Alisher Navoiy. Lison ut-tayr (nasriy bayoni)  ( 153208 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 ... 25 B


mutaallimah  25 Oktyabr 2008, 21:21:12

LXV
Hikoyat


Bir mamlakatda bir devona kishi bor edi. Uning maskani kecha-kunduz vayrona edi. Har dam o'sha vayronaning bir yonini qazib, o'z umrini xazinaga erishish umidi bilan o'tkazar edi. Ittifoqo, shuncha mashaqqat chekkandan so'ng baxti chopib, u xazinani topib oldi. U qaziyotgan chuqurda bir eshik ko'rindi. Ichkari kirgach, katta bir saroyga duch keldi. U yerda Faridun, yo'q, balki Qorun xazinasiga teng qirqta xum turar edi. Telba bu boylikni ko'rib hushidan ketib qoldi. Shu orada bu erga bir ablah kishi yetib keldi. U xazina oldida hushidan ketib yotgan devonani ko'rdi va hech bir ikkilanmay pichoq sanchib, uning qonini to'kdi.
Shunday qilib, uning yashashdan maqsadi xazinaga erishmoq edi. Ammo u boru yo'q sarmoyasidan — hayotidan ajralib qoldi.

Qayd etilgan


mutaallimah  25 Oktyabr 2008, 21:23:02

LXVI

Humoy uzri


Izzatli Humoy o'z uzrini shunday boshladi: - Ey sarson-sargashtalar rahnamosi! Menga iqbol shun­chalik kulib boqqanki: hatto men o'z soyam bilan kishilarga sharaf taxti ato eta olaman. Agar iloh zotimga shunchalik sharaf baxsh etgan bo'lsa, ya'ni mening soyam hatto gadoni shoh darajasiga ko'tarsa, men uchun yana shoh istamoqqa ne hojat bor?! O'zimni mashaqqatga chog'lamoqning nima keragi bor?! Undan ko'ra soyamdan shohlarga panoh berib, havoda uchib yurganim yaxshi emasmi?!

Qayd etilgan


mutaallimah  25 Oktyabr 2008, 21:24:38

LXVII
Hudhudning Humoyga javobi
 


Hudhud unga shunday dedi:
— Sening bu so'zlaring afsonadan o'zga narsa emas. Sen aytganlarni faqat devonalargina bayon qila oladi. Aytishingcha, go'yo zoting baland bo'lib, seni ko'p sharafli etibdi. Go'yo sen o'z soyang bilan kishilarni shohlikka erishtirar emishsan. Axir shunchalik ham gumrohlik bo'ladimi? Agar shohlar tarixini varaqlab ko'rsang, bu xil voqea qaysi bir shoh tarixida ko'rilgan? Sening soyang bilan shoh bolib ko'tarilgan biron-bir odam bormi?! Bu noto'g'ri afsona seni shod qilibdi, shun­day buzuq e'tiqodga oshna etibdi.
Masalan, bu da'voing rost bo'lgan taqdirda ham, bordi-yu senga bu sifat bexosdan kelgan bo'lsa ham, soyang tushgan kishi iloh qudrati bilan shoh darajasiga ko'tarilsa ham, bundan senga nima foyda?! Baribir it kabi dashtlarda qolgan suyaklarni, to'g'rirog'i, g'ajib tashlangan qoqshol suyaklarni yeb tirikchilik qilasan-ku!
Ey buzuq xayolga asir bo'lgan! Agar bilsang, ushbu holingga bu voqea yaxshi misol bo'la oladi.

Qayd etilgan


mutaallimah  25 Oktyabr 2008, 21:26:26

LXVIII
Hikoyat

Ummon sohilida savdo ishlari bilan shug'ullanib, dengiz savdosida boyishni ko'zlagan savdogarlar ko'plab-uchraydi. Ular pastkash g'avvoslarga besh-o'n dirham berib, katta foyda umidida bo'ladilar. O'z jonlarini yuz ranj o'tiga duchor qilgan bu g'avvoslar dengiz qa'ridan sadaf izlaydilar. Agar ular topgan sadaf ichida xoh ming dona boisin, xoh podsholar tojini bezovchi duri shohona bo’lsin, baribir bu g'avvosga haq to'laganning mulki hisoblanadi. Savdogar ana shu tarzda haqiqiy gavharni qo'lga kiritadi, g'avvos esa arzimaydigan bir-ikki chaqaga ega bo'lib qolaveradi.
G'avvos-ku, oz bo'lsa-da, o'z haqini oladi, ammo sen bechoraga o'sha ham yo'q. It kabi suyak bilan nafsingni to'q tutib yuraverasan. Oqil bo'lsang, bunday behuda so'z aytma, chunki bu so'zlaring boshdan-oyoq haqiqatga xilofdir.

