XXI asr she'riyati: Barno Gul  ( 4812 marta o'qilgan) Chop etish

1 B


shoir  31 Iyul 2008, 14:41:02

XXI asr she'riyati:

Barno Gul




KETMA

Yolg‘onchi-ey,
Ana, yuragingda ishq yig‘layotir,
Mo‘ltirab ismimga termulib olgan
U hali go‘dak-da,
Na so‘zlay oladi, na yura olar.
Bilgani, birgina yig‘laydi, xolos.
Sen unga suyanch ber, emaklab yursin,
Sen unga ishonchli so‘zlashni o‘rgat.
Men uni erkalab, avaylab, bag‘rimga bosib,
Hech kimga bermayman o‘zimdan bo‘lak.

Qayd etilgan


shoir  31 Iyul 2008, 14:41:15

AZIZIM

Masofa darsligin o‘rgatarkan yo‘l,
So‘roqlar o‘rnida uchtalab nuqta.
Yuragim yoshlari yosh emas, u — do‘l,
Eh, yo‘llar oralab yuragim cho‘g‘da.

Do‘llarim-a, ering, oqing chakkillab,
Chanqagan sanchiqlar qonsin simirib.
Yolg‘izlik, qo‘ysang-chi bizni erkalab,
Yashirdik o‘lsak ham yana tirilib.

Sensizlik qa’riga cho‘kdim, yolg‘izim,
Qutqar, meni qutqar, bir yaxshilik qil,
Shuncha olislandik, yetar, azizim,
Bizsizlikdan toldi axir ikki dil.

Qayd etilgan


shoir  31 Iyul 2008, 14:41:28

SEVDIM

Yolg‘izlik, kuzgi bargmiding,
Bandda turib sarg‘ayding.
To‘kilguvchi dardmiding,
Shundanmikan qarg‘ading.

Yoz ilindi mehrni, sen-chi,
Axir uni etolmam inkor.
Men kutarman kelguncha bahor,
Sen kuzingda ko‘karib ko‘r-chi.

Xazonimsan, yoqib yuborgum,
Olov-olov yonsin yuragim.
Kechir meni, ey yolg‘iz bargim,
Xayr endi, quyoshni sevdim!

Qayd etilgan


shoir  31 Iyul 2008, 14:41:37

               * * *

Siz mening, ey rassom nigohim,
O‘ylardan bo‘yoqlar kiyasiz.
Hayratim o‘t qo‘ysa o‘ziga,
Olovda buyoqda kuyasiz.

Sirlarim fosh etib o‘zini,
Ketmoqchi boshini qo‘ltiqlab.
Keling, bo‘yab qo‘ying ko‘zini,
Dunyo kulsin o‘zin qo‘ltiqlab.

Istaklar yig‘lasin bosh tortib,
Yoqasi yirtilib yamalsin.
Hislarini ortiga ortib,
Aybdor sir dilga qamalsin.

Kun kelib ko‘kdagi orzular
Uzilib tushadi birma-bir.
O‘shanda men o‘zim-o‘zimni
Bo‘yoqlab olaman baribir.

Qayd etilgan


shoir  31 Iyul 2008, 14:41:44

                 * * *

Siz shaytonga do‘st bo‘lib olib,
Gunohimni bir-bir sanaysiz.
Men g‘oz yurib, siz ham g‘oz yurib,
Yolg‘on daryosini ko‘rmaymiz.

Xayolim bir, o‘zim bir olam,
Kechib qo‘ydim shu  alamlardan.
Siz hali ham mag‘rur yashaysiz,
Men — shaytondan qo‘rqqaningizdan.

Qayd etilgan


shoir  31 Iyul 2008, 14:41:55

                  * * *

Ey teraklar, tebraning, ayting,
Shovullarmi sizda ham g‘ussa?
Yaproqlarga qildirmang attang,
Anov harsang hasratda tursa.

U bir guvoh, hozir tili yo‘q,
Solay desa olamga shovqin.
Yorilmaydi, o‘rilmang siz ham,
Qo‘rqmang undan, u pichoqsiz qin.

Menga ayting, menga ishoning,
Men ham sizday tebrangim kelar,
Bizga hadik bergan toshlarni
"Shitir" etib, qo‘rqitgim kelar!

"Yoshlik" jurnalidan olindi.

Qayd etilgan