Alisher Navoiy. Lison ut-tayr (nasriy bayoni)  ( 153192 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 ... 25 B


mutaallimah  17 Dekabr 2008, 15:37:31

LXXXII
Hikoyat

Boyazid bir tun o'z xilvatidan chiqdi. U vumshoq tabiatli kishi edi. Oydin bir kecha. Hammayoq oy nuridan ravshan. Osmon yulduzlar chamanidan gulshan yasagan. Ko'm-ko'k dengiz kabi moviy osmonda porloq yulduzlar charaqlar, ularning har biri nur sochishda go'yo pok injuni eslatardi. Yetti qavat osmon bir oliy qasrga o'xshar, koinot o'zining butun yuksakligi va kengligini unda namoyish qilardi. Uning sayr etib kezib yurishi va bir yerda orom topib turishiga ham, tuzilishi va chiroyiga ham aql ojizlik qilar edi.
Shunday oliy dargoh ichida ogoh pir bironta maxluq jinsidan asar ko'rmadi. U qancha harakat qilib qidirmasin, shahar, tog' va dasht aro kezib yurmasin, biron-bir kimsaning mutlaqo nishonasini topmadi, o'zidan o'zga notavon kishini uchratmadi. U shunday dedi: "Yo Alloh! Nima uchun bu manzil dard va shavq ahlidan holidir?"
Shunda uning ko'nglidan hushini eltuvchi bu sirdan shunday voqif etdi: "Bu yer izzat va ulug'lik dargohi bo'lib, unga har qanday kishining yo'l topish ehtimoli yo'q. Shohga atalgan maxsus joy izzati poyonsiz bo'lib, har gadoning unga mahram bo'lish imkoni yo'q. Talab ahli bu yo'lda umrlar mobaynida jon cheksa-da, ulardan bittasining bu davlatga yetmog'i amrimaholdir".

Qayd etilgan


mutaallimah  17 Dekabr 2008, 15:39:33

LXXXIII
Vodiy qiyinchiliklari haqida qushlarning Hudhudga savollar bergani va uning javob aytgani

Yo'l biluvchi bu xil so'zlarni aytgach, sayohatchi qushlarni qo'rquv bosdi. Ular cheksiz baloga yo'liqib, nihoyasi yo'q og'ir dardga mubtalo bo'lishdi. Oldinda yo'l ko'rinib turar, ammo uning poyoni yo'q edi. Bu yo'lning dardi haddan ortiq ediyu, ammo darmon topilmas edi. Ranj o'ti ko'kka tug' chekardi, alangasidan arsh ham, uning kursisi ham kuyib ketgudek edi. Bu vodiyda istig'no yeli shunday raqsga tushar ediki, bundan hatto yuksak osmonning beli sinib ketgudek bo'lar edi.
Bunday og'ir yo'lni jism bilan jonlari g'amga mubtalo bo'lgan bechora qushlar qanday ham bosib o'ta olar edi? Bunday bo'lishini hatto xayol qilish ham maholdir. Qo'r-quvdan ularda jondan asar ham qolmadi. Bu qiyin ahvolga taslim bo'lgan qushlar bir yerga yig'ilib, Hudhudga ko'pdan-ko'p ojizlik va yolvorish izhor etgan holda shunday dedilar.
— Ey boshliq va hammadan ulug'vor zot! Haq seni bizga rahbar etib tayinladi. Bizning ojizligimizni tinglamog'ing sen uchun farzdir. Chunki sen bu yo'ldan yaxshi xabardorsan va biz kabi yo'lsizlarni yo'lga boshlovchisan.

