Alisher Navoiy. Lison ut-tayr (nasriy bayoni)  ( 153235 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 ... 25 B


mutaallimah  30 Yanvar 2009, 23:35:06

CXLI
Yana bir qushning Hudhudga savoli


Yana bir savol beruvchi so'radi:
— Ey baxtiyor zot! Men uning ishqini ixtiyor etib, nogahon uning vasli bilan sarfaroz bo’lsam, undan yolvorib nima so'ray? Uning vasliga yetgan zamon avval undan nimani so'rashni bilmoqchiman.


Qayd etilgan


mutaallimah  30 Yanvar 2009, 23:36:16

CXLII
Hudhudning javobi


Hudhud shunday dedi:
— Ey shiori xomlik, hush vodiysida beoromlik bo'lib, aqlingdan ayrilibsan-da! Chunki u senga maqsadu maqsuddir, undan o'zga boru yo'q nobuddir. Talab qilganing muyassar bo'lsa, sevikli yoring og'ushingga kirdi, deb bil. To yiroq ekansan, ko'ngling uni havas qiladi, joningga undan o'zga so'rov yo'q. Oradan firoq ko'tarilib, uning visoliga erishsang, bundan yaxshiroq nimani istaysan?! U-ku tan va jondan murod, undan o'zga yana qanaqa murod bo'lishi mumkin? Uni topgudek bo'lsang, boshqa tilaklardan ko'nglingni uz, boru yo'g'ingni uning ishqi uchun sarf qil!

Qayd etilgan


mutaallimah  30 Yanvar 2009, 23:37:28

CXLIII
Hikoyat


Abu Said (Ahmad binni Iso, 899-y.v.e.)visol daryosiga g'arq bo'lgan kishilardan edi. Uni vasf etishda aql ojizlik qiladi. Uning nomiga Xarroz — mahsido'z laqabi nisbat berilgan, kecha-kunduz qiladigan ishi matlub bilan sirdosh bo'lish edi.
Bir kun Makkada duo vaqtida bir guruh kishilar haqdan murod istamoqqa mayl qildilar. O'sha avliyosifat kishilar haq sirlaridan ogoh bo'lib, taqvo va toat-ibodatlar bilan haqni istab munojot qilishar, barchalari u dargohga oshno bo'lmoq uchun yuzlarini Ka'baga surtar edilar.
Lekin haqiqat xazinasining siri va vasl bog'i gullarining gulshani bo’lgan Abu Said bu paytda talab ahli ichra xomush, ko'ngli birlik jomidan behush edi. El duo o'qiyotgan paytda nogoh ularga qarab, og'ziga shu so'zlar kelar edi:
- Alloh! Xalq har nimaniki talab qilayotgan bo’lsa, men mashaqqat chekmasdan topishga erishdim. El seni biziga matlub deb, senga yetishmoqni istaydi, men esa seni allaqachon topganman. Bu holatim bilan go'yo seni qidirishdan ko'z yumgan
kishiga o'xshayman. Men sendan bir nafas ham ayriliqda emasman, zeroki, topilgan narsani orzu etish bema'nilikdir. Men-ku vasling ila maqsadimga erishganman, bu talab ahlini murodiga yetkazgil!


Qayd etilgan


mutaallimah  30 Yanvar 2009, 23:40:43

CXLIV
Yana bir qushning Hudhudga savoli


Yana bir savol beruvchi dedi:
— Ey bilimdon! Bu safar ko'nglimizni jarohatladi. Endi yo'l yurib shoh bazmiga oshno bo'lsak, aytgandek, unga behad nafis bir sovg'a ham olib borishimiz shart. Shohga qanday sovg'a ma'qul kelarkin, shundan bizni ogohlantirsang.

