2. "Al-Bahrul muhiyt" tafsiri sakkizta kitobdan iborat, ulamolar, xususan, qiroat usullari va kalimalarning tarkiblanishi bilan qiziqqan toliblar bu kitobga ko‘p murojaat qiladilar.
Muallif ushbu nahv qoidalarini yozayotgan paytda hali juda yosh edi. Shunga qaramasdan, Alloh bergan iste’dod sababli, nahviy olimlar o‘rtasidagi ixtilofni shu qadar batafsil yoritib berganki, uning bayonlariga qaraganda kitob tafsirdan ko‘ra nahv kitobiga yaqinroq bo‘lib qolgan. Lekin Abu Hayyon nahv qoidalari dengiziga shunchalik sho‘ng‘ib ketganiga qaramasdan, tafsirning boshqa sohalariga beparvo bo‘lgan emas. Uning tafsirida lug‘at ilmi ham, sababi nuzul, nosix-mansux, qiroat, balog‘at, fiqq ilmlari borasida ham me’yoriga yetkazib fikrlar aytilgan va tafsir qilingan. Bu haqda muallifning o‘zi tafsir muqaddimasida shunday deydi:
"Mening bu kitobni yozishdagi tartibim shunday, ya’ni men avval oyatning har bir so‘zi haqida, uning tafsiri, lug‘aviy ma’nosi, jumlada egallagan o‘rni-tarkibi, ikki yoki undan ko‘p ma’noli so‘z bo‘lsa, oyatning tafsiriga muvofiq ma’noni tanlab olish uchun hamma ma’nolarini keltirib, keyin oyatning tafsiriga o‘taman. Tafsirda esa, tartib bilan oyatning sababi nuzuli, nosix yoki mansuxligi, yuqoridagi oyatga bog‘liqligi munosabati, shu oyat ustida qurrolarning mashhur yoki kam eshitilgan qiroatlari haqida to‘xtalib, keyin oyatning ma’nosini tushunishda yordam beradigan salaf va keyingi ulamolarning fikrlarini bayon etaman. Lekin takrordan qochgan holda, biror oyat yoki biror kalima haqida avval gapirgan bo‘lsam,uni qaytarmaslikka harakat qilaman va takrorlash zarur bo‘lgan joyda avvalgi mavze’ga havola qilaman.
Biror fiqqiy masala haqida gapirsam, bu masala borasida to‘rt mazhabning fikrlarini bayon etish bilan birga, qaysi manbadan olinganini ham ko‘rsatib o‘taman.
Shuningdek, nahv qoidalarini bayon etganimda uning tahlilini batafsil qilib, keyin nahviy olimlarning kitoblaridan ham dalil sifatida iqgiboslar keltiraman va u manbalarga ham ishora qilaman.
Oyat tafsirini hamma tomondan mukammal bayon qilib bo‘lganimdan keyin ushbu oyatning ma’nosini tasdiklovchi naqliy rivoyat keltiraman-da, ana shunga suyanib, gapni unchalik cho‘zib yubormagan holda mazkur oyatni sharhlayman. Mendan keyin biror kishi shu ishni qilaman (tafsir yozaman) desa, mening uslubim unga namuna bo‘lsin. Ba’zi oyatlarning tafsirida tasavvuf ahlining kalomlarini ham kiritganman. Lekin ulardan ba’zilarining aqldan uzoq gaplaridan qochganman. Men tafsirda botiniylarning Alloh, Hazrat Ali va u kishining avlodlari haqidagi botil fikrlarini keltirmadim". (Abu Hayyon. Al-Bahrul muhiyt. 1-j. 45-b.)