XXI asr she'riyati:
Zulxumor AlimardonovaBIR KUNBir kun hasratlardan halok bo‘laman,
Hijron-u alamlar yondirar bir kun.
Qalbimni nilufar gulga aytaman,
Qarshimda termulib turar u beun.
Taqdirning beshafqat so‘qmoqlarida
Sarbonsiz nortuya kabi bo‘zladim.
Sargashta sahroning tuproqlarida
O‘zimga eng yaqin dardkash izladim.
Baridan to‘yiblar ketdim, begijon,
Tutgin, ishqim oqar barmoqlarimni,
Umidlar yig‘ladi menga qo‘shilib,
Sog‘inchlar yupatdi titroqlarimni.
Ey Dunyo, ko‘zlari hayratga to‘lug‘
Gohida sitam-u, hasratga to‘lug‘.
Mening yuragimda bir armon yashar,
Ummonlar yashaydi to‘lqinga to‘lug‘.
Behalovat qalbim tinglang, begijon,
Unga ishq yo‘limdan torlar bitganman.
Gohida uzilib, goh tizilib jon,
Butun borlig‘imni shunga aytganman.
Tinglang, tuyg‘ularim sel bo‘lib oqsin,
Oqizsin, qalbingiz zil toshlarini
Xokisor kapalak qanotlar qoqsin,
Suyab qulayotgan bardoshlarimni