Qayd etilgan


mutaallimah  30 Yanvar 2009, 23:45:10

CXLV
Hudhudning javobi

Hudhud dedi:
- Sening bu savoling juda ham o'rinli. Darhaqiqat shohning oldiga biron sovg'a bilan borilsa, ko'ngildagidek ish bo'ladi. Sovg'a qilish uchun shunday bir narsa topish kerakki, u nihoyatda noyob, balki la'l bilan bezalgan toza durdan ham qimrnatbaho boisin.
Ammo u xazinada qimmatbaho narsalar shunchalik behisobki, ularning oldida bu duru gavharlarga yo'l boisin? Qimmatbaho narsalar, deganimiz bu malaklarning toatu taqvolari, o'zini pok tutuvchilarning sharofatli nafaslaridir. U yerda zohid kishilarning ibodati ko'plab topiladi. Taqvoyu toat javharlari u yerda bisyordir. Payg'ambarlar chekkan riyozatlar ham, avliyolar qilgan ibodatlar ham u yerda behisob. Bu yerda sharafga loyiq bo'lgan narsalar u yerda tuproq bilan teng turadi.
Lekin u yerda eng yaxshi sovg'a faqat yonish va dard chekishdir! Bir zumlik g'amli oh chekishdan ortiq sovg'a bo'lmaydi. Chunki u joy izzat va ehtiyojsizlik koshonasi bo'lib, yuz tuman ming arshdan ham a'lo turadi. Unda yuksaklik, istig'no va noz haddan tashqari ko'pdir. Faqat ojizlik ko'rsatish va zaiflik bilan yolvorish u yerda topilmaydi.
Sen o'zing bilan birga yolvorish va dard olib bor, zor jisrningni va g'amli joningni elt; chunki bu sovg'alar u dargohda yo'qdir. Bechoralik va notavonlik bilan shohdan ularni qabul etishini so'ra. Agar sen o'zingni unga oshno qilmoq istasang, uning huzuriga yonish, dard va fano bilan bor.


Qayd etilgan


mutaallimah  30 Yanvar 2009, 23:46:17

CXLVI
Hikoyat


Shohlarning shohi bo'lgan bir buyuk podsho bor edi. U go'yo olam ahli boshida Alloh soyasi kabi edi. U quyoshdek porloq toj egasi bo'lib, undagi gavharlar yulduzlardek porlar, mulki ham kunchiqishdan kunbotishga qadar cho'zilgan edi.
Uning bir o'gii bor edi. Bu ko'hna olam uning kabi azamat o'g'lonni hanuzgacha ko'rmagan edi. U husn osmonining yorug' yulduzi, deyilsa ham, latofat qutichasining porloq gavhari deyilsa ham kam. U go'zallik tunini bezaguvchi sham va malohat gulshanidagi sarvinoz edi.
Shoh uning husnidan olamga o't tushmasin deb, uni bir qasr ichida yashirin saqlardi. Undan olamga ofat tushishini bilib, u otlanib chiqadigan yo'lni to'sib qo'ygan edi. U bir gulshanda maqom tutgan bo'lib, bog' aro xuddi tovusdek xiromon yurardi. Shoh uning tashqariga chiqishini man etganidan shu chamanda o'z vaqtini ayshda o'tkazish bilan qanoatlanardi.
Nogahon shoh taxtini shahzodaga qoldirib, ajal jomini sipqardi. Davlat xutbasi shahzoda nomiga o'qildi, uning yuk-sak oti bilan tanga pullar zarb qilindi.

Qayd etilgan


mutaallimah  30 Yanvar 2009, 23:46:34

Kunlardan bir kun ko'ngil ochish uchun mulkini tomosha qilmoqqa otlandi. Ot bilan javlon urib, maydonga ofet solgani kirdi. Ot chopib maydonda chavgon o'ynadi, xalq boshini go'y etib, jon o'ynadi. Tulporini qaysi tarafga surgan bo'lsa, o'sha shahar va mulk ahlida g'avg'o-to'polonlar boshlandi. Uni ko'rgan el devonayu zor bo'ldi, ishq domiga giriftor bo’ldi.
Shoh ularga shunday ulug' ofatlarni solib, xuddi shamol kabi tezlikda o'z gulshaniga qaytib ketdi. Shahar xalqi uning orqasidan g'avg'o chekib, "Yo Rab!" deb, ishqidan ohu faryodlarini ko'kka yetkazishardi. Ular shaharda qolmay, uning orqasidan ergashdilar, hammalari uning qasr va bog'iga yetib kelishdi.
Zolim shoh o'z mulkini xarob qilib, qasridan pastga tushgancha, xaloyiqqa shunday buyruq qildi: "Bu g'avg'o ko'targanlarni har tomonga tarqatib yuboringlar. Ketmaganlarni esa jazolang!"
Shoh mulozimlari kishilarni tarqatishga qanchalik harakat qilmasinlar, odamlar bari bir ketishmadi. Ularning odamlarni tarqatish uchun qilgan barcha harakat va intilishlari foyda bermadi. Shahar xalqi boshdan-oyoq telba bo'lib, balki telbadan ham ortiqroq ahvolga tushib, kechayu kunduz oshufta va devonavor holda shoh bog'i atrofida qaror tutdilar. Qari va yosh, rind va zohid, oliy va past tabaqadagi barcha olomon ishq va telbalik ko'chasiga kirdi.