Qayd etilgan


mutaallimah  25 Oktyabr 2008, 21:27:38

LXIX
O'rdak uzri
 

O'rdak o'z so'zlarini shunday boshladi:
— Ey saodatli zot! Mening hayotim suv bilan tirik. Undan ayriliqqa tushsam, xuddi suvdan yiroq tushgan baliq kabi qayg'uga botaman. Zotim suv ichida taskin topib keldi, shuning uchun ham o'zimni pok tutib yurishni odat qilib olganman. Suv tufayli poklikni qozondim, shuning uchun ham vasfiga husn egasi loyiq bo'ldi. Agar bir lahza tiniq suv ichida bo'lmasam, uning furqatida yuz mojaro qilgim keladi. Suv ichida mavjdan joynamoz solaman va o'sha ko'zguda maqsadim yuz ko'rgizadi. Mening asl maqsadimga yetmoqlik suvdadir, bas, shunday ekan, boshqa yoqqa uchib ketmoqlik men uchun xatodir.

Qayd etilgan


mutaallimah  25 Oktyabr 2008, 21:29:03

LXX
Hudhudning O'rdakka javobi

Hudhud shunday dedi:
— Aytgan so'zlaringning hammasi xatodan iborat. Sening aqlingni suv mutlaqo yuvib ketibdi. Suvda joynamoz soldim deding, Boyo'g'li holidan balki g'ofil edingmi?! Men suvda
doimo pokman deb lof urma! Suvda o'zingni gunohlardan holi deb ham hisoblama! Agar chindan ham pok bo'lsang, unda nega kecha-kunduz suvga sho'ng'iysan?! Kimki o'z nafsi uchun fisq tuxmini sepsa, ulardan qutulmoq uchun suvga sho'ng'iydi. Axir bu qanday gap, qanday holki, sen tun-kun suvga sho'ng'iginu pok bo'lmasang. Agar haqiqiy er bo'lsang, oldingda fano (yo'qlik) dengizi turibdi, unga sho'ng'iginu o'zingni yorga oshno qil!

Qayd etilgan


mutaallimah  25 Oktyabr 2008, 21:30:24

LXXI
Hikoyat

Hind dengizida bir savdogar bor edi. U savdo-sotiq ishlarida juda mohir edi. Uning dimog'iga savdo moyasi o'rnashib olib, suvga g'arq bo'lish xayoliga ham kelmasdi. Bir mamlakatda o'n kun turmas, savdosi tugagach, yana suv sari yo'l tutar edi. U dengizni har xil ofatlardan holi deb o'ylab, yillar shu yanglig' safar qildi. U Makka atrofini suvda necha bor aylanib o'tgan bo’lsa-da, uning yaqiniga yetgach, o'z farziivi ado etmay qaytardi. Kishilar unga hajni ham bajarish kerak, deb aytar edilar. Ammo pul hirsi savdogarni u tomon borishga yo'l qo'ymas edi. ,
Bir kun dengizda bo'ron ko'tarildi. U tushgan kema goh osmonga sapchir, goh pastga tushib ketar edi. Savdogar savdo ishlariga g'arq bo'lganidek uning kemasi ham dengizda g'arq bo'ldi. Dengizda suzish xayoli haj sari yo'l bermadi. Oxir-oqibatda u katta bir baliqqa yem bo'ldi.

Qayd etilgan


mutaallimah  25 Oktyabr 2008, 21:32:13

LXXII
Xo’roz uzri


Xo’roz o'z uzrini shu tarzda oshkor etdi:
- Ey qushlar ichra rais va toj egasi! lkkalamizga ham haq toj nasib etgan bo'lsa-da, lekin har birimizga boshqa-boshqa ishni belgilagan. Senga u rahbarlikni ato qilib, qushlarga raisu peshvo qildi. Menga esa elni tong va oqshomda muttasil toat qilishga chorlash uchun dilkash kuy berdi. Butun yovvoyi hayvonlar va qushlarni yaratuvchi meni bir yerda muqim turadigan, seni esa sayr qilib yuradigan qildi. Chunki xo'rozning erlikda omadi yurishib, bu sohada ilg'or bo'lganidan haq unga bir necha go'zal kelin ato etdi hamda uning uchun har tomonga kezib yurishni taqiqlab qo'ydi. Shunday bo'lgach,
u kimu Simurg'ni izlab Qof tog'iga borish nima?!

