Bu xususda kelgan axbor va asarlar behisob. Ummat tavbaning vojibligiga ijmo’ qilgan. Zero, vojibning ma’nosi Alloh taolodan yiroqlashtiruvchi, halokatga sudrovchi ma’siyat va gunohlarni anglashdir. Bu esa iymonning vojibligiga doxil jihatdir. Lekin ba’zida aynan mana shu jihatdan g‘aflatda qolish kishini dahshatga soladi. Aslida mazkur ilm, ya’ni gunohning halokatli bo‘lishini anglash o‘sha g‘aflatni ketkizishdir.
Tavbaning yana: "darhol gunohlarni tark qilmoq", "kelajakda gunohni takrorlamaslikka azm etmoq", "o‘tgan xatolarni o‘nglamoq" kabi ma’nolari bor.
Darhaqiqat, o‘tgan xatodan pushaymon bo‘lib, g‘amga botish musulmon uchun vojibdir. Bu hol tavbaning ruhi, u bilan o‘nglanish kamoliga yetadi. Shunday ekan, tavba qanday vojib bo‘lmasin?!
Tavba shunday og‘riqki, u bekor o‘tayotgan umrni his qilish, Allohning g‘azabi ostida zoe’ bo‘layozgan bebaho ne’mat o‘tgan va o‘tayotgan kunlarni o‘ylab, qonli yoshlar to‘kishdir.
Agar sen: "Qalb og’rig’i ixtiyoriy emas, zarurat tufayli tug’iladi. Shunday ekan, qanday qilib, u vujub sifati bilan sifatlanishi mumkin?" desang, javob shuki, mahbub narsaning qo‘ldan ketganini anglash qalbga azob beradi. Bu og‘riqda og‘riqning sababi tomon yo‘l bor. Xuddi shuningdek, ilm, ya’ni gunohning halokatli ekanini anglash — vujubda, ya’ni tavbaning vojibligi ichida mavjud. Bundan zinhor, "banda ilmni yaratadi va uni ongida paydo qiladi", degan ma’no kelib chiqmasligi kerak.
"Axir banda biron ishni qilish va qilmaslikda ixtpiyorli emasmi?" desang, aytamiz: ha, bandaga ixtiyor berilgan. Lekin bu gap ushbu: "Butun borliqni Alloh taolo yaratgan, ixtiyor ham Allohning xilqati. Banda o‘ziga berilgan ixtiyorga muhtoj qilib yaratilgan", degan so‘zimizga zid emas.