Alisher Navoiy. Lison ut-tayr (nasriy bayoni)  ( 153200 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 ... 25 B


mutaallimah  25 Oktyabr 2008, 21:57:10

Shayx mahvash so'zlariga quloq solib eshitga'ch, uning qalbida yana ishq tug'yon aylab, shunday fig'on qildi:
—  Ey ishqing shiddati jonimda bo'lgan, xotirim oromi, ko'nglim quvvati! Har neki istaging bo'lsa, buyur — qulingman. Agar bajarmasam, mayli, meni qatlga hukm et! Ammo hijron so'zini aytma, meni vasl uyidan benasib etuvchi so'zga yo'lama!
Shunday deb u o'rnidan irg'ib turdi-da:
—  Suruvni keltiring, "œqo'y"ni cho'pon huzuriga yetkuring! Men gumrohga madad aylab, iltifot qilib, otashgoh sari yo'l boshlang!— dedi.
Xullas, "œqo'y"ni cho'pon huzuriga yetkardilar, uning ikkinchi tilagini ham bajo keltirdilar. Shayx kunduz kunlari cho'chqa to'dasidan ogoh bo'lib, ularni boqsa, kechalari uning manzilgohi otashgoh bo'lar edi.
Kechqurundan tong otgunga qadar uning ishi o't yoqish bo'lib, kufr olovini ravshanroq yondirish bilan vaqtini o'tkazardi. Sahar payti butxonada qo'ng'iroq chalingach, ya'ni qaro zulmat tuni yorishgach, u devonalikdan gulxanga yiqilgan odamdek dudga belangancha kuldan chiqib kelardi. Qo'ng'iroq ohangiga mos holda kufr elining odat va tartibida xirgoyi qilardi. Shu tariqa u to'ng'izlarga ro'para bo'lar, uning atrofida yuzdan ortiq to'ng'iz bo'lardi.
Shunday qilib, u bu xil zulmatga giriftor va asir bo'lib qolgan edi. Uning farmonidagi qavm bu ahvoldan uni xalos etish uchun ko'pgina chora-tadbirlar qilib ko'rishdi, ammo bu tadbirlar unga qil uchichalik ham ta'sir etmadi. Ular Shayxni xalos qilishga hech imkon topa olmagach, chorasiz holda har yoqqa tarqab ketishdi. Shayxning o'zi yolg'iz qoldi. Ulardan har biri uyatdan bir tomon borib, Ka'bada qochoqlar kabi yashirindilar.
Shayxning bir foniy muridi bo'lar edi. U ishq jomidan haddan ziyod ko'p may ichgan edi. Yetakchi (Shayx) karvonni qayerga boshlasa, bu solik (shogird) ham o'sha manzilda unga hamroh bo'lguvchi edi. Ammo Shayx Rum sari safarga chiqqanida, unga o'zga bir mamlakat maskan bo'lgan edi. Bu qutlug' qadamli yo'lovchi safardan qaytib, Ka'ba tomon ko'pgina manzillarni bosib o'tdi. Yo'ldanoq u Shayx atrofidan panoh istay deb, xonaqoh tomon yuzlandi. Ammo kelib qarasa, xonaqoh xarob, uning piri yo'q edi. Xonaqohdagi to'rt yuzta taqvodordan birortasi ham ko'rinmasdi. U bu holni yaxshilab tekshirib ko'rgandan so'ng unga sodir bo'lgan ahvolni boricha aytib berishdi: Shayxning Rum sari yo'lga chiqqani va bu yerda uning boshiga ne ishlar tushganini so'zlab berishdi.

