XXI asr she'riyati:
Shohruh Jo‘rayev
JONDAN HAM AZIZIM VATANMayli, tuproq bo‘lay, bitta tosh bo‘lay,
Sir aytsang, bir umr chin sirdosh bo‘lay.
Senga yoqmasam gar umr so‘rayman,
Mayli, dard anglamas bir bebosh bo‘lay,
Ne bo‘lsam bag‘ringda bo‘layin, Vatan!
Mayli, yolg‘iz o‘tay yorsiz bir o‘zim,
Huv tog‘u toshlaring aylab boshpana.
Mayli, do‘stlar meni aylasin unut,
Men bir g‘arib bo‘lay, men bir devona,
Ne bo‘lsam bag‘ringda bo‘layin, Vatan!
Garchand sezmasang-da borligim sira,
Suyib tuprog‘ingni o‘paman har on.
Men uchun dunyoda azizdan aziz,
Hammadan yaqinim o‘zing, qadrdon,
Ne bo‘lsam bag‘ringda bo‘layin, Vatan!
Istasang yuragim ochay, shu zahot,
Qonimdan bitta gul unsin sen uchun.
Sen borsanki, mehring qalbimga mador,
Sen bor sevgimsiz ham bil, bag‘rim butun,
Ne bo‘lsam bag‘ringda bo‘layin, Vatan!
Hurlikka erishding, hur yasha, elim,
Munavvar oylarga iz tashla, elim.
O‘g‘lim deb atasang bo‘ldi bir bora,
Bir kun poyoniga yetsa-da yo‘lim,
Ne bo‘lsam bag‘ringda bo‘layin, Vatan!