4. Az-Zamaxshariyning to‘liq nomi Abul Qosim Mahmud ibn Umar ibn Muhammad ibn Umar Al-Xorazmiy Al-Imom Al-Hanafiy Al-Mo‘‘taziliy bo‘lib, laqabi «Jorulloh», to‘rt yuz oltmish yettinchi hijriyda Xorazmning Zamaxshar qishlog‘ida tug‘ilgan. Bag‘dodga kelib, ustozlar huzurida ta’lim olgan. Xurosonga bir necha marta borgan. Qaerga bormasin, atrofiga odamlar yig‘ilib, unga shogird bo‘lishgan. Kim bilan munozara qilmasin, u taslim bo‘lib, Zamaxshariyndng ilmini e’tirof etgan. Shunday qilib, uning ovozasi butun olamga yoyildi va zamonasining yagona allomasiga aylandi.
Az-Zamaxshariyning turli ilm sohalarida o‘ta hassoslik bilan ta’lif etgan asarlari bor. Ularning birinchisi «Al-Kashshof» tafsiridir. Allomaning nahv haqida «Al- Muhojot», «Al-Mufassal», arab tilida «Al-mufrad val-murakkab», hadis tafsirida «Al-Foiq», lug‘atda «Asosul-balog‘a», fiqhda esa «Ruusul-masoil» nomli kitoblari mavjud.
«Vafayotul a’yon» kitobining muallifi shunday yozadi: «Az-Zamaxshariyning e’tiqodi mo‘‘taziliydir. U o‘zining e’tiqodini yashirmasdan, aksincha faxrlanib yurgan. Aytishlaricha, u biror kishining huzuriga borsa, eshik qorovuliga: «Abul Qosim mo‘‘taziliy kelib, eshik oldida kirishga izn so‘rayapti, deb aytgin», — deb buyurar ekan. U «Al-Kashshof»ni yozish asnosida hamdu sano xutbasini: «Qur’onni yaratgan Allohga hamd bo‘lsin!» — deb boshlagan ekan. Odamlar undan butunlay yuz o‘girishgan, ziyoratiga kelmay qo‘yishgan. Keyin u «xolaqo»(yaratdi) so‘zini «ja’ala»(qildi) so‘ziga almashtirgan. Holbuki, mo‘‘taziliylarning nazdida bu so‘z ham «yaratdi» ma’nosidadir. Ammo «Al-Kashshof»ning barcha nusxalarida tafsir: «Qur’oni Karimni nozil qilgan Allohga hamd bo‘lsid!» deb, «anzala»(nozil qildi) so‘zi ishlatilgan. «Al-Kashshof»dagi bu isloh musannifning emas, balki muharrirning islohidir.