Imom G’azzoliy. Ihyou ulumid-din (Tavba kitobi)  ( 125647 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 ... 23 B


Musannif Adham  27 Avgust 2008, 06:44:34

Qo‘lida turgan molning (أَمْوَالُهُ الْحَاضِرَةُ) hukmi shuki, agar egasi aniq bo‘lsa, egasiga qaytaradi, egasi noma’lum bo‘lsa, sadaqa qiladi. Agar halol va harom aralashib ketgan bo‘lsa, haromning miqdorini ijtihod bilan ajratib, sadaqa qilishi kerak.

Odamlarni ortidan yomonlash qalblarga qilingan xiyonatdir. Kimki o‘ziga qarshi so‘zlagan odamlarning diliga tili yo biron fe’li bilan ozor yetkazgan bo‘lsa, ularning har birini izlab topib, gunohlari uchun kechirim so‘rasin. Agar mazlumlardan ba’zilari olamdan o‘tgan yoki g‘oyib bo‘lsa, nachora. Endigi ish faqat savob amallarni ko‘paytirishdir.

Qilingan gunohni gapirish va ta’riflashning o‘zi ham bir gunohdir. Undan poklanmoq zarur. Aks holda. gunohkor zulm yuki ostida qoladi. Shuning uchun gunohi kechirilishini xohlagan zolim mazlumga yumshoq muomala qilmog‘i, muhim ishlarida ko‘maklashmog‘i, unga nisbatan mehru muhabbatini zohir etmog‘i lozim, toki mazlumning ko‘ngli yumshasin, o‘zaro samimiyat uyg‘onsin.

Darhaqiqat, inson - ehsonning gadosi. Bitta yomonlik bilan qo‘rqitilgan kishi, bitta yaxshilik bilan o‘zgaradi. O’ziga ko‘rsatilayotgan muhabbat va halimlikni qalb sezgani sayin nafs kechirimli bo‘ladi. Agar shunchalik harakatdan so‘ng ham mazlumning ko‘ngli yumshamasa, qilinayotgan halimlik va uzrxohliklar poklanishni xohlayotgan zolimning savob amallariga qo‘shilishi, shu tufayli qiyomatda xatosi o‘nglanishi mumkin. Mehr-muhabbat ko‘rsatib, mazlumning qalbiga surur bag‘ishlash yo‘lidagi sa’y-harakatning miqdori unga yetkazilgan aziyatlar yo‘lidagi sa’y-harakatlar miqdoridan kam bo‘lmasligi kerak. Negaki, qiyomatda bu ikkalasi yuzlashtiriladi, Allohning izmi bilan biri boshqasidan o‘z haqqini oladi. Deylik, bir kishi bu dunyoda birovning moliga zarar yetkazib qo‘ydi. Keyin u molning egasiga shunga o‘xshash boshqa molni keltirib berdi. Mol egasi bu molni undan qabul qilmadi. Ish hokimga arz etilgach, mol egasi xohlasa ham, xohlamasa ham olib kelingan molni qabul qilishga hukm etiladi. Hokimlar hokimi, odillar odili Allohning ham qiyomatdagi hukmi shunday.


Qayd etilgan


Musannif Adham  27 Avgust 2008, 06:49:15

Abu Said Xudriydan rivoyat qilinadi: "Payg‘ambar alayhissalom dedilar: "Sizdan oldin o‘tgan ummatlar ichida to‘qson to‘qqiz jonni o‘ldirgan bir kishi bor edi. U yer yuzidagi eng olim kishidan o‘zining tavbasi haqida so‘ramoqni qasd etdi. Uni bitta rohibning oldiga yo‘llashdi. U rohibning oldiga borib:

- Men to‘qson to‘qqiz jonni o‘ldirdim, tavbam qabul bo‘ladimi? — deb so‘radi. Rohib "yo‘q", deb javob bergan edi, qotil uni ham o‘ldirib, hisobidagi o‘liklar sonini yuztaga to‘ldirdi. Keyin yana yer yuzidagi eng olim kishini unga ko‘rsatishlarini so‘radi. Bitta olim kishiga uni yo‘llashdi. Qotil u olimga uchrab:

- Men yuzta jonni o‘ldirdim, tavbam qabul bo‘ladimi? - deb so‘radi.

- Ha,  dedi olim. Tavbani kim ham to‘sa olardi. Endi falon-falon yerga bor. U yerda ulug‘ va qudratli zot — Allohga ibodat qiladigan odamlar bor. Ular bilan birga Alloh taologa ibodat qil. O’z yeringga qaytma, chunki u yomon yerdir.

