XXI asr she'riyati:
Madina Muzaffarova* * *
Kul rangli choyshabga yonboshladi kuz,
Shitirlab yopindi tilla rang ko‘rpa.
Ishq dardi eshkakni eshdi juda tez,
Daryo oqar edi misoli telba.
Oppoq par choyshabga yonboshladi qish,
Muzlarni ustiga yopindi qalin.
Ishq dardi to‘ngladi misoli kumush,
Daryoda eshkaklar eshilmas, sokin.
Yashil rang choyshabga cho‘zildi bahor,
Shirin xayol bilan burkandi gulga,
Ishq dardi eshkakni eshdi intizor,
Sevgi dil rozini yetkazdi yelga.
Qip-qizil choyshabga yonboshladi yoz,
Saraton harorat ufurdi shamol,
Eshkak yuzdi qaynoq to‘lqinlarda soz,
Ishqni eltib qo‘ydi qirg‘oqqa visol.