Imom G’azzoliy. Ihyou ulumid-din (Tavba kitobi)  ( 125809 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 ... 23 B


Musannif Adham  27 Avgust 2008, 07:43:43

Shahvatga mayli jihatidan bu tabaqa ham martabalarga bo‘linadi. Shunday tavba qiluvchilar borki, ulardagi ma’rifat quvvati shahvatlarni jilovlab turadi. Jilovlangan istaklar esa solikni yo‘ldan chalg‘itolmaydi. Yana shunday tavba qiluvchilar bor, doimo nafsi bilan kurashadi. Lekin nafs ham ulardan bo‘sh kelmaydi, o‘zaro nizo to‘xtamaydi.

Ko‘pligi yo ozligiga, muddati va navlarining har xilligiga qarab, nizoning darajalari farqlanadi. Kimdir tavba qilgani hamono vafot etadi. Havasga arzigulik tavba. Chunki, tavba zaiflashishidan ilgari uning egasi o‘lim topdi. Natijada tavba salomat qoldi.

Kimdir uzoq umr ko‘radi. Nafsiga qarshi kurashi va sabri ham shunga yarasha uzun, tavbadagi istiqomati davomli, yaxshiliklari ko‘p bo‘ladi. Bu eng afzal holatdir. negaki, yaxshilikning ko‘p bo‘lishi yomoilikni ketkazish imkonining ko‘p bo‘lishi demakdir. Hatto ayrim olimlar deydi: "Ichidan toshib chiqayotgan kuchli istak vositasida o‘n barobar ko‘proq gunoh qilishga qodir bo‘laturib, bitta gunoh bilan kifoyalangan osiyning gunohi kechiriladi, qachonki, Allohdan qo‘rqib, istagini so‘ndirsa va sabr qllsa". Lekin, ta’siri nechog‘li ulug‘ bo‘lmasin, bunday shart qo‘yish  ehtimoldan uzoq narsa. Chunki, iymoni zaif kishi bu yo‘lda tez adashadi, shahvatlarga erk beradi, gunoh sodir etguncha shoshiladi. Keyin esa gunohdan qaytishni xohlab qoladi. Lekin uning shahvat jilovini qo‘ldan chiqarmasliga kafolat yo‘q. Agar shunday bo‘lsa, u gunohga yuzlanadi, tavba noqis bo‘ladi.

Tavba to‘liq bo‘lishining yo‘li, avvalo, gunohga qulaylik tug‘diruvchi sabablardan qochishdir. Toki, bu sabablarning inson nafsi tomon borishi to‘silsin. Ana shunda bu inson shahvatlarini so‘ndirishga qodir bo‘ladi va boshidanoq tavbaning sihati ta’minlanadi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  27 Avgust 2008, 07:48:59

Ikkinchi tabaqa: Bu tabaqadagi tavba qiluvchi ibodatning asoslarini mahkam ushlab, tavbada mustaqim turadi, katta gunohlarni tark etadi. Albatta, u gunohlardan batamom holi emas. Gohida o‘zi bilmagani holda, ha, atayin yo qasddan emas, sharoit oqimiga tushib, gunohlarga mubtalo bo‘ladi. Ammo gunohga botgan zahoti nafsini malomat qiladi, afsus-nadomat chekib, endi gunoh sabablaridan saqlanishga kayta azm etadi. Bu — "an-nafsul lavvoma", ya’ni malomat qiluvchi nafs deb ataladi. Egasi tufayli ayanch hollarga tushgan bu nafs egasiga ulkan malomatlar yog‘diradi.

