XXI asr she'riyati:
XurshidaISHQMeni demaganni demasman,
Meni sevmaganni sevmasman!
Dardli sasman, o‘tli nafasman,
Lek sevmasang, men ham sevmasman?!.
Mening bog‘im shunchalar mahzun,
Gulim ma’sum, g‘unchalar mahzun,
Kechir, eta olmasam mamnun,
Men notavon va noshud kasman!..
Ko‘p qiynaldim gulzorlarimda,
Ko‘p qiynalding ozorlarimdan.
Netay ishqning bozorlarida
Sotilmagan oltin qafasman!..
Yuragimda ishqim sof edi,
Orzularim Ko‘hiqof edi.
Nadomatdan qanday naf endi —
Xazonlarga ko‘milgan xasman!..
Ololmasam ham dardlaringni,
Ko‘tarolmam hech radlaringni...
...Netay, sevdim jo‘mardlaringni -
Dunyo, men bir mehrparastman!?