Umumiy bo'lim > Rasululloh SAV va sahobalar

Hazrat Umarning vafotlari

(1/2) > >>

AbdulAziz:
9-bob. (Hazrat Umar ibn al-Xattobning vafotlaridan keyingi) bay’at haqidagi hamda Usmon ibn Affonni (xalifa qilib saylashga) kelishilgani xususidagi qissa. Bu qissada Umar raziyallohu anhuga qilingan qotillik haqida ham bayon qilinadi.

Amr ibn Maymun raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Men Umar ibn al-Xattob raziyallohu anhuni shahid bo‘lishlaridan bir necha kun ilgari Madinada ko‘rdim. Ul kishi Huzayfa ibn Al-Yamon birlan Usmon ibn Hunayfni to‘xtatib: «Qanday qarorga keldingizlarmi (yoki) sizlar Yerdek ko‘tarib bo‘lmaydirgan bir og‘ir yumushni o‘z zimmalaringizga olib quymog‘ingizdan cho‘chiyotirsizlarmi?!» — dedilar. Ular: «Biz (bu og‘ir) yumushni (shunday) bir (muhim) ish uchun o‘z zimmamizga oldikkim, u ulug‘ fazilatga molik bo‘lganidan toqat qilarlidur», — deyishdi. Hazrat Umar: «O’ylab ko‘ringizlar, tag‘in Yerdek ko‘tarib bo‘lmaydirgan bir og‘ir yumushni zimmangizga olib qo‘ygan bo‘lmangizlar!» — dedilar. Ular: «Yo‘q, unday emas», — deyishdi. Hazrat Umar: «Agar Olloh taolo meni salomat saqlasa, Iroq ahli bevalarini (Islomni qabul qilib, musulmonlarga turmushga chiqmoqqa) da’vat qilurmankim, mendan keyin sira erkakka (erga) muhtoj bo‘lmagaylar», — dedilar. Ammo, shul voqeadan to‘rt kun o‘tmay, ul kishi shahid bo‘ldilar.

AbdulAziz:
Hazrat Umar shahid bo‘ladirgan kunning tonggida men (masjidda) turgan erdim, men birlan ul kishining o‘rtamizda Abdulloh ibn Abbosdan bo‘lak kimsa yo‘q erdi. Hazrat Umarning odati shariflari shunday erdiki, ikki safni oralab o‘tayotib: «Saflarni to‘g‘rilangizlar, oralaringizda bo‘sh joy qolmasin!» — der, so‘ng oldinga o‘tib takbir aytar erdilar. O’shal kuni ersa masjidga kirgach, odamlar yig‘ilsin deb birinchi rak’atda, menimcha «Yusuf» yoki «Nahl» yoxud shunga o‘xshash (uzunroq) bir surani qiroat qildilar. «Keyin, «Ollohu akbar!» deb ruku’ qilishlari birlanoq «Meni o‘ldirdi!» yoki «Meni bir it yedi!» deyayotganlarini eshitdim. Shunda bir ajamiy qul Hazrat Umarga xanjar urgan bo‘lib, namozxonlar orasidan otilib chiqdi-da, o‘nggu so‘lida uchragan har bir odamga xanjar sancha boshladi. Shu tariqa u o‘n uch kishini jarohatladi, ulardan yettitasi o‘ldi. Bu hodisani ko‘rib turgan musulmonlardan biri burnusini (choponini) yechib uning ustiga tashladi. Shunda boyagi qotil qo‘lga tushganini fahmlab, o‘zini o‘zi xanjar urib o‘ldirdi. Hazrat Umar (yiqilib ketmaslik uchun) Abdurrahmon ibn Avfning qo‘lini ushladilar. Men ko‘rgan fojiani Hazrat Umarning ortlarida turganlargina ko‘rgan bo‘lib, ular ul kishining oldilariga kelishdi. Ammo, masjid atrofidagilar (ya’ni, orqadagi saflarda turganlar) bundan bexabar erdilar. Ular Hazrat Umarning ovozlari eshitilmay qolganiga hayron bo‘lishib: «Subhonalloh! Subhonalloh!» — deyishar erdi.