Ikkinchi tabaqa avvlgisidan quyiroq tursa-da, darajasi baland, aksar tavba qiluvchilar shu tabaqaga mansub. Chunki, odamzod loyiga gunoh qo‘shib qorilgan, undan butunlay xalos bo‘lishning iloji yo‘q. Inson harakatining eng cho‘qqisi yaxshiligi yomonligidan g‘olib kelishi, natijada, torozuning savoblar pallasi og‘ir bosishidir. Ularga Alloh taoloning go‘zal va’dasi bor:

الَّذِينَ يَجْتَنِبُونَ كَبَائِرَ الإثْمِ وَالْفَوَاحِشَ إِلا اللَّمَمَ إِنَّ رَبَّكَ وَاسِعُ الْمَغْفِرَةِ

"Ular kichik xatolardan emas, katta gunohlardan va buzuqliklardan yiroq bo‘ladigan zotlardir. Albatta Parvardigoringiz mag‘firati keng zotdir" (Najm surasi, 32).

Sodir etilgan har qanday kichik gunohni takrorlashga odatlanilmas ekan, u kechirilishga munosib. Alloh taolo deydi:

وَالَّذِينَ إِذَا فَعَلُوا فَاحِشَةً أَوْ ظَلَمُوا أَنْفُسَهُمْ ذَكَرُوا اللَّهَ فَاسْتَغْفَرُوا لِذُنُوبِهِمْ

"Ular qachon bir noloyiq ish qilib qo‘ysalar yoki o‘zlariga zulm qilsalar, darhol Allohni eslab, gunohlarini mag‘firat qilishini so‘raydigan zotlardir" (Oli Imron surasi, 135). O'zlariga zulm qilsalar-da, Alloh ularni maqtayapti. Chunki ular qilmishidan pushaymon, nafsi malomatda.

Qayd etilgan


Musannif Adham  27 Avgust 2008, 07:50:55

Hazrati Alining Payg‘ambar alayhissalomdan rivoyat qilgan shunday so‘zlari bor:

"Sizlarning yaxshilaringiz gunoh sodir etib, so‘ng ko‘p tavba qiluvchilaringizdir" (Bayhaqiy rivoyati).

Boshqa xabarda keladi:

"Mo‘min boshoq kabi goh tik bo‘ladi, goh egiladi" (Abu Ya’lo va Ibn Hibbon rivoyati).

Demak, kichik gunoh yuqorida aytilganlarga binoan bo‘lsa, tavbani buzmaydi, tavba qiluvchi bu gunohi bilan doimiy gunoh qiluvchilar safiga qo‘shilib ham qolmaydi. Buni inkor qilgan kishini no‘noq bir tabibga yoki chalaroq faqihga o‘xshatish mumkin. Agar tabib: "Meva-chevalarni va issiq taomlarni davomli va uzluksiz emas, balki o‘qtin-o‘qtin iste’mol qilayotganing uchun, garchi sog‘lom bo‘lsang-da, sog‘ligingni yo‘qotasan", deb unda noumidlik uyg‘otsa, bu tabibning nuqsonidir. Shuningdek, garsni takrorlash va daftar hoshiyasiga muhim qoidalarni yozib qo‘yishga yalqovlik qilayotgani tufayli "bundan faqih chiqmaydi", degan hukm bilan shogirdini noumid etish ham faqihning kamchiligidir. Aslida, haqiqiy faqih ba’zan uchraydigan dangasalik va xatolar tufayli xalqni saodatlar darajotidan noumid etmaydi.

Payg‘ambar alayhissalom deydilar: "Odam farzandlarining barchasi xatolarni ko‘p qilguvchidir. Xato qiluvchilarning yaxshisi tavba qiluvchilar va gunohlarining afv etilishini so‘rovchilardir" (Termiziy rivoyati).

Alloh taolo aytadi:

أُولَئِكَ يُؤْتَوْنَ أَجْرَهُمْ مَرَّتَيْنِ بِمَا صَبَرُوا وَيَدْرَءُونَ بِالْحَسَنَةِ السَّيِّئَةَ

"Ana o‘sha zotlarga sabr qilganlari sababli ajr-mukofotlari qayta-qayta ato etilur. Ular yaxshilik bilan yomonlikni daf qilur..." (Qasas surasi, 54).