Yuzta jonning hayotiga zomin bo‘lgan qotil olim aytgan tomonga yo‘l oldi. Yo‘l yarmiga yetganida, ahvoli og‘irlashib, ajali yaqinlashib qoldi. Shunda rahmat va azob farishtalari u haqda tortisha boshlashdi:

- Axir bu inson chin qalbdan Allohga yuzlanib, tavba niyatida yo‘lga chiqdiku! — der edilar rahmat farishtalari.

 - U bironta yaxshi amal qilmagan, - der edilar azob farishtalari.

Shu payt odam suratidagi bir farishta bu nizoning ustiga kelib qoldi. Darhol uni o‘zlari orasida hakam qilishdi. U shunday yechimni taklif etdi:

- Ikkala yergacha (ya’ni tavba tomon va azob tomon) bo‘lgan masofani ham o‘lchanglar. Qotil qaysi yerga yaqinroq bo‘lsa, u o‘sha manzilning odamidir. O’lchadilar, tavba niyatida qasd qilingan tomon azob farishtalari chorlayotgan tomondan yaqinroq ekan. Natijada, rahmat farishtalari uni olib ketdilar" (Muttafaqun alayh).

Qayd etilgan


Musannif Adham  27 Avgust 2008, 06:52:01

Demak, tavba qiluvchi yaxshi amallarni ko‘paytirsagina azobdan xalos bo‘lishi mumkin. Chunki, zarra misqol bo‘lsa ham savob amallarning mezonda og‘ir kelishi — najotning birdan-bir garovidir.

Tavbani qasd qilishning o‘tmishga bog‘liq tomoni mana shu jihatlardan iborat. Endi kelajakka bog‘liq tomoni-chi?

Gunohkor banda tavbaga azm etar ekan, kelajakda bu va shunga o‘xshash gunohni qayta takrorlamaslikka ahd qiladi. Ahd Alloh bilan bo‘lgani uchun ishonchli va mustahkam bo‘ladi. Masalan, meva-cheva dardiga dard qo‘shishini bilgan bemor, to kasali tuzalmagunicha, uni og‘ziga olmaslikka qat’iy ahd etadi. Garchi keyin istaklar g‘olib kelishi mumkin bo‘lsa-da, ayni shu paytda ahdning mustahkamlik darajasi kuchli bo‘ladi. Agar o‘sha paytda ahd mustahkam bo‘lmasa, qanday qilib bu tavba tavba bo‘lsin!

Tavba yo‘lidagi kishining azmi mukammal bo‘lishi uchun avvalo, uzlat, sukut, kam yeyish va kam uxlash, halol rizq kasb etishi lozim. Kimgaki halol moldan meros qolsa yoki tirikchiligiga kifoya qiladigan kasbi bo‘lsa, shu bilan qanoatlansin. Zero, gunohlarning boshi harom yemoqdir. Halol bilan qanoatlanmaydigan, shubhali narsalarni tark etmaydigan inson taomlar va kiyimlarga bo‘lgan ochko‘zlikdan qutula oladimi?

Qayd etilgan


Musannif Adham  27 Avgust 2008, 06:54:55

O’tganlardan biri aytgan ekan: "Kim chin dildan shahvatni (dunyo istaklarini) tark etib, Alloh uchun nafsi bilan yetti marta jihod etsa, shahvatga mubtalo bo‘lmaydi".

Yana biri: "Kim bir gunohdan tavba qilib, yetti yil tavbada mustahkam bo‘lsa, endi hech qachon u gunohni takrorlamaydi", degan ekan.

Tavba qiluvchi kishi agar olim bo‘lmasa, uning muhim vazifalaridan biri, kelajakda unga nima vojib va nima harom bo‘lishini o‘rganmog‘idir. Buni anglagan inson tabiatida istiqomat (ya’ni shariatda sobitlik) ruhi shakllanadi. Istiqomat mukammal bo‘lishi uchun, albatta, uzlat ixtiyor etilishi lozim. Chunki, dunyo yomonliklaridan butkul uzilmagan kishi — faqat ayrim gunohlardan, masalan, aroqdan yo zinodan yo bosqinchilikdang‘ina tavba qilgan kishiga o‘xshaydi. Bu hali haqiqiy tavba emas.

Ba’zilar: "Bunday tavba qilish sahih emas", deydi. Kimlardir uni sahih degan. "Sahih" lafzi bu o‘rinda mujmal ifodalangani uchun ikkala qarashdagilarga ham o‘z fikrimizni batafsilroq bayon qilamiz.