Qayd etilgan


mutaallimah  30 Yanvar 2009, 23:46:52

Shoh elning bu qiyin ahvolga tushganini ko'rgach, o'z holiga hayrati orta boshladi. Bu g'avg'oning poyoni yo'q ekanligini ko'rib, unga chora topish mumkin emasligini ham bildi. Xaloyiq tomon bir elchi yuborib, unga ushbu xabarni yetkazishni buyurdi: "Mening ishqimga asir bo'lgan kishilarning hammasi biron kasb egasidirlar. Har kim o'z sohasida mahorat ko'rsatib, o'z hunaridan bir ishni bunyod etsin. Hamma shu ish bilan shug'ullansin. Agar kimning ishi mening ko'nglimga xush kelsa, u kishini o'z mulozimim qilay. Uni bazmlarimda ulfatim etib, suhbatlarimda hamdardim va hamrohim qilay. Agar qilgan ishi ko'nglimga yoqmasa bo'ynini uzib, ko'p azob-uqubatlar bilan o'ldiray!" Kasbi kori zulm bo’lgan shoh shun­day hukm etdi.
Oshiqlar oldida katta imtihon ko'ndalang bo'ldi. El uning va'dasidan umidvor bo'lib, o'z ishlarini bajarishga kirishdilar. Hamma fozillar, ilmu hunar ahllari barcha ishdan voz kechgan holda kecha-kunduz tinmay harakat qilib, shoh buyurgan ishga mashg'ul bo'ldilar. Olim kitob yozmoq niyatida, bastakor yangi kuy yaratish istagida bo'ldi. Shoir zamona shohi nazar qihshga arzirli madhiya yozishga urindi. Munshiy men yozgan nomani shoh pisand etarmikan, degan o'y bilan xat yozishga qalam olib, shohni vasf etishga kirishdi. Zargar o'z hunarini ishga solib, shohga loyiq oltin kamar yasamoqchi bo'ldi. Kiyim tikuvchi o'z ustaxonasiga borib, shoh kiyishi uchun zarbof to'n tikmoqqa ish boshladi. Duradgor, shunday bir taxt yasayki, bu taxtga saodatli shoh chiqib o'tirsin, degan o'y bilan taxt hozirladi. Kamon yasovchi yoyim zora shohga yoqib tushsa, deb o'z san'atiga band bo'ldi. O'qchi ham ko'p mashaqqatlar ila ehtimol bu shoh ko'ngliga xush yoqarmikan, deb o'q yasashga kirishdi.