Qayd etilgan


Musannif Adham  27 Avgust 2008, 08:01:38

Uchinchi tabaqa: Bu tabaqadagi kishi tavba qiladi, biron muddat tavbasiga sodiq qoladi. Keyin shahvatlar g‘olib kelib, istaklarga taslim bo‘ladi. Ba’zi gunohlarni sodir etadi. Lekin shu bilan birga u toatlarga beriladi, qilishni xohlab, qilishga qodir bo‘la turib, ayrim gunohlarni tark etadi. Ha, u bir yoki ikki istakka taslim bo‘lgan. Lekin Alloh taolo agar qudrat bersa, u bu istaklarni to‘la mag‘lub etishni, shu bilan ularning yomonligidan saqlanishni juda istaydi. Istagi amalga oshib, orzusi poyoniga yetgan zahoti u pushaymon bo‘lib deydi: "Koshki bu gunohni qilmasam edi. Endi tavba qilaman. Gunohga yetaklaydigan bu istakni mag‘lub etish uchun nafsim bilan kurashaman!" Lekin u nafsining vasvasasiga uchadi, tavbani iloji boricha orqaga suradi, kundan kunga kechiktiradi. Bu nafs  "an-nafsul musavvila", ya’ni tilanuvchi nafs deyiladi. U haqda Alloh taolo aytadi:

وَآخَرُونَ اعْتَرَفُوا بِذُنُوبِهِمْ خَلَطُوا عَمَلا صَالِحًا وَآخَرَ سَيِّئًا

"Yana boshqa bir kishilar borki, gunohlarini e’tirof qilurlar. Ular yaxshi amalni boshqa — yomoniga aralashtirib yuborganlar" (Tavba surasi, 102).

Qayd etilgan


Musannif Adham  27 Avgust 2008, 08:02:12

Toki ibodatda davom etib, gunohlaridan nadomat chekar ekan, bu toifaning taqdiri umidlidir. Alloh taolo ularning tavbasini qabul qilsa, ajabmas. Agar tavbani orqaga surib, kechiktirsalar, buning oqibati xatarli. Tavba qilmasdan burun vafot etib qolsalar, ishi Yaratuvchining xohishiga havola. Alloh o‘z fazli bilan ularning xatolarini o‘nglab, afv etsa, peshqadamlar safiga qo‘shiladilar. Mabodo, badbaxtligi g‘olib kelib, shahvatga bo‘yin egsalar, so‘nggi nafaslari taqdiri azaliyda bitilgan baxtiqarolik bilan nihoyalanish xavfi bor. Zero, faqihlik talabida bo‘lgan kishi ta’lim mashg‘ulotlaridan o‘zini qanchalik chetga tortsa, uning bu harakati taqdiri azaliyda unga johillik bitilganiga dalolat qiladi. Tokp holat shu tarzda davom etar ekan, bu "faqih"dan nima umid qilish mumkin? Aksincha, unda fiqh tahsiliga mayl kuchli bo‘lsa va butun vaktmni shunga sarflayotgan ekan. mana shu sabab uning olimlar jumlasidan bo‘lishi azalda bitib qo‘yilganiga dalolatdir.

Shuningdek, oxirat saodati va oxiratdagi darajalarning savob va gunoh amallarga bog‘liqligi ham taqdir hukmi bilan bo‘ladi. Xuddi, dard va sihat yeguliklar bilan oziklanish va dorilarni qabul qilishga bog‘liq bo‘lgani yoki fiqhda munosib darajaga erishmoq tanballikni tark etib, davomli ravishda ilmini chuqurlashtirishga bog‘liq bo‘lgani kabi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  27 Avgust 2008, 08:07:32

Raislik, qozilik, ilmda peshqadamlik martabasiga uzoq vaqt fiqhni o‘rganmasdan, uning butun sir-sinoatini o‘zlashtirib olmasdan turib erishib bo‘lmaydi. Shuningdek, gunohlar tarkini ko‘paytirmasdan va uzoq poklanishlarsiz oxirat mulkiga, uning ne’matlariga va butun olamlar Rabbiga yaqinlik hosil qilishga erishib bo‘lmaydi. Pokiza bo‘lgan salim qalbgina bu martabaga yetadi. Butun olamlar Rabbining ilohiy tadbiri ila hukmi azaliyda shunday bitilgan.

