Kutubxona > Alisher Navoiy asarlari

Alisher Navoiy. Lison ut-tayr (nasriy bayoni)

<< < (2/49) > >>

mutaallimah:

III
Bu dostonga baxtiyorlar payg'ambari vasfi bilan sarlavha go 'ymoq va gunohkorlar homiysi madhi bilan ziynat bermoq

U nabilar sarvari va payg'ambarlar sultoni bo'lib, uning tufayli ulug' va mayda narsalar yaratilgandir. U Odam Atodan ham ilgari mayjud bo'lib, ham nabi, ham sirlar ogohi edi.
U olti kunda yaratilgan olamdan burun ham nur holida bor edi. Bu shunday nurki, u yuz izzat va sharaf egasidir. U — ma'shuq, Yaratuvchi — ishqivoz edi. Alloh Bulbasharni yaratguniga qadar, bu nur uzoq yillar Haq nazaridan bahramand edi. Bulbashar vujudi yaratilganda, uning yuzi shu yulduz nuridan kamol topdi. Bu nur havoga o'tganida, uning manglayi porloqligidan Quyosh hijolat chekardi.
Shish payg'ambar vujudi shakllanganida, bu quyosh uning manglayida balqidi. So'ng bu nur uning suyukli mahbubasiga va undan farzandiga o'tdi. U bu sharafli nurni jufti haloliga yetgizgach, shunday gavharga  u o'z vujudini sadaf qildi.
Ana shu qabilda bu nurni bir-birlariga o'tkazar edilar. Nihoyat bu nur Abdullohga yetib keldi. U ham shu yo'sinda nurni uzatganida, xonadoni shu nur bilan yoridi. Nihoyat shu uyda quyosh balqib, u farzand chehrasida payg'ambarlik nuri zohir bo'ldi.
Bu nur emas, Haq Taolloning o'z soyasi bo'lib, uning martabasi Quyoshdan ham yuksaldi. Din bayrog'i oftobdek ko'tarilgach, kufr zulmati undan bartaraf bo'ldi. Bu quyosh Bayt ul-haramdan chiqib, falakdan ham oliyroq martabaga erishdi. Bu yulduz nuri Makkada ko'ringach, barcha butlar tuproqqa bosh qo'ydilar. Kofirlardan kim bo’lsa, yuz tuban tushdi. Din bayrog'i falakdan yuqori yuksaldi, shariat tig'i qilichdan ham keskirroq bo'ldi.
Uning ta'bi payg'ambarlikka qat'iy mayl qo'ygach, dini boshqa barcha dinlarni bekor qildi. Ra'yi mo'jiza shamini ko'rsatganda, uning yolqinidan koinot ravshan bo'ldi.
Lotning o'z nuqsoniga yarasha holi xarob bo'ldi. Kofirlarga Allohdan boshqa Alloh yo'qligi ma'lum bo'ldi. Shundan boshlab xalqqa Allohdan boshqa Alloh yo'qligirii fasohatli tili bilan bayon etdi. "Allohdan boshqa Alloh yo'q" degan gapni atrof-tevarakka yuborgan Alloh payg'ambarining o'zidir.
Zoti olam qutichasidagi toza durdir, balki u haqdan olamga yuborilgan Alloh rahmatidir. Uning o'zi pok, xotinlari pok, avlodlari pokdir: zoti pok, suhbatdosh-izdoshlari pok va yaqinlari pokdir. Olam ahlidan to Qiyomat kunigacha unga, pok avlodi va izdoshlariga, so'ngra xizmatchilari va do'stlariga ham har lahza yuz maqtov va ming salomlar boisin!

mutaallimah:
IV
U payg'ambarlik oftobining anqo qushining balandparvozligi va haqiqiy mahbub visoliga yetib qush tili bilan so'zlashgani va sirlashgani

