Namoz borasida aytilgan boshqa bir hadis esa shundaydir:
— Kishiga to‘la-to‘kis ikki rak’at namoz o‘qigan chog‘ida berilgan savobdan xayrliroq hech nima berilmaydi.
Hz. Umar namoz o‘qishni niyat qilgan chog‘ida hurpayar, tishlari takillardi. Undan buning sababi so‘ralganda:
— Omonatni ado etish va farzni o‘rniga qo‘yish payti keldi, ammo men buni qanday ado etajagimni bilmayman,- derdi u.
Bir kun Xolaf ibn Ayyub (Xolaf ibn Ayyub - Hz. Muhammad s.a.v.ning atoqli sahobalaridan.) namoz o‘qiyotganda, uni ari chaqib oldi, vujudidan qon chiqsa-da, u buni hech his etmadi. Ibn Said buni ko‘rib turgandi. Namozdan keyin unga: «Seni ari chaqib, teringdan qon oqdi-yu, xabaring bo‘lma-di!» deganda Ibn Ayyub shunday dedi:
— O’zing o‘yla: bir odam Allohning huzurida, o‘lim farishtasi boshi ustida, jahannam so‘lida va sirot ko‘prigi oyoqlari ostida bo‘lsa, bu odam arzimagan ari chaqishi kabi narsalarni his qilishi mumkinmi?
Amr ibn Zar (Amr ibn Zar - Muhammad s.a.v.ning e’tiqodi mahkam mashhur sahobalaridan)ning qo‘liga bir yara chiqqandi. Tabiblar qo‘li kesilishi kerakligini aytishdi. U ham: «Kesing!» -dedi. Tabiblar: «Seni chiviq bilan bog‘lab qo‘yib, so‘ng kesishimiz mumkin!» - deyishganda, Amr ibn Zar:
— Bunga hojati yo‘q, men namoz o‘qiyotganimda bemalol kesaverishingiz mumkin, - dedi.
Amr ibn Zar namozga turganda qo‘lini kesdilar, u buni his etmadi ham.