Alloh taolo aytadi:

وَنَفْسٍ وَمَا سَوَّاهَا (٧)فَأَلْهَمَهَا فُجُورَهَا وَتَقْوَاهَا (٨)قَدْ أَفْلَحَ مَنْ زَكَّاهَا (٩)وَقَدْ خَابَ مَنْ دَسَّاهَا

"Jonga va uni raso qilib yaratib, unga fisq-fujurni ham, taqvosini ham ilhom qilib — o‘rgatib qo‘ygan Zotga qasamki, darhaqiqat uni (nafsini) poklagan kishi najot topdi. Va u (jonni fisq-fujur bilan) ko‘mib xorlagan kimsa nomurod bo‘ldi" (Shams surasi, 7-10).


Qayd etilgan


Musannif Adham  27 Avgust 2008, 08:09:56

Qachonki, banda gunoh qilib, gunohini naqd, tavbani nasiya etar ekan, bu xorlik alomatidir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar:

"Banda yetmish yil jannat ahlining amalini qilganidan so‘ng odamlar unga, bu kishi jannat ahlidan bo‘ldi, deyishadi, u bilan jannat orasida bor-yo‘qi bir qarichgina masofa qoladi. Ammo hukmi azaliyda bitilgani bo‘ladi. U do‘zax ahlining amalini qiladi va to‘g‘ri jahannamga kiradi" (Muttafaqun alayh).

Demak, tavbadan oldingi so‘nggi nafas, ya’ni tavbaga ulgurmay jon taslim qilish naqadar xavfli! Har olingan nafas o‘zidan oldingisiga nisbatan so‘nggi nafasdir.

Qaydan bilasiz, balki mana shu olayotgan nafasingiz so‘nggida sizni o‘lim kutayotgandir. Bas, har olgan nafasga ogoh bo‘ling, aks holda, halokatga yo‘liqasiz, hasrat foyda bermaydigan lahzalarda hasratda qolasiz.

Qayd etilgan


Musannif Adham  27 Avgust 2008, 08:11:50

To‘rtinchi tabaqa: Bu tabaqadagi kishi tavba qiladi, bir oz muddat tavbada mustaqim turadi, so‘ngra yana gunohlarga sho‘ng‘iydi. Qilmishlariga afsus chekmaydi, tavbani xayoliga ham keltirmaydi, g‘ofillarcha shahvatlar ketidan chopadi. Bu kishi gunohda qat’iy turadigan, gunohdan qaytmaydiganlar jumlasidandir. Shuning uchun uning nafsi "an-nafsul ammoratu bissu’i", ya’ni yomonlikka buyuruvchi nafs deyiladi. Yomonlikka bugoruvchi nafs yaxshilikdan qochadi. Yaxshilkdan qochgan nafsning esa, yomon xotima topish xavfi bor. Agar taqdirda yomonlik yozilgan bo‘lsa, so‘ngsiz xorlikka yo‘liqadi. Agar oxiri yaxshilik bilan tugab, tavhidda jon taslim qilsa, sal keyinroq bo‘lsa-da, do‘zaxdan xalos bo‘lishi kutiladi. Albatta, u Allohning o‘ziga ayon sirlar sababli umumiy afv kamrovidagi kishilar jumlasidan bo‘lib qolishi ham muhol emas. Bamisoli, bir inson xazina topish uchun xarobaga kirib, xazina egasiga aylangani kabi yoki omi bir kimsaning payg‘ambarlarga o‘xshab, hech kishidan ta’lim olmasdan, uyda o‘tirgan holida olim bo‘lib qolishi kabi.