Martabasi falakka yetadigan shohni Haq ko'k sari javlon qilishini istaganida, u tuban falak tashvishlaridan forig' bo'lib, o'z hujrasida yaxshi kayfiyatda o'tirardi. Uning oldiga ruhlar amini kelib, olam Allohining xabarini yetkazdi. Farishtaning bir qo'lida yashinday tez uchadigan buroq bo'lib, bu ulov bilan yashin ham bahslasha olmasdi. U dedi: "Ey Allohga joning bilan yaqin zot! Suyukli bo'lganing uchun vujuding bilan ham Allohga yaqinlashgin. Buroq keltirdim, suvori bo'lgin, toki bu feruza osmon gumbazi yo'Iing gardi boisin".
Shoh otga mindi. Chunki u hukmning kimdan ekanini yaxshi bilardi. Qutli ulovi havolanganida, uning qadamidan falak eli bahramand bo'ldilar. Bu suvori sharafi tufayli yangi oy to'lin oyga aylandi. Ikkinchi osmonga bayroq sanchganida, Atorud qalamidan durlar sochila boshladi. Uning zotidan uchinchi maydon - osmon sharaf topgach, Zuhra musiqachilik qilib kuylay boshladi. U to'rtinchi samoga ot surganida, yulduzlar shohi - Quyosh undan o'ziga nur oldi. Buroqini beshinchi ko'kka surganida, Nahsi Asg'ar shu zahoti Sa'di Akbar bo'ldi. Sa'di Akbar tomon yo'li tushganida, uning nazaridan saodat nuri yo'naldi. Beshinchi ko'kka o'tganida, bechora hindi "Alloh nuri!" deb yubordi. Yana ikki vodiyni sayr etgach, sakkizinchi osmon qiblasi ko'rindi. Suvoriy nuri ta'siridan Savrga Asad (sher) xususiyati yuqdi. Javzo uning xizmatiga shaylandi. Saraton esa to'g'rilik mevasini berdi. Arslon it kabi uning oyog'i ostiga o'zini tashladi, boshoq uruglari javohirga aylanayozdi. Tarozi o'z o'lchovligini ko'rsatdi, Chayon esa o'z zahrini zaharni kesuvchi doriga aylantirdi. Yoyni qoshi ishorasi hilol qildi. Qadami xosiyatidan Jady — tog' echkisi zarrin kiyikka aylandi.
Dalv uning so'zlaridan jon suvi topdi. Hut (baliq) uning nutqidan obihayot topdi. Yo'lda uchraganlarga shunchalik sharaflar yetkazib, ulovini barchasidan yuqori surdi.
U Arshu Kursiga tabarruk bayrog'ini yetkizganida, Lavhu Qalam undan muhtaram bo'ldi. Lomakon maydonida javlon qilib, undan ajoyib bir maydonga yo'l oldi.