Agar "sahih emas" degan qarash, gunohlardan ba’zilarinigina tark etish aslo foyda bermaydi, bunday tark etishning bori bilan yo‘g‘i barobar, degan ma’nodan iborat bo‘lsa, bu katta xatodir. Chunki, gunohning ko‘p bo‘lishi azobning ko‘payishiga, gunohning ozligi azobning ozayishiga sabab bo‘ladi.

Agar "bu tavba sahih" degan qarash bilan, ayrim gunohlardangina tavba qilish ham najot va muvaffaqiyatga olib boradi, deyilmoqchi bo‘lsa, bu ham adashishdir. Chunki, oxiratdagi najot va muvaffaqiyatga barcha gunohlarni tark etish bilan erishiladi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  27 Avgust 2008, 06:56:15

"Ayrim gunohlardangina qilingan tavba sahih emas" deyuvchilar aytsa: "Biz bu qarashimiz bilan, tavba pushaymondan iborat, demoqchi edik. Masalan, o‘g‘rilik qilganidan pushaymon bo‘lgan kishi "o‘g‘ri" degan nomni olgani uchun emas, balki gunoh ish qilgani uchun ko‘lroq nadomat chekadi. Gunoh pushaymonlikka sabab ekan, o‘g‘irlikdan pushaymon bo‘lib, zinodan pushaymon bo‘lmaslikni qanday tushunish mumkin? Axir gunoh tushunchasi o‘g‘irlikka ham, zinoga ham birdek tegishli-ku? Deylik, farzandi qilich bilan o‘ldirilganida, chuqur g‘amga botgan ota, farzandi pichoq bilan o‘ldirilganida ham shunday g‘amga botar edi. Chunki, uning qayg‘usiga qilich yo pichrq emas, balki suyukli farzandidan ajrab qolgani sabab bo‘lyapti. Shuningdek, banda ham gunoh tufayli mahbubidan ayriladi. Mahbubiga qilgan isyoni o‘g‘irlik shaklidami yo zino shaklida, buning farqi yo‘q. Uni qiynaydigan narsa — ayrmliq o‘ti. Bu o‘t esa barcha gunohlarga xos. Demak, gunoh mahbubdan ayiruvchi narsa ekanini anglash pushaymonlikni keltirib chiqaradi. Bir gunoh uchun pushaymon bo‘lib, boshqasi uchun pushaymon bo‘lmaslik aqlga sig‘maydigan hodisa. Agar bunday pushaymonlik joiz bo‘lganida edi, musallasga to‘la ikkita xumning birinchisidan ichib qo‘yilsa, tavba zarur, ikkinchi xumdan ichilsa, tavba zarur emas, deb hukm chiqarish mumkin bo‘lar edi. Bu esa muhol ish.

Negaki, ikkala xumdagi suyuqlikning ham sifati bir, ya’ni mast qiluvchidir. Mast qiluvchi narsa shar’an harom hisoblanadi. Xumlarga kelsak, ular faqat idish, haromlik sifatini idish belgilamaydi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  27 Avgust 2008, 06:57:47

Shuningdek, gunohlarning shakllari turlicha bo‘lgani bilan, Allohning amriga xiloflik jihatidan ular bittadir. Demak, "ayrim gunohlardangina qilingan tavba sahih emas", deyishimizning ma’nosi bunday: "Alloh taolo tavba qiluvchilarga martaba va’da qilgan. Bu martabaga faqat nadomat bilan erishiladi. Shunday ekan, ba’zi gunohlarga pushaymon bo‘lib, ba’zilariga pushaymon bo‘lmaslik holatini tasavvur qilish qiyin. Ha, nadomat iyjob (berdim) va qabul (oldim) lafzlaridan kelib chiquvchi mulk kabidir. Dachonki, iyjob va qabul shartlashuvi tamomiga yetmasa, shartnoma sahih bo‘lmaydi. Ya’ni undan samara chiqmaydi".

Bizningcha, ba’zi gunohlardan tavba qilish quyidagi ko‘rinishlarda namoyon bo‘ladi:

— faqat katta gunohlardan tavba qilish;

— faqat kichik gunohlardan tavba qilish;

— katta gunohning bittasidan tavba qilib, boshqasidan tavba qilmaslik.