Qayd etilgan


mutaallimah  17 Dekabr 2008, 15:40:00

Biz bu yo’lda ko'p mushkullarga duchor bo'lmoqdamiz, ulardan seni xabardor qilmoqchimiz. Har birimiz senga o'z so'zlarimizni aytib, ranju qayg'udan o'zimizni xalos etishni xohlaymiz. Sen hammamizning mushkulimizni hal etib, ularni mufassal sharhlab bermog'ing kerak. Har bir so'zning tafsiloti boisin va xotirda o'rnashib qolsin. Ular xotirimizdagi shubhalarni quvlab, ko'nglimizdagi chigalliklarni yozsin. Hammamizning ko'nglimizdagi ishkalliklarni tugatib, har xil mushkul holatlardan qutqarsin. Dilimizda qil uchichalik ikkilanishga o'rin qolmasin. Yo'lni bosib o'tuvchining ko'ngli tinch bo'lmog'i lozim. Birmuncha vaqt bir manzilga qo'nib, gala ko'nglini har xil xatarlardan tinchlantir. Har kim senga o'z mushkuli haqida gapirsa, uni hal etmoq uchun javob ayt. Ko'ngillarda hech bir xatar, xotirlarda xavotirdan hech bir asar qolmagandan so'ng tinchlanib yo'lga tushaylik va bu ulug' maqsadni amalga oshirish uchun jazm etaylik. Aks holda yo'l bir kun-ikki kunlik emas, balki kishi uning poyoniga yetishi qiyin. Bunday yo'lni bosib o'tish uchun koyngil jam bo’lmog'i lozim. Bu xil yo'lga shubha bilan kirish mushkuldir.
Bu gap peshvoga ma'qul tushib, u: "Hamma savol beruvchilar shu yerda jam bolsin",- dedi. Shu tarzda u galaning iltimosini qabul qilib, bir keng manzilni topib, unga qo'ndi. Boshqa qushlarning hammasi u bilan birga qo'ndilar. Bilim panohi bo’lgan murshid ulardan savol so'radi.

Qayd etilgan


mutaallimah  17 Dekabr 2008, 15:41:24

LXXXIV
Bir qushning savoli

Hudhud: "Kimda qanday mushkul bo’lsa, so'rasin", degandan so'ng bir savol beruvchi qush shunday dedi:
— Ey qushlar ichida aziz bo'lgan! Sen va biz barchamniz bir jinsdanmiz. Hammamizning qanotu patimiz bir-birimiznikiga tengdir. Ammo, ayt-chi, sen nima uchun yashirin sirlardan xabardorsan, biz esa bexabar qolganmiz. O'rtamizdagi bu tafovutni boshdan-oyoq sharh qilib ber. Buning sababi nimadan iborat ekanligini bizga tushuntir.

Qayd etilgan


mutaallimah  17 Dekabr 2008, 15:42:46


LXXXV
Hudhudning javobi

O'z qarshisida turganlarga Hudhud javobi shunday bo'ldi:
—  Chunki menga Sulaymonning ko'zi tushgan. Haq taolo unga nazar solib, uni ham payg'ambar, ham toj egasi etgan, unga lujf ko'rsatib, olamdagi barcha jinlar, insonlar, yovvoyi hayvonlar va qushlarga shoh etib tayinlagan edi. Shunchalik davlat sohibi va taxt egasining iltifotiga men kabi bir haqiru faqir sazovor bo'lgan edim. Mendagi bu qadar yuksak izzat, boshim ustidagi baland martabalik toji ana shu tufaylidir. Zeroki, pok yurakli kishilar kimgakim nazar tashlar ekan, bu nazar tuproqni kimyoga aylantiradi.

