
Vujudim ko‘z bo‘lib senga tikilgan,
Intizor boqqandek qul xojasiga...

"Yoshlik" jurnalidan olindi.

Qayd etilgan