XXI asr she'riyati:
Gulshoda QurbonovaFARZAND BO‘LURSAN
Vatan yuragiga ko‘prik bo‘lolsang,
G‘amiga g‘amdoshu sherik bo‘lolsang,
Qorachiqlariga kiprik bo‘lolsang,
Diling payvand etsang, dilband bo‘lursan,
Sen shunda elingga farzand bo‘lursan.
Surma qil hokini, pok tut gardini,
Quloq sol qalbiga, tushun dardini,
Farq etsang nokasu asl mardini,
Diling payvand etsang, dilband bo‘lursan,
Sen shunda ellinga farzand bo‘lursan.
Olovni asrovchi o‘chog‘i bo‘lgin,
Yurak choklarining arqog‘i bo‘lgin.
Yomon ko‘zdan saqla, munchog‘i bo‘lgin,
Diling payvand etsang, dilband bo‘lursan,
Sen shunda elingga farzand bo‘lursan.
Tosh terib tashlagin ravon yo‘lidan
Ayro tushib, tortma Vatan qo‘lidan,
Panaga olmasang yomg‘ir, do‘lidan,
Diling payvand etsang, dilband bo‘lursan,
Sen shunda elingga farzand bo‘lursan.
Elga farzand bo‘lmoq, eng katta baxtdir,
Vatan ostonasi - eng oliy taxtdir,
Gulshoda qalbida shu qat’iy ahddir,
Diling payvand etsang, dilband bo‘lursan,
Sen shunda elingga farzand bo‘lursan.