mutaallimah:
Bunda xabarchi bilan ulovi sayrdan to'xtadi: go'yo qushdan ikki par tushib qolganday bo'ldi. Tarkibiy unsurlar azobidan qutilib, jahon tashvishlaridan ozod bo'lib, egnidan manmanlik to'nini tashlab, olovdan odamlik uchqunini ayirib, o'zni o'zlik asoratidan qutqarib, o'zdan o'zgalikka aylandi. Yel, tuproq, o't va suvdan tozalanib, men, sen, u va bulikdan tozalanib, yaqinlik dargohida o'rin topib, hatto undan ham yaqinroq bo'lishga harakat qildi. Yetmish ming pardani bartaraf etdi, orada parda qolmadi. Oradagi bor-yo'q to'siqlar bartaraf bo'lib, u do'st oldida suyukli bo'lib qad ko'tardi.
LimaAlloh bo'sag'asiga yastandi, xuddi ikki yoydek bir-biriga yaqinlashdi. Man etish va moneliklar barham topib, ruxsat bo'lgach, monelik bo'lmaydi demakdir. Ko'zlarini mislsiz o'tkir nur bilan yoritdi. Soyalik mulohazasi bartaraf bo'ldi.
Hech bir kishi topa olmaydigan martabani topdi: bu ish kishilik qo'lidan keladigan ish emas edi.
Bu damda o'zi va o'zligidan xabari yo'q, balki o'z va o'zligidan asar ham yo'q edi. Yotlikdan nishon qolmay, hatto o'zlik ham oradan ketib, faqat jonon qoldi. U jonon jamolini ko'z bilan ko'rib, uning visolidan so'z orqali bahra topdi. Har lahzada yuz ming hurmat ko'rsatib, to'qson ming so'zni idrok etdi. Gunohkor ummatning gunohini so'radi, barcha og'ir ahvoliga chora istadi. U nimaniki istagan bo'lsa, mutlaq tirik — Allohdan topdi: Haq tiladi, Haqdan tiladi va Haqdan topdi.
O'z orzusi imkoni darajasida murod hosil qilib, ko'kdan juda masrur va shod bo'lib qaytdi. Yuksak dargoh ham uning visolidan masrur bo’ldi: amridan bu qabulxona ajoyib tarz jihoz topgan edi. U ko'kka otlanganida, qimmatbaho dur edi, u yerdan jo'shqin daryo bo'lib qaytdi.
Bir kiprik qoqilgan muddatda anglab bilgani shuki, ajoyibi ham shundaki, shu vaqt ichida u yerga borib, keldi. Boshqa olamdan yerga qaytib kelgach, ushbu olam ishiga tartib joriy etdi. Biz har qancha gunohkor va gumroh bo'lsak ham, bu voqeadan voqifligimiz uchun hadiksiramasak bo'ladi. Chunki tong-la Qiyomatda shunday homiy va qo'llovchi kishi gunohlarimizni Allohdan tilaydi.
Ey Allohim, payg'ambar oraga tushgan kuni, u kimning gunohini tilasa, sen uning istagini qabul qilasan. Yuz minglab gunoh va tug'yon ahli ilohiy fazli bilan uning rahmatiga sazovor bo'ladilar. O'sha guruhda Foniy ham boladi, uni ham zora noumid qilmasang.

mutaallimah:
V
Mo'minlar amiri Abu Bakir Siddiq (Alloh uning ruhidan rozi bo'lsin) ta'rifida


U payg'ambarlar sultonining do'stidir. Mushkulot g'oridagi ikkinchi odam shu edi. Uning sidqi dildan sodiqi va hamrozi, har yaxshi — yomonda hamdamidir. U olam eliga yo'lboshchi edi. Chunki hammadan ilgari kelganlardan ham ilgari bor edi. Haqiqatparastlar guruhining boshlig'i udir va sobiq islom ahliga sodiq udir. G'orda u yoriga jonini fido qilishga shay turgan, shuning uchun do'sti uni "g'ordagi do'stim" degandir. Xazina g'orda yashiringanida, u ajdahodek unga soqchilik qilgan.
U g'or zulmatida azob chekkani uchun u yerdan obihayot va xazina topdi. Bu shunday xazinaki, ilohiy g'aznasi bilan qo'shilgan bolib jahon vayronasida yashiringandir. Agar u obihayot topmagan bo'lsa, jahon boqiy ekan, nega uning nomi tirik qoladi? Uning oyog'ini ilon chaqqanida, obihayot ichib uning zararini daf etdi.
Payg'ambar uni o'z o'rniga imom qilib qoldirdi: oy quyosh o'rnida qoldi. Oftob botishga kelganida, din uyi uning nuridan yoridi.
Ey Alloh, ushbu oy sham'i to hisob-kitob kunigacha islom uyidan o'z nurini va jilvasini olib ketmagay.

mutaallimah:
VI
Hikoyat


Mustafodan keyin Abu Bakir Siddiq xalifalik taxtiga o'tirganida, dindan qaytgan bir guruh kishilar din yo'lida adovat qilib, janjal boshladilar. Ular islom sutunlarini qulatish uchun zakotni bekor qilishni talab qildilar. Xalifa g'azab bilan shunday xitob qildi: "Payg'ambar qonunida biror ip miqdoricha narsani ham o'zgartirish mumkin emas. Kimki bunga qarshi bosh ko'tarsa, ularga javob qilich va o'q bo'ladi!"
Shariat ishiga shunchalik qat'iyligi uchun ham uning nomi to bu zamongacha yetib kelgandir. Bunday qat'iylikni kim qila oladi? Faqat g'orda payg'ambarga do'stlashgan Abu Bakr!

Navigation

[0] Message Index

[#] Next page

[*] Previous page

Go to full version