Qayd etilgan


mutaallimah  25 Oktyabr 2008, 21:35:18

LXXIII
Hudhudning Xo’rozga javobi


Hudhud shunday dedi:
- Agar kishi o'z holidan bayon qilib, bir so'z aytsa, bu besabab bo’lmaydi.
Darhaqiqat, shunday qush ham borki, u qanot qoqib uchmasdan turib, yettinchi osmondagi sidra daraxtining shoxi ustida makon tutadi. U anjumanni o'ziga xilvatgoh etadi, lekin sayr etadigan yeri doim o'z vatani bo'ladi. Garchi u zimdan Arshga parvoz etib, sidra daraxtiga qo'nsa-da, o'zining bu parvozini elga oshkor etmaydi. U Simurg'dan bir nafas ham ayriliqqa emas, uning vaslidan ko'nglida o'zga olam jilvalanadi. Uning hajridan joniga shikast yetmaydi, shakli esa uning vaslida doim naqshlanib turadi. Boshi uzra ehsonli toju o'zi vasl me'rojida jilva qiladi. Vasldan mamnun bo'ladi, ammo damini ichiga yutadi va o'zgalardan holini yashirin saqlaydi. Vaslning yuz ming durridan ko'nglida jo'shqinlik sodir bo'lsa-da, og'zi sadaf yanglig' yopiq turadi.
Ammo lekin, sen, ey ovozi yoqimsiz qush, unday qush emassan! Balki har xil yolg'on va behayo so'zlami so'zlaguvchisan! Kecha-kunduz haddan tashqari fisqu fujurga berilib, asossiz g'avg'o va qichqirishlar bilan vaqtingni o'tkazasan. Yuz xil yomonliklar ko'rsatasanu yana o'zingni yaxshilarga nisbat berasan. Bugun esa shunchalik sustkashlik ayon etdingki, bu ishing bilan, sen, ey makiyon, o'zingni xo'roz deb atama!

Qayd etilgan


mutaallimah  25 Oktyabr 2008, 21:36:55

LXXIV
Qushlar Hudhuddan o'zlarining Simurg’ga bo'lgan nisbatlarini so 'raganlari

Shunday qilib, har bir qush Hudhudga bir uzr bilan murojaat etdi va Hudhud ularga tegishli javobni qaytardi. Hudhud so'zlari qarshisida qushlar ojiz qolib, boshqa uzr aytishga ularda mayl qolmadi. Ularning barchasi Hudhud oldida bechorahol bo'lib, unga shunday savol berdilar:
- Ey zotiga raislik gavhari, boshiga to'g'ri yo'l ko'rsatish toji loyiq bo'lgan qush! Sen necha biyobonlarni kezib chiqqansan, maslak yo'lida imkon boricha e'tiqodda mahkam turgansan va bu yo'lning xavf-xatarini boshdan-oyoq bilasan, xavfning oldini olishda yuqori darajaga erishgansan.
Biz esa zoru zabun va ojiz bir to'damiz, sho'rpeshonaligimiz sababli qora baxtimiz hammamizni xor ayladi. Bu sir ko'nglimizga ravshan bo'lmadi, chunki jaholatimiz ko'pdan-ko'pu ilmimiz ozdan-ozdir. Agar u kamolot osmonidagi porloq quyosh bo'lsa, biz zarra kabi sargashtayu sarsonrniz, ahvolimiz afsus chekarli bir holatda. U oliy charxdan ham yuqoriroqda o'rin tutadi; uning dargohi kenglik ichra Arshga qadar bo'lgan olis masofadan ham kengroqdir! U to'qqiz falakdan ham ortiq turadi, biz esa oddiy bir xasdan ham kamroqmiz. Biz bilan uning o'rtasidagi nisbat nimadan iborat? Yo bu nisbat ichra hikmat nedir? U podshoh shohlarning shohi bo'lsa-yu, biz yo’lda yotgan tuproqdek gadolarning gadoyi bo'lsak. Bizga bu ishlar juda qorong'u: ularni bizga ma'lum et, aqlimiz uni idrok etishdan ojizlik qilmoqda. Biz bir haqir bo'lsagu u oliy bir zot bo'lsa, aytgin-chi, qatraning dengizga nisbati ne bo'ladi?

Qayd etilgan