Qayd etilgan


mutaallimah  30 Yanvar 2009, 23:47:20

Xullas, shahardagi kattayu kichik - barcha kishilarning har biri o'z ishiga berilib, qilgan ishim zora shohga ma'qul tushib, u meni o'z mulozimligiga chorlasa, degan niyatda o'z ishiga zo'r berdi. Ular o'zlari chekkan shuncha mashaqqat-lari natijasida qilgan ishlarining shohga yoqib, bundan murod-maqsadlariga erishmoqchi bo'ldilar.
Bir kecha shoh xalq qilgan ishlarni ko'zdan kechirish uchun o'z dargohidan chiqdi. Bir-ikki xizmatkor mahrami bilan xuddi o'g'rilar kabi yashirincha shahar tomon yo'l oldi. Shu tarzda u el qilgan ishlarni birma-bir ko'zdan o'tkazib, hamma ishni ko'rib chiqdi. U oliysifatli shoh qaysi bir ishga nazar tashlamasin, o'ziga-o'zi: "Bundan bizning xazinamizda ham bor, balki u yerda bundan yaxshirog'i ham bisyor!" deb aytar edi.
Yura-yura oxiri u bir g'arib — bechora turgan joyga yetishdi. Bu kishi oshiq bo'lib, nihoyatda ozor chekkan, aftoda bir holatda edi. Ishq uni jonidan noumid qilgan, hajr bedodi sevgan kishisidan umidsiz bir ko'yga tushirgan edi. Bu notavon har zamon bag'ridan tomayotgan qonlarni ko'z yo'llari orqali har tomonga oqizardi. Ko'zdan oqqan qon yoshlari bilan tufroqqa belangancha yotar, bu mushkul holatda qiynalgan ko'ngli go'yo yarim so'yilgan qushdek iztirob chekardi. Har dam o'zgacha bir nolayu afg'on qilar, u chekkan ohu nola va faryoddan el ko'ngli buzilardi. Ishq tig'i uning xasta ko'nglini chok etgan, ko'nglidan o'zligini siqib chiqargan edi. Ishq javridan u shunchalik uqubat chekkan ediki, bundan uning vujudi yo'q bo'layozgan edi. Bu fano uni tuproqqa og'ushta qilib, hatto badanidagi har bitta tukka yuz shikast yetkazgan edi.
U shu holatda o'ziga-o'zi shunday derdi:
— Har kimsa o'z sohasida oshuftahollik bilan mahorati kamolotini ko'rsatadi. Ertaga ular shoh bazmida qatnashib; shoh ularning har biriga lutfu marhamatlar izhor etadi. Menda esa ohu dard chekishdan bo’lak o'zga tuhfa yo'q. Men ularga qanday qilib sherik bo'la olaman?!
Shohda yo lutf bo'ladi, yo siyosat. Men bechoraga ham u o'z dargohiga borish uchun ruxsat bersa. Ammo men uning lutfu ehsoniga loyiq emasman, hattoki siyosat qilishga ham arzimayman. Koshki edi u siyosat tig'ini surib, o'z qilichini bo'ynimga yetkarsa, menga shu sharafning o'zi kifoya! Bundan o'zga maqsadim ham yo'q...

Qayd etilgan


mutaallimah  30 Yanvar 2009, 23:47:37

Lekin men shunchalik e'tiborsizmanki, hatto uning meni qatl qilishiga ham ishonchim komil emas. E voh, mendagi dardu alam kuchayib, halokatli tus olmoqda, bundan o'z holimga motam tutmoqdaman!
Shoh bu g'arib ahvolni ko'rib, g'aribi zordagi bu holni bilgach, bu holat uning ko'ngliga qattiq ta'sir qildi va mehri toblanib, bu vayronaga xuddi quyosh kabi kirib keldi. Unga lutf ko'rgizib, ko'nglini ovladi, balki ruhini jismining uyidan quvlagandek bo'ldi. Bechora oshiq bu ahvolni ko'rgach, cheksiz hayratdan gung va lol bo'lib qoldi. Ko'ngli bu quvonchga tob bera olmay, mehmon huzurida o'z jonini tortiq qildi.
Bilgilki, bu xil o'lmoq jondan ham yaxshiroqdir. Jon nima degan narsa, balki ming tirik hayotdan ham afzalroqdir. Agar kishiga bu xil o'lmoqlik nasib etsayu u o'z jonidan voz kecha olmasa, u odam sanalmaydi. Ishq aro bu yonish va kuyish   uning ruh shamini porlagan mash'alga aylantiradi!
Ko'rki, ko'z yosh to'kib kuygani tufayli sham qorong'u kechalarda quyoshning o'rnini bosadi!
Ey Foniy! Agar maqsadga yo'l topmoqchi bo'lsang, oh chekish, yonish va dard bilan O'zingni xursand qil!


Qayd etilgan