Qayd etilgan


mutaallimah  25 Oktyabr 2008, 21:57:50

U Shayx muridlarining xalifasi (boshlig'i) bo'lgani uchun o'z o'rtoqlarini olib kelishga kishilar yubordi. Shu tarzda himmat ko'rsatib, barchasini bir yerda jamladi hamda ulardan Shayx ahvolini diqqat bilan surishtirdi. Unga tush bilan Rum voqeasini bayon qilib, butxona va tarso qizi zulmini aytib berishdi. Shayxning ishq ichra beqaror bo'lganini va holida beixtiyor qolganini, boda ichib, rindu mast bo'lganini; dinni tark etib, butparast bo'lganini; yana otashgohni maskan etganini va "Kalomulloh"ni o'tga solganini hamda qanday qilib zunnorni beliga to'rt aylantirib bog'laganini, hozir u kechalari otashgohda o't yoqib, kunduz kunlari esa cho'chqa boqishligini hikoya qilib berishdi.
Shunda dard sohibi bo'lgan haligi xabardor rind ularga shunday dedi:
— Ey or-nomusni saqlashda to'ng'izlardan ham battar bo'lgan kishilar! Shayx sizning piringiz edi, sizlar unga murid edingizlar. Uning ko'rsatmasidan barchaga najot umidi yetardi. Faqr aro muridlik qilish sharti shunday: agar kimki qutlug' tabiatli bo'lib, murshid bo'lsa, uning muridlari ham unga o'xshash bo'lishi kerak... Agar u o'zining yaxshi-yomon kunlarida nima ish qilsa, siz unga taqlid etishingiz lozim. Siz vafosizlarga faqr tartibi odatlari hayf! So'fiylar kiyadigan xirqayu o'raydigan salla ham hayf!
Dorilomon payti yolg'on lof urib, Shayxga sodiqligingizni isbot etishga tirishasiz. Shayxning boshiga og'ir ish tushsa, o'zingizni undan uzoqqa tortasiz. Shayxingizga bevafolik qilib, Qiblagohingizni butxona ichiga tashlab kelibsiz. Allohdan qo'rqmay, eldan uyalmasdan, bu ish uning boshiga tushganda, uni yolg'iz qoldirib, orqangizga qaytibsiz. O'z peshvongizni u yerga qo'yib, xizmatidan, balki diydoridan to'yib, qaytib kelibsiz. Shu sifat bilan yana o'zingizni yaxshi fikrli, to'g'ri ish tutuvchi deb hisoblaysiz, bir-biringizni yana "darvish" deb ham ataysiz. Zuhdu tasbehu ridongizdan uyat sizga! Kavush, salla va hassangizdan uyat sizga! Agar Shayx itboqarlik qilib, bir necha it parvarish etganida edi, unga charxdan bu yanglig' jafo yetgan paytda itlardan vafo ko'rgan bo'lmasmidi?! Axir ulardan ba'zilari yo'qolib ketsa, ba'zisi qolar, uning atrofidan jilmasdan turar edi-ku! Uning muholiflari bilan goh urishib, goh uning motamida ulishar edi! Agar insondan vafo yiroq bo'lsa, vafo bobida unday kishidan it yaxshiroqdir. Bordiyu sizda mardonalik, ixlos da'vosi ichra oqillik, donolik bor bo'lsa edi, Shayx boshiga bunday balo tushganda, ya'ni u birov ishqiga mubtalo bo'lib, o'zini har jafoga duchor etganida, uni siz ham qilmog'ingiz lozim edi. Ammo barchangizda unga hamdardlik qilishdan o'zni chetga tortish zohir bo'lib, faqr ichra yuz nomardlik ko'rsatdingiz. Kishi "erman" deb lof urgani bilan er bo'la oladimi? Qo'lidan kelmaydigan ishga qo'l uradimi?