AbdulAziz:
Keyin, Hazrat Umar Abdurrahmon ibn Avfni imomlikka o‘tkazdilar. Abdurrahmon ibn Avf namozxonlarga imomlik qilib, tezda namozni tugatdilar. Namozxonlar masjiddan chiqib ketgach, Hazrat Umar: «Ey Ibn Abbos, meni kim o‘ldirganini (ya’ni, menga kim suiqasd qilganini) bilib kel!» — dedilar. Ibn Abbos chiqib ketib, bir ozdan so‘ng qaytib keldi-da: «Sizga suiqasd qilgan Mug‘iyraning (nasroniy) quli erkan», — dedi. Hazrat Umar: «As-Sunu’mi?» — dedilar. Ibn Abbos: «Ha», — dedi. Hazrat Umar: «Uni Olloh taolo halok qildi. Men unga amri ma’ruf qilgan erdim. Olloh taologa shukrkim, u meni musulmonning qo‘li birlan o‘ldirmadi! (Ey Ibn Abbos), sen va sening otang Madinada ulujlarning (ya’ni, arab bo‘lmagan kofir qullarning) ko‘p bo‘lmog‘ini istar erdingizlar!» — dedilar. Darhaqiqat, Ibn Abbosda bunday qullar boshqalardagidan ko‘ra ko‘proq erdi. Shul boisdan Ibn Abbos: «Agar istasangiz, ularni o‘ldiramiz», — dedi. Hazrat Umar: «(Ota-bola ikkalangiz) o‘z tillaringiz birlan: («Madinada ajamiy qullarni ko‘paytiraylik») — deb aytganingizdan keyingi bu gaping yolg‘ondur. (Endi, bo‘lar ish bo‘ldi), o‘z qiblalaringizga qarab namozlaringizni o‘qiyveringizlar, hajlaringizni ado etaveringizlar!» — dedilar. Sung, Hazrat Umarni uylariga olib ketishdi, biz ham birga bordik. Odamlar boshiga ilgari bunday musibat tushmagan bo‘lib, o‘shal kunlari ba’zilar: «Hech nima qilmaydi, tuzalib ketadilar», — desa, ba’zilar: «Men ul kishidan xavotirdaman» — der erdi. (Hazrat Umarning qoshlariga tabib olib kelishgach), u ul kishiga sharbat ichirib erdi, qorinlaridan (ya’ni, qorinlaridagi jarohat o‘rnidan) chiqdi, so‘ng sut ichirib erdi, jarohatlaridan (ya’ni, orqalaridagi jarohat o‘rnidan) chiqdi. Shundan bilishdiki, ul kishining o‘limlari yaqin erkan.