Qayd etilgan


Musannif Adham  27 Avgust 2008, 06:58:49

Faqat katta gunohlardan tavba qilish mumkin bo‘lgan ish. Chunki, banda Allohning nafrati va g‘azabiga duchor etuvchi gunohning Alloh nazdidagi dahshatini biladi. Kichik gunohlarning esa kechirilishi oson. Bundan kelib chiqadiki, faqat katta gunohdan tavba qilib, unga pushaymon bo‘lish muhol emas. Masalan, bir kishi podshohning yaqinlaridan biriga nisbatan gunoh ish qilsa va unga tegishli chorva hayvoniga nisbatan ham gunoh ish qilsa, podshohning yaqiniga qilgan jinoyat uni ko‘proq xavfga soladi, hayvonga qilgan jinoyat uning oldida arzimas bo‘lib ko‘rinadi. Gunoh qanchalik katta bo‘lsa va Alloh taolodan uzoqlashtiruvchi deb e’tiqod qilinsa, pushaymonlik ham shunchalik kuchli bo‘ladi. Bu shariatda mavjud, kuzatilgan hodisadir. Tarixga nazar solinsa, qancha tavba qiluvchilar o‘tgan, ulardan birortasi ham ma’sum bo‘lmagan. Negaki, tavba insondan begunohlikni talab qilmaydi. Masalan, tabib ba’zan bemorni asal va shakar yeyishdan jiddiy qaytaradi. Uning asalnga man’ etishi o‘ta qat’iy va keskin bo‘lgani holda, shakardan qaytarishi, "uni iste’mol qilsang ham bo‘laveradi", degan ma’noga yaqin bo‘ladi. Bemor tabibning bu ogohlantirishi bilan asaldan tiyiladi, lekin shakardan emas. Agar istaklar g‘olib kelib, bemor asalni ham, shakarni ham iste’mol qilib qo‘ysa, u shakar emas, asal yeb qo‘ygani uchun pushaymon bo‘ladi.

Katta gunohlarning ba’zisi ba’zisidan shiddatli va og‘irroq deb e’tiqod qilingani uchun ularning ayrimlaridangina tavba etish holati ham uchraydi. Bamisoli, odam o‘ldirishdan, o‘g‘rilikdan, kishilarga zulm qilishdan tavba qilgani kabi. Alloh bilan bandasi o‘rtasidagi haqning adosi og‘ir bo‘lishini bilgani uchun ham u bu gunohlarni farqlaydi. Shuning uchun ba’zan bandalarning haqlariga taalluqli bo‘lmagan ayrim katta gunohlardan tavba qiladi. Masalan, zino qilaveradi, lekin mast qiluvchi ichkilik ichmaydi.

Chunki, ichkilik barcha gunohlarning kaliti ekani unga ma’lum. Agar ichsa, aqli ketib, turli-tuman gunohlarga yo‘l ochilishini yaxshi biladi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  27 Avgust 2008, 07:00:33

Kichik gunohlardan tavba qilib, katta gunohlardan tiyilmagai kishilar ham bo‘ladi. Masalan, g‘iybatdan, nomahramga qarashdan tavba qiladi-yu, aroq ichishdan to‘xtamaydi. Nega shunday?

Biror mo‘min yo‘qki, qilgan gunohlari oqibatidan qo‘rqmasa yoxud qilmishidan ozmi-ko‘pmi nadomat chekmasa. Lekin nafsning gunohdan lazzatlanishi qalbning gunoh xavfida alam chekishidan kuchliroq bo‘ladi. Chunki, gunohdan qo‘rqish tuyg‘usi jaholat va g‘aflat tufayli zaiflashib, dunyo istaklari (shahvat) kuchayadi. To‘g‘ri, unda qaysidir darajada pushaymonlik bor, lekin azmni harakatlantiradigan darajada emas. Dunyo istaklari qanchalik kuchli bo‘lmasin, agar banda ulardan uzoqlasha olsa, qalbidagi xavf shahvatni yengadi va gunohdan qaytishga majbur etadi.

Ba’zan fosiq kishi ichkilikka butkul berilib, ichkmliksiz turolmaydigan holga keladi. Uning Allohdan qo‘rqinchi past darajada bo‘lib, zaif istaklargagina hukmini o‘tkaza oladi. Qo‘rqinchning bitta nimjon askari kuchli istaklarni qanday mag‘lub qila olsin? Qo‘rqinch qo‘shinga aylansagina, ochko‘z istaklarg‘a bas kelishi mumkin. Ana shunda inson tavbaga azm etadi, gunohdan qaytadi. Hatto mana shu holatda ham o‘sha fosiq inson o‘ziga o‘zi deydi: "Shayton shahvatga mayl uyg‘otish yo‘li bilan meni ba’zi gunohlarga majburlagan bo‘lsa ham, jilovnm butkul unga berib qo‘ymadim, hayo pardasining ko‘tarilishidan saqlandim. Ba’zi gunohlar tufayli u bilan kurashyapman, shoyad g‘olib bo‘lsam. Nahotki, bu harakatlarim qaysidir gunohimga kafforat bo‘lmasa?"