Qayd etilgan


mutaallimah  17 Dekabr 2008, 15:44:27

LXXXVI
Shayx Najmiddin Kubroning so'zi va itga tushgan ko'zi haqida

Shayx Najmiddin Kubro o'z zamonasining peshvosi hisoblanar edi. Agar u biron kishiga o'z nazaridin bahra yetkarib qarasa, ko'zi valilik nuri bilan yorishib ketar va shu ondayoq o'zligidan ayrilar edi. Bu sifatda uning ishi shu darajaga yetdiki, agar uning ko'zi kimga tushsa, o'sha kishi vali bo’lar edi.
Bir kuni sukr vaqtida uning nazari bir itga tushdi. U oshnolik mazasini tatib ko'rgach, itlik siyratidan voz kechdi. Shayx oldiga o'z boshini qo'yib, umidvorlik bildirdi va shu tariqa itlar orasida sarfaroz bo'ldi. Bu it shaharning qaysi tomoniga qadam qo'ymasin, boshqa itlar uning atrofini to'da-to'da bo'lib o'rab olishadi. U qayerda o'tirsa, itlarga shoh bo'lar, itlar esa uning tevaragida xuddi sipohlardek halqa tortib turardilar.
Kunlardan bir kun qazodan itning boshiga ajal yetib, u vafot etdi. Uni Shayx eshigi yaqinida go'r qazib, o'sha yerga dafn qildilar va qabrini xuddi insonlarniki kabi belgilab qo'ydilar.
Itlar uning motamida ko'p fig'on tortib, qabri atrofida makon tuttilar. Hozir ham uning qabriga sig'inuvchilar yuz qo'yib, sidq yuzasidan niyozmandlik qilishadi. Uning qabri shu kunlarda ham hokimi baxtiyor hisoblanadigan Xorazm mamlakatida mavjud.
Olamda bundan ham qiziqroq so'z eshitilganmi? Ya'ni saodat ahli itga ko'z tashlasayu bu nazar itga yaxshi natija yetkazib, uning zotiga kishilik asarini bersa! Bu inoyat unga faqat kishilikdan nishon beribgina qolmay, valilik nuri nash'asidan ham darak bergan boisin!
Agar validan itga shunday tarbiyat yetgan bo’lsa, qushga ham payg'ambardan shunday tarbiyat yeta olishiga ajablanmasa ham bo’ladi. Agar qushga ham payg'ambar lutf ko'rguzsa, olamdagi barcha qushlar unga tobe' bo’lsa ne ajab?! Shu qabildagi qissa qadimdan ham mavjud, bunga "Ashobi kahf''("G'ordagi birodarlar") voqeasi dalil bo'la oladi. Chunki Alloh inoyat etsa, bu inoyat it yoki qushga nasib etsa nimasi ajablanarli, axir!

Qayd etilgan


mutaallimah  17 Dekabr 2008, 15:47:04

LXXXVII
Yana bir qushning Hudhudga savoli

Yana bir savol beruvchi faryod bilan shunday dedi:
— Ey barcha qushlarga yetakchi va amir! Yo'l qattiq, men esa zaif va notavonman. Pashsha anqo tomon yo'lga ravona bo'la olmaydi-ku. Har nafas bu yo'lda yuz xil qayg'u duchor bo'lmoqda, har dam unda yuz tuman azobu uqubat zohir bo'lmoqda. Unda balo tog'idan so'qmoqlar bor. Yo'ldagi gardlar ko'zga ajal tuprog'ini sepadi. Undagi tog' uzra uvillagan shamollar toshlarni tuproq kabi sovuradi. Sher ham bu yo'l azmiga jur'at eta
olmaydi-yu, zaif va xasta bir chumoli bu yo'lni qanday uddalay olsin?

Qayd etilgan


mutaallimah  17 Dekabr 2008, 15:48:23

LXXXVIII
Hudhudning javobi

Hudhud unga dedi:
— Ey zaif va muhtoj! Senda himmat pastu o'zing razil va xor ekansan! Tana qanchalik majruh va zaif bo'lmasin, himmat yuqori bo'lsa, bundan nega g'am chekish kerak?! Chunki bu ish beshak ishq ishidir: kimki oshiq bo'lmasa, u inson sanalmaydi. Bunda asosiy narsa ishq bo'lib, uni amalga oshirish har qanday havasmandning qo'lidan kelavermaydi. Notavonlik, oshiqlarning ishqdan bexonumonliklari oshiqlar uchun dalildir. Oshiq elga notavonlik kasbi kor bo'lib, jonini tark etish uning doimiy fikridir. U boru yo'qdan o'zini forig' bilib, faqat yor ishqini o'ziga tiriklik deb o'ylamog'i shart. Har kishiga ishq va himmat yor bo'lsa, unga tan sog'lig'i yoki xastalikning nima daxli bor? U faqat ishq ichra jon berishni o'ziga maqsad qilishi kerak, chunki ishq tufayli barcha mushkullar yechiladi. Agar uning ishqda o'lmoqlik maqsadi bo'lsa, joniga ofat yetishidan u naf ko'radi. Kimda kim bu dunyoga ko'ngil qo'ysa, bu xayol bilan dili xasta bo'lgan bo'lsa, u kishi uchun bu kasallik yaxshi emas. Ishq ahli bu xil zaiflikni ma'qullamaydi. Agar har bir kishiga ishq tufayli kasallik va ojizlik etsa, bu uni o'z murodiga yetkazish vositasi hisoblanadi. Chunki ishqdan asosiy murod o'lish bo'lar ekan, kasallik ham o'limga yaqin bir holat sanaladi. Zero, kasallik kishining jon tark etishiga sabab bo'lib, undan chekinish ajablanarli bir holdir. Ishq aro jon tark etish talab etilgach, unga nima bo’is bo'lsa, yoqimlidir. Agar kasallikning nihoyasi jon tark etish bo'lsa, bu xil o'lishgajonu jahonni fido qilsa ham arziydi. Agar sen jahon mulkida ming yil umr ko'rsang ham oxir-oqibatda bir kun dardu hasrat bilan o'lib ketasan. Demak, o'limdan qochib qutula olmas ekansan, bira to'la bu istak bilan o'lganing yaxshiroq emasmi?! Agar umid yor yo'lida o'lish bo'lsa, shuni bilgilki, bu abadiy hayotning naq o'zidir!

