XXI asr she'riyati: Gulnoza Olimova  ( 3572 marta o'qilgan) Chop etish

1 B


shoir  31 Iyul 2008, 14:34:35

XXI asr she'riyati:

Gulnoza Olimova

HAYOT


Bog‘ingda gul bo‘lib ochilay, hayot,
Bulog‘ingdan to‘yib suvlar ichayin.
Tovusday tovlansang mahliyo bo‘lib,
Bag‘ringga bosh qo‘yib, seni quchayin.

Mayli, hayot, senga qul bo‘lay butkul,
Qalbingda mayliga sarob bo‘layin.
So‘zlashgim kelgan payt dildosh topmasam,
Yomg‘irga jo‘r bo‘lib kuylab olayin.

Mayin yellar sochim silab ketsinlar,
Qalbim g‘uborlarin olib ketsinlar.
Armonsiz bog‘ingda sayr etsinlar,
Olis-olislarga xabar eltsinlar.

Hayot,
Taqdir meni etdi baxtiyor,
Yashayapman armon neligin bilmay.
Sening bisotingda orzular bisyor,
Nechun yashamoqlik, shukrona qilmay.

Axir o‘zingsan-ku menga jo‘r bo‘lib,
Misralar bitmoqqa ilhom oshirgan.
Bu oppoq varaqlar ketsalar to‘lib,
Misralar ortiga sirim yashirgan.

Qayd etilgan


shoir  31 Iyul 2008, 14:35:01

KO‘NGIL G‘UNCHASI

Tomchi shabnam yuvib ko‘zini,
Hidlarini olamga yoydi.
Erta tongda ochib yuzini,
Gul g‘unchasi samoga boqdi.

Uni ko‘rsa quvnaydi dillar,
Uyg‘onadi yurakda quvonch.
Baxmal kabi ajib tovlanar,
Nafis hidi dillarga yupanch.

Bu gul emas ko‘ngil g‘unchasi,
Gul  g‘unchasi — sevgi rishtasi.
Qizil qondek qalbga munosib,
Bo‘lib qolgan dil farishtasi.

"Yoshlik" jurnalidan olindi.

Qayd etilgan