Qayd etilgan


mutaallimah  25 Oktyabr 2008, 21:58:14

Jonga oziq bag'ishchlovchi shogird shu tarzdagi so'zlarni aytar, ular og'ziga sukut muhri solgancha, lom-mim demay jim o'tirishar edi. U ularni koyigach, "Bir yerda o'tirish bilan ish bitmaydi", deb o'rnidan turib, Rum sari, din va imonni yondiruvchi o'sha manzil tomon yo'lga chiqdi. Haligi jamoat ham uni qo'llab, xohlar-xohlamas unga yo'ldosh bo'lishdi. Barcha cho'lu biyobonlarni bosib o'tib, cho'chqaboqar Shayx turgan manzilga yetib bordilar. Shayxda na islom, na imon maslagidan asar qolgan; na aql, na zuhdu taqvo andishasidan nishon qolgan edi. Bu telba oshiq maydan mast holda bexudlik dardi bilan birga edi.
Shayx o'z oldiga kelganlarni tanimay, ulardan yuzini teskari burdi va cho'chqalar to'dasi yurgan tomonga qaradi.
So'fiylik yo'lini tutuvchi solik bu holni ko'rgach, Shayx uchun ko'ngli buzilib, oh urdi. Yuziga ko'plab hasrat yoshlarini to'kib, o'zi bilan birga kelgan jamoatga qarab shunday dedi:
— Endi Allohga hamdu sano aytib, bu yerda turmasdan orqalaringga qaytinglar! Kamolot sohibi bo'lgan murshidimiz Shayxning ko'zi ishq g'avg'osidan xiralashib qolibdi.
U shaharga qaytib, otashparastlar boshlig'ini topdi va dahr zulm etgan odamlarga o'z maqsadini aytdi. Shundan so'ng u halol, chin oshiq dargohida kecha-kunduz iltijo yoshlarini to'ka boshladi. Uning ishi shayxiga xalos topishni muddao bilib, munojot va duo qilmoqdan iborat bo'lib qoldi. U bu maqsadida sodiq bo'lib, o'zi sadoqat ahliga muvofiq edi. Iztirob bilan ko'p duo qildi va nihoyat Alloh ham uning duosini qabul etdi.
Bir kecha iltijo ko'z yoshlarini oqizib, yig'lash zo'ridan xastahol bo'ldi. Tong paytida ko'zi bir lahzalik uyquga bordi. Tush ko'rdi: bir ajoyib nur ko'zga tashlanib, nur orasidan quyosh balqdi. Bu shunday quyoshki, yuzta quyosh zarra kabi bunga yetishish uchun sargardondir. U nabilarning so'nggi vakili, payg'ambarlik muhr-uzugi, hoshimiylardan chiqqan olam sarasi edi. U tabassum qilib kelar, jon bag'ishlovchi lablari so'zga moyil edi. Sirlar xazinasi ana shunday namoyon bo'lgach, sodiq murid uning huzurida yuz tuban tushib, o'z ehtiyojini arz eta boshladi.

Qayd etilgan


mutaallimah  25 Oktyabr 2008, 21:59:57

— Ey xastahollarni lutfu marhamat bilan qo’llovchi payg'ambarlik mamlakatining taxti sohibi!.. Senga holatimni bayon etishga hojat yo'q: chunki yorug' ko'nglingga hammasi ma'lumdir.
Payg'ambarlar shohi yuz ming lutf bilan:
- Ey umiding bog'ida gul ochilgan kishi! Sidqu to'g'ri niyatingga ofarin. Sen shunchalik ojizona yolbordingki, ishlarni saranjomlovchi Ilohiy ojizliging va yolborishlaringni qabul etdi;
nolayu, o'rtanishlaring dargoliida qabul bo’ldi. Alloh o'z maxfiy hikmati namoyishida bu yo'lga kirganlarga shunday to'siqlar qo'yadiki, ularni yengib o'tmay najot topish imkoni bo'lmaydi.
Shayxingiz shunday bir kuchli sinovga yo'liqdi. Bunday ahvolga hech bir yo'lovchi tushmagan edi. Haq najot karomat qildi, shod bo'l. Shukr qilib qayg'udan ozod bo'lgin. Senga ko'p azob-mashaqqatlar yuzlandi. Sen tufayli haq piringga iltifot qildi.
Alloh payg'ambari bu sirlarni sharh etgach, yolborgan kishi ko'zlaridan shodlik yoshlari tirqirab ketdi. Shodligidan bir oh tortib hushidan ketdi: xastajonlik tufayli o'zidan ketib yiqildi.
Tong shamoli mushk hid taratib esa boshladi. Tun mushki ichra oydinlik yoyildi. Notavon shogird ko'ngliga hush yuzlanib, mag'ziga jo'sh tushgancha, sakrab o'rnidan turdi. Alloh farzini to'g'ri ado keltirib, turgan joyidan Allohga yuz qo'yib, egildi. Yonidagi ashoblar undan ahvolni so'rab, vaziyatdan ogoh bo'lgach, hammasi unga hamroh bo'ldilar. U maysalar va suv yuzidagi shamol kabi Shayx tomon oshuftahol yo'rtib borardi. Goh balandlik, goh pastliklarni bosib o'tib, ishqiboz Shayx turgan manzilga yetib keldi.
Bu paytda Shayxda ham gumrohlik daf bolib, unga g'oyibdan ogohlik yetgan edi. Madad gulshanidan esgan nasim uning ko'ngliga katta ta'sir ko'rsatgan edi. Ko'zlaridan hijolat yoshlarini oshkor etib, ohu nadomat alangasi chekardi. Kofirlar kiyimini tashlab, beliga bog'langan zunnorni uzib tashlagan edi. Kufr putur yetkazgan tiyra ko'ngliga to'g'ri yo'l topish shami nur yetkazgan edi.

