Sening uchun, bolakay,
unda saroy quraman.
Okeanavt o‘zimman,
o‘zimman kosmanavt,
Everest cho‘qqisida
tiklagayman senga taxt.
Men sayyohman — har chorbog‘ —
go‘zallik oshuftasi,
qurolni olmayman tan,
men ular kushandasi.
Chin bashar avlodini
kutmoqqa vatanim bor,
O‘zbekyurt, derlar, uni,
qalbim oppoq misli qor.
Qozig‘im bor, qo‘noqlar
otlarin bog‘lamoqqa,
qozonim bor, ularni
osh qilib siylamoqqa...
Gersoppa sharsharasin
bugun ko‘rmog‘im kerak,
hozircha xayr, deyman,
omon bo‘lgil yosh yurak...
Gersoppa, o, Gersoppa,
men, mana, qarshingdaman,
gir aylangum dunyoni,
qaqnus kabi bir qushman.
Tush emas ko‘rganlarim,
shved cho‘poni bilan
suhbatlar qurdim uzoq
gumon, iymoni bilan.
Olmon askari bilan
hangoma qildim qancha,
uning yuragida, oh,
echildi ne tuguncha:
avtomatni ko‘tarmoq
joizmikin Odamga,
aslini aytsam, qurol
yarashmas bu Olamga!
Qo‘llarim gul istaydi,
istaydi chechaklarni
yuragim istagandek
bolalik ertaklarin.
O, Gersoppa, Gersoppa,
etti mo‘’jiza, qani?
Oltitasi yo‘q bugun,
bor Xaops ehromi.
Ehrom-la gurunglashdim,
qiziq gapni dedi u;
— Odam, bu mangu emas,
Odamiyatdir mangu!..
O, Gersoppa, Gersoppa,
bahorimni sog‘indim,
senga aytsam, to‘g‘risin,
Diyorimni sog‘indim.
Sen oqaver, oqaver,
Niagaralar oqsin.
Bu olam tog‘larida
cho‘ponlar gulxan yoqsin.