Qayd etilgan


Musannif Adham  27 Avgust 2008, 07:02:51

"Yo‘q, bunday bo‘lishi mumkin emas, bu tasavvurdan tashqari hodisa" degan o‘yga borsangiz, u holda fosiqning namoz o‘qishi va ro‘za tutishi ham tasavvurga sig‘maydigan hodisa bo‘lib chiqadi va unga shunday deyishingiz lozim bo‘ladi: "Agar namozing Allohdan o‘zgasi uchun bo‘lsa, durust emas. Agar Alloh uchun bo‘lsa, fisqni ham Alloh uchun tark et! Chunki, bu xususda Allohning amri bitta fisq-fujur bilan Allohdan uzoqlashayotgan bir paytingda namoz bilan Allohga yaqinlashishni xohlamog‘ingni qanday tushunish mumkin?"

Bunday deyishimiz qiyin. Negaki, fosiqning ushbu so‘zlari bunga imkon bermaydi: "Allohning ikkita amri mening zimmamda. Ikkala amrga ham xilof yo‘l tutganim uchun menga ikkita jazo bor. Holbuki, ba’zida shaytondan g‘olib keldim, ba’zida ojiz qoldim. Qodir bo‘lganimda shaytonni yengdim. Albatta, bu kurashim shahvat g‘olib kelib, undan ojiz qolgan paytimda, sodir etgan ba’zi gunohlarga kafforat bo‘ladi".

Fosiqning bunday demasligiga kim kafolat beradi? Axir har bir musulmonning holi shu emasmi? Birorta musulmon yo‘qki, toat va ma’siyatni o‘zida jamlamagan bo‘lsa. Mana sabab qaerda! Buni fahmlagan inson shahvatdan g‘olib kelgan qo‘rqinchning ta’siri ba’zida ayrim gunohlardagina ko‘rinishi mumkinligini tushunadi. Sodir bo‘lib o‘tgan bir fe’lning oqibatidan qo‘rqish nadomatni keltirib chiqaradi, nadomat esa azmga sabab bo‘ladi. "Nadomat tavbadir", deganlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam. Ammo nadomat uchun barcha gunohlarning to‘planishi shart qilinmadi: "Gunohdan tavba qiluvchi kishi gunohi yo‘q kishi kabidir".

Qayd etilgan


Musannif Adham  27 Avgust 2008, 07:04:03

E’tibor bering: "barcha gunohlardan tavba qiluvchi" deyilmayapti, balki "gunohdan tavba qiluvchi" deb, "gunoh" lafzi birlikda qo‘llanyapti.

Mana shu ma’nolar yordamida "gunohlarning ba’zisidangina tavba qilish mumkin emas, negaki ular dunyoni istash (shahvat) va Alloh taoloning g‘azabiga duchor bo‘lish jihatidan o‘xshashdir", degan qarashning noto‘g‘riligi ayon bo‘ladi. Ha, kimdir aroq ichishdan tavba etib, musallas ichishdan tiyilmasligi mumkin. Har holda u gunohning ozini qilib, ko‘pidan tavba qilyapti. Chunki, gunohning ko‘p bo‘lishi azobning ko‘payishiga sababdir. U ojizligi darajasida istaklariga bo‘ysunadi. Aksincha, Alloh taolo uchun ba’zi istaklaridan voz kechadi ham. Bamisoli, tabib tomonidan meva-chevalarni yeyishdan ogohlantirilgan bemor kabi. U ba’zan mevadan oz-oz totadi, ammo undan yeyishni ko‘paytirmaydi.

Demak, aynan o‘xshash ikkita gunohning bittasidan tavba qilib, ikkinchisidan tavba qilmaslik mumkin. Tavba qilmngan gunoh yo shiddatda, yo shahvatga maylda tavba qilinmagan gunohdan farqlanadi. Qachon tavba qiluvchining e’tiqodida mana shu tafovut hosil bo‘lsa, uning qo‘rqinchi va nadomatidagi farqni tasavvur etish mumkin. Keyin gunoh tarkidagi farqlar ham oydinlashadi. Gunohga nadomat chekishi, nadomatiga sodiq qolishi gunohni tark etish uchun qiliigan azmiga bog‘liq. Mana shulardan so‘nggina u gunoh qilmagan kishilar safiga qo‘shiladi, garchi Allohning barcha buyruq va qaytariqlariga itoat qilmagan bo‘lsa ham.

Qayd etilgan