Shuningdek, ibodatlar vositasida Allohdan mag‘firat tilash tinimsiz harakat va takrorlash vositasida ilm talab qilishga, tijorat va dengiz safarlari orqali mol-dunyo izlashga o‘xshaydi. Amallari qusurli bo‘lgani uchun yolg‘iz umidning o‘zi bilangina magfirat tilash  xarobadan ganj qidirgan kabi yoki farishtalar ta’limi orqali ilm hosil qilishni istagan kabidir. Koshki, jiddu jahd etgan har bir kishi ilm hosil qilsa. Koshki, tijorat qilgan har bir kishi boyib ketsa. Koshki edi, ro‘zasini tutib, namozini o‘qigan har bir kishi mag‘firat qilinsa. Ha, ko‘pchilik bu saodatdan mahrum, faqat olimlar mustasno. Yo‘q, olimlar ham bu saodatdan mahrum, faqat ilmiga amal qiluvchilar mustasno. Yo‘q, ilmiga amal qiluvchilar ham bu saodatdan mahrumdirlar, faqat muxlislar mustasno. Lekin ixlos egalariga ham ulkan xatarlar yuzlangan.

Qayd etilgan


Musannif Adham  27 Avgust 2008, 08:14:09

Gunohlardan qaytmaydigan, toati qusurli, mag‘firat yo‘lining yo‘lchisi bo‘lmagan bir kishining Alloh taoloning fazlidan mag‘firat kutishi, ahli qalb nazdida, bema’nilik, balki ahmoqlikdir. Ajabo, bu ahmoqning "aqli raso"ligini qarangki, shunday go‘zal iboralar bilan o‘z hamoqatini "ko‘z-ko‘z" qiladi: "Alloh sahovati keng zotdir! Jannati men kabilarni ham sig‘diradi. Gunohimdan unga zarar yetmaydi", deydi.

Keyin uning oltin-kumush talabida dunyo dengizlari osha suzayotganini ko‘rasan. Bu yo‘lda u qanchalik mashaqqat bo‘lsa ham chidaydi, xavf-xatarlar unga pisand emas. Shunda unga: "Darhaqiqat, Alloh sahovatli zot, oltin-kumushlar esa, uning xazinasi. Bu xazina oldida sening faqirliging nima degan gap! Shunday ekan, tijoratingni tark etib, ozshna yalqovlik qilsang, nima bo‘pti?! Alloh o‘zing o‘ylamagan tomondan seni rizqlantirishini kutib, uyingda maza qilib yotmaysanmi?" desang, seni jinniga chiqarib, masxara qiladi: "Bu qanday ahmoqlik! Axir, oltin-kumush osmondan yog‘maydiku! Unga kasd qilib erishiladi. Alloh taolo shunday taqdir qilgan. Shu taqdir bilan qonunini joriy etadi. Allohning qonuni o‘zgarmasdir", deydi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  27 Avgust 2008, 08:20:43

Dunyoga aldangan bu kas oxiratning ham, dunyoning ham parvardigori yagona Alloh ekanini, Uning qonuni oxirat uchun ham, dunyo uchun ham bir xil va uni o‘zgartirib bo‘lmasligini qaydan bilsin?!

وَأَنْ لَيْسَ لِلإنْسَانِ إِلا مَا سَعَى

"Inson uchun faqat o‘zi qilgan harakatigina bo‘lur" (Najm surasi, 39).

Shunday ekan, nega u "Allohning sahovati faqat oxiratga daxldor, bu dunyoga emas", deb e’tiqod qiladi? Nahotki, sahovat ma’nosi kasb etib, mol topishda sustkashlikka yo‘l qo‘ymaslikni taqozo etadiyu, muhim mulk, doimiy ne’mat uchun harakat qilishda sustkashroq bo‘lishni targ‘ib qiladi? Nahotki: "Oxirat uchun jiddu jahd etma, uni Alloh shundayicha beradi. Ammo dunyo uchun tirish, o‘lib tiril, faqat shundagina u qo‘lga kiradi!" deyish sahovatning hukmi bo‘lsa?!

Yo‘q, bu odam Allohning mana bu so‘zlarini unutyapti:

وَفِي السَّمَاءِ رِزْقُكُمْ وَمَا تُوعَدُونَ

"Osmonda esa sizlarning rizqu ro‘zlaringiz va sizlarga va’da qilinayotgan narsa bordir" (Zoriyot surasi, 22).

Qayd etilgan