Qayd etilgan


mutaallimah  25 Oktyabr 2008, 22:00:28

Shu asnoda u guruh yetib keldi. Ular kelgach, Shayx ko'ngliga ulug'lik yetishdi. Shayxni bu holatda ko'rgan zamonoq ularda ham o'zgarish hosil bo'lib, yuz shukr aytib, shodmon bo'lishdi. Ular shunday dedilar:
—  Ey visol sohibi bo'lgan murshid! Senga quvonchli mujda shuki, Rasul madadkoring bo'ldi.
Shayx yuz bergan bu holdan voqif edi. U o'z jamoasiga bu haqda so'zlab berdi hamda yaksifatlik bobida mardona bo'lgan o'zining ana shu sodiq dono shogirdini bag'riga bosib, quchoqladi. Shayx unga shunday dedi:
— Ey saodatli farzandim, jonim fishtasiga payvandim! Sadoqat ko'rsatishda o'z holingni o'zgartirmading, yorlik bobida kamchilik ko'rsatmading. Ne til bilan senga o'zimning uzrxohligimni bayon qilayin? Bu sadoqating uzrini ilohning o'zi bajo keltirsin!
Shogird ham ko'zlaridan sevinch yoshlarini to'kibi, pir oyog'idan boshini ko'tarmas edi. Bu ikki oshuftaxotirlar tinchlanmaguncha barcha iztirob chekib, nima qilishini bilmas edi.
Hamfikr do'stlari shunday dedilar:
—  Ey boshliq! Bu davlatni bizga Allohning o'zi nasib etdi. Endi bu xatarli manzildan ketib, Ka'ba vodiysi tomon yurishimiz kerak.
Shayx yuvinib, egniga xirqa kiydi, buni ko'rgan kishilar zavqqa to'ldilar. Sidq bilan ular haram - Ka'ba sari yo'lga chiqib, sahroni bosib o'tish uchun qadam urdilar.
Shayx Batho sari yo'lga tushaversin, biz endi tarso qizi sari qaytaylik.
U pari noz uyquda yotar edi. Uyqusida bir tush ko'rdi. Tushida Sharq quyoshi osmondan pastga tushib, sho'xga Iso payg'ambardan shunday xabar yetkazdi:
—  Ey vafo bobida xomu noraso! Zamona ahlining murshidi bo'lgan Shayx San'on sening butxonangga mehmon bo'lib keldi. Ammo sen mezbonlik odatini bilmasdan, mehmonning boshiga ne kunlarni solmading?! Hozir u butxona mehmonligini tark etib, mezbonlik qilish uchun Ka'baga yo'l oldi. Uning orqasidan yetib, diniga musharraf bo'l, undan kechirim so'rab, uning jufti haloli bo'l!

Qayd etilgan


mutaallimah  25 Oktyabr 2008, 22:00:55

Nasroniy qizi Shayx oyog'ining izi bo'lishni istagan holda uyqudan uyg'ondi. Qilgan ishlari yodiga tushib, noshod ko'ngliga o'tlar tutashdi. U oh urgancha o'rnidan turib, Ka'ba tavofi uchun yo'lga tushdi. Uning ko'zlaridan osmondagi yulduzlar kabi yoshlar to'kilar, Majnunning ma'shuqasi Layli kabi zor yig'lab borardi. Shayx o'z odamlari bilan jo'nab ketgan tomon xuddi yel uchirgan toza gul bargi yanglig' tez yurib borar edi. U behol bir holatda qadam tashlar, charx esa uning qilgan ishlari uchun qasoskorlik qilar edi. Ayniqsa, bu kek va xusumatning biyobon ichra shiddati haddan oshib, qizni vahima, qo'rquv va hayrat bosib kela boshladi. Unga bu nihoyasiz dala-dashtda xastalik va ojizlik yuzlandi. U shunday dedi:
— Yo Rabbim! Ojizu saigashta bir holda ko'z va ko'nglim qoniga belanganman. Zaifu bechoradurman, rahm qil! Bekasu ovoradurman, rahm qil! Garchi mening gunoh va jinoyatdan o'zga narsam yo'q bo'lsa-da, Sendan boshqa panohim ham yo'qdir!
Shunday qilib, u o'zining kimsasiz va yolg'iz qolib, buning chorasini topa olmasligiga zor-zoryig'ladi. Nozaninga uqubat shunchalik o'z kuchini ko'rsatdiki, u holsizlanib, tuproqqa yuztuban tushdi. U yiqilgach, hushi tamom o'zidan ketdi. U tuproq ustida xoru dardmand bo'lib yotardi.
Yuqori martabali Shayxga bu hodisa ayon bo'ldi. Unga hamrohlik qilgan murid ham bu sinoatdan xabar topdi.
Oy yuzliga, ojiz va g'am chekuvchi oy jamolga ana shu sinoat yuzlandi. Bu paytda undan uzoqda yo'lda ketib borayotgan qudratli rind — Shayx birdan o'z ortiga qaytdi. Unga hamroh gunoh ichidagi kattayu kichik ham Shayx bilan birga orqasiga qaytdi. Bu g'ofil kishilarning har birida yuz xil xayol paydo bo'ldi. Ular: "Yo Rab, bu orqaga qaytishning sababi nima ekan?" — deb o'ylar edilar.