AbdulAziz:
Keyin, biz Hazrat Umarning huzurlariga kirdik. Shunda odamlar kelishib, ul kishiga tasalli-yu hamdardlik izhor qilishdi. So‘ng, bir (ansoriy) yigit kirib kelib: «Yo mo‘minlar amiri, Rasululloh sallallohu alayhi va sallamga sahobalik qilganingiz hamda Islomda o‘zingiz bilgan shijoatkorligingiz tufayli Olloh taolo sizga (jannati ekanligingiz xususida) qilgan bashoratidan xursand bo‘lingiz! Keyin, siz adolat birla xalifalik qildingiz, buning ustiga, mana sizga shahidlik ham nasib etib turibdi», — dedi. Hazrat Umar: «Shoyad shunday bo‘lsa! Ey jiyanim, ammo bular mening na (Olloh taolo oldidagi hisob-kitobim) va na (uning bandasiga beradirgan qarzim) uchun kifoya qilmas!» — dedilar. So‘ng, boyagi yigit ishtonini yerda sudragancha chiqib ketayotgan erdi, Hazrat Umar: «Uni huzurimga qaytaringizlar!» — dedilar. U qaytib kelgach, Hazrat Umar: «Ey jiyanim, kiyimingni ko‘tarib olgil, chunki shunday qilsang, kiyimingni ko‘proq asragan va parvardigoringdan ko‘proq qo‘rqqan bo‘lursan. Ey Abdulloh ibn Umar, qara-chi, qancha qarzim bor erkan?» — dedilar. So‘ng, hisoblab chiqishib erdi, sakson olti ming yoki shunga yaqin qarzlari borligi ma’lum bo‘ldi. Shunda Hazrat Umar (o‘g‘illariga): «Agar (qarzimni uzishga) Umar oilasining mol-mulki yetsa, to‘la, basharti yetmasa, Banu Adiy ibn Ka’b qabilasidagi (qarindoshlarimdan) so‘ra, mobodo ularning mol-mulklari ham yetmasa, unda Qurayshdagi (qarindoshlarimdan) so‘ra, ammo ularni o‘zgalar qoshiga bormoqqa majbur qilma, (qarindoshlarim bergan) mol-mulknigina qarzimga to‘la! Hozir ersa, mo‘minlar onasi Oisha raziyallohu anhoning huzurlariga borgil-da: «(Otam) Umar sizga salom aytib yubordilar, deb aytgil, ammo mo‘minlar amiri salom aytdilar, deb aytmagil, chunki men bugundan e’tiboran mo‘minlarning amiri ermasman. So‘ng, (otam) Umar ibn al-Xattob ikki do‘stlari yoniga dafn qilinmoqlariga sizdan ijozat so‘rayotirlar, deb aytgil!» — dedilar.

AbdulAziz:
Keyin, o‘g‘illari Oisha onamizning ostonalariga borib, ul yerdagilarga salom bergach, ichkariga kirmoqqa izn so‘radilar. So‘ng, ichkariga kirib, Oisha onamizning yig‘lab o‘ltirganlarini ko‘rdilar. o‘g‘illari: «(Otam) Umar ibn al-Xattob sizga salom aytib yubordilar, ikki do‘stlari (ya’ni, Janob Rasululloh birlan Hazrat Abu Bakr)ning yonlariga dafn qilinmoqlariga sizdan ijozat surayotirlar», — dedilar. Oisha onamiz: «Men buni (ya’ni, o‘zimning ular yoniga dafn qilinmog‘imni) orzu qilar erdim, ammo bugun bunga o‘zimdan ko‘ra Hazrat Umarni munosibroq ko‘rurman», — dedilar. Ibn Umar qaytib kelganlarida «Abdulloh ibn Umar keldi» deb Hazrat Umarga ma’lum qilishdi. Shunda Hazrat Umar: «Meni (ya’ni, boshimni yostikdan bir oz) ko‘taringizlar!» — dedilar. Bir kishi qadlarini ko‘tarib, suyab turdi. Hazrat Umar: «Qanday javob keltirding?» — dedilar. Ibn Umar: «Ey mo‘minlar amiri, siz istagan javobni keltirdim, ul muhtarama ijozat berdilar», — dedilar. Hazrat Umar: «Olloh taologa shukr, mening uchun bundan (ikki do‘stim yoniga dafn qilinmog‘imdan) ko‘ra muhimroq narsa yo‘q erdi! Agar vafot qilsam, tobutimni ko‘tarib (Oisha onamizning huzurlariga olib boringizlar), so‘ng sen (Abdulloh) salom bergil-da: «Umar ibn al-Hattob (ikki do‘stlari yoniga dafn qilinmoqlariga) ijozat surayotirlar» — deb aytgil! Agar ruxsat bersalar, (meni ularning yonlariga) dafn qilingizlar, basharti ruxsat bermasalar, unda meni musulmonlarning (oddiy, umumiy) mozoriga olib borib dafn qilingizlar!» — dedilar.

Navigation

[0] Message Index

[#] Next page

Go to full version