Qayd etilgan


mutaallimah  17 Dekabr 2008, 15:49:56

LXXXIX
Shayx Abu Sayid Abulxayr hikoyati

Bu yo'lda sayr qiluvchi mehnalik shayx Abu Sayid Abulxayr(xurosonlik shayx, 1408 y.v.e.), yor vaslidan xayrli nasibaga erishdi.
Avvalida u ishqqa juda zor bo'lib, yuz xil balo tig'idan azobda edi. Shu tarzda unga kasallik yuzlanib: butun vujudini qamrab oldi. Bu kasallikdan u doimo betinim ohu voh chekardi. Ishq chaqmog'idan uning joniga o't tushib, uning alangasi vayron jismini chirmab olgan edi. Tunlari u uyqu bilmas, kunduz kunlari ham orom topmas, ishq qayg'usidan o'zga dardi yo'q edi. Kunduz uning fikru zikri yorda bo’lar, hajrida haddan ziyod zoru fig'on tortishni odat qilgan edi. Kechalari, shahar va bog'larda bo'lmay, o'zini dasht va tog'lar tomonga urardi.
Bir tashlandiq joyda vayrona bor bo'lib, u xuddi boyqushlar qasridek buzuq kulba edi. Unda behad chuqur bir quduq bo'lib, suviga xursandchilik kishisi g'arq bo'lgan edi. Shayx ana shu quduq ichida boshini past tomonga osiltirib yotar, ishq tug'yonidan zoru afgor bo'lardi. Shu taxlitda ko'zlaridan qatra-qatra qon tomguncha tongga qadar ishi ohu fig'ondan iborat edi. U ishqda o'lmoqni istar, ammo uni topa olmas, shunday bo'lsa-da, bu ishtiyoqdan ko'z yummay, o'z ahdidan voz kechmasdi. Bu azob uning jismini qiltiriq qilib, nolalari esa jonini yomon holatga tushirib qo'ygan edi. U hijron ichida bir necha yil shu holatda kun kechirdi va nihoyat uning og'ziga visol jomi yetishdi.
Ishq aro o'zini er deb sanaganlarning ishi ana shunday bo'ladi. Kishi oimay turib, bu davlatni topa olmaydi.

Qayd etilgan


mutaallimah  17 Dekabr 2008, 15:55:24

XC
Yana bir qushning Hudhudga savoli

Bir qush shunday dedi:
— Men umrimda ko'p gunoh ish qildim. Bu uyatdan holim juda tangdir. Iflos ishlar bilan mashg'ul bo'lish meni nobud qilib, bu g'am meni ezib yubordi, endi shular yo'l bosishimga to'sqinlik qilmoqda. Chunki axlat ustiga qo'ngan chivinning qanchalik jirkanch ekanligi hammaga ma'lum. Uning pok Simurg'ga qanday aloqasi bo'lishi mumkin? Simurg'ning pok vasliga erishmoq uchun poklik kerakdir. Bulg'anch jinoyat ichida hayosizlik qilish bilan unga yetishib bo'lmaydi. U pok bo'lsa, mendagi sifat nopoklikdir. Uning vaslini istashimga uyat mone'lik qilmoqda.

Qayd etilgan