Qayd etilgan


mutaallimah  25 Oktyabr 2008, 22:03:11

Ko'rgilki, ishqning bo'stoni ajablanarlidir, undagi suv va ranglar begunoh kishilar qonidandir. Undagi har bir kiprik yuz minglab jonga nish uradi. Bilgilki, o'sha qotil hinduning odati o'zi shunaqadir. Uning bir turfa holi yuz tuman ko'z qorachig'ini xuddi ortiqcha nuqta misoli yo'q qilib yuboradi. Ishq mulkida gado va shoh birdir, mayxona ichida rahbaru gumroh teng hisoblanadi. Ishq aro dardu balodan, zulmu sitamu jafodan o'zga narsa yo'qdir!
Ishq Shayxni shunchalik shaydo etib, olam ahli ichra rasvo qildi. So'ngra u menga ham o'z g'avg'osini solib, ko'nglim mulkini talon-toroj etdi. Agar holimni kishi undan ortiq demasa ham, har holda undan kam ham emas.
Kel, Navoiy, so'zni shu yerda to'xtatgil, ishq aro ko'p da'volar izhor qilmagil. Agar umrimdan bir necha kun omonlik topsam, ishqim sharhini nazmga solib, bir doston yozayin. Shunda so'zimning chinligi yoki lof ekanligi insofli kishiga yaqqol bilinadi.
Alqissa, Shayx ayriliqqa uchragach, butxonadagi ishlarini tugatdi va Ka'baga borishga hozirlik ko'rdi. U yorini ishq ayvonida dafn etib, din va imon ahli go'ristoniga qo'ydi. Ka'badan butxona tomon yo'lga qanday chiqqan bo'lsa, xuddi shunday holda butxonadan Ka'baga tomon qaytdi. Bu yerda u Allohga o'tmishdagi ishlaridan uzr so'rab arz qildi va nihoyat uzrlari qabul bo'lib, qazo uni o'z yoriga qo'shdi.


Qayd etilgan


mutaallimah  17 Dekabr 2008, 15:28:56

LXXX
LXXX
Qushlarning peshvolikka qur'a tashlaganlari va qur'a Hudhud nomiga tushgani

Qushlar bu ajib so'zlarni eshitgach, hayotdagi barcha horib-charchashlari yodlaridan ko'tarildi. Ishq ularning qo'llaridan ixtiyorlarini tortib olib, barchasi shavq o'tidan beqaror bo'ldilar. Ular yashin kabi tezlik biian yo'lni bosib o'tishar edi. G'arbdan Sharqqa borish ular uchun hech gap emas edi. Barcha oshiqib, shoshilinch ravishda harakat qilar, ularga har damda bir xavfli vodiy ro'para kelardi.
Ammo ulardan ba'zilari bu qattiq yo'lni bosib o'tishga qodir bo'lsalar, ba'zilari zor va zaif, ojiz edilar. Bundaylari po'dadan ayrilib, yo'lda qoljb ketar, ba'zilari esa adashib, o'zlarini turli tomonga urishardi.
Qavm orasida sardor bo'lmog'i shart. U qavm holidan xabardor bo'lib turadi. Agar bunday boshliq bo'lmasa, qavmning holi parishon bo'lib, barcha o'z holiga hayron qolishi turgan gap. Agar cho'pon qo'yni o't va suvga yo'llab turmasa, bu suruvni halok bo'ldi deb gumon qilaver. Har bir jamoatda peshvo yo'q ekan, uning yo'lga qadam qo'ymog'i mumkin emasdir.
Yo'l nihoyatda og'ir va yiroq bo'lgani sababli qushlarning hammasi ittifoqlik bilan shunday dedilar:
— Bizga bir aqlli, hushli boshliq kerak. U barcha qushlar hokimi boisin. Chunki biz zaifmiz, yo'l esa juda mashaqqatlidir. To'daga ham rahbar, ham hamroh bo'ladigan bir boshliq lozim.


Qayd etilgan


mutaallimah  17 Dekabr 2008, 15:34:23

Sayrga chiqqan qushlarning past va oliy tabaqasi bir ovozdan bu ishni Hudhudga yukladi. Uni bu vazifani bajarishga undadilar, ammo uning tab'i amaldor bo'lishdan ibo qilib, qushlarga shunday dedi:
— Mayli, men to'dani yo'lga boshqarib, qavmni o'z bilganimcha olib borayin. Bundan o'zga taklif etsangiz, qabul etardim, ammo bu ishni o'z bo'ynimga ololmayman. Agar bajara olmasam, oramizga firoq tushadi deb qo'rqaman.
Shunday deb Hudhud bu ishni qabul qilmadi. Undan o'zga qushlarning barchasi esa johildilar.
Qushlar ko'rdilarki, barcha ish rasvo bo'lmoqda. Shunda qur'a tashlash muqarrar bo'lib qoldi. Ular har bir qush zotiga qur'a tashladilar. Qur'a Hudhud otiga tushdi. Shundan so'ng unga endi uzr aytish uchun uydirma to'qish, yo'q demoqlikka bahona topish uchun hech bir asos qolmadi. Chunki uning ilmi hamma qushlarnikidan ko'p edi. Uning boshliq ekanligi va unga bo'ysunishlikka ahdu paymon qilib barchasi qo'l tashlashdi. Hudhud peshvolikni qabul qilgach, qushlarning hammasi o'z muddaosiga erishib, shunday deyishdi:
— Biz endi senga tobemiz: sen bizning boshlig'imizsan. Qanday maqsading bo'lsa, biz uni ravo qilaylik. Sen bizga bosh qo'mondonsan, bizlar esa senga qo'shinmiz. Sen bizni qayerga boshlasang, o'sha yoqqa orqangdan ergashib boramiz.

Qayd etilgan


mutaallimah  17 Dekabr 2008, 15:35:58

LXXXI
Bir vodiy boshiga kelib qushlarni hayrat lol etgani va bir qushning Hudhudga savol bergani


Shunday qilib, Hudhud ularga boshliq bo'lgach, ular yo'lni bosib o'tish uchun osmonga ko'tarilishdi. Ular bir necha kun qanot qoqib, bir yerga yetib kelishdi. Oldinda bir nihoyasiz vodiy paydo bo'ldi. Uni ko'rgach, qushlar jonlaridan umidlarini uzishdi. Bu vodiyda kulfat benihoya cheksiz bo'lib, o'zi hajr shomi kabi cheksiz uzun edi. Hatto unga qarashning o'ziyoq umr va jonga ofat yetkazar, ammo qushlarning uni bosib o'tmoqlikdan o'zga chorasi yo'q edi. Undagi haybatli, qo'rqinchli ko'rinish so'z bilan ifodalab bo'lmas darajada uqubatli bo'lib, qushlar bundan qo'rqib ketishdi. Bu yer hali hech kim borib yetmagan va hech bir qush uchib o'tmagan noma'lum bir vodiy edi. Buni ko'rgan qushlarning jismi susayib, qanot-quyruqlari shalpayib qoldi. Shunda bir qush Hudhudga savol berdi:
— Oyo, bu yo'l nima uchun bo'm-bo'shdif? Hudhud bir oz fikr yuritib, shunday javob qaytardi:
— Bu yo'l ulus g'avg'osidan holi bo'lib, shohning izzati, martabasi va ehtiyojsizligini ko'rsatib turadi.

Qayd etilgan